15-HAFTA

15-HAFTA

@ginekologim


15-haftalik

Homila o‘lchami 10  sm. Vazni 71 g. 

Tug‘ilishga 25 hafta bor

O‘lchami nok kattaligida

 

14-hafta 16-hafta

 Homiladorlikning 15-haftasida nimalar sodir bo‘lishi haqida qiziqayotganingizni bilamiz. Ushbu oyda sizga yanada diqqat va e’tiborliroq bo‘lishingizni hamda duch kelishingiz mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish choralarni ko‘rishingizni tavsiya qilamiz. Mana homiladorlikning 15-haftasi haqida tayyorlaganlarimiz!

 15 haftalik homilador ona homiladorlikning 4-oyida bo‘ladi. Bu haftada asosan 2-trimestrga xos bo‘lgan xususiyatlar kuzatila boshlaydi. Birinchi timestrdagi shikoyatlar kamayishni boshlaydi. Tana endi homiladorlikka moslasha boshlaydi.

 15 haftalik homilaning rivojlanishi

15 haftalik homilaning bo‘yi − 9,3-10,3 sm

15 haftalik homilaning vazni − 50 – 70 g

15 haftalik homilaning qoshlari va bosh terisidagi sochlari o‘sa boshlaydi.

Ko‘zlari va quloqlari endi chaqaloqqa o‘xshaydi.

Skelet tizimini tashkil etuvchi suyak va suyak iligi rivojlanishda davom etmoqda.

Boshqa tomondan, mushaklarning rivojlanishi ham davom etmoqda. Hafta oxirida u hatto musht harakatlari ham qila oladi.

Endi u nafas olishni, emishni va yutinishni biladi. Bularning barchasi tug‘ilgandan keyingi hayotga tayyorgarlik uchun!

Qiziqarli video: 15 haftalik homilaning ham tug‘ilib yashab keta olgani haqida

 

15 haftalik homilaning jinsi aniqlashadimi?

  Ha, 15-haftada jinsini osongina UTT tasviri orqali taxmin qilish mumkin. Ammo ba’zida chaqaloqning holati va rivojlanishi jinsi boorasidagi fikrni qiyinlashtirishi mumkin.

"15-haftada jinsini aniqlashda xatolik bo‘lishi mumkinmi?" degan savol bilan qiziqishingiz mumkin. Ba’zida, ushbu oylarda yuqorida aytib o‘tilgan sabablarga ko‘ra jinsi noto‘g‘ri aniqlanishi mumkin. Eng aniq ma’lumot esa 20-haftada olingan o‘zgarmas tasviri orqali amalga oshirilishi mumkin.

 

15 haftalik homilaning UTT tasviri

  Shu bilan birga yana ogohlantirib qo‘yamizki sizning 15-haftadagi UTT tasviringiz bunday ko‘rinmasligi mumkin. Biz ushbu tasvirni misol tariqasida sizga keltiryapmiz, xolos. 15-haftadagi “kichikntoyingiz”ning holati va tasviri boshqacha bo‘lishi mumkin.

 

Homiladorlikning 15-haftasida bo‘lg‘usi onada qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?

 Avvalo, “homiladorlikning 15-haftasida bachadon qanchaga o‘sgan bo‘ladi?” degan savoldan boshlaylik. Bu hafta kiyimingizda farqli turishi bilinar darajada qorningiz kattalashadi. Shuning uchun sizning homilador ekanligingiz osongina sezilib qoladi. Ehtimol, kindik ostida 7.6 sm dan 10 sm gacha bo‘lgan bachadoningizni his qilayotgan bo‘lishingiz mumkin.

Keling,"homiladorlikning 15-haftasida sut keladimi?" degan savol bilan davom etamiz. Ko‘krak va uning ichidagi sut bezlari estrogen va progesteron miqdorining ortishi tufayli o‘sishda davom etmoqda. Sut bezlari kattalashganida, ko‘krak uchlaridan sutga o‘xshash suyuq modda chiqishi mumkin. Bu tanadagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Siz shifokoringiz bilan maslahatlashib, aqlingizda tug‘ilgan savollaringizga javob olishingiz mumkin.

Har doim ta’kidlaganimizdek, har bir ayolning homiladorligi o‘ziga xos bo‘lib, bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun, siz quyidagi ro‘yxatda keltirilgan holatlarga homiladorlikning 15-haftasida yoki umuman shu oy mobaynida ham duch kelishingiz mumkin. Ehtimol, siz ularning ba’zilarini umuman boshdan o‘tkazmasligingiz ham mumkin, ba’zilarini esa ehtimol butun homiladorlik davomida kuzatasiz. Homiladorlikning 15-haftasida duch kelishingiz mumkin bo‘lgan alomatlar:

holsizlik, toliqqanlik hissi;

peshobning tez-tez kelish holatining kamayishi;

ko‘ngil aynishining kamayishi yoki to‘xtashi (kam sonli ayollarda yana davom etadi, yana kam sonli ayollarda endi boshlanadi)

qabziyat (ich qotishi);

jig‘ildon qaynashi, hazmsizlik;

ko‘kraklar o‘sishda davom etmoqda, ammo sezuvchanlik pasaygan;

vaqti-vaqti bilan bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi va xushidan ketishga o‘xshash holatlar;

burun bitishi va ora-sirada qon ketishi;

tish milklarida sezuvchanlik oshishi, tish cho‘tkasi ishlatilganda qonash holatlari;

ishtaha ochilishi;

oyoqlarda tomirlar varikozi, bavosir (gemorroy);

qindagi ajralmalarning biroz ortishi.

 


Har ikki ayoldan biri duch keladigan muammo sizni qiziqtirsa o‘qing: Homiladorlikda kamqonlik (anemiya)

 

15 haftalik homilaning harakatlari seziladimi?

Garchi bu hafta biron-bir harakatni his qila olmasangiz-da, ichingizdagi “mittivoy”ning juda ko‘p o‘ziga yarasha kichik jismoniy mashqlar qilayotganini aniq bilishingiz kerak. U tepinadi, kerishadi, kichkina qo‘llari va oyoqlarini qimirlatadi.


 Homiladorlikning 15-haftasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan muammolar

 Homiladorlikning 15-haftasida siydik yo‘llari infeksiyasi:

Homiladorlik paytida tanada miqdori ortadigan progesteron gormoni siydik yo‘llaridagi mushaklarni bo‘shashtiradi va siydik oqimini sekinlashtiradi. Bundan tashqari, kengaygan bachadon siydik oqimiga to‘sqinlik qiladi. Ushbu o‘zgarishlar siydikda ko‘proq glyukoza ishlab chiqarish moyilligi bilan birlashganda, siydik yo‘llari infeksiyasining paydo bo‘lish ehtimolligi yanada ortadi.

Agar odatdagidan ko‘proq peshob chiqarishga ehtiyoj his qilsangiz-u, lekin to‘liq chiqarolmayotgan bo‘lsangiz, peshob qilishda achishish sezayotgan bo‘lsangiz va isitmangiz ham bo‘lsa, siz biror infeksiya yuqtirgan bo‘lishingiz mumkin. Bunday holatda darhol davolanish uchun shifokoringiz bilan maslahatlashishingiz kerak. Homiladorlik davrida siydik yo‘llari infeksiyasini tashxislash va davolash juda muhimdir.

 

Homiladorlikning 15-haftasida jig‘ildon qaynashi:

Onalikka nomzodlarning yarmi jig‘ildon qaynashidan shikoyat qiladilar. Progesteron va estrogen gormonlari miqdorining ortishi yumshoq mushaklarda, shu jumladan qizilo‘ngachda bo‘shashishga moyillik paydo qiladi. Shu sabali oshqozon tizimi faoliyati sekinlashadi. Bu degani, siz yutgan ovqat qizilo‘ngach orqali me’daga ohista o‘tadi va oshqozonning bo‘shashi uchun uzoqroq vaqt kerak bo‘ladi. Ushbu sekinlashuvning sababi oziq-ovqatning qon aylanish tizimiga singishi va bolaga yetib borishini ta’minlash uchundir.

Ushbu holatga o‘sayotgan bachadonning boshqa a’zolarni qorin bo‘shlig‘idan siljitishi ham qo‘shilganda jig‘ildon qaynashi yuzaga keladi.

 Batafsil bu haqida shu maqolamiz bor: Homiladorlikda jig‘ildon qaynashiga kichik qo‘llanma

Homiladorlikning 15-haftasida mushak va qorin og‘riqlari:

Siz shu va keyingi haftalarda qorinning pastki qismida og‘riq his qilishingiz mumkin. Buning sababi kengayib borayotgan bachadon atrofidagi mushak va biriktiruvchi to‘qimalarning cho‘zilishidir. Ushbu cho‘zilish xavf tug‘dirmaydi. Ammo siz har qanday og‘riq va bezovtaliklarni shifokoringiz bilan maslahatlashib, bu holat me’yordan chetlashish emasligiga ishonch hosil qilishingiz kerak.

 

Homiladorlikning 15-haftasida qon bosimi pasayishi:

Qon aylanish tizimi jadallik bilan kengayishda davom etmoqda. Bu qon bosimining pasayishiga olib keladi. Issiq havoda yoki issiq dush qabul qilayotganda bosh aylanishi va xushdan ketishga o‘xshash holatlarga duch kelishingiz mumkin. Buning sababi, issiqlik teridagi ingichka tomirlarni kengaytiradi va yurakka qaytib keladigan qon miqdorini vaqtincha kamaytiradi. Homiladorlikning dastlabki 24 haftasida homiladorlikdan oldin qon bosimining ikkala (past va baland) chegarasi sezilarli darajada pasayadi. Keyin vaqt o‘tishi bilan homiladorlikdan oldingi qiymatlarga qaytadi.

 

Homiladorlikning 15-haftasida tish og‘rig‘i:

Avvalo, homiladorlik gormonlari milklar uchun uncha yaxshi emas. Milklar ham boshqa shilliq to‘qimalar singari bo‘shashib shishadi, yoriladi va salga qon keta boshlaydi. Xuddi shu gormonlar tish milkida toshlar va bakteriyalar paydo bo‘lishiga moyillikni oshirishi mumkin va ba’zi ayollarda ular parodontit va hatto tish kariyeslariga olib kelishi mumkin. Agar tish og‘rig‘iga duch kelsangiz, albatta nazortadagi ginekologingizni xabardor qilgan holda tish shifokoriga murojaat qilishingiz kerak.

           Bizda foydali maqola bor: Homiladorlikda tish davolatish

 

 Homiladorlikning 15-haftasida qanday tahlillar o‘tkaziladi?

 Skrining (to‘rtlik)

Homiladorlikning 15-haftasidagi tekshiruvlarning eng keng tarqalgani bu to‘rtlik skriningdir. Bunda qoningizdagi 4 ta modda miqdori o‘lchanadi. Homila jigari va yo‘ldoshi ishlab chiqargan ba’zi gormonlar miqdori tekshiriladi. Ushbu tahlil homila me’yorda rivojlanayaptimi yoki irsiy nuqsonlar xavfi bormi, shuni aniqlaydi.

Xo‘sh, skrining tekshiruvi qachon o‘tkaziladi? Bu to‘rtlik skrining 2-trimestr tekshiruvidir. Uni o‘tkazish uchun eng ma’qul davr homiladorlikning 15−18-haftalar oralig‘ida bo‘ladi, ammo 22-haftagacha ham bajarish mumkin.


Genetik amniotsentez

Homiladorlikning 15−20-haftalari orasida o‘tkazilgan yana bir tekshiruv genetik amniotsentezdir. Ya’ni laboratoriyada tekshirish maqsadida homila atrofidagi amniotik qobiq suqyuligidan namuna olishdir. Ushbu pallada amalga oshirilishining sababi bachadonda shu haftalarda amniotik suyuqlikning yetarli miqdorda bo‘lishidir. Oqib ketish ehtimoli kam. 15-haftadan oldin bu tekshiruvni o‘tkazish homiladorlikning yo‘qolish xavfini oshirishi mumkin.

Genetik amniotsentez odatda skrining tekshiruvlarida me’yordan chetlashishlar bo‘lganda ularni kuzatish uchun qo‘llaniladi. Shuning uchun ehtimol, bu tekshiruvni bajarish kerak bo‘lmaydi.

 

Homiladorlikning 15-haftasida ko‘rib chiqiladigan mavzular

 Homiladorlikning 15 haftasida ayolning uxlash holati:

Ba’zi ayollarda homiladorlik davrida qanday holatda uxlash haqida xavotirlar bo‘ladi. Ular qanday yotish borasida ikkilanadilar. Homiladorlikda vazn ortishi sababli o‘ziga qulay uyqu holatini topish tobora qiyinlashishi mumkin.

Uxlayotganingizda chalqancha (orqa tomoningiz bilan) yotish tavsiya etilmaydi. Buning sababi shundaki, bachadonning muhim qon tomirlarining orqa tarafdan bosilib qolishidir. Bu homilangiz va tanangizga keladigan qon oqimini kamaytirishi mumkin. Ba’zi homilador ayollarning orqa bilan yotganda nafas olishlari ham qiyinlashadi.

Qoringa yotish o‘sayotgan bachadonga qo‘shimcha bosim beradi. Shuning uchun hozirdanoq yonboshlab yotishga odatlanish foydali bo‘ladi. Siz bir nechta qo‘shimcha yostiqlardan foydalanishingiz mumkin. Agar siz uni orqangizga qo‘yib qo‘ysangiz, uxlash paytida orqaga o‘girilganingizda yostiqning yordami bilan tekis uzanib qolmaysiz. Bittasini esa oyoqlaringiz orasiga qo‘yishingiz mumkin.


 Homiladorlikning 15-haftasida uyqusizlik:

Homiladorlik davrida yaxshi tungi uyquga erishish biroz qiyin bo‘lishi mumkin. Siz chuqur va uzluksiz uxlashda muammolarga duch kelishingiz mumkin. Agar siz homiladorlikdan oldin chalqancha yoki qoringa yotishga odatlangan bo‘lsangiz, uxlash holatining majburiy ravishda o‘zgarishi uyqusizlikning sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. Albatta, kechalari tez-tez peshob qilish ehtiyojining ham uyquni buzishda roli borligini unutmaylik. Homiladorlikning 15-haftasida rohatli uyqu uchun quyidagi tavsiyalarning ba’zilarini sinab ko‘rishingiz mumkin.

Har kuni bir vaqtda yotib, bir vaqtda uyg‘onishga harakat qiling.

Oqshom yettidan keyin va ayniqsa kechasi ko‘p suyuqlik ichmang. Shunday qilsangiz tunda hojatxonaga borishingizga va keyin yana uxlash uchun boshqatdan urinishingizga zarurat bo‘lmaydi.

Peshindan keyin tarkibida kofein bo‘lgan ichimliklardan butunlay voz keching.

Doimiy ravishda jismoniy mashqlar qiling. Kechqurun ochiq havoda biroz sayr qilgandan so‘ng uxlashga harakat qiling.

Yotishdan oldin iliq dush qabul qiling hamda asal va oz dolchin solingan sut iching.

Agar siz uxlashga qiynalsangiz, bir necha sahifa kitob o‘qishni odat qiling.

Salqin yotoqda uxlang. 21 daraja rohat qilib uxlash uchun zarur bo‘lgan eng yuqori haroratdir.

Agar siz kechasi jig‘ildon qaynashi, og‘izdan suv kelishi kabi muammolarga duch kelsangiz, yelkangizdan ko‘tarib turadigan tarzda yostiq qo‘yib yoting.

Homiladorlikning 15-haftasida safar qilish:

Siz sayohat qilish uchun eng yaxshi davrdasiz. Safar uchun eng maqbul vaqt - bu ikkinchi trimestr, chunki bu davrda ertalabki ko‘ngil aynishlari kamayadi va badan homiladorlikka moslashadi.


Agar sizda sayohat rejasi bo‘lsa, eng ma’qul davr 14−28-haftalar oralig‘idir. Ushbu davr o‘zingizni eng yaxshi his qiladigan va erta tug‘ilish xavfi eng past bo‘lgan haftalardir. Biroq siz safarni rejalashtirmoqchi bo‘lsangiz, albatta oldin shifokoringizga xabar berishingiz va sizning individual holatingizda biron-bir noqulaylik bor-yo‘qligini so‘rashingiz kerak.

 Homiladorlikning 15-haftasida ovqatlanish qanday bo‘lishi kerak?

Ushbu davrda siz o‘sayotgan homila va o‘zgaruvchan tanangizning kamchiliklarini qondirish uchun ratsioningizga ilova o‘laroq 300 kaloriya qo‘shishingiz kerak bo‘lishi mumkin. Ushbu kaloriya miqdorini iloji boricha ozuqaviy moddalarga boy sifatli mahsulotlardan olishga ahamiyat berishingiz kerak.

Bizda foydali maqola bor: 2-trimestrda qanday ovqatlanish kerak

Yog‘li, shakarli, qadoqlangan, muzlatilgan mahsulotlardan uzoq bo‘lganingiz ma’qul.

Xo‘sh, homiladorlikning 15-haftasida qancha kilogramm vazn olish kerak? Ikkinchi trimestrda homila yanada jadallik bilan o‘sa boshlaydi. Siz ham unga yordam berishingiz kerak. Vazningizning ortish tezligi 4−6 oyda haftasiga o‘rtacha 450 dan 700 grammgacha ko‘tarilishi mumkin. Bu jami 5.5−6 kg ni tashkil qiladi.

Buni o‘qidingizmi: Homiladorlar ovqatlanishida 7 ta muhim qoida

 

Homiladorlikning 15-haftasida jinsiy aloqa

Homiladorlikning ikkinchi trimestrda homiladorlikning oltin davri bo‘lib, 15-haftasi ham shu trimestrdan. Odatda (ammo har doim ham emas, albatta) 2-trimestrda jinsiy hayotga qiziqish ortadi. Buning sababi, homiladorlikning dastlabki belgilari (ko‘ngil aynish, zaiflik, tez-tez peshob qilish) yengillashadi va homilador ayol erkalanish uchun yetarlicha kuch topa olishi mumkin.

Ushbu davrda siz yuqori jinsiy qoniqish darajasiga erishishingiz mumkin. Chunki klitor, jinsiy lablar va qinda qon aylanish kuchaygani sababli orgazm har qachongidan ham osonroq yuzaga kelishi mumkin. Ammo hech narsa aniq emas va hammada ham holat birdek bo‘lmaydi. Ba’zi hollarda homilador ayollar tug‘ruqqacha ham jinsiy aloqaga istakli bo‘lmasliklari mumkin. Homiladorlikning 15-haftasida jinsiy aloqaga mayl bo‘lsa, yaqinlik uchun yonboshlagan holat ma’qul sanaladi. Ammo 4-oydan boshlab, uzoq vaqt chalqanchasiga (orqa bilan) tekis yotmaslikka harakat qilishingiz kerak. Bundan tashqari, albatta, jinsiy aloqa qilish taqiqlangan holatlar ham bo‘lishi mumkin. Avval ham ta’kidlaganimizdek, homiladorlik borasida har bir ayol o‘ziga xos bo‘lgan jihatlarni har doim nazoratdagi ginekolog va shifokor bilan maslahatlashgan holda olib borishi lozim.

 

Homiladorlikning 15-haftasida jismoniy mashqlar bajaring

O‘n beshinchi haftani o‘z ichiga olgan 2-trimestrda, ya’ni birinchi 3 oylikdan so‘ng, uzoq vaqt davomida chalqancha (orqaga) yotgan holda bajariladigan mashqlardan saqlanishingiz kerak. Chunki bunday holat homila vaznining hafta sayin ortishi tufayli qon aylanishida muammolarga olib kelishi mumkin. Harakatsiz uzoq vaqt turish ham qon aylanish tizimiga zarar berishi mumkin. Suzish, piyoda sayr qilish, pilates mashqlari - bu homiladorlik davriga mos keladigan jismoniy mashqlar turidir. Namoz esa ham jismonan, ham ruxan sizga kuch−quvvat beradigan, o‘zingiz va homilangiz uchun eng ma’qul va eng go‘zal amallardandir.

 


Ushbu material Ginekolog Nilufar KABILOVA tomonidan tayyorlandi.

 

HOMILADORLIK SAHIFASIGA QAYTISH

 


 

Report Page