JAZOLOVCHI TIBBIYOT, YOKI QANDAY QILIB ANALIZLARNI EMAS, ODAMLARNI DAVOLASH

JAZOLOVCHI TIBBIYOT, YOKI QANDAY QILIB ANALIZLARNI EMAS, ODAMLARNI DAVOLASH

farkhodmd

Kirish

USMLEga tayyorlanishdagi haqiqiy og‘riq nimada ekanligini bilasizmi? Ko‘pchilik buni bioximiyaning boshni aylantiruvchi cheksiz sikllarini yodlash, biostatistika changalzorlari yoki hatto qiyin tibbiy ingliz tili deb o‘ylaydi. Lekin yo‘q. Bularning barchasi — shunchaki texnik qiyinchiliklar bo‘lib, ularni uzoq vaqt stulga mixlanib o‘tirish orqali hal qilsa bo‘ladi.

Eng qiyini, odamni holdan toydiradigan va aqldan ozdiradigan narsa — bu miyani portlatib yuboradigan kognitiv dissonans. Bu xalqaro standartlarga tayyorlanish jarayonini MDH dagi shafqatsiz tibbiy ta’lim realligi bilan birlashtirishga urinayotganingizda paydo bo‘ladigan muqarar nojo‘ya ta’sirdir.

Siz kuchayib borayotgan shizofreniya hissi bilan yashay boshlaysiz, xuddi bir vaqtning o‘zida ikkita parallel olamda mavjud bo‘lgandek.

Birinchi olamda — tun cho‘kadi. Kompyuter qarshisiga o‘tirib, UWorld yoki Ambossni ochasiz va mantiqiy, steril 21-asr tibbiyoti dunyosiga sho‘ng‘iysiz. Bu dunyoda har bir shifokor harakati yuzlab randomizatsiyalangan tadqiqotlar bilan asoslangan, har bir fakt PubMed havolasi bilan mustahkamlangan, davolash algoritmlari esa Shveytsariya soatidek aniq ishlaydi. U yerda o‘zingizni xavfsiz his qilasiz: agar gaydlaynga (qo‘llanma) amal qilsangiz — siz haqsiz.

Ammo keyin budilnik jiringlaydi, tong otadi va sizni ikkinchi olamga uloqtiradi. Xalatni kiyib, o‘qishga yoki oddiy 1-shahar shifoxonasiga navbatchilikka borasiz. Va shu yerda reallik sizni xuddi "tok" urgandek larzaga soladi. Tunda o‘rgangan o‘sha mukammal algoritmlaringiz "Biz doim shunday davolaganmiz va hech kim shikoyat qilmagan" degan beton an’analar devoriga urilib, chilparchin bo‘layotganini ko‘rasiz.

Bir shifokor, ikki dunyo

UWorld simulyatorida, agar siz ishemik insultda bemorga "miya metabolizmini yaxshilash uchun terapiya" yoki nootroplar buyursangiz, tizim shunchaki xatoni hisobga olmaydi. U virtual litsenziyangizni olib qo‘yadi, ekranda esa sharmandali qizil banner yonadi: "Harmful intervention / No proven benefit" (Zararli aralashuv / Foydasi isbotlanmagan). Siz aslida o‘z no‘noqligingiz bilan virtual bemoringizni o‘ldiryapsiz. (Mayli, men biroz oshirib yubordim, u yerda bunday funksiya yo‘q, xuddi javob variantlarida nootroplar bo‘lmagani kabi).

Ammo kompyuter qarshisidan turib, real ordinator xonasiga chiqishingiz bilan o‘yin qoidalari 180 darajaga o‘zgaradi. Bu yerda "sosudlarni yuvish" (сосудики) — bu layoqatsizlik belgisi emas, balki muqaddas marosimdir. Bu shifokor karmasini tozalaydigan va tonggi soat 6 dan poliklinikaga navbat olgan buvilarning sadoqatini bir zumda oshiradigan sehr-jodudir. Ular diagnoz uchun kelishmagan. Ular mo‘jiza uchun kelishgan.

Qani, ularga shu xaloskor kokteylni yozib bermay ko‘ring-chi. "Siz shunchaki qon bosimini nazorat qilishingiz va ko‘proq piyoda yurishingiz kerak", — deb aytib ko‘ring. O, siz darhol o‘sha kuydirib yuboradigan nigohni o‘zingizda his qilasiz.

Agar mayda xat bilan ikki betlik "naznacheniya" yozib bermasangiz — qayerdaki glyukoza Vitamin C bilan aralashtirilgan (albatta 4 ampula, bo‘lmasa "ta’sir qilmaydi"!) va ustidan "-midin" yoki "-setam" bilan tugaydigan biror narsa bilan "sayqallanmasa" — siz tamomsiz. Bemor uchun siz medinstitutda shimini bekorga ishqalagan, hech vaqoga yaramaydigan "do‘xtircha"siz. Siz shunchaki "davolashning mohiyatini tushunmaysiz". Sizga Birinchi kanaldagi Malaxovni ko‘proq ko‘rish kerak. Yoki undan ham yaxshisi, YouTubeda doktor ischanovni ko‘ring ("ischanov" kichik harf bilan, chunki u katta harfga loyiq emas).

Eng alam qiladigani esa sizni kechqurun, uyga qaytayotganingizda kutib turadi. Podyezd oldidagi skameykadagi "Oqsoqollar/Buvilar Kengashi" allaqachon sizga hukm chiqarib bo‘lgan. Ular sizning birgina samaradorligi isbotlangan doridan iborat bo‘lgan ayanchli retseptingizni muhokama qilib, bosh chayqashadi: "Mana, oldingi shifokorlar boshqacha edi! Bu esa... Ibn Sinoning butun merosini sharmanda qildi, hatto kapelnitsa ham qo‘ya olmaydi!".

Neo Dilemmasi

Va aynan shu yerda sizni haqiqat "uradi". Steplarga tayyorgarlik — bu shunchaki gaydlaynlarni yodlash emas. Bu "proshivka"ning (miya dasturining) ortga qaytmas o‘zgarishidir, undan keyin eski soft endi ishga tushmaydi, eski darsliklar bilan esa "teskari moslik" endi mavjud emas.

Siz dalillarga asoslangan tibbiyotning o‘sha la’nati "qizil tabletka"sini yutasiz va ortga yo‘l yo‘q. Siz "Matritsa"ni boricha, bezaklarsiz ko‘ra boshlaysiz. Kasallik tarixlariga qarayapsiz va u yerda davolashni emas, balki oqib tushayotgan yashil kodni ko‘rasiz: "Platsebo... Fuflomitsin... Faoliyat imitatsiyasi... Xatolik...". Siz o‘zini haqiqatni qidirgan, ammo "quyon uyasi" uning aqli uchun juda chuqur, qorong‘i va qo‘rqinchli bo‘lib chiqqan Neo kabi his qilasiz.

Ba’zan, ishonchli qo‘l bilan "tserebroprotektorlar"ni yozayotgan va bemorlardan minnatdorchilik eshitayotgan baxtli shifokorlarga qarab, o‘zimga savol beraman: agar Neo kapsulada yagona "uyg‘ongan" odam bo‘lish qanchalik yolg‘iz va qiyin ekanligini bilganida, ko‘k tabletkani tanlagan bo‘larmidi? Balki, o‘sha baxtli bexabarlik va Matritsadagi steyk unchalik yomon narsa emasdir?

Do‘zaxning 4 halqasi (yoki muqarrarlikni qabul qilish bosqichlari)

First Aid kitobini ochganingizda, shunchaki kitob o‘qimaysiz. Siz Dante do‘zaxiga ekskursiya uchun chipta sotib olasiz, faqat u yerda gunohkorlar o‘rniga sizning illyuziyalaringiz azob chekadi. Mana har bir kishi bosib o‘tadigan bosqichlar:

1. "Avtoritetlar" bilan jang

Bizning kengliklarda tibbiyot — bu dalillarga asoslangan fan emas, balki mansab va unvonga asoslangan fandir. Bu yerda haqiqat sochdagi oqlar soni va regaliyalar bilan o‘lchanadi. "Nega biz bu preparatni buyuryapmiz? Cochrane’da yozilishicha, u foydasiz-ku!""Talaba, o‘tiring! Biz uni buyuryapmiz, chunki buni Ivan Ivanich aytgan! Siz hali otangizning moyagida yurganingizda u kishi professor edi! Uning 40 yillik staji bor, u paytida Politbyuro a’zolarini "zapoy"dan davolagan!".

USMLE dunyosida esa Ivan Ivanich o‘zining bebaho "shaxsiy tajribasi" va yoshlikdagi sarguzashtlari bilan Dalillar Piramidasining eng tubiga (Level V — Expert Opinion) ravona bo‘ladi. U yerda raqamlar diktaturasi hukmron: Randomizatsiyalangan Klinik Tadqiqotlar (RCT) va Meta-analizlar.

Reallik: Siz leksiyada o‘tiribsiz va professorning har bir so‘zini yashirincha UpToDate’dan qidiryapsiz. Va sizni chidab bo‘lmas, kuydiruvchi o‘zganing o‘rniga uyalish hissi (ispan uyati) qamrab oladi. Siz tushunasizki, kafedra sizni majburlab o‘qitayotgan metodichka siz hali birinchi sinfga borgan yilingizdayoq eskirib bo‘lgan. Balki undan ham oldinroqdir. Rostini aytganda, hozir bu "metodichkalar" asosida faqat fantastik qo‘rqinchli filmlar yoki fiziologiya qonunlari boshqacha ishlaydigan parallel olamlar haqida, kasalliklar esa jin chalgan bemorning tepasida Bibliya ushlagan ruhoniy tomonidan haydaladigan fentezi filmlar olish mumkin...

2. "Ov miltig‘i" (Drobovik) vs "Snayper" taktikasi

"Murakkab holat"da bizning mahalliy diagnostika qanday ko‘rinishga ega? "Xo‘sh, bu yerda nimadir tushunarsiz... Unga HAMMA NARSANI yoz! Kengaytirilgan bioximiya (laboratoriyada bor bo‘lgan hamma ko‘rsatkichlar), koagulogramma, qalqonsimon bez gormonlari, onkomarkerlar (nimaga?! qo‘rqitish uchunmi?), butun tana MRTsi, tovon UZIsi va okulistni chaqir, ko‘z tubini ko‘rsin, har ehtimolga qarshi".

Bu — qo‘rqib ketgan shifokor taktikasi/sindromi. Biz qalin tumanga qarata sochma o‘q uzamiz (drobovik), tasodifan diagnozni ilib olishga yoki ko‘pincha prokuror oldida o‘z orqamizni qog‘ozlar bilan yopishga umid qilamiz. Va paradoks shundaki: biz qanchalik ko‘p probirka qon so‘rib olsak, bemor shunchalik xursand bo‘ladi: "Qanday e’tiborli shifokor! Aqlli! Nima izlayotganini biladi!".

USMLE da esa sizni High-yield va Cost-effectiveness tushunchalari bilan "siqib suvini ichishadi": "Doktor, siz KT buyurmoqchimisiz? Xo‘sh, natija sizning davolash taktikangizni o‘zgartiradimi? Yo‘qmi? Unda bemordan qo‘lingizni torting!". U yerdagi diagnostika — bu "biror nima"ni isterik tarzda qidirish emas, balki testdan oldingi ehtimollikni (Pre-test probability) sovuqqonlik bilan hisoblashdir. Siz snayper bo‘lishni o‘rganasiz. Bitta o‘q — bitta tashxis. Siz tushunasizki, ortiqcha analiz — bu har doim ham g‘amxo‘rlik emas, balki zarar bo‘lishi mumkin.

Og‘riqli misol: Bemor bosh og‘rig‘idan shikoyat qilib keladi. Siz "har ehtimolga qarshi" butun boshni MRT qilasiz va boshida kista topasiz. Bemor vahimada. Uni neyroxirurg o‘ziga oladi. U ham "har ehtimolga qarshi" operatsiya qilishga qaror qiladi. Trepanatsiya, xavf, narkoz. Kistani olib tashlashadi. Hech kim materialni patologiyaga yubormaydi (yoki yuborishadi, lekin u yerda shunchaki "kista" deb yozishadi). Keyin esa ma’lum bo‘lishicha, bu 3 mm diametrli xavfsiz insidentaloma (tasodifiy topilma) bo‘lib, bemor u bilan yana 50 yil baxtli yashashi mumkin edi. Lekin endi unda chandiq, nevroz va bosh suyagida teshik bor. Lekin "davolashdi". Ammo bemorning boshi shunchaki uyqu rejimi buzilgani va kuniga 3 banka energetik ichish muammoga eng yaxshi yechim emasligini kamdan-kam odam aytadi.

3. "Fuflomitsinlar" bilan muqaddas urush

Bu mening sevimli og‘rig‘im (og'riqni sevish by yaxshi emas =). Step 1 uchun farmakologiyaga chuqur kirganingizda, to‘satdan dahshatli narsani anglaysiz: bizning dorixonalar assortimentining 50 foizi va nevrologiya hamda terapiyadagi "naznacheniya" varaqalarining 80 foizi — bu fantomlardir.

Miyani "ozayqlantirish" uchun nootroplar, jigarni "tozalash" uchun gepatoprotektorlar (nimadan tozalash?!), "immunitetni tizzadan turg‘izish" uchun immunomodulyatorlar, kahrabo kislotali mo‘jizaviy kapelnitsalar... First Aid’da bular yo‘q. Gaydlaynlarda bular yo‘q. FDA bular haqida eshitmagan. Ularning samaradorligi faqat ishlab chiqaruvchi zavod marketing bo‘limining PowerPoint prezentatsiyasida isbotlangan.

Siz kasallik tarixi bilan turibsiz va o‘zingizni platsebo dileri kabi his qilasiz. Bemorning ko‘ziga qarab, aqlli qiyofa bilan dori buyurish qiyin, chunki siz bilasizki, u real yaxshilaydigan yagona narsa — bu dorixonalar tarmog‘ining moliyaviy hisobotidir. Lekin tizim bosim o‘tkazadi: "Sen nima, hech narsa tomizmaysanmi? Bemor uni davolashmadi deb shikoyat yozadi!". Albatta, medalning ikkinchi tomoni ham bor — aniq qutichalarni yozib berganlik uchun medpredlardan keladigan "shirin foizlar". Lekin bu mavzuni alohida maqola uchun qoldiraman, aks holda medpredlar bu postni ekstremizm uchun "ban" qildirib yuborishadi...

4. Paternalizm

"Men shifokorman, men yaxshiroq bilaman (men Xudoman)". Bizda ko‘pincha tashxisni yashirish ("kiling, buvini xafa qilmaylik, shunchaki ichak yallig‘lanishi deymiz, vitamin ichib yuradi"), bemorga o‘shqirish yoki nojo‘ya ta’sirlarni tushuntirmasdan retseptni uloqtirish norma hisoblanadi. Shifokor — boshliq, bemor — ahmoq.

AQShda Communication Skills (muloqot qobiliyatlari) — bu EKG o‘qish yoki auskultatsiya kabi qat’iy ko‘nikmadir. Muloqotdan o‘ta olmadingmi — shifokor bo‘lmading. Siz yomon xabarni yetkazish bo‘yicha SPIKES protokolini "Fotiha" surasidek yoddan bilishingiz shart. U yerda Shared Decision Making (qarorni birgalikda qabul qilish) hukmron. Siz Olimp tog‘idan tushgan oq xalatli Xudo emassiz. Siz — konsultant va hamkorsiz.

Avtonomiya mohiyati: Agar bemor barcha xavflarni bilgan holda, g‘alati ishlar qilishni va davolanishdan bosh tortishni istasa — bu uning muqaddas huquqi (autonomy). Tasavvur qiling: buvida to‘g‘ri ichak saratoni bor. Siz unga murakkab MSI, BRAF va PD-L1 panellaridan keyin tanlangan target terapiyani taklif qilyapsiz. Buvi esa aytadi: "Yo‘q, bolam. Men romashkali huqna (klizma) bilan davolanaman". Sizning vazifangiz — unga baqirish emas. Sizning vazifangiz — u romashka saratonni davolamasligini va u o‘lishini tushunishiga ishonch hosil qilish (agar romashka to‘g‘ri ichak saratonini davolaydi deb hisoblaydiganlar bo‘lsa, tadqiqotlaringiz va maqolalaringizni botimda kutaman). Agar u bosh irg‘asa, hammasini tushunsa, lekin baribir klizmani tanlasa — siz o‘z ishingizni qildingiz. Unga xalaqit bermang. Boz ustiga, eng yaxshi shifokor unga ichakni teshib qo‘ymaslik uchun o‘sha klizmani qanday qilib xavfsiz va to‘g‘ri qilish bo‘yicha maslahat beradi.

Nega menga bu mazoxizm kerak?

Va shu yerda asosiy savol tug‘iladi. Talabalik paytimda do‘stlarim, hamkasblarim va soat tungi 3 da ichki ovozim mendan so‘rardi: «Nega? Hozir viza olish Marsga uchishdan ham qiyinroq bo‘lib turgan paytda, nega Step’lar bilan miyangni zo‘rlayapsan? Bu Amerika tibbiyoti senga Muxasranskdagi (chekka tumandagi) poliklinikada nima uchun kerak?»

Javob oddiy, lekin darrov yetib bormaydi. Agar siz hech qachon AQSh chegarasini kesib o‘tmasangiz va hech qachon "Resident" beyjigini taqmasangiz ham, USMLE sizga shunchaki bilimdan ko‘ra kattaroq narsani beradi.

U jaholatga (mrakobesiyaga) qarshi umrbod immunitet beradi.

Ha, aldamayman — MDH davlatlarida bu bilim bilan yashash qiyinlashadi. Siz avtomatik ravishda "oq qarga"ga (yoki hozir urf bo‘lganidek aytganda, bo‘limning bosh "mijg‘ovi"ga) aylanasiz. Ertalabki "pyatiminutka"da hamma bosh irg‘ab turganda, siz qo‘l ko‘tarib so‘raysiz: «Kechirasiz, PubMed ga havola qani? Qaysi asosga ko‘ra buni qilyapmiz?». Sizni eski sovet maktabida toblangan bo‘lim mudirlari sekin (lekin ko‘pincha baland ovozda) yomon ko‘ra boshlashadi. Ular uchun "internet hammasini yolg‘on gapiradi" degan gap — aksioma, o‘zlarining 30 yillik tajribasi esa qo‘shaloq ko‘r (double-blind) platsebo-nazoratli tadqiqotlardan muhimroq.

Siz o‘zingizni aborigenlarga yomg‘irni doira (buban) chalib raqsga tushish emas, balki siklon keltirib chiqarishini tushuntirishga urinayotgan o‘zga sayyoralikdek his qilasiz.

Ammo evaziga...

Evaziga siz hamkasblarning 90 foizida yo‘q bo‘lgan narsani — professional dzen-xotirjamlikni topasiz. Siz aniq bilasiz: bemor bilan qilayotgan hamma ishingiz ma’noga ega. Har bir tabletka, har bir "naznacheniya" tagida mantiq va isbotlangan samaradorlik poydevori bor. Siz "yomon analizlar"ni davolashni to‘xtatasiz. Siz qarindoshlarning xavotirini kapelnitsa bilan "davolash"ni to‘xtatasiz. Siz Insonni davolashni boshlaysiz. Agar tuzatishning imkoni bo‘lmasa — siz farmkompaniyalar puli evaziga soxta umid sotmasdan, halollik bilan azoblarni yengillashtirasiz.

Siz JFI (Jadal Faoliyat Imitatsiyasi) bilan shug‘ullanishni to‘xtatasiz. Va bu, ehtimol, kasbiy kuyishdan (vygoranie) saqlovchi eng yaxshi va yagona ishlaydigan vositadir. Chunki ishdan kuyib ketilmaydi. Qilayotgan ishingizning ma’nisizligidan kuyib ketasiz.

Agar o‘z mamlakatingizda tunnel oxirida yorug‘lik ko‘rinmasa, har doim yangi rivojlangan mamlakatda boshqa tunnel topish mumkin. U yerda nafaqat tunnel oxirida yorug‘lik bor, balki tunnel bo‘ylab yurishning o‘zida ham ma’no bor...


💊 P.S. Kim ishda yana shunaqa "shablon yorilishi"ni his qilyapti? Bu postni medik do‘stlaringizga yuboring. Quchoqlashib, birga yig‘laymiz.


Hammaga rahmat,

Farhod


Telegram: https://t.me/farkhodmd

Instagram: https://www.instagram.com/farkhodmd


Boshqa maqolalarim:


NOL NUQTASI: BIR XIL DIPLOM, AMMO SHIFOKORLARNING TURLICHA HAYOTI

https://telegra.ph/Nol-nuqtasi-01-25


MUKAMMALSIZLIK KUCHI 

https://telegra.ph/MUKAMMALSIZLIK-KUCHI-01-12


YORDAM BERISH UCHUN TAVALLUD TOPGANLAR, LEKIN O‘ZLARI YORDAMGA MUHTOJ SHIFOKORLAR

https://telegra.ph/YORDAM-UCHUN-TAVALLUD-TOPGANLAR-01-19


JAZOLOVCHI TIBBIYOT, YOKI QANDAY QILIB ANALIZLARNI EMAS, ODAMLARNI DAVOLASH

https://telegra.ph/post2-12-07-3


Report Page