Nol nuqtasi: Bir xil diplom, ammo shifokorlarning turlicha hayoti
farkhodmd
Tenglik illyuziyasi
Bitiruv kechasini tasavvur qiling. Faollar zali, dekanning tantanali nutqlari, ota-onalarning ko‘z yoshlari va kameralar chaqnashlari. Siz bir qatorda turibsiz — yosh, shijoatli, bir xil mantiyalarda. Har biringizning qo‘lingizda diplom. Ko‘k yoki qizil — bu bosqichda buning deyarli ahamiyati yo‘q.
Ayni shu damda ulkan ko‘zbo‘yamachilik yuz beradi. Sizga hammaningiz tengdek tuyulasiz. Sizga endi hammangiz — "Shifokor"dek ko‘rinasiz. Jamiyat sizga yagona mutaxassislar massasi sifatida qaraydi, davlat esa sizni poliklinikalardagi bo‘sh o‘rinlarni to‘ldiruvchi shtat birligi deb biladi. Va eng qo‘rqinchlisi — bu tenglikka o‘zingiz ham ishonasiz.
Siz anatomiya imtihonini birga topshirdingiz, farmakologiyadan birga ko‘chirdingiz, davlat imtihonlari oldidan birga hayajonlandingiz. Go‘yoki buyog‘iga hammasi bir xil davom etadigandek: magistratura yoki ordinatura, ish, toifa, staj, pensiya. Standart konveyer.
Ammo aynan shu yerda, ushbu tantanali "nol nuqtasi"da, ko‘zga ko‘rinmas, lekin hal qiluvchi bo‘linish sodir bo‘ladi...
Siz sahnada turganingizda, bitiruvchilarning 90 foizi uchun bu kun — finish. Ular eng qiyini ortda qoldi deb hisoblaydilar. O‘qish tugadi, endi hamma ulardan "qarzdor": davlat ish berishi kerak, bosh shifokor stavka berishi kerak, bemorlar hurmat qilishi kerak. Ular yengil tin oladilar va oqim bo‘ylab suzishga tayyorlanib, bo‘shashadilar.
Ammo qolgan 10 foiz uchun bu kun — haqiqiy marafonga kirish uchun ruxsatnoma olish, xolos. Ular yakunni nishonlamaydilar, ular o‘z kelajagi, quyosh ostidagi o‘z o‘rni uchun jangga hozirlik ko‘radilar. Birinchilar ziyofatni rejalashtirayotgan bir paytda, ikkinchilar o‘rtamiyonalik botqog‘iga cho‘kib ketmaslikni rejalashtiradilar.
MDH davlatlarida shifokor diplomi — bu ajoyib va qiziq hujjat. Uning o‘zi qonuniy ishga joylashish huquqidan boshqa hech narsani kafolatlamaydi. U pulni kafolatlamaydi. Hurmatni kafolatlamaydi. Hayot sifatini kafolatlamaydi. Bu shunchaki o‘yinga kirishingizga imkon beruvchi qog‘oz, xolos. Ammo siz qaysi qoidalar bo‘yicha o‘ynashingiz — "jon saqlash"mi yoki "rivojlanish"mi — bu dekanatda hal qilinmaydi. Bu hoziroq sizning kallangizda hal qilinadi.
Tenglik illyuziyasi juda tez, tom ma'noda 3–5 yildan so‘ng tarqab ketadi. Ammo "shunchaki ishlaydiganlar" va dunyo darajasidagi karyerani quradiganlar o‘rtasidagi jarlik poydevori aynan sizga hammangiz bir xildek tuyulgan o‘sha paytda qo‘yiladi...
Ijtimoiy ma'qullash tuzog‘i: "Qo‘shnilar nima deydi?"
Bitiruv oqshomidagi eyforiya tarqashi bilanoq, siz turbulentlik zonasiga tushib qolasiz. Aynan shu yerda ko‘plab ambitsiyalar halok bo‘ladi. Ularni tibbiyotning murakkabligi yoki iste'dodning yo‘qligi emas, balki oddiy, yopishqoq bir qo‘rquv o‘ldiradi: "Odamlar men haqimda nima deb o‘ylaydi?"
Bizning madaniyatimizda "qo‘shnilar" fikri — bu yig‘ma obraz. Bu — oilaviy o‘tirishlardagi qarindoshlar, sobiq sinfdoshlar, ota-onangizning do‘stlari va hatto tasodifiy tanishlar. Ularning barchasida "normal odam"ning hayoti qanday bo‘lishi kerakligi haqida yozilmagan qolip bor.
Ularning tushunchasiga ko‘ra, diplom oldingizmi, darhol ishga chiqishingiz kerak. Oq xalatni kiyib, mahalliy poliklinikadagi kabinetda o‘tirishingiz yoki shahar shifoxonasida navbatchilikka turishingiz shart. Ularga maoshingiz muhim emas, ularga maqom (status) muhim. Onangiz uchun Orzigul xolaga telefon qilib: "Mening o‘g‘lim ishga kirdi! Uchinchi shahar shifoxonasiga, xirurg!" deb maqtanib qo‘yish muhim. Bu tushunarli eshitiladi. Bu jamiyat tomonidan ma'qullanadi. Bu xuddi "odamlardek".
Ammo haqiqiy muvaffaqiyatga eltuvchi yo‘l ko‘pincha "qo‘shnilar" uchun bekorchilik yoki g‘alatilikdek ko‘rinadi...
Sinalgan so‘qmoqdan yurmaslikka qaror qilgan talabani tasavvur qiling. U staj uchun chaqaga ishlashga yugurmaydi. Buning o‘rniga u uyda o‘tiradi. Ingliz tilini o‘rganadi. U USMLE (yoki boshqa imtihonlarga) yoki xorijiy klinikaga kirishga tayyorlanadi. Ehtimol, u o‘z mahallasidan hech kim hech qachon o‘qimaydigan ilmiy maqolalar yozayotgandir.
Chetdan u qanday ko‘rinadi? Jamiyat uchun u omadsiz. "Qayerda ishlayapsan?" deb so‘rashadi undan. "Hozircha o‘qiyapman, imtihonlarga tayyorlanyapman", deb javob beradi u. "Ha, hali ham o‘qiyapsanmi... Parallel kursdagi Abdullo esa allaqachon bo‘lim mudiri o‘rnini bosib o‘tiribdi!"
Nigohlar achinish yoki qoralashga to‘la. Sizni eza boshlaydilar. "Osmonda uchishni bas qil", "Yerga tush", "Kitob o‘qimasdan, staj yig‘ish kerak". Bu — ulkan psixologik bosim. Atrofingizdagi hamma sizdan katta tizimning kichkina vintchasi bo‘lishni talab qilayotgan paytda "oq qarga" bo‘lish juda qiyin...
Va ko‘pchilik sinadi. Talabalar oilaviy kechki ovqatlarda o‘zini begona his qilmaslik uchungina o‘z orzulariga xiyonat qiladilar. Ular "ishli bo‘lish" uchun oddiy ordinaturaga ketadilar. Ular eng kam qarshilikli yo‘lni tanlab, ertangi kelajagi evaziga bugungi ijtimoiy ma'qullashni sotib oladilar.
Siz jahon darajasidagi shifokor bo‘lish istiqbolini hoziroq "hamma qatori" bo‘lish qulayligiga almashtirasiz. Qo‘shnilarni tinchlantirasiz, ammo ichingizdagi professionalni sekin-asta o‘ldira boshlaysiz. Chunki o‘zingizni birovlarning kutuvlari batareyasiga bog‘lab qo‘yib, parvoz qila olmaysiz.
Meni noto‘g‘ri tushunmang, agar har bir kishi o‘zining Tibbiyot institutidagi birinchi kursini eslasa, xalqaro darajadagi super shifokor bo‘lishni, dunyo bo‘ylab parvoz qilishni, eng rivojlangan klinikalardagidek davolashni, bemorlarga tashxis qo‘yib, ular shifokor ko‘rsatmalariga doim amal qilishlarini orzu qilganini aytadi. Bitirgandan so‘ng ordinaturaga kirishning yomon joyi yo‘q, lekin sen o‘rniga ketayotgan insonlar hozir qayerdaligini va o‘qishdan keyin ularning hayoti qanday ko‘rinishini yodda tutish muhim...
Bosh hakam: "Bolalar nima deydi?"
Biz eng asosiy joyga yetib keldik. Ushbu dramaning kulminatsiyasiga.
Keling, rostini aytaylik: siz bundan o‘n yil oldin fikridan shunchalik qo‘rqqan o‘sha "Orzigul xola" yoki qo‘shnilar hozir qayerda? Kimdir olamdan o‘tgan. Kimdir ko‘chib ketgan. Kimdir uchun esa suhbatingizning ertasigayoq mutlaqo ahamiyatsiz odamga aylangansiz. Ularning fikri tonggi tuman kabi tarqab ketdi. Siz arvohlar roziligi uchun o‘z strategiyangizni qurbon qildingiz.
Ammo ularning o‘rniga boshqa tomoshabinlar keldi. Xonadon eshigi ortida nigohidan berkinib bo‘lmaydigan insonlar. Farzandlaringiz.
Bu — eng shafqatsiz va eng halol hakamlardir. Yoshligingizda jamiyat uchun qanchalik "qulay" va "to‘g‘ri" bo‘lganingiz ularga mutlaqo baribir. Ular: "Dada, 2025-yildagi oilaviy o‘tirishlarda o‘zingni yaxshi tutganmiding?" deb so‘ramaydilar. Bu ularga muhim emas.
Ular siz qurgan (yoki qura olmagan) reallikda yashaydilar. Va ular butunlay boshqacha savollarni beradilar. Oddiy, bolalarcha, lekin qoningizni muzlatib yuboradigan savollar: "Nega biz hech qachon dengizga uchmaymiz, Shahriyor esa ota-onasi bilan har yili boradi?", "Nega ishdan doim shunaqa jahldor va charchagan holda kelasiz?, "Nega men o‘zim xohlagan joyda o‘qiy olmayman?", "Nega siz bilan birga o‘qigan kursdoshingiz bizdan ko‘ra yaxshiroq yashaydi?"
Ularga nima deb javob berasiz? Haqiqatni aytishga urinib ko‘ring: "Bilasanmi, o‘g‘lim, men munosib daromad topishim va odamlarni yuqori darajada davolashim mumkin edi. Lekin 23 yoshimda, boshqalar ishlayotganda uyda o‘tirib o‘qishdan uyalganman. Qo‘shnilar meni bekorchi deb atashidan qo‘rqqanman. Shuning uchun bizni mana shu kambag‘allikka yetaklagan yo‘lni tanladim. Buning evaziga o‘sha paytda qo‘shnilar oldida uyalib qolmaganman".
G‘irt safsatadek eshitilyapti, to‘g‘rimi? Ammo quruq qoldiqda sizning tanlovingiz aynan shunday ko‘rinadi.
Bugungi kasbiy ojizligingiz — bu farzandlaringizning o‘g‘irlangan kelajagidir. Bu ularda sifatli startning yo‘qligi. Bu ularning cheklangan dunyoqarashi. Bu — ish tiyinlar to‘lanadigan katorga ekanligiga bo‘lgan ishonchidir.
Bolalar nasihatlaringizga quloq solmaydilar, ular ibratingizga qaraydilar. Agar siz davlatdan sadaqa kutib yashovchi qurbon pozitsiyasida yashasangiz, ularni ham qurbon bo‘lishga o‘rgatasiz. Agar siz tizim bosimi ostida singan bo‘lsangiz, ularni ham sinishga o‘rgatasiz.
Mana bu haqida o‘ylab ko‘ring: sizning maksimumingiz — ular uchun pol (boshlang‘ich nuqta) bo‘ladi. Agar sizning maksimumingiz — bu 300 dollarlik maosh va qarzlar bilan abadiy kurash bo‘lsa, farzandlaringiz startni ana shu past nuqtadan boshlaydilar. Ular shunchaki normal darajaga chiqib olish uchun yarim umrini sarflashlariga to‘g‘ri keladi. Agar sizning darajangiz — xalqaro malaka, erkinlik va to‘kinlik bo‘lsa, farzandlaringiz startdayoq siz faqat orzu qilishingiz mumkin bo‘lgan tramplinni qo‘lga kiritadilar.
Xo‘sh, kimning fikri siz uchun muhimroq? Yoshligingizdagi bir daqiqadan so‘ng sizni unutib yuboradigan tasodifiy o‘tkinchilarmi? Yoki siz ular uchun butun dunyo bo‘lgan va taqdiri bugungi jasoratingizga 100% bog‘liq bo‘lgan insonlarmi?
Qo‘shnilar nima deyishini o‘ylashni bas qiling. O‘n yildan keyin farzandlaringizning ko‘ziga qarab nima deyishingizni o‘ylashni boshlang.
Mustasno bo‘lish huquqi
Ushbu matn hamma uchun emasligini va u ko‘pchilikning g‘ashini keltirishini juda yaxshi tushunaman.
Kimdir o‘qib: "Reallikdan uzilgan navbatdagi motivatsion safsata", deydi. Kimdir aynan unda nima uchun "vaqt yo‘q", "pul yo‘q" yoki "tanish-bilish yo‘q"ligiga mingta sabab topadi. O‘quvchilarning 90 foizi esa, yozilganlarga qo‘shilsa ham, ertaga tongda uyg‘onib, kecha qilgan ishini davom ettiraveradi. Ular yana eng kam qarshilikli yo‘lni tanlaydilar.
Va bu — normal holat. Dunyo shunday tuzilgan. Statistika shafqatsiz: ko‘pchilik, hatto jar yoqasiga ketayotgan bo‘lsa ham, doimo podaning qulayligi va xavfsizligini tanlaydi. Klinikalarga chaqaga ishlashga tayyor odamlar doim kerak bo‘ladi. Tizim konformistlarga (moslashuvchilarga) tayanadi.
Ammo men buni ko‘pchilik uchun yozayotganim yo‘q. Men buni hozir o‘zini "normallik" doirasida tiqilinch his qilayotgan yuztadan bittasi uchun yozyapman.
Bitta oddiy, ammo qattiq formulani tushunib olish muhim: Agar siz mustasno (o‘zgacha) hayot kechirishni istasangiz, mustasno bo‘lishga majbursiz.
Standart harakatlarni amalga oshirib, nostandart natija olib bo‘lmaydi. Oddiy tuman shifokori traektoriyasi bo‘ylab harakatlanib, top-mutaxassisdek yashab bo‘lmaydi.
Men buni bilaman, chunki bu yo‘lni o‘zim bosib o‘tganman.
Uzoq yillar davomida men o‘qituvchilar uchun ortiqcha savol beradigan "noqulay" talaba bo‘ldim. Qarindoshlar uchun "normal" ishi yo‘q omadsiz edim. Qo‘shnilar uchun tunlari bilan chirog‘i yonib turadigan lunatik edim. Hatto ota-onam uchun ham uzoq vaqt "to‘g‘ri" yo‘ldan adashgan odam bo‘lib ko‘rindim.
Lekin men ularning hech birini qoralamayman va ayblamayman. Ko‘p odamlarga bu dunyoni va u ochayotgan imkoniyatlarni sizning ko‘zingiz bilan ko‘rish nasib etmagan. Qayerdadir chekka viloyat shaharchasida yoki qishloqda o‘tirib, inson miyasi sizning dunyoning yetakchi klinikalarida ishlayotganingiz, kashfiyotlar qilayotganingiz va erkin yashayotganingiz tasvirini tasavvur qilishi haqiqatan ham qiyin. Ular uchun bu reallik emas, ertak.
Ba'zida katta g‘oyalar shunchaki kichik aqllar uchun yaratilmagan bo‘ladi.
Ularni hukm qilmasdan, bir narsani anglang: siz o‘zingizga ushbu hashamatni — buyuk narsalar haqida orzu qilish va bu orzu yo‘lida chin yurakdan, qattiq ishlashni ravo ko‘ra olasiz.
Mustasno bo‘ling. Qoidalar minimalga rozi bo‘lganlar uchun yozilgan. Tanlov o‘z qo‘lingizda: ushbu matnni yopib, unutish yoki olomondan uzoqlashib, farzandlaringiz uyalmaydigan kelajak sari qadam tashlash. Qo‘shnilar yuzida ma'yuslikni, lekin farzandlaringiz yuzida quvonchni ko‘radigan o‘sha yerga...
Agar maqola sizga yoqqan bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlaringizda ulashsangiz (repost qilsangiz) minnatdor bo‘lardim. Bu men uchun yangi maqolalar yozishga undaydigan eng yaxshi tashakkurdir.
Farhod
Telegram: https://t.me/farkhodmd
Instagram: https://www.instagram.com/farkhodmd
Boshqa maqolalarim:
MUKAMMALSIZLIK KUCHI
https://telegra.ph/MUKAMMALSIZLIK-KUCHI-01-12
YORDAM BERISH UCHUN TAVALLUD TOPGANLAR, LEKIN O‘ZLARI YORDAMGA MUHTOJ SHIFOKORLAR
https://telegra.ph/YORDAM-UCHUN-TAVALLUD-TOPGANLAR-01-19
JAZOLOVCHI TIBBIYOT, YOKI QANDAY QILIB ANALIZLARNI EMAS, ODAMLARNI DAVOLASH
https://telegra.ph/post2-12-07-3