USMLE STEP 1 – PASS | Abdulaziz

USMLE STEP 1 – PASS | Abdulaziz

Medcloud

Assalomu alaykum! Mening ismim Abdulaziz.

USMLE Step 1 imtihonini muvaffaqiyatli topshirganimdan so'ng, o'z tajribam bilan bo'lishishga qaror qildim. Umid qilamanki, ushbu hisobot bu yo'lni endi boshlayotgan yoki hozir tayyorgarlik jarayonida bo'lganlarga oz bo'lsa ham foyda beradi.

My score report

Meni USMLE'ga nima undadi?

Ko'pchilik tibbiyot talabalariga tanish bo'lgan muammo menda ham bor edi.

Tibbiyot universitetiga kirganimdan so'ng, o'rganishim kerak bo'lgan ma'lumotlar hajmidan hayratda qoldim. Qaysi bilimlar haqiqatan ham muhim (high yield), qaysilari esa amaliyotda deyarli uchramaydigan kam uchraydigan faktlar (low yield) ekanini umuman ajrata olmasdim.

Eng achinarlisi shundaki, materiallarni o'qirdim, darslarda javob berardim, yaxshi baholar olardim va har kuni yangi narsalarni o'rganayotgandek edim. Ammo oradan ikki hafta o'tgach, o'zimni xuddi "toza varaq"dek his qilardim - go'yo umuman hech narsa o'rganmagandek.

Tibbiyot universitetidagi zich dars jadvali va doimiy yangi ma'lumotlar oqimi sababli materiallarni muntazam takrorlash deyarli imkonsiz edi.

Bir kuni o'zimga yoqimsiz, ammo juda muhim haqiqatni tan oldim - menda hatto mustahkam baza ham yo'q edi. Shunda tushundimki, agar ta'lim tizimini o'zgartirishning iloji bo'lmasa, demak o'zimni o'zgartirishim kerak. Step 1 imtihoniga tayyorgarligim aynan shu tariqa boshlandi.

Tayyorgarlik davri

Umuman olganda, tayyorgarlik taxminan ikki yil davom etdi. Bunga dastlabki bosqichdagi bir nechta tanaffuslar ham kiradi.

Birinchi bosqich

Asosiy manbalarim quyidagilar edi:

  • MedCloud 💙💭
  • Sketchy Micro
  • Sketchy Pharm
  • Sketchy Path (onkologiya bo'limlari)
  • Pathoma
  • Rx Question Bank - o'zlashtirgan bilimlarimni tekshirish uchun.

Aynan shu resurslar tayyorgarligimning poydevorini yaratdi.

Alohida Anki haqida aytib o'tmoqchiman. Bu dastur yangi ma'lumotlarni mustahkamlash, eski mavzularni takrorlash va eng muhim faktlarni doimo yodda saqlashda menga juda katta yordam berdi. Shuningdek, biokimyo va immunologiya bo'yicha Ninja Nerd hamda Bootcamp'ning ayrim darslarini ham tomosha qildim.

O'rtacha kuniga 4-5 soat shug'ullanardim. Ba'zan esa 8-9 soatgacha o'qirdim.

Men uchun eng samarali kun - ertalab erta turib, tushlikkacha barcha Anki kartalarini tugata olgan kun edi. Shunda yangi mavzuni o'rganish uchun yana 3-4 soat vaqt qolardi.

Agar ertalab soat 8-9 dan keyin uyg'onsam, bunday kunni deyarli yo'qotilgan kun deb hisoblardim. Ba'zan hatto Anki kartalarini ham tugatishga ulgurmasdim.

Ikkinchi bosqich

Bu bosqich Pathoma'ni tugatganimdan keyin boshlandi. Men darhol UWorld'ga o'tmadim. Avval Amboss'dan 10-12 ta blok ishlab chiqdim, shunda imtihon vaqtiga (timing) ko'nikib, test-taking skills'ni yaxshilab rivojlantirishni xohladim. Shundan so'ng UWorld'dagi dastlabki 15 ta blokni Untimed rejimida ishladim.

Dastlab bir blokni yechishim uchun taxminan 1 soat 15-20 daqiqa ketardi. Vaqt o'tishi bilan vaqtni to'g'ri taqsimlashni o'rgandim va bloklarni muntazam ravishda taxminan 1 soatda (+/-5 daqiqa) tugata boshlaganimdan keyin Timed rejimiga o'tdim.

Dastlab bitta blokni tahlil qilishim 7-8 soat vaqt olardi. Bu degani - bir soatda taxminan 5 ta savol yoki har bir savol uchun o'rtacha 12 daqiqa. Shu sababli bloklarni tahlil qilish juda og'ir va juda ham charchatadigan jarayon edi. Do'stlarim bloklarni mendan ancha tez tahlil qilishardi va rostini aytsam, ularga havas qilardim 👿😂

UWorld'ning birinchi o'tishi taxminan olti oy davom etdi. Birinchi aylanish yakunida o'rtacha natijam 70.6% bo'ldi.

Incorrects'ni ishlashga qaytmadim, chunki birinchi o'tishning o'ziga juda ko'p vaqt sarflagandim. Shuning uchun tavakkal qilishga qaror qildim.

Oldindan o'zimga shunday shart qo'ydim: NBME 25'dan 70% dan yuqori olsam - davom etaman, agar past bo'lsa - Incorrects'ga qaytaman.

Natijada 77.5% oldim va tayyorgarlikni davom ettirishga qaror qildim.

Probnik natijalari

NBME 25 - 77.5%

NBME 26 - 81%

NBME 27 - 81.5%

NBME 28 - 81%

NBME 29 - 81%

NBME 30 - 83%

NBME 31 - 80%

NBME 32 - 76.5%

Free 120 (2022) - 73.3%

Free 120 (2024) - 80%

UWSA 2 - 83.1%

Test Day Experience

Imtihonni 17-iyun kuni Istanbul shahrida topshirdim.

Men va singlim 15-iyun kuni kechqurun, taxminan soat 21:00 da Istanbulga yetib keldik. 16-iyun kuni kichik tayyorgarlik qildik - Prometric markazini topdik, qaysi qavatda joylashganini bildik va mehmonxonadan imtihon markazigacha qancha vaqt ketishini hisoblab chiqdik. Shundan keyin biroz Istanbul bo'ylab sayr qildik.

Imtihon kuni ertalab soat 6:30 da uyg'ondim. Imtihon 9:00 ga belgilangan edi. Yaxshilab nonushta qildim va 8:30 da Prometric markaziga yetib bordim. Imtihonni esa taxminan 8:38 da boshladim.

Birinchi blok menga ancha mantiqiy va o'rtacha darajada qiyin tuyuldi. Ammo haqiqiy sinov aynan undan keyin boshlandi.

Keyingi uch-to'rtta blok nihoyatda og'ir bo'ldi. Ko'plab savollarni tushunishning o'zi qiyin edi. Variantlar juda shubhali ko'rinardi, ba'zi savollarda esa hatto aniq noto'g'ri javoblarni ham chiqarib tashlay olmasdim, chunki o'zim ham ishonchim komil emas edi.Ba'zi savollarga umuman javob berishga ulgurmadim - vaqt tugab qolardi.

Taxminan 2 yoki 3-blokning oxirlariga kelib, yana biroz mantiqiyroq savollar uchray boshladi. Ammo tushunarsiz klinik holatlar juda ko'p bo'lgani sababli kuchli stressni his qildim. Hatto tanaffuslarga ham chiqishni xohlamadim. Sakkiz soat davomida deyarli stulimdan turmadim.

Tanaffuslarning birida monitor qarshisida shunchaki o'tirib, o'zimga shunday savollar berdim:

"Men bu yerga nega keldim? Nega o'zimni bunchalik tayyor emasdek his qilyapman? Agar NBME natijalarim shunchalik yaxshi bo'lgan bo'lsa, nega bu yerda o'zimni mutlaqo ojiz his qilyapman?"

Imtihon markazidan butunlay holdan toygan holda chiqdim. Ich-ichimdan bu 100% FAIL deb ishonardim.

19-iyun kuni ertalab Toshkentga qaytib keldim, o'sha kunning o'zida esa Andijondagi uyimga yo'l oldim.

Natijani kutish davri

Natijani to'rt hafta kutishga to'g'ri keldi. Dastlabki ikki hafta doimiy xavotir bilan o'tdi. Oxirgi ikki haftada esa vaziyatni qabul qildim, chunki endi hech narsani o'zgartira olmasligimni tushundim. O'zimga faqat bitta gapni qayta-qayta aytardim: "Qo'limdan kelgan hamma ishni qildim. Bor kuchimni, bor imkoniyatimni 120% ishga soldim. Qolgani esa endi menga bog'liq emas."

15-iyul kuni natija tayyor bo'lgani haqida elektron pochtamga xabar keldi. O'sha paytda men Game Zone'da kompyuterda o'yin o'ynab o'tirgandim.

Elektron pochtadagi bildirishnomani ko'rishim bilan darhol FSMB akkauntimga kirdim va natijani yuklab ola boshladim. Yuragim juda tez urardi. Butun tanamni jimirlash bosdi. Qo'rquvdan tizzalarim qaltirardi. O'zimni tinchlantirdim va ichimda bitta qarorga keldim - natija qanday bo'lishidan qat'i nazar, uni qabul qilaman. PASS bo'ladimi yoki FAIL - farqi yo'q. Uchgacha sanadim. Faylni ochdim. Ko'zim tushgan birinchi so'z uzoq kutgan PASS edi. Bir necha soniya davomida ko'zlarimga ishonmadim. Hatto faylni yana bir marta yuklab olib, qayta ochdim. Chunki sodir bo'layotgan voqeaga shunchalik ishonish qiyin ediki. 😅

Minnatdorchilik

  • Meni har tomonlama qo'llab-quvvatlagan va tayyorgarlik ko'rishim uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan ota-onam hamda opa-singillarimga chin yurakdan rahmat. Sizlarni juda yaxshi ko'raman.
  • Do'stlarimga ham cheksiz minnatdorchilik bildiraman. Sizlar kimligingizni o'zingiz yaxshi bilasiz. Sizlarsiz bu uzun tunnelning oxirigacha yetib bora olmasdim va uning oxiridagi yorug'likni ko'rolmasdim. Maslahatlaringiz, qo'llab-quvvatlaganingiz va menga ishonganingiz uchun rahmat. Men sizlardan juda qarzdorman.
  • Alohida minnatdorchiligim MedCloud 💭💙 jamoasiga. Bu - bir maqsad yo'lida birlashgan insonlar jam bo'ladigan, o'zingizni hech qachon begona his qilmaydigan juda iliq va samimiy maskan. Asoschi Farhod akaga alohida rahmat. Sizning ma'ruzalaringizni tinglash haqiqiy zavq edi. Sodda uslub, tushunarli izohlar va o'zingizga xos qora hazil o'qishni ancha yengillashtirdi. Siz bergan fundamental bilimlar beqiyos. Shuningdek, ustozlarim Muso aka va Shahzod akaga yordamlari, maslahatlari va doimiy qo'llab-quvvatlaganlari uchun katta rahmat. MedCloud oilasining bir qismi bo'lish men uchun katta sharaf

Maslahatlar

Agar hozir ushbu postni tayyorgarlikni endigina boshlagan yoki yo'lning o'rtalarida ketayotgan inson o'qiyotgan bo'lsa, iltimos, taslim bo'lmang. Juda og'ir kunlar bo'ladi. Hammasini tashlab yuborgingiz keladigan lahzalar bo'ladi. Ba'zida: "Bularning barchasi menga nima uchun kerak?", "Rostdan ham bu imtihondan o'ta olamanmi?" degan fikrlar ham keladi. Bularning barchasi mutlaqo normal holat. Bunday his-tuyg'ularni deyarli hamma boshdan kechiradi. Eng muhimi - oldinga yurishda davom etish. Maqsadingizdan voz kechmang. Har bir inson bu imtihonni topshira oladi.

Xarajatlar

Imtihon (ro'yxatdan o'tish bilan birga) - 1805$

Aviachiptalar (2 kishi) - 925$

Mehmonxona (3 kecha) - 350$

Ovqat va boshqa xarajatlar - taxminan 300$

Jami - 3380$


Kelajakdagi Step takerlarning yo'lini oz bo'lsa ham yengillashtira olsam, bundan juda xursand bo'laman. Agar savollaringiz bo'lsa, bemalol murojaat qilishingiz mumkin.

Telegram: @ajustaboy


Yaqinda imtihonni topshirgan talabalar hisoboti:


1.USMLE STEP 1 - PASS | Sukhrob

... When people believe in you, it gives you courage and motivation, but when you believe in yourself, it gives you persistence, determination and infinite energy

Hisobotni o'qish


2. USMLE STEP 2 CK – 254 | Khojiakbar

...tayyorgarlik davomida siz hech narsa yo‘qotmaysiz. Aksincha, juda qimmatli bilimlarga ega bo‘lasiz. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tsangiz esa qo‘lingizda siz kutmagan imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin bo‘lgan sertifikat bo‘lad

Hisobotni o'qish


3. USMLE STEP 2 CK – 252 - Mirziyo

...bu hali yakun emas, oldimda hali katta ishlar turibdi

Hisobotni o`qish



Foydali havolalar:

Veb-sayt: https://www.medcloud.uz

Telegram: https://t.me/medcloud

Telegram bot: https://t.me/medcloudsbot

Instagram: https://www.instagram.com/medcloud_uz

Report Page