USMLE STEP 1 - PASS | Diyora
MedcloudAssalomu alaykum, mening ismim Diyora, Toshkent Tibbiyot Universiteti (TGSI kampusi) 6-kurs talabasi bo‘laman. O‘zimning orziqib kutgan PASS natijamni olgach, tayyorgarlik jarayonidagi tajribam va, albatta yo‘l qo‘ygan xatolarim bilan ham bo‘lishishga qaror qildim.
Imtihonni 2025-yil 25-noyabr kuni Istanbulda topshirdim.

Resurslar
- Medcloud video-leksiyalari
- Pathoma
- First Aid
- Dirty Medicine
- Sketchy
- Rendy Neil’s biostatistic
- Mehlman
- USMLE Rx
- UW Qbank
- Amboss 200 HY concepts
1-bosqich: Medcloud kurslari + Rx Qbanks + Pathoma
Medcloud kurslari va umuman Step’ga tayyorlanish yo‘li haqida birinchi marta 2-kursimda, kursdoshlarimdan eshitganman. O‘sha paytda bu menga unchalik qiziq tuyulmagandi. O‘ylardim: «Nega menga bularning hammasi kerak? Bunchalik uzun va qimmat yo‘l… Ota-onamni ortiqcha qiynamoqchi emasman».
Lekin hammasi o‘zgardi, qachonki darslarda guruhdoshlarim Xojiakbar, Javohir va Mushtari tavsiya etilgan ruscha adabiyotlarni (20–50 bet) ochmasdan turib ham savollarga bemalol javob bera boshlashganda. Men ham muhokamalarda ular kabi ishonchli qatnashishni, hamma narsani chuqur tushunishni va mavzularni aniq tushuntirishni xohlagan edim.
Shunda birinchi marta bizdagi rus tilidagi adabiyotlarda qanchalik ko‘p keraksiz va ortiqcha ma’lumot borligini angladim. Kitob o‘qish juda ko‘p vaqt olar: avval ishonchli manbani topish, keyin o‘qish, tushunish… Ammo eslab qolish uchun kerak bo‘lgan kunlik takrorlashga deyarli vaqt qolmasdi.
Javohir menga embriogenez va neural tube defectsni tushuntirib bergan paytni yaxshi eslayman. Ma’lumot juda qisqa, tushunarli va strukturalangan tarzda berilgandi. O‘quv materiali ideal ketma-ketlikda tuzilgan edi: embriologiya → anatomiya → fiziologiya → patologiyalar → har bir tizimni davolash.
Shunda menda birinchi marta: «Nega men ham bu kurslarga yozilmasligim kerak?» degan fikr paydo bo‘ldi.
2023-yilda, 3-kurs o‘rtalarida, bobomning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi bilan Medcloud’da onlayn o‘qishni boshladim. Dastlab hammasi juda qiziq edi, lekin vaqt o‘tishi bilan qiyinchiliklar paydo bo‘ldi – o‘tilgan mavzularni yetarlicha takrorlamasdim, yangi mavzular esa avvalgilarning mantiqiy davomi bo‘lib chiqardi. Anki’dan samarali foydalanishni bilmardim va o‘sha paytlar menga umuman yoqmasdi.
13-guruhdagi kursdoshlarim mendan juda katta yordamlarini ayamagan. Kechqurunlari biz Zoom’da yig‘ilib birga Rx yechardik, bu yerda Timur bizni boshqarar, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatar va foydali maslahatlari bilan o‘rtoqlashardi. Nevrologiya va fiziologiyani tugatgach, Rx Qbank’ni parallel yecha boshladim: xatolarimni tushunardim, lekin baribir zaif mavzularni “keyinga” surardim. Aynan shu narsa vaqt o‘tishi bilan o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatdi – poydevor men xohlagan darajada mustahkam bo‘lmay qoldi. Pathoma video-leksiyalarini ko‘rdim va Hussein Sattar kitobini o‘qidim.
Barcha fanlarni tugatganimdan keyin tushundim: bunday davom etib bo‘lmaydi. Mehnatimning haqiqiy natijasini ko‘rish uchun ishni oxiriga yetkazishim kerak. Men o‘zimga maqsad qo‘ydim – nafaqat klinik tafakkurni rivojlantirish va universitetda a’lo o‘qish, balki Step 1’ni topshirib, ko‘pchilik talabalar singari o‘zim qanchaga qodir ekanimni isbotlash.
Avvaliga qo‘rquv va katta mas’uliyat hissi meni qamrab olgan edi. Lekin Medcloud talabalarining video-podkastlarini muntazam ko‘rardim. Ayniqsa Nazokat va Guzal bilan intervyular men uchun alohida ilhom manbai bo‘ldi – ularda nimadir o‘ziga tortadigan, oldinga intilishga majbur qiladigan ruh bor edi.
2-bosqich: Qbank UWorld + Rx
Keyin men UWorld’ga yillik obuna oldim va timed hamda mixed rejimlarida bloklarni yecha boshladim. Ko‘pchilikdan eshitgan edimki, bu bilimlarni charxlash uchun juda kuchli vosita: batafsil izohlar va tahlillar har bir blokni puxta ko‘rib chiqib, takrorlaganingiz sari foizlaringizni asta-sekin oshirishga yordam beradi.
Biroq menda natijalar juda ham past bo‘lib qolardi. Bitta blokni tahlil qilishga 2,5 kungacha vaqt ketardi: tushuntirishlarni o‘qirdim, har bir mavzu bo‘yicha YouTube’dan video qidirardim, ba’zi savollarda soatlab “yopishib” qolardim, o‘zimning juda katta fleshkartalarimni tuzardim. Har safar motivatsiya pasayib borardi va yangi bloklarni boshlash tobora qiyinlashardi. Oxir-oqibat faqat fleshkartalarni takrorlash va First Aid o‘qish bilan cheklanib qolardim, tajribali steptakerlardan maslahat olib, tayyorgarlik taktikasini o‘zgartirishga urinardim.
Bir payt kelib, menga doimiy study-partner yetishmayotganini tushundim – konseptlarni aniq tushunish va takrorlash uchun kimdirdan so‘rab turish zarur edi. Va shu yerda Alloh menga ideal sherik – dugonam Anorani yubordi, u ham Medcloud markazining 13-guruhida o‘qirdi. Biz bir tizimni tanlab, uni o‘rganar, bir-birimizni so‘roqqa tutardik. Ba’zi kunlari do‘stimiz Timur savol-javoblar o‘tkazar, qimmatli maslahatlar berar, murakkab keislarni birga tahlil qilib berardi. Biz konspektlar tuzar, eski yozuvlarni muntazam takrorlab turardik.
Natijada men UWorld’ning birinchi aylanasini 41% bilan tugatdim. Shundan so‘ng Muso aka bilan maslahatlashib, bazani mustahkamlash va materialni to‘liq egallash uchun Rx’ni boshidan oxirigacha qayta yechishga qaror qildim. First Aid’ni intensiv o‘qidim, har kuni Mnemosyne fleshkartalarini va Rx’da 100 tagacha keis yechar edim. Bir yarim oydan keyin UWorld’ga yana qaytdim, Coursology orqali obuna bo‘ldim va avvalgi bir yillik obuna muddati tugaganligi sababli hammasini noldan boshladim.
3-bosqich: UWorld + Mehlman’s pdf
Bu safar men full-time tayyorlandim: har kuni (ba’zan kun ora) bitta blok yechar, tahlil qilardim va zaif mavzularga qarab First Aid’dan o‘qirdim: biostatistika, kardiologiya, nevrologiya, biokimyo.
Kechqurunlar Anora bilan bitta tizimni tanlab, Mehlman pdf’ini one by one o‘qirdik va hafta davomida uch marta muhokama qilardik. Tayyorlanish jarayonini bir xillikdan chiqarish uchun qisqa blitz-savol-javoblar o‘tkazardik, bomdoddan oldin uyg‘onib Discord’ga kirardik, mikrofon o‘chirilgan holda onlayn efir yoqib, o‘tirib fleshkarta yechardik. Treninglar va imtihonga tayyorgarlikni uyg‘unlashtirish orqali o‘zimni charchatib yubormaslikka, burnout bo‘lmasligiga harakat qildim.
Bunday ish sur’ati o‘z samarasini berdi: mening score’larim osha boshladi va bu meni juda ruhlantirdi. Muso akaning yordami alohida ahamiyatga ega bo‘ldi – ular meni Cluster X guruhiga qo‘shib, doimiy ravishda nazorat qilib turdi, biz uchun vaqt ajratib, har 2 haftada (ba’zan 3 haftada) bir marta Zoom uchrashuvlar o‘tkazdi, zaif tizimlarimizni muhokama qildik, uchrashuvlar 3 soatdan ham ko‘proq davom etardi. Ayniqsa biostatistikadagi formulalarni juda sinchkovlik bilan “chaynab” tushuntirib bergani tufayli nihoyat men bu formulalarni yaxshi tushunib, yodlab oldim. Shu guruhda men juda zo‘r bolalar (Savron, Shohruh) bilan tanishdim, ulardan ham maslahatlar olib turdim.
Shuningdek, Javohirning maslahatlariga amal qilib, Men “Myusli Chat” guruhidagi savollar va keislarni faol o‘qiy boshladim, javoblar yozdim. Javohir o‘zi Step2’ga tayyorlanish jarayonida Amboss’dan Step 1 bilan bog‘liq ko‘p savollarni guruhimizga tashlar, biz esa Anora bilan ularni yechib, muhokama qilardik. Bunday jamoaviy ish va uzluksiz munozaralar mening klinik tafakkurim va differensial diagnostika ko‘nikmalarimni kuchaytirdi.
4-bosqich: Dedicated period
UWorld’ning 70% qismini yechgach, Muso aka quyidagi sxema bo‘yicha probniklarga o‘tishni tavsiya qildi: NBME + uning tahlili + UW, probniklar orasida 10 kun tanaffus qilib, shu orada bilimni to‘plash va zaif mavzular ustida ishlash.
Men UWorld’ni tezroq tugatmoqchi bo‘lib, bir kunda 2 blokdan yechishni xohlardim: 1-block = unused tests, 2-block = incorrects
Lekin charchoq tufayli har doim ham 2 blok yecha olmasdim. Shuning uchun o‘z tanamga quloq soldim va o‘zimni ortiqcha bosim ostiga qo‘ymadim.
Quyida probnik natijalarim:
- NBME 25 = 65%
- NBME 26 = 69%
- NBME 27 = 67.5%
- NBME 28 = 68.5%
- NBME 29 = 65.5%
29 probnikdan so‘ng men vahimaga tushdim va Muso aka bilan maslahatlashganimdan keyin probniklarga vaqtincha tegmasdan, zaif tomonlarim ustida ishlashga qaror qildim.
Men UWorld’ni o‘rtacha 66% bilan yakunladim. Shu orada Javohir tizimlar bo‘yicha Amboss High Yield 200 concepts yechishni taklif qildi, bu ham o‘z zaif va kuchli tomonlarimni ko‘rishga yordam berdi. Ba’zan kutubxonaga borib o‘qirdim va o‘tirish qobiliyatimni sinash uchun bir marta ketma-ket 7 blok yechdim, tanaffuslar bilan imtihonni simulyatsiya qildim.
Keyin probniklarni qayta tikladim, chunki mening eligibility periodim dekabrgacha edi va yana ikki probnikdan so‘ng imtihon sanasini imkon qadar tezroq belgilashim kerak edi. Har bir probnik orasida taxminan 3 kun farq bo‘lardi. Probnik yozib bo‘lgach, uni tahlil qilardim, Rapid Review o‘qirdim, kechqurun fleshkartalarimni yechardim, Anora menga First Aid bo‘yicha savol berardi.
Natijalar:
- UWSA 1 = 70.5%
- NBME 30 = 70.5%
- NBME 31 = 71.5%
- UWSA 2 = 63%
- NBME 32 = 70.5%
- NBME 33 = 66%
- Free 120 = 60%
Istanbulga ketishdan oldin Free 120 yozib, natijani ko‘rgach, haqiqiy “mandraj” boshlandi – go‘yo meni faqat FAIL kutayotgandek tuyuldi. Yuragim siqildi, fikrlarim chalkashib ketdi.
Shu paytda otamning so‘zlari yana qulog‘imda yangradi:
«Taqdiringda nima yozilgan bo‘lsa shu bo`ladi. Pass bo‘ladimi, Fail bo‘ladimi – bu barchasi yaxshilikka. Eng muhimi – Yaratganga tavakkal qil, sen o‘z qo‘lingdan kelganini qilding».
Bu so‘zlarni ular imtihon sanasini tanlashga ikkilanib, eligibility periodni uzaytiraymi, yo‘qmi, deb o‘ylab yurganimda ham aytgan edilar. Ular yana eslatdilarki: qo‘rquv tabiiy, lekin qaror va qat’iyat undan ham muhim. Men qat’iy qarorga keldim: nima bo‘lishidan qat’i nazar, imtihonni borib topshiraman, o‘zimga ham, Allohga ham tavakkal qilaman.
23-noyabr 2025-yildan boshlab materiallarni astoydil takrorlashga kirishdim. Probnikni sinchkovlik bilan tahlil qildim, HY materiallarni qayta ko‘rib chiqdim, zaif joylarimni strukturaladim. Keyingi kuni biroz miyamni “bo‘shatish” uchun oilam bilan Istanbul bo‘ylab sayr qildik, Prometric markaziga borib, u yerning muhitiga oldindan ko‘nikib oldim, shunda imtihon kuni kamroq hayajon bo‘ladi.
Kechqurun yana o‘qishga qaytdim: patient chart savollarini ko‘rib chiqdim, First Aid’dagi barcha formulalarni takrorladim va ertaroq uxladim, ertangi kunga tayyor bo‘lish uchun.
Exam Day
5:30 da uyg‘ondim, yuz-qo‘limni yuvdim, ibodat qildim va nonushta qildim. So‘ng 10 ta kichik test tuzib, yechib ko‘rdim – miyam “uyg‘onsin” deb. Keyin onam bilan Prometric markaziga yo‘l oldik. Soat 8:15 larda yetib keldik, imtihonga 8:40 da kiritishdi, ya’ni belgilangan vaqtdan oldinroq kirib bordim.
Men juda xotirjam edim, hatto valerian ichishga ham hojat bo‘lmadi. Birinchi blok yengil tuyuldi, o‘zimni ishonchli his qildim, energiyam baland edi. 1-blokdan so‘ng joyimda 5 daqiqa atrofida qisqa tanaffus qilib, keyingi blokni boshladim.
Har bir keyingi blok oldingisidan ko‘ra murakkabroq bo‘lib bordi. Testlar men yechgan probniklarning deyarli hech biriga o‘xshamasdi (faqat NBME 33 bir oz eslatardi). Men uchun eng dahshatlisi etika bo‘ldi, chunki deyarli har bir blokda u bo‘yicha 6–8 tadan savol bor edi. Qisqa case ko‘rsam, ichimdan xursand bo‘lardim, chunki savollarning aksariyati juda uzun matnli edi. Vaqt bilan zo‘rg‘a ulgurardim.
Ikkinchi blokda 2 ta savolni hatto tasodifiy javob belgilashga ham ulgurmay qolib ketdim – vaqt tugab qoldi.
Tanaffuslarni har blokdan keyin 10 daqiqadan oldim, faqat bitta katta tanaffusim 15 daqiqa bo‘ldi. Ochlik ham, chanqoqlik ham sezmadim – boshimda faqat bitta o‘y: “Qachon tugaydi, tezroq bu yerdan chiqib ketsam bo‘ldi”.
Oziq-ovqat sifatida sendvich, banan, mandarinlar, sevimli Raffello va shokolad olib borgan edim. Oxir-oqibat faqat shirinlik va bitta banan yeyishga ulgurdim.
Oxirgi blokni tugatib, chuqur nafas oldim – shunchalik charchagan edimki, natijani o‘ylashga ham kuchim qolmadi. Tashqariga chiqib, “guruh qo‘llab-quvvatlashi”m – oilamni kutdim. Shu payt esimga tushdi: o‘sha vaqtda men uchun oftalmologiya bo‘yicha Zoom darsi bo‘lishi kerak edi. NB olmaslik uchun tezda darsga kirdim, qarasam, o‘rnimga Anora kirib qo‘ygan ekan. Do‘stlarim hamma narsada qo‘llab-quvvatlayotgani, imkon qadar yengillashtirishga harakat qilayotgani menga juda yoqdi.
Keyin oilam kelgach, birga kechki ovqatlandik, uyga qaytgach o‘zimga kelib, tezda First Aid’ni ochdim, eslab qolgan savollarimni o‘tirib tahlil qildim.
Kutilish va natija
Birinchi hafta davomida imtihonim haqida deyarli o‘ylamadim, ichimda to‘liq xotirjamlik bor edi. O‘zimni poliklinikadagi amaliyot, uy yig‘ishtirish, ovqat pishirish va filmlar bilan chalg‘itdim.
Lekin natijalar e’lon qilinishi kuni yaqinlashgani sari qo‘rquv qayta kuchaydi, xayolimda bir xil savollar aylanardi: «Agar o‘tolmasam-chi? Keyin nima qilaman?»
Nihoyat, 10.12.25 kuni amaliyotdan uyga qaytib keldim va pochtamga bildirishnoma kelganini ko‘rdim. Yarim soat faylni ocholmay yurak hovuchlab o‘tirdim. Nihoyat titroq qo‘llarim bilan faylni ko‘chirib oldim va ochsam – o‘sha orzu qilingan PASS!!!
Shu zahoti Allohga shukr qila boshladim, ko‘zlarimga yosh keldi, ko‘rar-ko‘zlarimga ishonolmasdim.
Barcha STEPTAKERLARGA ham xuddi shunday natija – PASS va shu baxtni his qilishni tilayman!!!
Maslahatlar
- Eng asosiysi – aniq maqsad qo‘yish va unga mos ravishda aniq reja tuzish, oqim bo‘ylab suzmaslik. Aynan aniq reja va mustahkam intizom sizni kerakli NATIJAga olib boradi.
- O‘qishni dam olish bilan uyg‘unlashtirish.
- Muloqotchan bo‘lish va jamoaviy ishlash. Study-partnersiz bir xil tempni ushlab turish juda qiyin. Mening tajribamdan ayta olamanki, bitta tushunadigan odamning o‘zi yetarli – o‘zingizni bo‘shatib, gaplashib, motivatsiya olib turish uchun.
- Atrofda sodir bo‘layotgan hamma narsada sabrli va minnatdor bo‘lish, har qanday vaziyatda xotirjamlikni saqlash.
Xulosalar va minnatdorlik
Ushbu uch yillik yo‘lni bosib o‘tarkanman, men o‘zim ham o‘zgardim – ulg‘aydim, yangi qarashlar shakllantirdim, hayotni boshqacha ko‘ra boshladim, maqsadimga yaqinlashdim. Balki menga imtihonda biroz omad kulib boqqandir, LEKIN har qanday omad va to‘g‘ri qaror ortida tajriba, bilim va intizomdan iborat poydevor yotadi, men bu fazilatlarni ushbu yo‘lda qo‘lga kiritdim.
Ko‘pchilik aytadi: eng qiyini – tayyorgarlik jarayoni, imtihonning o‘zi emas. Bu uzoq va murakkab yo‘l – aslida biz uchun sinov.
Yana shuni qo‘shimcha qilishim mumkinki, aynan shu sinovlar ichidan o‘tarkanmiz, ular bizni bir paytlar so‘ragan ne’matlarimizga tayyorlab boradi.
Har qanday yutuq ortida kimningdir yordami va qo‘llab-quvvatlashi bo‘ladi. Yonimizda bizga suyanchiq bo‘lib turadigan insonlar bo‘lsa, biz yanada balandroq parvoz qila olamiz. Mening oilam – mening qanotlarim, aynan ular sababli men oldinga bora olayapman, aks holda bu yorug‘ kunlarni ko‘rmagan bo‘lardim.
Men o‘z minnatdorchiligimni, eng avvalo, yo‘limda katta rol o‘ynagan bobomga bildirmoqchiman. Aynan ular meni imkon qadar ertaroq Medcloud kurslariga borishga va orzum sari dadil yurishga undaganlar. Shuningdek, har qanday boshlanishimda – ma’naviy ham, moddiy ham tarafdan yonimda bo‘lgan otajonimga cheksiz minnatdorchilik bildiraman: ular nafaqat mening progressimni kuzatgan, balki butun bu jarayonni o‘zlari ham qiziqib o‘rganganlar, boshqa talabalar hisobotlarini o‘qib, tahlil qilib, menga kerakli maslahatlar berganlar.
Onajonimga esa hamma narsa uchun katta rahmat aytmoqchiman: o‘zgarmas ma’naviy qo‘llab-quvvatlovi, men uchun yaratib bergan ideal sharoitlari va qulay, sokin muhitlari uchun. Ular meni barcha uy yumushlaridan va boshqa ko‘p tashvishlardan xoli qildilar, har doim yonimda bo‘ldilar, birga hayajonlandilar, qiyin bo‘lganda kayfiyatimni ko‘tardilar. Bunday mehribon va tushunadigan ota-onalar – mening ota-onamdan boshqasi yo‘qdek tuyuladi.


Alohida minnatdorchilik singillarimga, buvilarimga, xolajonimga, barcha jiyanlarimga – men haqimdagi ishonch va duolari uchun.
Yaqinlarga bildirgan minnatdorchiliklardan so‘ng, yelkama-yelka yonimda bo‘lgan do‘stlarimga va dugonalarimga murojaat qilmoqchiman – ularni sanab tugatish qiyin (Timur, Javohir, Xojiakbar, Muhammadsaidxon, Bekzod, Anora, Mushtari, Kamila) – samimiy va oqilona maslahatlari, yo‘l-yo‘riqlari va tushunishlari uchun. Bunday go‘zal va ambitsiyali insonlar qurshovida ekanligimdan juda baxtiyorman.
Shuningdek, institutimiz pochtasini verifikatsiya qilishda yordam bergan Boburga ham cheksiz minnatdorchilik bildiraman – ayniqsa ECFMG platformasi Intealth’ga o‘tayotgan davrda bunday mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani uchun.
«O‘z yo‘lim haqida gapirar ekanman, Medcloud markazi ustozlarini eslamasdan iloj yo‘q. Farhod aka’ning qimmatli video-darslari, Muso aka’ning individual yondashuvlari juda katta rol o‘ynadi. Har qanday o‘quv markazi ham dars vaqtidan ko‘proq qolib, materialni tushuntirib beradigan ustozlari bilan faxrlana olmaydi – bu yerda esa bu odatiy hol edi, bu esa o‘z ishiga bo‘lgan chinakam sadoqat va samimiyatdan dalolat beradi».
Barchangizga eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman!
Aloqa uchun:
Instagram: diora.k_
Yaqinda imtihonni topshirgan talabalar hisoboti:
- USMLE STEP 1 - PASS | Nurmuhammad
Men qila olmayman, UWorld natija past chiqdi, men bu narsani tushuna olmayman degan hislar yo'lning ohiri ko'rinmasligi kabi hislar tabiy va siz buni yengib o'tasiz huddi men kabi.
2. USMLE STEP 1 - PASS | Shokhrukhbek
USMLE — bu tayyorgarlik koʻrish hamda ruhiy holat va sogʻliqni saqlash oʻrtasidagi muvozanatdir.
3. USMLE STEP 1 - PASS | Nurjakhon
... USMLE yo`lida men inson sifatida ulg‘aydım, o‘zgardim, atrofimdagi odamlar, dunyoqarashim o‘zgardi va uzoq orzu qilgan shaxsga aylandim. Bu uzun va mashaqqatli yo‘ldan o‘tganimdan aslo afsuslanmayman
Foydali havolalar:
Veb-sayt: https://www.medcloud.uz
Telegram: https://t.me/medcloud
Telegram bot: https://t.me/medcloudsbot
Instagram: https://www.instagram.com/medcloud_uz