USMLE STEP 1 - PASS | Nurmuhammad

USMLE STEP 1 - PASS | Nurmuhammad

Medcloud

Assalomu alaykum. Men — Nurmuhammad Qurbonov, Farg‘ona Jamoat Salomatlik Tibbiyot Instituti tarixida USMLE yo‘lida ilk Step 1 imtihonini topshirgan talabaman. Hozirda 5-kurs “Davolash ishi” yo‘nalishi talabasi bo‘lib tahsil olyapman.

My score report

Nega aynan USMLE yo‘li?

Men ilk bor 2021-yili institutga kirganimda, institutimiz Medcloud bilan hamkorlikda o‘qitish rejasini tuzgan edi. Medcloud manbalari va bizning ustozlarimiz o‘qitishni boshlashdi. Men shu rejada o‘qigan talabaman. Bunda ustozlar AQSh hayoti haqida gapirib, shirin orzular bilan ilhomlantirishdi.

Dekabrda embriologiya fanidan olimpiada bo‘ldi. Unda rektorimiz Farhod akani tanishtirishdi — AQShda ishlay oladigan, USMLE yo‘lini bosib o‘tgan inson. Bu biz uchun katta orzu edi. Ular AQShdagi sharoitlar va maoshlar haqida tushuncha berdi.

Birinchi kurs boshida embriologiya o‘qib yurdim. Olimpiada bo‘ldi — unda qatnashdik, 2-o‘rinni egalladik. Farhod aka: “1-kursda shuncha bilim!” deb guruhimizga 1 million so‘mdan mukofot berdi.

Institutdagi Medcloud orqali anatomiya, neyroanatomiya kabi fanlarni o‘qib yurdim. Yozda birinchi kurs yakunida yana olimpiada bo‘ldi. Bu safar rektorimiz meni “kuchli talaba” deb topib, planshet bilan mukofotladi.

Shu vaqtlarda institutgacha bo‘lgan hayotimda men faqat kirish imtihonida yutgan edim. O‘qishga kirish uchun akam va oilam majburlab repetitorga olib borgan. Endi esa ozgina mehnatim bilan ikki marta mukofot oldim — qadrlanib, e’tibor topdim. Shunda angladim: men yanada yuqori yutuqlarga erisha olaman va bu yutuqlarning mukofoti yanada kattaroq bo‘ladi. O‘zimni faqat AQShda tasavvur qila boshladim va maqsad qo‘ydim.

Birinchi kurs tugadi. Ikkinchi kursda ingliz tilini o‘rganish uchun kurslarga bora boshladim. Institutdagi darslar ham yaxshi, o‘rtacha edi. Shu paytlarda Telegram kanal ochib, turli darslar, postlar bilan USMLE va tibbiyot bo‘yicha bo‘lisha boshladim.

Uchinchi kursga kelib, institutdagi Medcloud darslari to‘xtadi, endi BNB kabilardan  dars o‘tila boshlandi. Ingliz tili kurslarini qattiq o‘qiy boshladim. Ichimda aniq maqsad bor edi: IELTS olib, kursni tamomlab, USMLE o‘qiyman.

Yana boshqa yo‘llarni izladim. Pul topishga urindim. Men roziman — agar menga bir oyda 50$ bersa ham, Medcloudga to‘lab, USMLE o‘qish uchun sarflayman. Shu orada, 2024-yil yanvar oyida Mohirjon Alimov granti e’lon qilindi. Bu men uchun juda katta  imkoniyat edi. Ariza yozdim — va yutdim. Bu men uchun orzularga olib boradigan oltin chipta edi. IELTS kursini to‘xtatdim va Medcloudni qattiq o‘qiy boshladim. Fanlar yahshi ketdi — institutda ba’zi fanlar o‘tilgani uchun. Lekin bazi fanlarda burnout qiyinchiliklar uchradi. 9 oyda barcha fanlar tugadi. Oktabrda UWorld’ni boshladim, va keyingi 5 oyda uni mixed timed rejimda 2025-yil 15-mayda tugatdim. Keyingi ikki oy — iyun-iyulda esa faqat probniklar va incorrect’larni ko‘rib chiqdim.  Probniklarim pastda yozilgan. Imtihon 14-iyulga to‘g‘ri keldi.

O‘qish texnikasi

Men 2024-yil 20-yanvardan Medcloud’da o‘qishni boshladim. Dastlab har kuni videodarslar va Anki kartochkalarini ko‘rardim. Keyinchalik fevraldan boshlab, case’lar ham qo‘shdim. Birin-ketin fanlar tugay boshladi.

Eng ko‘p ikki oy davomida katta fanlar — fiziologiya va patologiyani o‘qidim. Qolgan fanlar esa eng kamida 15 kun davom etgan, masalan biostatistika kabi. Eng katta yordam bergan texnikalardan biri 1.5 yarim yil davomida har doim anki foydalandim. Uworld da esa o'zim 1000 tadan oshiq anki tuzdim va har kuni takrorlardim hattoki imtihon kuni ertalab ham takrorladim bu juda katta yordam berdi deb o'ylayman. 

Har kuni dars qilishga harakat qilardim: 3–5 soatgacha. Chunki institutdagi darslar bazida charchatadi. Haftada bir kun dam. Umuman olganda, Step 1 uchun 2024-yil 20-yanvardan 14-iyulgacha bo‘lgan vaqt ichida taxminan 1500 soatdan ortiq dars qildim. Timer’da rasmiy 1475 soat qayd etilgan. Chunki oldin ham timersiz o‘qiganman. UWorld’ni har kuni 1 blok ko‘rishga harakat qilardim. Lekin cho‘zildi, va birinchi tugatish 5 oy vaqt oldi.

My Self-Assessments

NBME 25 — 71% (2-iyun)

NBME 26 — 74% (25-may)

NBME 27 — 72.5% (22-may)

NBME 28 — 75% (21-iyun)

NBME 29 — 72.5% (29-iyun)

NBME 30 — 74.5% (2-iyul)

NBME 31 — 77.5% (8-iyul)

UWSA 1 — 71% (9-iyun)

UWSA 2 — 70% (5-iyul)

Free 120 — 65% (13-iyul)

Depressiya va muammolar

Kurs boshlandi — yanvar. Bu paytda institutimiz hali ECFMG sponsor note’da yo‘q edi. Bu degani — Step topshirib bo‘lmaydi. Men esa: “Topshirguncha yetib qoladi. Bilim menda qoladiku,” deb o‘qishni davom ettirdim. Haftada har kuni dars qilish insonni “burnout” holatiga olib keladi. Neyroanatomiya fanini o‘qiyotgan paytim — 2024-yil 8, 9, 10-mart kunlari dars qilolmadim. Menimcha, bu mening birinchi burnout holatim edi. Keyin sekin-sekin rejimga qaytdim.

2024-yil 14-iyul — hayotimdagi eng og‘ir kun. Kutilmaganda dadam hayotdan ko‘z yumdi... Chuqur depressiya 1–1,5 oy davom etdi, o‘qish ham deyarli to‘xtadi. Shu joyda dadam haqida aytmoqchiman — u mening eng zo'r shifokor bo‘lishimni mendan ko‘ra ko‘proq xohlardi va borini berdi. Negadir dadam vafotidan bir necha oy oldin unga boshqacha suyana boshladim, ko‘rishganimizda qattiq quchoqlab, uxlayotganida ustidan ketmasdim, nafas olishini tekshirardim, xuddi olib qolayotgandek. Lekin dadamning jiddiy kasalligi yo‘q edi. O‘lishidan avval dadam bilan gaplashganimizda bilmadim, menga ko‘p marta: “Maqsadingdan to‘xtama, nima bo‘lganda ham to‘xtama”, deb qayta-qayta aytardi. Men esa “nima bo‘lishi mumkin?” deb o‘ylardim, bilmasdimki, u meni tez orada bir umrga tark etishini. Keyin u doim aytardi: “Har qanday muammoning yechimi bor, o‘limdan boshqa. Vahimaga tushma, o‘yla — yechim topasan.” Bu o'sha odam umrini va bori yo'gini meni o'qishim uchun sarfalagn inson ya'ni meni Dadam.

2024-yil avgust ohiridan darslarni sekin-asta tikladim.

Institut bilan bog`liq bo`lgan muammo

UWorld tugadi. NBME 27 yaxshi natija chiqdi. Jahongir aka “Permit oling, topshirasiz” dedi. Men imtihon to‘lovini qilib, ariza berdim. Bu arizani institut tasdiqlashi kerak edi — ecfmg@emswp.org orqali. Lekin institutimiz hali bu tizimga kirmagan. Institutga bordim: xalqaro bo‘lim, reyestr, devonxona, dekanat — kimni aytsa, hammasiga uchradim, joniga tegdim. 1 oy — iyul ichida institutga qatnash bilan o‘tdi. Chuqur depressiya, hamma narsa qilingan, lekin tasdiqlay olmayapmiz — turli xil hayollar. Institut nomidan ecfmg@emswp.org ga xabar yozdim va Nodir aka bilan iyul ohi­rida ECFMG tizimiga kirdik va tasdiqlandik. Permit olindi. 14-iyulga imtihonni belgiladim.

Aeroportdagi va imtihon oldi muammolar

Men ilgari hech qachon chet elga chiqmaganman. Birinchi chiqish: Toshkent–Sharja yo‘nalishida bilet oldim. 12-iyul ertalab Sharja aeroportiga tushdim. U yerda: “Birinchi kelishingmi?” deyishdi va hujjatlarimni olishdi. Menga turli savollar berishdi, bir varaq berib, o‘zim haqimdagi ma’lumotlarni to‘ldirishni so‘rashdi. Tilni bilganim uchun barcha so‘rovlarini bajardim. 4 soat ushlab o‘tirdishdi. Barcha hujjatlarni ko‘rsatdim: biletlar, mehmonxona, Prometric uchrashuv, qog‘ozlar. Baribir 4 soat kutardim. Meni tekshirishdi, shekilli, chunki kimdir Dubay bilan telefonda gaplashib, men aytgan gaplarni ularga yetkazdi va rostmi deb tekshirdi. Keyin qo‘yib yuborishdi. Bu 4 soat ichida juda ko‘p narsani o‘yladim: “Qaytarib yuborishsa-chi? Nega to‘xtatishdi?” Xullas, shuncha harakat, xarajat nima bo‘ladi?

Aeroportdan chiqib, Dubayga mehmonxonaga bordim. Tashqarisi juda issiq, kelguncha ancha suvsizlandim. Mehmonxonaga 12-kuni yetib bordim, ovqatlandim. Imtihondan bir kun oldin — shu paytgacha muammo qilmagan ichaklar pand berdi. Keyin aptekaga chiqdim. O‘zbekistonda 2 ming so‘mlik dorini bu yerda 5 dollarga oldim.

Eng yomoni — shu kuni kechqurun konditsioner shovqini sababli uyqum kelmadi, uni o‘chirib qo‘ydim. Ertalab turganimda — bingo — bosh og‘riyapti. Menimcha, konditsionerni o‘chirganim sabab havo kamaygan, shu tufayli bosh og‘rishi. Tavakkal qilib, yana dorixona — ibuprofenni 8 dollarga oldim (O‘zbekistonda 3–4 mingga olinadigan). Lekin ichmadim — imtihon boshlangach, og‘riq o‘tib ketdi.

Imtihon va undan keyin

Imtihon kuni ertalab turdim, ovqatlandim, ibuprofenni aptekadan olib bordim. Prometric — mehmonxonamga qo‘shni ekan, juda yaqin. 7:00 dan keyin bordim. U yerda bir Shoxruhbek bilan tanishdim — u ham Medcloud’da o‘qirkan. Keyin bizni tekshirib, kirgiza boshlashdi. Xushmuomala insonlar edi.

1-blok — katta hajmli, qiyin savollar, biroz hayajon bo‘ldi. Blok tugadi. Tanaffusda Shoxruhbekga: “Qanday?” dedim — “Juda qiyin,” dedi. Hojatga bordim, yana kirib 2-blokni boshladim.

2-blok — savollar nisbatan yengillashgandek tuyuldi. Chiqib tekshiraman desam — planshet qolgan, telefon esa internetsiz. Allohga tavakkal dedim, tekshirmadim.

Keyingi bloklarda o‘xshash savollar tushdi. Agar oldin tekshirganimda, aniq yodimda qolardi. 3–4-bloklar — savollar yengillashdi, hotirjamlik bilan ishladim. Tanaffusda banan, protein baton yedim.

5–6–7-bloklar — muhitga moslashdim, miya ancha tiniq ishlay boshladi. Oxirgi blokdan oldin energetik ichdim, lekin hojat yo‘q edi. Oldindan olib qo‘ygandim.

Lekin ba’zi bloklarda 35 ta casega kelganda 5 daqiqa vaqtim qolardi. Tez o‘qib, tez belgilardim. Shu narsa o‘ylantirardi. Lekin boshidagi 20–25 ta savollarni hotirjamlik bilan yechardim.

O‘zimcha nechtasiga ikkilanganimni bilmoqchi bo‘ldim — o‘rtadagi blokda flag qilib belgilaganim 12 tadan oshib ketdi. Bilmadim, lekin bu xato degani emas.

Oxirgi blok tugadi. Ekranda qandaydir yozuv chiqdi, keyin ekranni o‘chib qoldi. Men tekshiruvchilarni chaqirdim, ular: “Bo‘ldi, chiqavering,” dedi. Men tanaffusdan 7 daqiqa ortiq qolgan edim. Keyin sherigim — Shoxruhbek ham chiqdi. Ichimda qandaydir hotirjamlik paydo bo‘ldi. Mehmonxonaga qaytdik. Keyin First Aid’ni ochib, ba’zi savollarni tekshirdim. 3 ta aniq xatoyim chiqdi, to‘g‘rilari esa ko‘p edi - eslaganlarimdan.

Keyin sayohat boshlandi: Burj Khalifa, Dubai Mall. Ertasi kuni sohilga bordik, shuningdek Dubai Frame, Future Museum’ni ham ko‘rdim.

Umumiy sayohat va imtihon uchun maslahat

O'zingiz bilan Loperamid va bosh og‘rishiga dori olib oling hech qachon og'rimagan bo'lsa ham bo'lmasa 20 yoki undan ham qimmatga olasiz menga o'xshab. Keyin biletni Dubai aeroportini o'ziga oling agar narxdan qochmasangiz.

16-kuni kech payt Sharja–Toshkent reysi bilan qaytishim kerak edi. Shu kuni tushdan keyin yo‘lga chiqdim: Deiraga bordim, keyin Sharjaga. U yerda Butterflies Island’ga kirdim — shunchaki juda ajoyib edi. Keyin Blue and Gold Souk degan qadimiy bozorga kirdim. Kech payt Sharja aeroportidan uchdim. Sahar payti Toshkentga yetib keldim. Keyin to‘g‘ri uyga bordim.

Imtihondan keyingi kunlar: ko‘p hayollar o‘tdi. Ba’zida “o‘tdim”, deb o‘ylardim, ba’zida “yiqildim” degan fikr kelardi. Hammasini o‘yladim, aniq bir narsa deyolmasdim. Har kuni chat gtp ga nbme larimni tashlab o'tish ehtimolimni sorardim u yuqori procent lar berardi bu ko'nglimni tinchilantirardi. Ko‘nglimga hech narsa sig‘masdi — na Instagram, na kino, na boshqa narsa. Barcha qarindoshlar, qo‘shnilar Dubayga imtihonga ketganimni bilishardi — bu esa stressni oshirardi. Natijani so‘rashlari… xullas, hammasi.

Natija va Hursandchilik

30-iyul, chorshanba — natija chiqadigan kun. Kech bo‘lishi kerak edi. O‘zimni band qilganday bo‘ldim. Tushlikdan so‘ng Shohruxbek telefon qildi: “Natija chiqqan, o‘tganman,” dedi. Men “bilmayman, hali chiqmadi,” deb javob berdim. U bilan FSMB’dan ko‘rdim — mening natijam ham PASS edi.

Hayajondan o‘zimga sig‘masdim. Baland ovozda baqirib yubordim va onamning oldiga yugurdim, natijani baham ko‘rdim.

Uyqusiz tunlar, UWorld’dan past natijalar, depressiyalar, tanishlar va do‘stlardan ajrab, har kuni 4–5 soatlab dars qilishlar, odamlarning ishonmasligi, katta tavakkallar — hammasiga bitta “PASS” degan so‘z yetarli bo‘ldi.

Hammasi Alloh nasib qilgani uchun bo‘ldi. Biz faqat sababini qildik, xolos. Hamma qiyinchilik, yolg‘izlik, depressiyalar, burnout’lar o‘z natijasini berdi. Hozir men Farg‘ona Jamoat Salomatligi Tibbiyot Instituti va SAMU, umuman Farg‘ona tarixida ilk USMLE yo‘lida Step 1 topshirgan, bu yo‘lni ochgan talaba sifatida qolmoqdaman. InshaAlloh, kelajakda ilk match bo‘lgan, AQSHda ishlagan talaba bo‘lishga harakat qilaman.

Minnatdorchiliklar

Men natijaga erishishda yordam bergan, hech kim ishonmasa ham ishonib, qo‘llab-quvvatlagan rahmatli otamga va umrilariz uzoq bo'lsin onam hamda oila a’zolarimga, shuningdek moliyaviy va ruhan yordam bergan Alovuddin amakimga va qarindoshlarimga rahmat aytmoqchiman.

Shuningdek:

  • Tibbiyot alifbosini o‘rgatgan, tibbiyotga olib kirgan — Denis Erjanovichga.
  • Bizga yorqin yulduz bo‘lgan, yurakka AQSH shifokori bo‘lish olovini solgan — Farhod akaga va rektorimizga.
  • Institutimiz ustozlari va USMLE kafedrasi ustozlariga.
  • 1,5 yil davomida USMLE yo‘lida menga hamma narsani, har bir qadaminga erinmay tushuntirgan, muammolarimga yechim topgan, motivatsiya bergan, hayotiy maslahatlarini ayamagan, natija chiqqanda mendan ham ko‘proq hursand bo‘lgan — Jahongir akaga.
  • Menga USMLE uchun “oltin chipta” — grantni bergan Medcloud team’ga.
  • Hujjat ishlarimda doimo yordam bergan Medcloud Admin va bot’ga.
  • USA dagi tanishlarimga.
  • Har doim ishonib turgan, eng yaqin do‘stim Asadbekka.
  • Mening guruhdoshlarim 1921-guruh hammasiga.
  • USMLE’dagi sherigim Muhammadga — chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Men o'ylaymanki Mohirjon Alimov grantidan unumli foydalana oldim va unga munosib bo'la oldim. Grant haqidagi hisobotimni havola orqali o'qishingiz mumkin
Medcloud Scholarship - Graduate | Nurmukhammad

Agar siz hozir qiyinchilik, stress, depressiya, burnout yoki ishonchsizlikda bo‘lsangiz, men sizga shuni aytmoqchiman: har bir qilingan qattiq mehnat albatta natijasini beradi. Va men eshitgan, yuragimda chuqur joy olgan ba’zi hikmatlarni siz bilan ulashmoqchiman:

— “Inna ma‘al ‘usri yusra.”

Ma’nosi: “Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir.”

— Qur’oni Karim, ash-Sharh surasi, 6-oyat

 “Hech qachon to‘xtama. Nima bo‘lganda ham, hamma narsaning iloji bor. Shifokor o‘lguncha o‘qiydi, o‘rganadi.”

— (Otamdan)

 ‍“Biz bilim bor joyga intilishimiz va uni o‘rganishimiz kerak. Ota-bobolarimiz qilgan ishlardan shunchaki faxrlanib emas, ularning izidan borib ilm olishimiz kerak.”

— (Farhod akadan, FJSTI minbarida, 2021-yil, 17-dekabr)

 “Sizning mehnatingiz natijasini Alloh beradi. Uni hech kim olib qo‘ya olmaydi.”

— (Davlatova ustoz, biologiya)

“Ilm shunday narsa — u seni kimligingga, nasl-nasabingga qaramaydi. Horlikdan azizlikka olib chiqadi.”

Mening shu jarayonda olgan hulosalarim

  1. Ustozni har doim hurmat qil.
  2. USMLE bu doimiylik va intizomga asoslangan.
  3. O'zingizga har doim ishoning orzular albatta amalga oshadi.
  4. Qayta Amerika kashf qilmang shunchaki aytilgan ishni qiling. 
  5. Men qila olmayman, UWorld natija past chiqdi, men bu narsani tushuna olmayman degan hislar yo'lning ohiri ko'rinmasligi kabi hislar tabiy va siz buni yengib o'tasiz huddi men kabi.
  6. Tunning eng qorong`u payti yorug'lik tushushidan avval bo'ladi. Eng qiyin vaziyatga keldizmi bilinki endi yengillik boshlanadi.

Savollaringiz bo‘lsa, bemalol yozing:

Telegram: @Com_Med

Instagram: @Nurmukhammad_Med


Yaqinda imtihonni topshirgan talabalar hisoboti:

 1. USMLE STEP 1 - PASS | Mushtari

Не нужно быть идеальным. Нужно быть упорным.

Hisobotni o'qish


2. USMLE STEP 2 CK - 242| Nilufar

"идя по этому сложному и долгому пути, не бойтесь просить помощи, когда она вам действительно нужна."

Hisobotni o'qish


3. USMLE STEP 2 CK - 264 | Timur

Найдите человека, который вас морально поддержит. Для меня это была моя мама

Hisobotni o'qish


Foydali havolalar:

Veb-sayt: https://www.medcloud.uz

Telegram: https://t.me/medcloud

Telegram bot: https://t.me/medcloudsbot

Instagram: https://www.instagram.com/medcloud_uz


medcloud


Report Page