USMLE Step 1 | PASS – Aslbek
MedcloudAssalomu alaykum. Mening ismim Aslbek. Men hozirda TTAning 6-bosqich talabasiman.

USMLE haqida birinchi marta 2-kursligimda eshitganman va qiziqib, YouTube’dan o‘zbekcha videolar qidira boshladim (o‘shanda ingliz tilini yaxshi bilmasdim). Miraziz aka bilan bo‘lgan intervyuni ko‘rganim ham USMLE’ni o‘rganishni boshlashimga turtki bo‘lgan.
Tayyorgarlik jarayoni
- Taxminan 1 yil davomida ingliz tilini o‘rgandim.
- 2022-yil 12-sentabrda Medcloud’da 12-guruhda rasmiy kursni boshladim.
- Umumiy hisobda 2 yil 3 oy tayyorgarlik ko‘rdim: 10 oy Medcloud videodarslarini ko‘rdim
- 1 oy Pathoma videolarini ko‘rdim
- 10 oy UWorld Qbank ishladim
- Oxirgi 6 oyda esa noto‘g‘ri javob bergan savollarni qayta ko‘rib chiqdim, keyin “mixed-based” shaklida yana 2200 ta savol ishladim va self-assessment (NBME/UWSA) testlarini ham bajardim.
Bu jarayonda quyidagilardan qo‘shimcha foydalandim:
- Rx (ambulatoriya klinik holatlari)
- Micro Sketchy
- Physeo Immunology
- BRS Physiology
- Mehlman Arrows
- Mehlman Biochemistry High Yield System
- Qisman First Aid
- Patoma.uz (Patologiya asoslari bo‘limini)
Har kuni turli soatda dars qilardim. Haftasiga o‘rtacha 25-30 soat ajratib, 1 yoki 2 kun dam olardim. Orada bir necha marta 15-20 kunlik to‘xtalishlar ham bo‘ldi.
Dars rejasi
- UWorld Qbank’dagi har bir bo‘limning (system-based) 70% savollarini avvaliga tizimli tartibda ishladim, qolgan 30% savollarni oxirida “mixed-based” shaklida ishladim.
- Medcloud’da o‘qiyotgan paytim haftasiga 3 kun (keyinchalik 2 kun) offline darsga qatnardim. Qolgan 3 kunda videodarslar ko‘rib, Rx’da system-based case’lar bajardim.
- Har kuni takrorlash uchun tayyor “ankilar” (flashcard) dan foydalanib, shu kun o‘tilgan mavzularni mustahkamlab bordim.
- UWorld Qbank’ga o‘tgandan keyin kuniga o‘rtacha 20-30 ta case ishlardim. Bilmaganlarimni daftarga qayd etib, haftada 1-2 marta takrorlardim.
Natijalarim
- UWorld: 53% (26.05.2024)
Self-assessment (NBME/UWSA) natijalari
- NBME 26: 52% (10.07) – Tahlil qilmadim
- NBME 27: 63% (12.08)
- NBME 29: 62% (25.08)
- NBME 30: 61% (15.09) – Tahlil qilmadim
- NBME 26 (retest): 72% (25.10) | Shundan keyin imtihon kunini belgiladim.
- UWSA 1: 58% (2.11) – 205 ball
- NBME 30 (retest): 70% (22.11)
- UWSA 2: 60% (26.11) – 200 ball
- NBME 28: 65% (2.12)
- UWSA 3: 51% (imtihondan 12 kun oldin) – chuqur depressiv holatga tushib, “men aniq yiqildim” degan fikrga borib qoldim
- NBME 31: 68% (imtihondan 9 kun oldin)
- New Free120: 63% (imtihondan 4 kun oldin)
Menda tayyorgarlik vaqtida muntazamlik bor edi, ammo kunlik bir xil soat ajrata olmasdim. Ba’zan 1 soat, ba’zan 7 soat. Bu holat takrorlashga vaqt ajratishimni qiyinlashtirgan va tayyorgarlikning cho‘zilib ketishiga sabab bo‘lgan. Jismoniy tayyorgarlik uchun ko‘proq kutubxonadan uyga piyoda qaytardim, ba’zan haftada 1 marta futbol o‘ynardim.
Imtihon oldi kuni
- 1 kun oldin Free120 testini tahlil qildim, kechki payt YouTube’dan 1-2 soat atrofida video ko‘rdim. Hayajon deyarli yo‘q edi.
- 23:00 da yotib uxladim.
Imtihon kuni
- 07:00 da uyg‘ondim, yengil nonushta qildim va Istanbul’dagi Prometric markaziga bordim. 09:20 da navbatim keldi va testni boshladim.
- Hayajonni boshqarishga harakat qildim va uddaladim.
- Tutorialga 5 daqiqa sarf qildim.
1-blok:
Savollar hajmi juda katta edi. Birinchi 10 ta savoldan 6 tasi bioetika mavzusida bo‘lib, kamida 7-8 ta savol 2 betlik, juda uzun matn edi. Vaqtga zo‘rg‘a ulgurib yakunladim.
Blok tugagandan keyin stol atrofida 5 daqiqa o‘tirib, qisqa tanaffus oldim.
2-blok:
Savollar yanada qiyinlashdi, 10-12 ta bioetika savollari tushdi. Oxirida 5 daqiqa qolganida 6 ta savol qolgani uchun juda tez belgilashga to‘g‘ri keldi.
Keyin tanaffusga chiqib, hojatxonaga bordim, yuz-qo‘llarimni sovuq suvda yuvdim, 10 marta o‘tirib turib mashq qildim. Shokolad, banan, non yeb, Red Bull ichdim. Har safar shu tarzda 12 daqiqalik tanaffus oldim (umumiy 4 marta).
3-4-bloklar:
Savollar nisbatan “biroz” osonlashdi, ammo hajmi o‘zgarmagan edi. Men “key word” usulida o‘qiganligim uchun savollar uzunligi uncha bilinmasdi. Belgilab qo‘ygan (flag) savollarga qaytishga ulgurmasdim, shuning uchun 4-blokdan boshlab hech qaysi savolni flag qilmadim. Vaqtga bemalol ulgurib, har bir blokni yarim-bir daqiqa avval tugatardim. Tanaffus vaqtida og‘riq qoldiruvchi dori ichdim (bel va bosh og‘rig‘i tufayli).
5-6-bloklar:
Savollar yana biroz qiyin tus oldi (ehtimol charchaganim sababli shunday tuyilgan). Vaqtga zo‘rg‘a ulgurib tugatdim. 6-blokdan keyin 2 daqiqa tanaffus vaqti qolgan bo‘lsa ham, chiqib qolgan Red Bull hamda yarimta bananni yeb kirdim. Ichkariga qaytganimda test vaqti boshlangan, 58 daqiqa qolganini ko‘rdim.
7-blok:
Juda oson tuyildi, ammo energiyam deyarli tugagan edi. Taxminan 5-6 ta savolni ishlab, partaga boshimni qo‘yib qisqa vaqt dam olishga majbur bo‘ldim. Shu tarzda blokni davom ettirdim. Oxirgi savollarni sekin ishlashga vaqtim yetarli bo‘ldi, blokni 1 daqiqa avval tugatdim. Yakunlaganimga o‘zim ham ishonmasdim.
Imtihon men kutgandan ko‘ra biroz qiyinroq bo‘ldi. Savollar yangicha, ilgari ko‘rmagan jihatlarga qaratilgandek tuyildi. Ko‘p savollar Free120 dagi eng uzun savollarga o‘xshar edi. Hotelga qaytgach, First Aid kitobidan o‘zim eslay olgan savollarni tekshirib chiqdim va ularning aksari to‘g‘ri ekanligini ko‘rib, keyingi 20 kun davomida xotirjamroq bo‘ldim.
Natija
Natija e’lon qilinganda hayajondan Gmail’dan kelgan xabarni hatto spamga o‘tkazib yuboribman. Besh daqiqalardan so‘ng uni topib ochib ko‘rdim va hayajondan baqirib yubordim. Barcha stresslar ortda qolganini his qildim – “Men uddaladim!”
O‘quv xatolarim va tajriba
- Self-assessment testlarni ishlashdan avval ularga maxsus takrorlash qilmagan holda bajardim.
- Ularni ko‘p tahlil qilmadim, chunki UWorld’dagi savollarni ishlashga ko‘proq e’tibor qaratdim.
- Koproq case ishlaganim imtihonda savollarni tezda tushunishim, kerakli joyiga e’tibor qaratishimga katta yordam berdi.
Minnatdorchilik
Meni har doim qo‘llab-quvvatlab turgan ota-onamga, ustozlarim Jahongir aka va Muhammadnazar akaga, shuningdek doim dalda berib turgan barcha yaqinlarim va do‘st-birodarlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Bu yo‘lda men qilmagan xato qolmadi, lekin “oxirigacha boraman” degan va’damni buzmadim. Shu qat’iyat meni ushbu hisobotni yozishgacha olib keldi.
Shuni unutmang: Agar men bu natijaga shu kabi ko‘rsatkichlar bilan erishgan bo‘lsam, demak siz ham uddalaysiz!

Hammaga omad tilayman.
— Aslbek
Shuningdek, yaqinda imtihonni topshirgan talabalar hisobotlari:
Экзамен был к удивлению лёгким, казалось будто решаю Step 1 и даже начал думать не ошиблись ли они.
ДИСЦИПЛИНА – самое главное, что может вас привести к успешным результатам. И помните, что Смелым судьба поможет.
Mukhammadjonni USMLE Step 1 topshirgani bilan tabriklaymiz! Keyingi bosqichlarda ham yaxshi natijalarni tilab qolamiz!
Наш сайт: https://www.medcloud.uz
Telegram: https://t.me/medcloud
Telegram bot: https://t.me/medcloudsbot
Instagram: https://www.instagram.com/medcloud_uz