Singapur ta’lim tizimi

Singapur ta’lim tizimi


Singapur ta’lim tizimi dunyodagi eng yosh tizimlardan bo‘lishiga qaramay, eng samaralilaridan ham hisoblanadi. Singapurning aksariyat bitiruvchilari maktabni yuqori natijalar bilan tamomlaydilar. PISA statistikasi bunga guvohlik bera oladi. Unga ko‘ra Singapur har uchala kategoriya: metematika, tabiiy fanlar, o‘qish bo‘yicha 1-o‘rinni egallaydi. Mamlakatdagi o‘quv jarayonlarining asosi sifatida sobiq mustamlakachi davlatdan meros bo‘lib qolgan Britaniya tizimi olingan. U yerda maktab ta’limiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu postimiz ana shu haqida.

To‘lov

Xuddi bizdagidek, davlat maktablari — bepul, alohida haq berib o‘qitiladigan xususiy va xalqaro maktablar ham mavjud.

Ta’lim olish yoshi

Hozirgi paytda biz maktabgacha ta’lim tizimi bilan qo‘shilib ketganimizni inobatga olib maktabgacha ta’lim yoshini ham hisoblaymiz, Singapurda — bu 3 yoshdan.

Ta’lim bosqichlari

Maktabgacha ta’lim — 3 yil (3 yoshdan 6 yoshgacha).

Boshlang‘ich ta’lim  — 6 yil (6 yoshdan 12 yoshgacha).

O‘rta ta’lim — 4–5 yil (12 yoshdan 16 yoshgacha).

Ta’lim tili

2 tilda — maktab joylashuviga qarab ingliz va ona tilida

Imtihonlar

Boshlang‘ich ta’lim tugashi bilan Primary School Leaving Examination (PSLE) topshiriladi. O‘rta maktab tugatilganida esa xuddi bizdagidek imtihondan o‘tadi, keyin o‘rta ta’limni tugallaganligi haqidagi sertifikat beriladi. Singapur oliy ta’lim mauassasalari va universitetlariga kirish uchun o‘rta maktabni tugatganlaridan so‘ng o‘quvchilar universitetga tayyorlovchi maxsus kursdan o‘tishalari kerak. Bu 2–3 yil vaqt talab etadi. Va nihoyat OTMga kirish imyihoni topshiriladi.

O‘quv yili

Singapur maktablarida o‘quv yili yanvardan boshlanadi. 1-yanvarda hamma Yangi yilni nishonlaydi, bu dam olish kuni, 2-yanvardan esa o‘qishni boshlaydilar. Birinchi ta’til mart o‘rtalarida bo‘ladi va 1 hafta davom etadi. Yozgi ta’til — may oxirlaridan iyun o‘rtalariga qadar. Kuzgi ta’til sentabrning birinchi haftasiga to‘g‘ri keladi, noyabr oxirlaridan 1-yanvargacha rojdestvo ta’tili davom etadi (bu deyarli 1 yarim oy).

O‘qituvchilar

Pedagoglarni tayyorlovchi birgina universitet bor. U yerga kirish uchun raqobat juda katta. Maktabdan keyin talabgorlarda yaxshi bilim va baholar bo‘lishi yetarli emas. Ular insonning shaxsiy fazilatlari o‘qitish faoliyatiga qanchalik mos kelishini ko‘rsatadigan testlardan o‘tadilar. Universitet ham bunda yiliga 70 nafar talaba qabul qilishga tayyor xolos. Talaba pedagogik universitetga qabul qilinishi bilanoq Ta’lim vazirligi xodimiga aylanadi va bir umrga vazirlikka bog‘lanadi. Unga lavozim beriladi, to‘lovlari qoplanadi, ko‘mak ko‘rsatiladi. Bitiruvchi maktabda ishlay boshlab, bir necha yildan keyin bu kasb uniki emasligini tushunib yetsa, charchasa u maktabdagi yoki vazirlikdagi boshqa ma’muriy lavozimga o‘tkaziladi, xuddi bizdagidek, to‘g‘rimi 😉. 

Pedagoglar har hafta malaka oshiradilar. Maktabdagi butun jamoa zalda yig‘iladi, vazirlikdan xodim yoki biror muataxassis keladi va biror mavzuda trening o‘tkazadi. Bu vaqtda bolalar jismoniy mashg‘ulot bilan shug‘ullanadilar, o‘qituvchilar esa bir necha soat ta’lim olib so‘ng yana darslariga qaytadilar. Bu ajoyib tajriba. Buday ta’limdan keyin hamma “bir tilda gapiradi”, har hafta hammalarida o‘sish bo‘ladi. Singapurliklar eng yaxshi ta’lim metodikalarini, g‘oyalarini saralab oladilar va tezokrlik bilan moslashtirib, mamlakat doirasida qo‘llaydilar.

O‘quvchilar

Qat’iy intizom, ota-onalarning bolalar baholariga talabchanligi u yerdagi o‘qituvchilar hayotini ancha osonlashtiradi. Bunda ular ko‘proq o‘z farzadlaridan talab qiladilar, bizdagidek o‘qituvchilar bilan jang qilmaydilar. Darslardan keyin ko‘p ota-onalar bolalarini repetitorlarga yuboradilar. Bularning barchasi maktab imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirish va universitetga kirish uchun qilinadi. O‘xshamagan taqdirda o‘quvchilar bizdagi kollej yoki texnikumlarga o‘xshash o‘quv maskaniga joylashtiriladi. Bu esa ota-onalar uchun unchalik ham yoqimli natija emas. 

Kamchiliklari

O‘quvchilar yuklamasining katta — kuniga 12 soat.

Direktor o‘zgarganida maktabning rivojlanish strategiyasi ham o‘zgaradi. Biz nafaqat maktab rahbariyati darajasida, balki vazirlik darajasida ham bunga o‘rganib qolganmiz, ammo Singapur direktorlarida maktab dasturini tanlash vakolati bor, bu esa ham o‘qituvchilarni, ham o‘quvchilarni esankiratib qo‘yadi.

Sinfdagi o‘quvchilar sig‘imi: 35 dan 45 nafargacha bola, juda tanish holat… 😩

Davlat maktablarida uy vazifalari haddan tashqari ko‘p. Avvalroq o‘quvchilarga uy vazifasi berish xususiyatlari haqida yozgan edik.

Metodika

Singapurcha ta’lim berish metodikasi ekspertlar tomonidan dunyodagi eng yaxshilardan biri sifatini baholanadi. Singapurlik o‘quvchilar 1995-yildan buyon matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha taqqoslovchi sinov testlarida (TIMSS) dunyodagi eng yaxshi natijalarni ko‘rsatib keladilar. Yangi material o‘quvchi tomonidan mustaqil o‘rganiladi, har bir ta’lim oluvchi navbat bilan o‘qituvchi va o‘quvchi rolini o‘ynaydi, pedagog esa nazoratchi vazifasini o‘tab mini guruhlardan birining a’zosini tinglaydi, ularni baholaydi, to‘g‘rilaydi, yordam beradi va yo‘nalish ko‘rsatadi. O‘quvchilar o‘qituvchining buyrug‘iga qarab, qat’iy qoidalar asosida ishlashga odatlanadi. Ishni bajarish avtomatizm darajasiga yetadi. 

Bu yerda o‘qituvchilar har bir metodikaning nomini aniq, tiniq biladilar va dars maqsadlari hamda tarzidan kelib chiqib har birini alohida-alohida qo‘llaydilar. Hammasi bo‘lib bunday metodikalar soni 250 tadan ortadi.

Ushbu metodika bilan esa batafsil bizning bepul vebinarimizda tanishib chiqishingiz mumkin. Kanalimizni kuzatib boring 😇


@ochiqdarsuz

Report Page