Uy ishi

Uy ishi

Ochiq dars
O‘zimizning o‘zbek o‘quvchisi

Uy vazifalari masalasi hali ham tugal yechimini topmagan mavzulardan biri hisoblanadi. Kanalimizdagi javoblarga qaraganda, ba’zilar uy vazifasisiz hech ham iloji yo‘q deb hisoblasa, boshqalar fanimga qiziqmay qo‘yadi deb vazifasiz qoldirishdan qo‘rqadilar. 

Ha, vazifa berilmasa o‘qituvchi hurmatini yo‘qotadigandek, bolalar esa nazoratdan chiqib ketib, hatto kitob-daftarini ham olib kelmay qo‘yadigandek tuyuladi. Ba’zilar esa shunchaki o‘zi va bolalarni “uy vazifasi yo‘q” deya xursand qiladilar. 

Biz barcha fikr va hadiklarni ko‘rib chiqishga va bu masalaga yagona yechim topishga harakat qildik.

Uy vazifasi normasi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 21-noyabrdagi 440-son qaroriga 1-ILOVA, 2-qism 27-bandiga ko‘ra “Uy vazifalari berish majburiy emas. Ular o‘quvchilarga pedagogik talablar va har bir bolaning shaxsiy ruhiy-jismoniy xususiyatlarini hisobga olgan holda berilishi mumkin”. Modomiki, har kech butun mamlakatimizda bolalar yig‘isi, o‘smirlar vajohati, umidsizlikda qolgan ota-onalarning baqiriqlari eshitilar ekan, bu barcha bolalarimiz alohida psixologik talablariga ega ekanligini anglatishi mumkinmi?

Umuman olganda, turli yoshdagi maktab o‘quvchilarining bir kunda uy vazifalarini bajarishga sarflashi kerak bo‘lgan vaqt normalari mavjud. Bunday qoidalar Rossiya Federatsiyasi Ta’lim vazirligining 1999-yil 22-fevraldagi №220/11-12 “Umumta’lim muassasalarida ta’lim sharoitlarining yaratilishiga qo‘yilgan sanitariya-epidemiologiya talablari haqida”gi xatida keltirilgan. Bizda esa uy vazifalari majburiy bo‘lmaganligi sababli, bunday qoidalar qonun hujjatlarida ko‘rsatilmagan.

Haqiqat

Bu ham o‘quvchi
  • O‘quvchilar uy vazifa bajarishga juda ko‘p vaqt sarflaydilar.
  • Biz — o‘qituvchilar darsda o‘tishga ulgurmaganlarimizni uyga beramiz. Chunki darsning ma’lum bir qismi ma’muriyatning nimanidir tekshirish uchun bostirib kirishi hamda sinfni tinchlantirish harakati bilan o‘tib ketadi. Qolgan qismi esa tashkiliy masalalarga sarflanadi.

O‘qituvchilar himoyasiga shuni aytishimiz mumkinki, maktab o‘quv dasturi juda keng va o‘quvchidan juda ko‘p narsani talab qiladi. Taqvimiy mavzu rejani to‘liq bajarish uchun, abatta, o‘qituvchilar uy vazifalari berishga majbur bo‘ladilar.

Demak, haqiqat shuki, fanlar ko‘p, o‘qituvchilar hamma narsaga ulgurishi kerak va har bir o‘qituvchi o‘z fanini boshqasidan ustun bilib, maksimal talab qilishga urunadi.

Uy vazifalari kerakmi?

Keling, uy vazifasining asosiy afzalliklari va kamchiliklarini ko‘rib chiqaylik.

Ba’zi o‘qituvchilar uy vazifasini mavzuni muvaffaqiyatli o‘zlashtirishni kafolatlaydigan majburiy mashg‘ulot deb bilishadi. Uy vazifasini bekor qilishni esa yomon o‘zlashtirishga olib keluvchi omil deb hisoblashadi. Shuning uchun, mavzuni takrorlash va uni mustahkamlash — uy vazifasining katta plyusi.

Boshqa tomondan, u fandan biroz dam olish imkonini beradi. O‘zingiz juda yaxshi bilasiz, o‘quvchilar uy vazifasi bermagangizda qanchalik xursand bo‘ladilar-a?! Chunki ularning aksariyati uy ishini majburiyat va ota-onalari bilan cheksiz janjal mavzusi sifatida qabul qilishadi. Kundalikda hech yo‘q qandaydir belgi paydo bo‘lishi uchun ularga sinfdoshidan ko‘chirib olish osonroq. Yana bir savol, sizga bunday vazifa kerakmi o‘zi?

Ba’zi fikrlaga ko‘ra, uy vazifasi bo‘lmasa, bolaning o‘qishga bo‘lgan qiziqishi ortadi, sevimli mashg‘ulotlariga va oilasiga vaqt ajratadi, stress va charchoq darajasi pasayadi. 

Har holda uy vazifasi berilishi, tekshirilishi, baholanishi — majburiy emas. Dars davomida o‘qituvchi va bolalar birgalikda bajarishi kerak bo‘lgan vazifa yakka bola yelkasiga tashlanmasligi kerak. Ideal vazifa — bu bolalarning qiziqishini saqlab qolish uchun berilgan vazifadir. 

Bu masalada bizning qarashimiz

Ushbu masala bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlarni o‘rganib, maktablardagi tajribamizga tayanib shuni taklif qilishimiz mumkinki, ta’limni individuallashtirgan ma’qul. Qanday qilib?

  1. Ota-onalar, maktab psixologi (agar u haqiqiy psixolog bo‘lsa), sinf o‘qituvchisi, o‘quvchi bilan birga ishlaydigan shaxslar bilan bog‘laning. Aks holda, sizning harakatlaringiz ular uchun tushunarsiz bo‘lib qolishi, ba’zi odamlar esa uy vazifasi bermayotganingiz ustidan shikoyat qilishi ham mumkin.
  2. Ular bilan uy vazifasini bajarish kerakmi yoki yo‘q, qaysi holatda qancha va qanday vazifa berilishini muhokama qilib oling. Ba’zi o‘quvchilar uy vazifasisiz ham o‘zlashtira olishlari mumkin, boshqalariga, albatta, qo‘shimcha mashg‘ulotlar zarur. 
  3. O‘z qarashingizni tushuntiring. 5–9-sinf o‘quvchilarining umumiy o‘quv yuklamasi 10–13 soatni tashkil qiladi. Bu hafatasiga 50 soatdan 78 soatgacha degani. Taqqoslash uchun, kattalarning o‘rtacha ish haftasi — 40 soat.

Agar hali ham shubhalanayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizga quyigagi savollarni berib ko‘ring:

Uy vazifasi orqali bolalarga nimani o‘rgatasiz?
Agar sizning darsingiz shundoq ham samarali bo‘lsa, uy vazifasini bajarish nega kerak?
Bolalar sizning darslaringizni sog‘inib, sinfda zavq bilan o‘rganishga kirishishlari ajoyib emasmi?

Bir marta sinov tariqasida shablonlarni buzib, dars boshlashdan oldin faol qatnashganlarga uy ishi berilmasligini aytib ko‘ring. Tajribangizni izohlarda yozib qoldiring. Biz har qanday holda sizni qo‘llab-quvvatlaymiz.

@ochiqdarsuz






Report Page