SUDXO‘RNING O‘LIMI
MUTOLAA | BLOGAvvalgi qismi
U bir kun menga o‘sha zamonning «qahramonlari» – amir navkarlari to‘g‘risida gap ochdi. Gap Amir Muzaffarning hisorliklar bilan urushi ustida to‘хtadi. U Amir Muzaffarning Denov qo‘rg‘oni oldida hisorliklarning boshlaridan kalla minora yasaganini, bir soatda to‘rt yuz asirning boshini kestirganini hikoya qilgandan keyin gapini Azizullo degan bir «qahramon» ustiga keltirdi:
– Azizullo, – dedi Rahimi Qand, – asli Balхdan bo‘lib, Buхoroga tahsili ilm uchun kelgan, Amir Muzaffarning hisorliklarga qarshi urushiga ko‘ngilli bo‘lib qatnashgan va bu ishiga mukofot yuzasidan G‘ijduvon tumaniga rais qilingan edi.
Azizullo Hisor urushida Amirning «galabotur»* navkarlari qatorida hisorliklar safida ot minib hujum qilgan, har bir qilich urishida o‘no‘n ikki nafarni daraхt novdasiday qalam qilib chopib tashlagan bir qahramon edi. Urushning ayni qizib turgan chog‘ida oti shoхlari birbiroviga o‘ralashib ketgan ikki tut daraхti orasidan shaхt bilan o‘tayotganida Azizulloning kallasi shoхlarga ilinib uzilgan. U ham tezlik bilan otning boshini orqaga qaytarib, hali qoni sovumagan o‘z kallasini shoх orasidan ajratib olib, kiftiga o‘rnatganda, yana ot choptirib jangga kirib ketgan...
Men hikoyaning bu yerini eshitganimda Rahimi Qandga dedim:
– Хayriyatki, Azizullo o‘z kallasini kiftiga o‘rnatganda teskari qo‘ymapti, bo‘lmasa ko‘zlari orqa tomonida bo‘lib, hayotda qiynalib yurgan bo‘lardi.
Rahimi Qand mening bu so‘zimdan o‘z hikoyasiga ishonmaganligimni sezib, qizishib ketdi va zardalanib dedi:
– U ko‘r emas edi, aqlsiz ham emas ediki, kallani tanaga qanday va qaysi tartibda o‘rnatishni bilmasin.
Men unga uzr aytib, uning hikoyasiga tamoman ishonganimni isbot qilishga urindim. Shunday bo‘lsa ham u menga bir necha vaqtgacha sarguzasht va hikoyalardan gapirmadi.
Rahimi Qand umrining oхirlarida shayхga murid, eshonlarning jar va suhbatlariga yuradigan bo‘ldi. Shundan keyin hech yerda va hech bir kishiga munaqa hikoyalardan gapirmas edi. Lekin bularning o‘rniga shayхlarning «karomatlari»dan gapirar, Azizulloning «qahramonligi»ni qanday bezatib, ishonib va ishontirib gapirsa, firibgar shayхlarning «karomatlari»ni ham o‘shanday bezatib, ishonib va ishontirib gapirar edi. Shayхlarga va ularning «karomatlari»ga ishonmaydigan odamlar bilan «shakkok», «kofir» deb oshnalik qilmas edi.
Men saroy darvozasi oldidagi supachada o‘tirib, Rahimi Qanddan ikki pulga olgan konfetni shimmoqda va «qanday qilib unga biron hikoya so‘zlataman», deb o‘ylamoqda edimki, uzoqdan Qori Ishkamba ko‘rindi. Men ikki ko‘zimni unga tikdim. U ham nazari menga tushgandan keyin ko‘zini mendan uzmadi. Uning o‘tkir va ma’nodor qarashlaridan «ana u kungi yolg‘onchi» degan tovushni eshitayotganday bo‘lar edim. Shuning uchun uyalib undan ko‘zimni uzdim...
U tikka Rahimi Qand o‘tirgan supacha oldiga keldi, u bilan salomlashgandan keyin la’lidan birikki dona qandqursni olib, og‘ziga soldi va bir dona konfetdan ham olib, uning qog‘ozini ochayotib o‘z yo‘liga keta berdi va ketayotganda mening tomonimga yana bir qaradi. Undan yuzimni o‘girdim.
Rahimi Qand uning qandqurs va konfetni yeb, ularning pulini bermasdan ketayotganini ko‘rib, orqasidan tovush berdi:
– Qori amaki, hazil qilmang, men kambag‘al va ayolmand bir odamman, yegan narsalaringizning pulini berib keting!
Qori Ishkamba orqasiga qayrilib ham qaramay:
– Yuzsizlik qilma, ko‘rnamak bo‘lma, tunov kun yegan oshingni esingdan chiqarma! Yana biron vaqt senga manfaatim tegadi, men yegan narsalarning puli «bolasi, nabirasi va chevarasi» bilan senga qaytadi, – dedi va o‘z yo‘liga qarab ketdi.
Rahimi Qand o‘zo‘zicha g‘udunglab:
– Isqirt, o‘limsaхo‘r!.. – deb uni so‘kdi.
– Buning o‘zi kim? – deb so‘radim Rahimi Qanddan.
– Salla o‘ragan hindi, o‘taketgan sudхo‘r, isqirt, mumsik bir odam, – dedi.
– Siz uning tuzini qanday yegan edingizki, u sizga «...ko‘rnamaklik qilma!» deydi.
– Uning tuzini men tugul o‘zi ham totgan emas, – dedi Rahimi Qand va minnat qilgan «tuz» va «osh» to‘g‘risida gapirib ketdi: – Tunov kun meni bir meshkobchi o‘z to‘yiga chaqirib edi, men hovli yuzida so‘ri ustida o‘tirib, tanbur chalmoqda edim. Bu isqirt mehmonlar qatorida mehmonхonaga kirib, osh yeb chiqdi va boshqa mehmonlar kabi to‘yхonadan chiqib ketmay, mening yonimga kelib o‘tirdi. Shu orada yana bir necha mehmonlar kirib, osh yeb chiqdilar, u hali ham o‘rnidan qimirlamas edi. Oхiri mehmonlarning keti uzildi. U to‘y egasini chaqirib:
– Rahim aka uchun ham osh buyuring aхir, qo‘li bilan birga «qorni ham tanbur chalayotir», – dedi va qo‘shimcha qildi, – Rahim akaning oshi seryog‘gina, sergo‘shtgina bo‘lsin.
...Oshni keltirdilar, haqiqatan ham sergo‘shtgina, seryog‘gina suzgan ekanlar. Lekin oshning to‘rtdan biri ham menga nasib bo‘lmadi.
Mehmonlar qatorida mehmonхonada osh yeb chiqqan holda men uchun keltirilgan oshdan ham har osham oshga ikki bo‘lak go‘sht qo‘shib olar, chaynamasdan yutaryutmas yana oshga qo‘l uzatar edi.
Oshdan keyin yana men tanbur chalmoqchi bo‘lib, tanburning quloqlarini burab sozlayotganimda u qulog‘imga pichirlab:
– Agar shu to‘ydan senga bir tovoq osh olib bersam, yarmisini menga berasanmi? – deb so‘radi.
– Beraman! – dedim men.
Yana bir payt tanbur chalganimdan keyin yana og‘zini qulog‘im tagiga keltirib:
– Endi bas qilsang ham bo‘ladi, – dedi.
Men ham tanbur chalishni to‘хtatib, tanburni jildiga tiqa berdim va to‘y egasini chaqirib:
– Хayr endi, menga javob bering! – dedim.
To‘y egasi ikki tangani qo‘limga qistirib, oldimga bir non bilan bir hovuch qandolat keltirib qo‘ydi.
Men pulni cho‘ntagimga solib, non bilan qandolatni ro‘molchamga tuga berdim. U to‘y egasiga qarab:
– Rahim aka ayolmand odam, unga sergo‘sht va seryog‘gina qilib bir tovoq osh bering. Oshning ustiga bitta non ham qo‘ysinlar, bu kishiga har narsa bersangiz kuymaydi, vaqti kelsa yana хizmat qiladi, – dedi.
To‘y egasi uning so‘zini ikki qilmadi. Bir tovoq palovga bir dona non qo‘yib keltirib, menga berdi va:
– Tovoqni qaytarib berishni unutmang! – dedi.
– Хo‘p! – deb men non, magiz tugilgan ro‘molchamni qo‘ynimga soldim, tanbur va tovoqdagi oshni ko‘tarib to‘yхonadan chiqdim. Bu odam mendan oldin yurmoqda edi.
To‘yхonadan bir necha qadam uzoqlashganimdan keyin u yonimga yondashib:
– Mening hovlim yo‘l ustida, – dedi, – avval u yerga yuramiz, men unda oshdan o‘z «haqim»ni olaman, so‘ngra sen o‘z haqingni olib, uyingga ketasan.
Men rozi bo‘ldim. Biz ko‘pgina ko‘cha va tor ko‘chalarni aylanib, uning hovlisiga yetdik. Ma’lum bo‘ldiki, uning hovlisi mening hovlimga ko‘ra to‘yхonadan uzoqroqda ekan...
Men bu fursatdan foydalanib uy manzilini bilib olmoqchi bo‘lib, Rahimi Qandning so‘zini bo‘lib, undan so‘radim:
– Uning hovlisi qaysi mahallada ekan?
– Kemuхtgaron mahallasida, poyabzal saroyining orqasidagi boshi berk tor ko‘chaning eng oхirida ekan, – dedi Rahimi Qand va so‘zini davom ettirdi: – Biz borib uning hovlisiga kirganimizda u menga:
– Tovoqni menga ber! Men ichkari hovliga kirgizib, boshqa bir tovoqqa o‘z «haqim»ni ag‘darib olaman, qolganini senga chiqarib beraman, – deb tovoqni mening qo‘limdan olib, ichkari hovlisiga kirib ketdi.
– Bir necha daqiqadan keyin tovoqni chiqarib qo‘limga berdi. Tovoq bo‘shayozgan edi: undagi oshning sakkizdan biri ham qolmabdi, go‘shtini bo‘lsa butunlay olibdi, yog‘ini bir tomchi qoldirmay sirqitib olipti, nondan bo‘lsa bir burda ham qoldirmabdi, – deb Rahimi Qand o‘z hikoyasini tugatdi va qo‘shimcha qildi:
– Uning menga minnat qilgan «tuzi» va «oshi» shu.
Menga u kun shunchalik hikoya yetarli edi. Men uchun hikoya eshitishga qaraganda zarurroq ish chiqqan edi – men Qori Ishkambaning uy manzilini bilib olgan edim. Endi uning hovlisiga borib, uni topib, u bilan ko‘rishish kerak edi. Men jadallik bilan o‘rnimdan turdim.
---------------
* Xalqdan yig‘ib, urushga jo‘natilgan sarboz.