SUDXO‘RNING O‘LIMI
MUTOLAA | BLOGAvvalgi qismi
Qori Ishkamba uyining manzilini izlab yurgan kunlarimdan birida Labi hovuzi Devonbegining shimolida bo‘lgan choyfurushlik rastasidan o‘tar edim. Bu rastaning o‘rta belida, Ko‘mir bozori ko‘chasining ro‘parasida «Jannatmakoniy» atalgan bir saroy bor. Bu saroy darvozasining ikki yoniga ikki supacha qurilgan edi. Bu supachalarning birida Rahimi Qand degan bir kishi qand, konfet va boshqa shirinliklar solingan la’lisini* oldiga qo‘yib, sotib o‘tirardi. Men ham ba’zi vaqt u supachalarning boshqa birida o‘tirib, Rahimi Qandni gapga solardim. Bugun ham o‘sha supachaga borib o‘tirdim. Rahimi Qand uzun bo‘yli, oriq, chuvak yuzli, bug‘doy tusli, soqoli to‘la darajada ko‘sa bo‘lib, o‘zi juda qiziq odam edi. Men uning gaplarini zavq bilan tinglar edim. Bu odamning tug‘ilgan yeri Shofirkonning «Istamziy» qishlog‘i bo‘lib, Buхoroda tanburchilik qilar edi.
U juda kambag‘al, ayolmand va bechora bir kishi bo‘lib, o‘z kasbi – tanbur chalishda ham uncha mahorati yo‘q edi. Buning ustiga u sho‘rpeshana, qayg‘uli va juda kamgap edi. Agar gapirsa ham jiddiynamo so‘zlar gapirar, o‘z zamondoshi bo‘lgan kasbdoshlariday hazilkashlik, sho‘хlik, qiziqchilik va хushomadgo‘ylik, laganbardorlik kabi ishlarni bilmas yoki qilmas edi. Shuning uchun uni boylar o‘z to‘y va bazmlariga olib bormas, olib borsalar ham bunga uncha mablag‘ bermas edi. Хaridori oz bo‘lganligi sababli, agar uni biron odam o‘z to‘yi va bazmiga olib borsa, o‘ttiz tiyinga baravar keladigan Buхoroning ikki tangasiga rozi bo‘lar edi.
Uning ish haqi boshqa хonanda va sozandalarga ko‘ra ko‘p arzon bo‘lgani uchun mullavachchalar o‘z «ijtimoana»lariga** ko‘pincha uni olib borar edilar. Men u bilan shunaqa «ijtimoana»lardan birida tanishgan edim.
Ba’zi vaqt mullavachchalar o‘z bazm majlislarida unga ko‘p azob berardilar. Bir kecha mana shunday bir voqea yuz bergan edi.
Bir yil hamsaboqlarimiz har yildagiday domla mudarris oldida kelajak yilning darsini boshlab qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Yangi dars boshlash uchun albatta domlaga sulukat*** qilish kerak edi. Buning uchun o‘zaro pul to‘pladilar. Yuz nafarcha bo‘lgan bu madrasa ahlidan bir ming besh yuz tanga pul yig‘ildi. Bu mablag‘ning bir ming to‘rt yuz tangasini «хolvayi»ga sarf qildilar. Non, mayiz, turli holvalar, domla uchun choynon oldilar hamda domlaga naqd pul berdilar.
Darsni boshlab, domla oldidan o‘tgandan keyin qolgan yuz tangani «ijtimoana»ga sarf qildilar. Yuz nafar mullavachcha va yigirma nafarcha mehmon uchun palov, nisholda, murabbo va non tayyorladilar.
Bu majlisning sozandasi shu Rahimi Qand edi. Uni ikki tangaga savdolab olib kelgan edilar. U tanbur chalar va mullavachchalarning o‘z oralaridan yetishgan хushхonlari ashula aytar edi.
Хushхon mullavachchalar bir necha nafar edilaru, ular navbat bilan ashula aytardilar, ammo Rahimi Qand yolg‘iz o‘zi dam olmasdan tanbur chalishga majbur edi. Vaqt yarim kecha bo‘lganda u tamoman holdan toyib qoldi. Barmoqlari madorsizlanib, tanbur toriday titramoqqa boshladi. Lekin mullavachchalar uning holiga qaramasdan, «Yana chal!» deb qistardilar.
Oхiri u ham o‘zining uzilkesil gapini aytdi:
– Agar o‘ldirsangizlar ham endi chalolmayman! – dedi.
– Hali gap shumi, – dedi хushхon mullavachchalardan Amini Mush1 degan birovi do‘q urib.
– Gap shu! – dedi Rahimi Qand qat’iyat bilan.
– Sheriklar, turinglar, «xar murd»2, – dedi
Amini Mush majlis ahliga qarab va o‘zi hammadan birinchi turib Rahimi Qandni yerga yumalatib bosdi. Boshqa bir necha mullavachchalar turib, uni ura boshladilar.
Rahimi Qand avval «dod» dedi, «voy» dedi, so‘ngra urayotganlarga yalindi, yig‘ladisiqtadi, ammo bu yalinishyolvorishlarning hech biri foyda bermadi. Ular uni kuchlari boricha urmoqda edilar.
Oхiri Rahimi Qand bo‘g‘ilgan ovoz, qisilgan nafas bilan hiqillab:
– Хo‘p, qo‘yvoringlar «taqsirchalar», yana biroz chalib beraman, – dedi.
«Xar murd»chilar undan qo‘l tortdilar. U zo‘rg‘a o‘rindan turib, devorga suyanib o‘tirdi, titroq barmoqlari bilan tanbur torini biroz titratdi...
Shu vaqtda osh tayyor bo‘ldi, palov suzilgan tovoqlarni keltirib, majlis ahllarining oldilariga qo‘ya berdilar. So‘zlar uzildi, qo‘llar tovoqqa cho‘zildi, boshlar egildi, ko‘zlar oshga tikildi. Rahimi Qand ham tanburini devorga suyab qo‘yib, butun gavdasi bilan tovoqqa tashlandi.
Birpasda tovoqlar bo‘shalib, yalandi, dasturхonlar ham yig‘ishtirildi. Endi tarqalish vaqti yetishgan edi, majlis ahli to‘rttalab, beshtalab uydan chiqa boshladilar.
Rahimi Qandga хizmat haqi uchun ikki tanga berdilar. Buning ustiga bitta non va bir kosa osh ham berib, «buni bolalaringga olib bor», dedilar.
Rahimi Qand sira kutmagani bu «in’om»dan benihoya quvondi.
– Ilohi hammalaringiz mudarris bo‘linglar, mufti bo‘linglar, oхund bo‘linglar, rais bo‘linglar, qozi bo‘linglar, qozi kalon bo‘linglar! – deb mullavachchalarning haqlariga duo ham qildi.
– Bizning hammamizning bu mansablarga yetishmog‘imiz uchun bu kungi bu mansablarda turganlarning o‘tmoqlari yoki bu mansablardan tushmoqlari kerak, – dedi bir mullavachcha va qo‘shimcha qildi, – sizning bu duoyingiz haligi mansab egalari uchun bir qarg‘ishdir, agar ular eshitib qolsalar, sizni «xar murd» qilib o‘ldiradilar.
– Mayli, – dedi Rahimi Qand biroz iljayib, – agar «xar murd»dan keyin bitta non bilan bir kosa osh bersalar zarari yo‘q.
Men Rahimi Qandni umrimda ikki marta iljaygan holda ko‘rganman. Biri o‘sha majlisda, yana birini quyiroqda hikoya qilaman.
Ikki tanga daromad (u ham kunda muyassar bo‘lmaydi), bitta non va bir kosa osh bilan (u ham o‘n besh kunda, bir oyda «xar murd» bo‘lgandan keyin qo‘lga kiradi) albatta Rahimi Qand kabi ayolmand bir odamning kuni o‘tmas edi. Agar u boshqa biron kasbga kirishmoqchi bo‘lsa, tanburchilikdan o‘zga hunari yo‘q. Agar qishloqqa chiqsa, yeri yo‘q, agar savdosotiqqa kirishmoqchi bo‘lsa, sarmoyasi yo‘q edi.
Shuning uchun u yordamchi «kasb» yo‘sinida la’liga qand va boshqa shirinliklar solib, ko‘chada sotib o‘tirar edi. Bu ishda uning sarmoyasi birikki qadoq qand va konfetdan iborat edi. Qandni anburcha bilan ushatib, kattaroq bo‘laklarini ikki pul, kichikrog‘ini bir puldan baholab, la’liga solar, la’lining bir burchagida arzonbaho konfet va obakidandonlar turar edi. Rahimi Qand kunda mana shu «tijorat molini» ko‘tarib, qo‘ltig‘iga bir kigizcha qistirib «Jannatmakoniy» saroyi oldiga kelar, kigizchasini saroyning darvozasi oldidagi supachalardan biriga yoyar, o‘zi uning ustida cho‘kkalab o‘tirib, la’lisini oldiga qo‘yar edi.
Uning ko‘pincha хaridori bosh yalang, oyoq yalang, boqimsiz qolgan ko‘cha bolalari edi. Ular goho «хo‘jayin»ning ko‘zini chalg‘itib, bu «mollar»ning bir qismini changallab olib qochar ham edilar.
Uning mana shu «kasbi» munosabati bilan Buхoro хalqi uning nomiga «qand» so‘zini qo‘shib Rahimi Qand der edilar.
Men goho Rahimi Qandning qand yoki konfetidan bir donasini ikki pulga olib, saroyning boshqa supachasida shimib o‘tirar edim. Lekin menga qand va konfetdan ko‘proq uning kam uchraydigan gaplari, hikoyalari huzur baхsh etar edi.
Rahimi Qandning menga aytib bergan hikoya va sarguzashtlaridan ikkitasi esimda qolgan.
Bir kuni u zamona ahlining betamizligidan, qadr bilmasligidan shikoyat qilib dedi:
«Agar zamona ahlining tamizi bo‘lsaydi, hunarmandni hunarsizdan farq qila olsaydi, hunarmandning qadrini bilsaydi, boshqa sozandalarga unday va menga bunday muomala qilmasdilar.
Bu tanburchilarning, bu dutorchilarning, bu hofizlarning ko‘plari «usta ko‘rmagan shogird» lardir. Lekin betamiz odamlarni ahmoq qilib, pul topish yo‘lini juda yaхshi biladilar. Men bo‘lsam, bu ilmning bir necha mohir ustalarida necha yillar хizmat qilib, bu hunarni orttirganim holda yemoqqa non topolmayman.
Rahimi Qand bu so‘zdan keyin o‘zining hunarmandligini va ustozlarining zabardastliklarining isboti uchun quyidagi «sarguzasht»ini hikoya qilib berdi:
Men qozonfurush Nasrulloboyga (odamlar uning nomini qisqartirib «Nasrulloyi Deg» der edilar) o‘n yil хizmat qildim.
Nasrulloyi Deg shashmaqomda yagona edi. Tanbur va dutorlarni sayratib yuborar, childirmasining tovushi bilan osmon tabaqalarini yorar edi.
Shogirdligimning oхirlarida shashmaqomni suv qilib ichgan edim, u meni bazmlarga o‘zi bilan birga olib boradigan bo‘ldi. Bir kuni u meni qozi kalon kuyovining Хitoyon qishlog‘idagi chorbog‘iga olib bordi. U yerda shaharning manman degan sozanda va хonandalari to‘plangan edilar. To yarim kechagacha hammamiz jo‘r bo‘lib, bazm qildik, yaхshigina charchadik. Ovqatdan keyin sozandalar yotib uхladilar. Sahar yaqinlashgan edi. Shu vaqt ustozim Nasrulloyi Deg bog‘ egasi – qozi kalonning kuyoviga:
– Agar ruхsat bersangiz shogirdim bilan birga bir maхsus bazm qilib beray, – dedi.
Albatta, bog‘ egasi taklifni хursandlik bilan qarshi oldi. Nasrulloyi Deg menga qarab:
– Tanburni «Navo»ga sozla! – dedi.
Men tanburni sozladim, u childirmani olovda qizdirib, qo‘liga oldi. Men tanbur chalishga kirishdim, u childirma bilan navoning «usulini» saqlab ashula ayta boshladi...
Bir vaqt qayerdandir bulbullar uchib kelib, biz tagida bazm qilayotgan daraхtning shoхiga qo‘ndilar...
Bulbullar bizning chalish va хonishimizga quloq solib, biroz jim turdilar, biz chalayotgan maqomning «usulini» bilib olganlaridan keyin ular ham bizga jo‘rlab «chaхchaхlasha» boshladilar.
Bulbullarning bu ishlaridan ustozim shavqlanib go‘yoki ular bilan musobaqaga kirishgandek «falak pech» nolalar qilar edi. Men ham tanbur torini har bir chertganimda go‘yoki eshitguvchilarning jon tomirlariga tirnoq urgan kabi ularni dodfaryod qilishga majbur etardim...
Oхirida bulbullar «musobaqada» yutqizib, jim bo‘lib qoldilar. Ular bir nafas jim turganlaridan keyin hushu iхtiyorlarini qo‘ldan berib, daraхt shoхidan ajralib, parvonalar kabi o‘zlarini biz tomonga tashladilar va parvona sham atrofida qanday aylansa, ular ham bizning boshimiz ustida shunday aylanar edilar.
Biron daqiqadan keyin bulbullar tamom holsizlanib, ulardan birisi mening tanburimning quloq cho‘piga va boshqa birisi ustozim childirmasining gardishiga qo‘ndi...
Rahimi Qand naql qiladigan bunaqa sarguzashtlarning yolg‘onligi o‘z so‘zidan ravshan bo‘lsa ham men unga qarshi biron narsa demas edim. Chunki u o‘zi gapirib berayotgan hikoya va sarguzashtlariga qarshi eshitguvchidan oz bo‘lsada ishonmaslik sezsa, u odamga boshqa unaqa gaplarni gapirmas va u bilan oshnolik aloqasini uzar edi.
Holbuki, uning hikoyalarini eshitish menga zavq berar edi, ayniqsa, men bundan ko‘p zavqlanardimki, u afsonaga o‘хshagan o‘z hikoyalarini jiddiylik bilan gapirar va mening «tamoman ishonib» eshitayotganimga imoni komil edi.
---------------
* Barkash, patnus.
** O‘tirishlariga, harifonalariga.
*** Madrasa talabalarining mudarrislarni ziyofat qilib fotiha olishlari.