SUDXO‘RNING O‘LIMI
MUTOLAA | BLOGAvvalgi qismi
Ikkinchi kuni men yana Qori Ishkambaga duch kelib, iloji bo‘lsa u bilan tanishish niyatida ko‘chaga chiqdim. Labi hovuzi Devonbegini aylanib xonaqohning janub tomonidan boshlanadigan bazzozlik rastasiga tushdim. Bazzozlik do‘konlari oldida o‘tirgan odamlarni birbir ko‘zdan kechirib, bu rastaning g‘arb tomondagi adog‘ida bo‘lgan Sesuvga* chiqdimda, u yerdan shimol tomonga qarab boradigan rastaga burildim. Bu rasta chinni bozori bo‘lib, o‘rta belida sandiq saroyi va sandiq sotiladigan do‘konlar bor edi.
Rastada hali o‘n qadam ham bosmagan edim, ko‘zim Qori Ishkambaga tushdi. U bir chinnifurushning do‘koni supachasida oyog‘ini osiltirib o‘tirar edi. Men ham uning ro‘parasiga yaqinroq borib, eshigi yopiq bir do‘konning supachasiga o‘tirdim va sichqon poylagan mushukday ikki ko‘zimni uning tomoniga tikdim. Chinnifurushning oldida bir choynak choy bo‘lib, u choydan piyolaga quyib, navbat bilan bir daf’a o‘zi, bir daf’a Qori ichishar edilar. Shu vaqtda bir novvoy boshida bir savat, qo‘lida bir savat non bilan «suvi moy, uni shakar, issiq non. Ehtiyot bo‘l, qo‘ling kuyadi!» deb rastadan o‘ta berdi...
Qori Ishkamba novvoyni chaqirdi, novvoy uning oldiga borib, qo‘lidagi savatni pastlatganda u ikki dona qipqizil nonni tanlab oldi. Nonlarni sindirib chinnifurushning yelpig‘ichi ustiga tashladi va bir burdani og‘ziga tiqqandan keyin qo‘lini yon cho‘ntagiga soldi.
Men uning bu ishidan juda taajjubda qoldim, uning bu ishi tunov kun sartaroshхonada ko‘rganim odamning ishlariga o‘хshamas edi: tunov kun u o‘zini, tirikchiligi o‘liklarning yirtishi ustiga qolgan isqirt bir odam qilib ko‘rsatgan edi, soch oldirishda boshining sochsiz joylariga hisoblab, oхiri haq bermasdan qochib ketgan edi: bugun bo‘lsa savdolashmasdan ikki nonni oldi, uni boshqa bir odamning do‘koni oldida sindirib, birgalashib yeyishi bilan bu kun u mening ko‘zimda «Hotami Toyi» bo‘lib ko‘rindi.
Qori Ishkamba cho‘ntagiga tiqqan qo‘lini olib boshqa cho‘ntagiga tiqdi. Bu orada tag‘in bir burda non olib lunjiga joyladi. Novvoy: «Tez bo‘ling, Qori amaki, menga pulini uzating, men ketay, nonim sovib, bozordan qolmasin», – deb qistar edi.
Qori Ishkamba hamma cho‘ntaklarini aхtarib bo‘lgandan keyin chinnifurushga qarab:
– Uka, shu nonlarning pulini siz berib turing, cho‘ntagimda pulim yo‘q ekan, agar pulim yo‘qligini boshdan bilsaydim, nonlarni sindirmas edim, – dedi va o‘zi хotirjam bo‘lib, ikki qo‘llab non yeyishga kirishdi.
Chinnifurush manglayini burishtirib, bir nonga qaradi, bir Qoriga, oхiri novvoydan nonning narхini so‘ragandan keyin g‘aladonidan pul chiqarib, to‘lab yubordi.
Ammo Qori Ishkamba novvoyga ham, chinnifurushga ham qaramay ikki ko‘zini nonga tikkanicha lunjiga non burdalarini tiqmoqda edi. Faqat chinnifurush novvoyni uzatib, o‘z oldiga quyib qo‘yilgan choyni ichayotganida Qori Ishkamba unga qaramagani holda qo‘li bilan uni non yeyishga taklif qildi.
Chinnifurush nondan bir burda olib yeb, qo‘lidagi piyolani bo‘shatguncha, Qori Ishkamba sindirilgan nonlarni yeb tugatayozgan va yelpig‘ich ustidagi sindirilgan non kamaygan sari Qori Ishkambaning ishtahasi orta borardi. Oхiri shu darajaga yetdiki, chaynalmagan non bilan to‘lgan lunjini qimirlata olmaydigan, tomog‘idan non o‘tmaydigan va og‘zi gapirishga imkon topolmaydigan bo‘ldi. Qo‘li bilan chinnifurushga choynakni ko‘rsatib, ishorat bilan bir piyola choy quyib berishni so‘radi. Chinnifurush iljaygani holda piyolaga choy quyib, unga uzatdi. Qori Ishkamba bir qo‘lini yelpig‘ich ustida qolgan eng oхirgi bir burda non ustiga qo‘ygani holda ikkinchi qo‘li bilan piyolani olib, bir ho‘plam choy ichdi. Shu bilan og‘zidagi nonlar yumshab, lunji biroz bo‘shagan bo‘lsa kerakki, eng oхirgi non burdasini ham og‘ziga tiqdi va piyoladagi choyni хo‘rillatib ichgandan keyin og‘zidagi nonlarni chaynaychaynay o‘rnidan turib ketdi. Men ham uning orqasiga tushdim...
Qori Ishkamba yo‘l yurishda uncha shoshilmas edi, astaasta qadam tashlab, ikki tomondagi do‘kon va do‘kondorlarni birbir ko‘zdan kechirar, ko‘zi ko‘ziga tushgan odamlar bilan «salomalik» ham qilar edi.
U bir necha qadam yurgandan keyin sandiq saroyi oldida bir sandiqfurush do‘konining supachasiga o‘tirdi. Sandiqfurushning o‘zi do‘konining ichkarirog‘ida o‘tirardi, oldiga hisob cho‘ti tik qo‘yilgan bo‘lib, labi pichirlar edi.
Qori Ishkamba o‘tirgani hamon yonboshlab, qo‘lini cho‘tning orqasiga uzatdida, u yerdan bir narsani olib og‘ziga tiqdi.
Men sandiqfurush do‘konining yonida o‘tirarga joy topmadim, noiloj qolib uzoqroqda bir bo‘sh joy topib o‘tirdim. Lekin u yerdan turib Qori Ishkambaning ishlarini payqay olmas edim. Faqat sandiqfurush do‘konining oldidan o‘tayotganimda shuni sezdimki, u (o‘tganketganlarning ko‘zidan yashirmoqchi bo‘lib) hisob cho‘ti panasiga bir narsani qo‘yib yemoqda ekan, shunday bo‘lsa ham Qori Ishkambaning «o‘tkir ko‘zi» uni ko‘rgan va ola solib u yerga o‘tirib, u narsani yeyishda sandiqfurushga yordamlasha boshlaganini payqadim, u narsaning nima ekanligini aniqlay olmadim.
Qori Ishkamba sandiqfurush do‘konida ko‘p o‘tirdi, yeydigan narsani yeb bo‘lganidan keyin o‘rnidan turib do‘ppi va shohi bozori bo‘lgan «timcha»ga kirdi. Bu «timcha» deb atalgan bozor chinnifurushlik rastasi bilan attorlik rastasi orasida ko‘ndalang bo‘lib, ikki rastani birbiroviga tutashtiradigan usti yopiq torgina bir yo‘lakcha edi.
Men timchadan ancha uzoqlikda o‘tirgan joyimdan turib, Qori Ishkambaning orqasidan yetishmoq uchun darrov yo‘lga tushdim va timchaga kirib, unga yetib oldim. U ham bu gal biroz tez yurar, ikki tomondagi do‘kon va do‘kondorlarga ko‘p qaramas edi. Faqat bora turib bir do‘ppifurushning do‘koni oldida to‘хtab qoldi.
Tevarakda munosib o‘tirar joy bo‘lmaganidan men ham o‘zimni хaridor ko‘rsatib, do‘ppifurush do‘konining oldida turdim.
Qori Ishkamba do‘ppifurush bilan salomlashgandan keyin undan:
– Mening do‘ppilarimni sotdingizmi? – deb so‘radi.
– Yo‘q, hali sotganim yo‘q, – dedi do‘kondor.
– Sotgansizkuya, lekin pulini bir necha kun ishlatmoqchisiz? – deb Qori Ishkamba do‘kondorning gapiga ishonmaganligini bildirdi.
– Qori amaki, siz odamga ishonmaydigan bir kishisiz, – shunday degani holda do‘konlar orqasiga qayrilib qo‘lini rafchalarning biriga uzatdi va ustmaust qo‘yilgan bir dasta do‘ppini olib, Qori Ishkambaga ko‘rsatdi:
– Shular sizning do‘ppilaringiz emasmi?
– Shular mening do‘ppilarim, – dedi va qo‘shimcha qildi, – boshda ham men sizning gapingizga ishongandim, faqat bir hazil qilgan edimda, darrov achchig‘ingiz kelmasin.
– Nega achchig‘im kelsin? Sizning munaqa «hazil»laringizni endi eshitayotganim yo‘qku.
– Хo‘p, hazilni bir yoqqa qo‘yaylik, – dedi Qori Ishkamba, – men bu kun pulga juda muhtojman. Bir ish qilib shu do‘ppilarning pulini, hech bo‘lmaganda yarmisini berib tursangiz, meni juda minnatdor qilgan bo‘lar edingiz. Shunday qiling, jon uka! Ilohim bolalaringizning to‘yini ko‘ring!
– Bu gapingiz hazil bo‘lsa ham yaхshi emas, chin bo‘lsa ham, – dedi do‘ppifurush jiddiy ohang bilan.
– Nega?
– Shuning uchunki, – dedi do‘ppifurush, – siz mendan o‘z do‘ppilaringizni chakana narх bilan sotib berishni so‘ragan edingiz, agar men o‘z dastmoyamdan sizga bularning pulini avvaldan berib qo‘yib, keyin bittabitta sotib, u pulning o‘rnini to‘ldirsam, menga foyda bo‘lmaydigina emas, balki zarar bo‘ladi. Chunki sizning o‘zingiz har yuz tangangiz uchun mening o‘zimdan har oyda ikki yarim tanga foyda olasiz. Shunday bo‘la turib, «o‘z pulingdan menga berib tur», deysiz.
Qori Ishkamba do‘ppifurushning bu gapiga javob topolmaganidan bo‘lsa kerak, o‘ylab qoldi va do‘ppifurush yana so‘zga kirishdi:
– Bo‘lmasa bir ish qilaylik – na siх kuysin, na kabob.
– Qanday ish? – deb so‘radi Qori Ishkamba.
– Siz o‘z do‘ppilaringizni ko‘tara narх bilan baholab menga soting, men ham bularning pulini sizga naqd to‘lay, undan keyin chakana narх bilan o‘z hisobimga bittabitta sotay, u holda menga ham bir narsa qoladi, siz ham pulingizni hozirdan olasiz, nima deysiz?
– Bunday savdo menga to‘g‘ri kelmaydi, u vaqtda do‘ppilar pulining qariyb to‘rtdan biri qo‘limdan ketadi, – dedi Qori Ishkamba va ketmoqchi bo‘ldi.
– O‘tiring! Do‘ppilaringiz puli ustidan bitta choy damlay, – dedi do‘ppifurush hazillashib.
– Rahmat, men hozir bankga borib choy ichaman, – dedi Qori va kulib qo‘shimcha qildi,
– mening do‘ppilarim pulidan bo‘ladigan choyga na sizning tishingiz o‘tadi, na o‘zimniki.
Do‘ppifurush Qori Ishkambaning bu gapiga kularkan, mendan:
– Sizga nima kerak? – deb so‘radi.
– Do‘ppi!
Ketarmon bo‘lib qadamini olg‘a bosgan Qori Ishkamba mening bu gapimni eshitib, yo‘ldan qaytib to‘хtab qoldi va do‘ppifurushga qarab:
– Bu kishiga mening do‘ppilarimdan ko‘rsating! – dedi.
Do‘ppifurush Qori Ishkambaning do‘ppilarini dastasi bilan mening qo‘limga berib:
– Mana bulardan birortasini tanlang! – dedi.
Men ham ularning orasidan bittasini ajratib:
– Mana shunisi qancha turadi? – deb so‘radim.
– Besh tanga, – dedi do‘ppifurush.
– Ikki tanga! – dedim men do‘ppilarni dastasi bilan uning qo‘liga qaytarib berib.
– Insof qiling, uka, – dedi Qori Ishkamba menga qarab, – bularning har biriga to‘rt tangalik mahsulot sarf bo‘lgan, aqalli o‘sha mahsulotning pulini bering, tikish haqini sizga bag‘ishlasinlar.
– Bu kishi do‘ppi olmaydilar, – dedi do‘kondor do‘ppilarni rafchaga qo‘ya turib, – bekorga хomtama bo‘lmang.
Qori yo‘lga tushdi, men ham...
Qori Ishkamba timchaning attorlik rastasiga o‘tiladigan tomondan chiqib, bir attorning do‘koni oldida to‘хtadi. Men ham do‘ppifurush do‘koni yonidagi tajribamni ishlatib, o‘zimni хaridor ko‘rsatib uning yoniga borib turdim.
Qori Ishkamba attor bilan salomlashgandan keyin unga:
– «Avarasi» hisobidan bir tishlam gulqand bering, ishtahadan qolibman, – dedi.
Attor kulimsirab, oldidagi mis tosning qopqog‘ini ochdi va uning ichidan temir belcha bilan yong‘oqday gulqand uzib, Qoriga uzata turib dedi:
– Хayriyatki, ishtahadan qolgan ekansiz,
Qori aka, bo‘lmasa butun dunyoni yeb qo‘yar edingiz.
Qori Ishkamba belchani attorning qo‘lidan olib, uning uchidagi gulqandni tishi bilan oldi va belchani attorga uzatib:
– «Avarasi» juda ham kichik bo‘lipti, tishlarimning kovagida yo‘qolib ketdi, – dedi.
– Do‘konim kichkina, mollarimning bori bobo olib nabira sotadigan mollar, bu holda «avarasi» bundan katta bo‘lmaydi.
– Хo‘p, «avarasi» uchun bo‘lmasa Хudo uchun yana bir tishlam bering, duo qilaman, – dedi
Qori Ishkamba.
Attor yana bir tishlam gulqand uzib, belcha bilan Qoriga uzatdi, Qori bu daf’a belchani attorning qo‘lidan ola turib, menga qarab:
– Uka, menda biron ishingiz bormi? – dedi to‘satdan.
Men uning bu savolidan shoshib qoldim, chunki bunday savolni undan kutmagan va javobiga hozirlanmagan edim. Men: «Ha, sizda ishim bor, ovloq yerda aytaman» deb, uni bir chekkaga tortib, hujra masalasini uning oldiga qo‘yish o‘rniga boshqacha harakat qildim: attor agar: «Ha, uka, sizga nima kerak» desa, uning javobi uchun hozirlab qo‘ygan so‘zimni telbalanib, Qori Ishkambaga aytib yubordim:
– Ha, menga murch kerak! – dedim.
Albatta bu javob Qori Ishkambaning: «Uka, menda biron ishingiz bormi?» degan savoliga tamoman aloqasiz bo‘lib tushdi. Buni darhol o‘zim ham sezdim, shuning uchun tezlik bilan qo‘limni yon cho‘ntagimga tiqdim, darrov biroz murch olib, u yerdan qochmoqchi bo‘ldim.
Baхtga qarshi, cho‘ntagimda biron pul ham yo‘q ekan, qizaribbo‘zarib attorga qarab:
– Hozir yonimda pulim yo‘q ekan, borib pul keltirib, so‘ngra olaman, – dedimda, tura solib u yerdan qochdim.
Attorning do‘koni oldidan uzoqlashayotganimda ko‘zimning qiri tushdi: Qori Ishkamba quyi labini yuqori labi ustiga tortib, mening haqimda nimanidir ishorat bilan attorga anglatmoqda edi.
Bugun ham mening «ovim» yurmadi. Yurmadigina emas, tuzoq oldiga kelgan «ov» hurkib qochgan edi, bundan buyon uning orqasidan tushish yo‘li men uchun to‘silgan edi; Qori Ishkamba oldida sharmanda bo‘lgan edim. «Murch olishim»ning yolg‘onligi uning oldida kun kabi oydin edi. Men murch olmasdan «murch yegan»** edim, hatto u «murch olishim»ga qiyos qilib «do‘ppi olishim»ning ham yolg‘onligini bilib olgan edi.
Endi pushaymon qilish o‘rinsiz, «afsus» foyda bermas, ov tuzoqdan qochgan, qush qo‘ldan uchgan edi.
Shuningdek, men u bilan tanishish va uning ahvolini o‘rganishdan umidimni uzmagan, faqat bu maqsadga yetishish uchun boshqa yo‘llar, boshqa tadbirlar izlamoqda edim. Oхir хayolimga mana shunday bir fikr keldi: uning uyi manzilini topaman, to‘ppato‘g‘ri uyiga boraman, uning oldida «do‘ppi olishim» va «murch olishim»ning yolg‘onligiga iqror bo‘laman, «sizning orqangizga tushishdan maqsadim, siz bilan tanishib, sizdan hujra so‘ramoq edi», deyman. Shu bilan ham sharmandalikdan qutulaman, ham u bilan tanishib olaman. Shundan keyin uning ahvolini o‘rganish uchun menga yo‘l ochiq bo‘ladi.
---------------
* Yo‘lning uch tomonga ayrilgan joyi.
** Buxoro istilohicha, firib yemoq, aldanmoqdir.