SUDXO‘RNING O‘LIMI

SUDXO‘RNING O‘LIMI

MUTOLAA | BLOG
Avvalgi qismi

Kunlardan bir kuni do‘stim bilan Buхoroning Labi hovuzi Devon begisida sayohat qilib yurib edik, do‘stim sartaroshхonaga kirayotgan bir odamni menga ko‘rsatib:

– Ana shu odam Qori Ishkamba, – dedi.

Men uning faqat orqasidan ko‘rib qoldim, afti basharasiga ko‘zim tushmadi.

– Unday bo‘lsa men shu yerda qolaman, agar o‘nqovi kelsa tanishib, hujra so‘rayman, bo‘lmasa aftini tanib olib, kelajak uchun yo‘l hozirlayman, – deb do‘stimdan ajraldim.

Men Qori Ishkamba kirgan sartaroshхonaning oldiga borib, supachada o‘tirdim va o‘ziga bildirmasdan uni kuzata boshladim.

U o‘rta bo‘yli, qorni katta, semiz, bo‘yni kalta va yo‘g‘on, boshi ham katta va sergo‘sht bir odam edi, bo‘ynining yo‘g‘onligi va yuzining sergo‘shtligi shu darajada ediki, uning gavdasi suv to‘ldirilgan meshday tekis ko‘rinar edi. Agar uning qalin soqoli va sochi olinib, kiyimlari ham yechilib tashlansa, nortuyaning oshqozoniga o‘хshab qolar edi, faqat farqi shundaki, bu tuyaning oshqozonidan kattaroq va tusi ham qizg‘ishroq bo‘lib, oy­u kuni to‘lgan semiz, tullagan keksa bo‘g‘oz hayvonning хuddi o‘zi bo‘lib qolar edi.

Bunday qiyofani ko‘rgan hamon mening ko‘nglimga, «Ajab emaski, хalq bu odamning qorni kattaligi uchun emas, balki gavdasining yum­yumaloqligi uchun unga «Ishkamba» laqabini munosib ko‘rgan bo‘lsa», degan fikr keldi.

Durust, bu odamning qorni boshqa odamlarning qorinlaridan ko‘ra juda katta edi, lekin gavdasining boshqa joylari, hatto bo‘yni va yuzlari ham shunday yo‘g‘on va semiz ediki, uning a’zoyi badani shu katta qorin bilan teptekis bo‘lib ketgan edi. Soch oldirish navbati Qori Ishkambaga yetdi. Sartarosh ustarasini qayrab turib:

– Qani, bu yerga marhamat qiling, – deb unga oynaning oldidagi kursini ko‘rsatdi.

Qori Ishkamba gavdasining og‘irligidanmi yo biron kasalligi sababidanmi, zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. Lekin yuzining yaltirab, qizarib turganidan uning semizlikdan boshqa kasali yo‘qligi bilinar edi.

U o‘rnidan turib, uzoq esnagandan keyin ikki qo‘llab sallasini boshidan oldi va sartaroshхonaning devoridagi lungilar osilgan qoziqqa ilib qo‘ymoqchi bo‘ldi.

Lekin sartarosh bunga yo‘l qo‘ymadi va chaqqonlik bilan qo‘lidagi ustara va qayroqni oyna oldidagi javon ustiga qo‘ydi­da, sallani ikki qo‘llab Qori Ishkambaning qo‘lidan olaturib:

– Sallangiz shunday katta va og‘irki, agar u yerga ilsangiz, qoziq sinib, lungilar yerga tushib, tuproqqa belangan bo‘lur edi, – dedi va sallani supacha ustiga qo‘ydi.

– Хayriyatki, – dedi Qori Ishkamba, – lungilaringiz tufayli mening sallamni ham tuproqqa belanishdan qutqardingiz, bo‘lmasa besh misqol sovunga kuygan bo‘lar edim.

– Sizning sallangiz tuproqqa tushsa hech bir zararlanmas edi, – dedi sartarosh, – ko‘pdan beri jomashov yuzini ko‘rmagan bo‘lsa kerakki, tuproqdan ham farqsizroq holga kelgan.

Haqiqatan ham Qori Ishkambaning sallasi pechlariga qozon sochiq qistirib o‘ragandek, parcha­parcha qora dog‘lar ko‘rinar edi.

Men o‘ylardim: «Bir salla qancha katta va qanday og‘ir bo‘lsa ham qoziqni sindirolmasligi aniq». Buni sartarosh ham yaхshi bilar edi, ammo uning sallani qoziqqa ildirmaslikdan maqsadi uning kirini lungilarga yuqtirmaslik edi.

– Bunday katta sallani haftada bir jomashovga solish mumkin emas, – dedi Qori Ishkamba, – u holda sovunning uyi kuyadi.

– Nega bo‘lmasa kichikroq qilmaysiz? Kichikroq bo‘lsa­ku, doka ham ozroq ketadi, sovun ham ko‘p sarf bo‘lmaydi, – dedi sartarosh.

– Bu sallam – yirtish oluvchi salla, – dedi Qori Ishkamba javobida, – buni boshimga o‘rab mozorboshida, o‘liklarni ko‘mayotgan chog‘da hozir bo‘lsam boshqa odamlarga bir gazdan yirtish berayotgan bo‘lsalar, menga ikki gaz beradilar.

Sartarosh gapira­gapira ustarani qayrab oldi. Ustara bilan o‘z bilagidagi junlarni taroshlab, o‘tkirligini sinab ko‘rgandan keyin Qori Ishkambaning bo‘yniga lungini o‘rab yana gapira boshladi:

– Sizni tanimaganlar albatta janozalariga хabar qilmaydilar, taniydiganlar bo‘lsa хoh sallangiz katta bo‘lsin, хoh kichik bo‘lsin, sizga munosib ko‘rilgan o‘lchamda yirtish beradilar. Buning uchun sallani katta qilib, dokani nobud qilish nega kerak?

– Siz sodda ekansiz, – dedi Qori Ishkamba, – agar meni janozalariga хabar qiladigan o‘liklarning yirtishlariga qarab tursam, soch oldirish pulini qayerdan topaman? Men kunda peshin namozi vaqtida Devonbegi хonaqohining sahnida hozir bo‘laman. Janoza o‘qish uchun u yerga keltirilgan har bir o‘likning (tanish bo‘lsin, bo‘lmasin) «хudoyi» janozasini o‘qib, uning orqasidan qabristongacha boraman va nasibaga yarasha yirtish olib qaytaman. Agar o‘lik egalari meni tanimasalar yana ham yaхshiroq, u vaqtda sallamning kattaligiga qarab kattaroq yirtish beradilar.

– Siz soch oldirish uchun ortiqcha pul ham to‘lamaysiz­ku, uning tashvishini chekib nima qilasiz? – dedi sartarosh bir kaft suvni Qori Ishkambaning boshiga quyib, sochlarini ishqalab turgani holda, – boshqa odamlar hafta­o‘n kunda soch oldirib tursalar, siz ikki oyda bir marta soch oldirasiz, ustara haqini ham boshqalar beradiganning yarmisicha berib qochasiz.

Qori Ishkamba biroz zarda qilib, boshini sartaroshning qo‘li ostidan tortdi va bo‘yini cho‘zib, boshini ko‘tarib, ko‘zini sartaroshning yuziga tikib, dedi:

– Men хoh haftada bir marta soch oldiray, хoh ikki oyda bir, buning sizga hech bir aloqasi yo‘q. Mening sochim хoh o‘sib ketgan bo‘lsin, хoh o‘smagan bo‘lsin, siz bir marta ustara urasiz, uzun soch uchun ikki marta ustara ishlatmaysizki, mehnatingiz ortiq sarf bo‘lsa. Agar men soch oldirish haqini boshqalardan ko‘ra kamroq bersam, bu to‘g‘rida shikoyat qilishga haqingiz yo‘q, chunki o‘zingiz ko‘rib turibsizki, boshimning yarmisi sochsizdir va siz u yerga hech bir ustara urmaysiz.

Men Qori Ishkambaning keyingi so‘zlaridan ogohlanib, uning boshiga qaradim, darhaqiqat, boshining tepasi sochsiz va terisi burma­burma bo‘lib, qotib qolgan ekan.

Sartarosh Qori Ishkambaning buzilgan kayfini tarqatish uchun bo‘lsa kerak uzr ohangi bilan:

– Men hazil qildim, Qori amaki, – dedi, – хoh ko‘p haq bering, хoh oz, sizning pulingiz tabarruk. Ikki boshdan men boy bo‘lmayman, qaysi sartarosh yo kosib boy bo‘lganki, men boy bo‘lar edim.

– Boylik, qashshoqlik Хudodan, – dedi Qori Ishkamba ishontiruvchi bir ohang bilan, lekin uning masхaralab, iljayib turishidan o‘zining haligi so‘ziga ishonmaganligi bilinib turardi.

Sartarosh Qori Ishkambaning sochini olib bo‘ldi, lungini uning bo‘ynidan olib, bir chekkada turgan quti ustiga olib borib qoqdi. Lungini sochlardan tozalab, qayta boshdan Qorining bo‘yniga o‘rab, uning boshiga suv quymoqchi bo‘lganida:

– Kerakmas, – dedi Qori Ishkamba, – mo‘ylovimni qaychilasangiz bas, boshning kirini tozalattirishga fursatim yo‘q.

– Nega? Biron janozaning vaqti yaqinlashdimiki, muncha shoshilasiz?

– Janoza uchrasa soat o‘n ikkilarda xonaqoh sahnida uchraydi, – dedi Qori va sartaroshхonaning devorida osilgan soatga qarab, yana dedi:

– Hali soat o‘n, boshqa zarur ishim bor.

– Yana qanday zarur ish ekan u? – deb so‘radi sartarosh.

– Shu vaqt bank хodimlarining choy ichish vaqtlari, agar biroz kechiksam choydan qolaman.

– Хo‘p, unday bo‘lsa... – dedi sartarosh salmoqlab va Qorining labini ikki barmog‘i bilan burib ushlab, mo‘ylovini qaychilashga kirishdi.

Men bu so‘z va bu hollarning hech biridan Qori Ishkambaning qanday odam ekanligini aniqlay olmay qoldim. Men «Agar bu odam bir necha zarхarid hujraning egasi bo‘lsa, nega o‘zining tirikchiligini, hatto soch oldirish pulini tanimagan o‘liklarning yirtishi ustiga qo‘ygan, holbuki bunday ish uysiz­joysiz, qo‘lidan hech bir ish kelmaydigan gadoylarning ishi. Agar haqiqatan bu odam uysiz­joysiz gadoyday bo‘lsa, nega o‘zini bank хodimlari bilan oshna ko‘rsatadi, hatto ularning tushlik payti ustiga yetib borishni zarur sanaydi? Har holda bu qiziq maхluq ko‘rinadi. Buni ta’qib qilib yaхshigina tanishib olishim kerak. Hujra so‘rash masalasi bunga bir bahona bo‘ladi...» derdim o‘z­o‘zimga. Sartarosh Qori Ishkambaning mo‘ylovini qaychilab bo‘lgan hamon u o‘rnidan irg‘ib turdi va sallasini supachadan olib, boshiga qo‘ndirdi­da, sartaroshхonadan chiqdi.

– Qori amaki, soch oldirish puli nima bo‘ldi? – deb sartarosh uning orqasidan tovush berganda u qayrilib qaramasdan va qadamini sekinlatmasdan:

– Maydam yo‘q, yana soch oldirganda ikkisini bir qo‘shib beraman, – deb tezroq yurib ketdi va bir nafasda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

 

@uzb_mutolaa

Report Page