O'ZBEK TILI QOIDALARI 3-QISM

 O'ZBEK TILI QOIDALARI 3-QISM

TRENING ADMIN

2-QISMNI KO'RISH UCHUN MANZIL

https://telegra.ph/OZBEK-TILI-QOIDALARI-2-QISM-09-30

49.      Fe'l zamonlari. Fe'ldan anglashilgan harakat-holatning nutq so'zlanib turgan paytga munosabati fe'l zamonlari, shunday ma'noni ifodalovchi qo'shimchalar esa zamon qo'shimchalari deyiladi. Fe'llarda uchta zamon bor: 1) o'tgan zamon; 2) hozirgi zamon; 3) kelasi zamon. Bu uch xil ma'no maxsus qo'shimchalar yordamida ifodalanadi va ular zamon qo'shimchalari hisoblanadi.

50.      O'tgan zamon. -di, -ib (fe'l unli bilan tugasa -b),- gan edi, -gan ekan qo'shimchalari bilan kelib, ish- harakatning va holatning nutq jarayonidan oldin sodir bo'lganini yoki bo'lmaganini bildirgan fe'llarga o'tgan zamon fe'llari deyiladi. O'tgan zamon fe'llari uchala shaxsda tuslanadi. Masalan: bordim, bording, bordi; bordik, bordingiz, bordi (-lar).

51.      Hozirgi zamon: -yap, -(a)yotir, -moqda (kelyapman, kalayotirman, kelmoqdaman) qo'shimchalari bilan kelib, ish-harakat va holatning nutq jarayonida yuz berayotgani yoki bermayotganini bildirgan fe'llarga hozirgi zamon fe'llari deyiladi.

52.      Kelasi zamon. -a/-y, -(a)r, -ajak, -moqchi (boraman, o'qiyman, kelarman, yozajakman, yozmoqchiman) qo'shimchalari bilan kelib, ish-harakat va holatning nutq jarayonidan keyin yuz berishi yoki bermasligini bildirgan fe'llarga kelasi zamon fe'llari deyiladi.

53.      Shaxs-son qo'shimchalari. Fe'ldan anglashilgan ish-harakat va holatning so'zlovchi, tinglovchi yoki o'zgaga tegishli ekanini bildurvchi qo'shimchalarga shaxs-son qo'shimchalari deyiladi. So'zlovchi 1- shaxs, tinglovchi 2-shaxs, o'zga 3-shaxs hisoblanadi: men keldim, sen kelding, u keldi; biz keldik, siz keldingiz, ular keldilar.

54.      Ravish. Qanday?, qancha?, qachon? so'roqlariga javob bo'lib, harakatning holati, o'rin, payt, sabab, daraja-miqdorini bildirgan so'zlar ravish sanaladi. Ravish, asosan, fe'lga bog'lanadi va ko'proq hol vazifasida keladi.

55.      Yordamchi so'zlar. Biror so'roqqa javob bo'lmay, gap yoki gap bo'laklarini bir-birga bog'lash yoki ularga qo'shimcha ma'no yuklash uchun xizmat qiladigan so'zlarga yordamchi so'zlar deyiladi. Bog'lovchi, ko'makchi va yuklamar yordamchi so'zlardir.

56.      Bog'lovchi. Uyushiq bo'laklarni va qo'shma gap tarkibidagi sodda gaplarni bir-birga bog'lash uchun xizmat qiladigan yordamchi so'zlar bog'lovchi sanaladi. Bog'lovchi gap bo'lagi vazifasida kelmaydi.

57.      Ko'makchi. Otlarning boshqa so'zlarga tobe bog'lanishi uchun xizmat qiladigan so'zlarga ko'makchilar deyiladi. Ko'makchilar ko'pincha otlarni fe'lga bog'lab keladi. Masalan: Shahar tomon ketdi. Daryo bo'ylabyurdi. Ba'zan otni ot, sifat va ravishlarga tobelantirib bog'laydi. Masalan: Ona kabi mehribon. Halimdan ko'ra katta.

58.      Yuklama. Ayrim gap bo'lagi yoki butun gapning mazmuniga qo'shimcha ma'no yuklash uchun xizmat qiluvchi yordamchi so'zlarga yuklama deyiladi. Yuklamalar so'z-yuklamar va qo'shimcha- yuklamarga bo'linadi. So'z-yuklamalar o'zi qo'shilayotgan so'zdan doimo ajratib yoziladi. Qo'shimcha-yuklamalar esa o'zi qo'shilayotgan so'zga qo'shib yoki undan chiziqcha bilan ajratib yoziladi. -mi, -oq (-yoq), -gina(-kina, -qina) yuklamari o'zi qo'shilayotgan so'zga qo'shib yoziladi. Masalan: Keldimi?, Senmi?, keliboq, kelsayoq, sengina kabi. -chi, -u (-yu), -a(-ya), -da yuklamari o'zi qo'shilayotgan so'zdan chiziqcha bilan ajratib yoziladi. Masalan: Sen-chi? Ayt-chi? Keldi-yu, ketdi. Borgin-a?

59.      Undov va taqlid so'zlar. So'zlovchining his-hayajonini, shuningdek, hayvon-parrandalarni biror harakatga undashni ifodalovchi so'zlarga undov so'zlar deyiladi: hoy, ey, obbo. Inson, hayvon va narsalarning tovushlariga taqlid ifodalovchi so'zlar taqlid so'zlar hisoblanadi: miyov-miyov, qag'- qag'.

60.      So'zlarning tuzilishiga ko'ra turlari. So'zlar tuzilishiga ko'ra sodda, qo'shma, juft va takroriy

so'zlarga bo'linadi.

61.      Qo'shma so'zlar. Ikki yoki undan ortiq asoslardan tashkil topib, bitta so'roqqa javob bo'lgan so'zlar qo'shma so'zlar deyiladi. Masalan: otquloq, har qachon, muzyorar, sotib olmoq, jigarrang, tamom bo'lmoq, mehnat qilmoq.

62.      Qo'shma so'zlar imlosi. Qo'shma fe'l va qo'shma sonlar ajratib yoziladi. Qo'shma so'zlar yozilishiga ko'ra ikki xil bo'ladi: 1) qo'shib yoziladigan qo'shma so'zlar; 2) ajartib yoziladigan qo'shma so'zlar. Birinchi so'zi bir, har, hech olmoshlari bo'lgan qo'shma sonlar doimo ajratib yoziladi. Birpas, biroz kabi ayrim so'zlar bundan mustasno. Qo'shma so'zlarning katta qismi qo'shib yoziladi.

63.      Juft so'zlar va ularning imlosi. Ma'nosi bir-biriga yaqin yoki qarama-qarshi ma'noli ikki asosning qo'shiluvidan tashkil topgan so'zlarga juft so'zlar deyiladi. Juft so'zlar asoslari chiziqcha bilan ajratib yoziladi. Agar juft so'zlar -u, -yu yuklamari bilan bog'lansa, birinchi so'zdan chiziqcha bilan ajratib yoziladi. Masalan: kecha-yu kunduz, past-u baland, osh-u non.

64.      Takror so'zlar va ularning imlosi. Bir asosning ikki marta takrorlanishidan hosil bo'lgan so'zlarga takroriy so'zlar deyiladi: gurs-gurs, tez-tez, uzun-uzun, katta-katta.

65.      Tilshunoslik va uning bo'limlari. Til o'z ichki tuzilishiga ega. Tilning shu ichki tuzilishidan qaysisini o'rganishga ko'ra tilshunoslik fani ham bir necha bo'limlarga bo'linadi. Tilning tovush tuzilishi fonetika bo'limida, harflar tizimi esa grafika bo'limida o'rganiladi. So'z va uning ma'nolari leksikologiya bo'limida, so'z turkumlari morfologiya bo'limida, gap va gapda so'zlarning bog'lanishi sintaksis bo'limida o'rganiladi. Shunday qilib, tilshunoslik fonetika (grafika), leksikologiya, morfologiya va sintaksis bo'limlarining uzviy bog'liqligidan iboratdir.

66.      Fonetika va grafika. Og'zaki nuqtning tovush tizimini o'rganadigan tilshunoslik bo'limi fonetika, yozma nuqtning harflar tizimini o'rganadigan tilshunoslik bo'limi esa grafika deyiladi. Fikrimizni boshqalarga tovushlar vositasida so'zlash va harflar vositasida yozish orqali bayon qilamiz. So'zlash va yozish orqali ma'lum fikr bayon qilishimiz nutq hisoblanadi. Nutq ikki yo'l bilan amalga oshiriladi. Tovushlar zanjiri asosida bayon qilingan nutq og'zaki nutq, harflar ketma-ketligi asosida bayon qilingan nutq esa yozma nutq sanaladi.

67.      Nutq tovushi va harf. Og'zaki nutqning eng kichik, boshqa mayda bo'lakka bo'linmaydigan qismi nutq tovushi deyiladi. Tovushning yozuvdagi ifodasiga harf deyiladi. Bir tovush bir harf bilan ham, ikki harf bilan ham ifodalanishi mumkin: v, a, d, o harflari bir tovushni ifodalasa, sh, ch, ng singarilarda ikki harf bir tovushni ifodalaydi.

68.      Unli tovushlar. Tovushlar o'pkadan chiqayotgan havoning og'iz bo'shlig'ida to'siqqa uchrashi yoki uchramasligiga ko'ra ikki turli bo'ladi: unli tovushlar va undosh tovushlar. O'pkadan chiqayotgan havo og'iz bo'shlig'ida hech qanday to'siqqa uchramay chiqishi natijasida hosil bo'ladigan tovushlar unli tovushlar deyiladi. Tilimizda oltita unli tovush bor: a, o, e, o', u, i.

69.      Undosh tovushlar. O'pkadan chiqayotgan havo og'iz bo'shlig'ining ma'lum bir joyida yoki bo'g'zida to'siqqa uchrashidan hosil bo'lgan tovushlar undosh tovushlar sanaladi. Tilimizda 24 ta undosh tovush bor: b, v, g, d, z, j, dj, y, k, l, m, n, p, r, s, t, f, x, ch, sh, q, g', h, ng.

70.      Nutq a'zolari. Nutq tovushlarini hosil qilishda ishtirok etadigan inson a'zolariga nutq a'zolari deyiladi. Nutq a'zolariga o'pka, bo'g'iz, tovush paychalari, og'iz bo'shlig'i, til, lablar, tishlar va burun bo'shlig'i kiradi. Qaysi nutq a'zosi ishtirok etishiga ko'ra nutq tovushlari: lab (b, p, m, v, f), til (t, l, s, z, d, sh, j, dj, n, r), til o'rta (y), til orqa (g, k, ng), chuqur til orqa (q, g', x) tovushlari va bo'g'iz (h) tovushi singari guruhlarga bo'linadi.

71.      Lab tovushlari. Talaffuzda lab ishtirok etgan tovushlar lab tovushlari deyiladi. Lab tovushlariga b, m, p, v, f undoshlari kiradi. Ular ikkiga bo'linadi: lab-lab undoshlari - m, b, p; lab-tish undoshlari - v, f.

72.      Til tovushlari. Tilning tish va tanglayga tegishidan hosil bo'lgan tovushlarga til tovushari deyiladi. Til tovushlariga t, d, s, z, ch, j, dj, sh, l, r, n, y, g, k, ng, q, g', x undoshlari kiradi. Til qismlarining harakatiga ko'ra til tovushlari to'rtga bo'linadi. 1. Til oldi undoshlari: t, d, s, z, ch, dj, j, sh, l, r, n. 2. Til o'rta undoshi:y. 3. Til orqa undoshlari: g, k, ng. 4. Chuqur til orqa undoshlari: q, g', x.

73.      Burun tovushlari. To'siqqa uchragan havoning burun orqali o'tishidan hosil bo'lgan tovushlar burun tovushlari deyiladi. Burun tovushlariga m, n, ng undoshlari kiradi.

74.      Bo'g'iz undoshi. O'pkadan chiqayotgan havoning bo'g'izda qisilishidan hosil bo'lgan tovushga bo'g'iz tovushi deyiladi. Bo'g'iz tovushiga h undoshi kiradi.

75.      Nutq tovushlarining ma'no farqlash vazifalari. Nutq tovushlarining asosiy vazifasi so'zlarning ma'nolarini farqlashdir.

Report Page