O'ZBEK TILI QOIDALARI 2-QISM
TRENING ADMIN1-QISMNI KO'RISH UCHUN MANZIL
https://telegra.ph/Ozbek-tili-qoidalari-1-qism-09-30
32. Qo'shma gap. Ikki va undan ortiq sodda gaplarning birikuvidan hosil bo'lgan gap qo'shma gap hisoblanadi. Qo'shma gapni tashkil etgan sodda gaplar bir-biri bilan va, ammo, lekin, chunki, negaki kabi bog'lovchilar hamda ohang yordamida bog'lanadi. Yozuvda ammo,lekin, biroq, chunki, negaki bog'lovchilaridan oldin vergul qo'yiladi. Ohang yordamida bog'langan sodda gaplar bir-biridan, asosan, vergul yoki tire bilan ajratiladi. Masalan: Biz baxtiyormiz, chunki yurtimiz ozod. Yurt tinch - sen tinch.
33. Ko'chirma gaplar. Birovning aynan keltirilgan gapi ko'chirma gap deyiladi. Ko'chirma gap doimo so'zlovchi gapi bilan birga keladi. So'zlovchi gapi muallif gapi hisoblanadi. Ko'chirma gap bilan muallif gapi birikib ko'chirma gapli qo'shma gapni hosil qiladi. Yozuvda ko'chirma gap qo'shtirnoq ichiga olinadi.
34. Ko'chirma gaplarda tinish belgilarining ishlatilishi. Muallif gapi ko'chirma gapdan oldin kelganda, tinish belgilarining ishlatilishi. Ko'chirma gap muallif gapidan oldin, uning o'rtasida, oxirida, ikki chekkasida kelishi mumkin. Shunga ko'ra yozuvda ular orasida turlicha tinish belgilari ishlatiladi. Muallif gapi ko'chirma gapdan oldin kelsa, undan so'ng ikki nuqta qo'yiladi, ko'chirma gap qo'shtirnoqqa olinib, bosh harf bilan yoziladi. Masalan: Xalqimiz shunday deydi: "Hunar - zar, hunarsiz - xor". Ko'chirma gap so'roq yoki his-hayajon gap bo'lsa, qo'shtirnoq yopilishidan oldin so'roq yoki undov belgisi qo'yiladi. Masalan: Men undan so'radim: "Mehringni qo'yib, bunchalar saralab gul terding kimga?" Bulbul der: "Ochil g'uncha!" Ko'chirma gap darak bo'lsa, qo'shtirnoqdan so'ng nuqta qo'yiladi. Masalan: Donolar deydi: "Aql boylikbilan o'lchanmas".
35. Muallif gapi ko'chirma gapning boshqa o'rinlarida kelganda, tinish belgilarining ishlatilishi. Muallif gapi ko'chirma gapdan keyin, uning o'rtasida yoki ko'chirma gap muallif gapining o'rtasida kelsa, tinish belgilari quyidagicha ishlatiladi: Misollar: 1. "Aqlli kishi sabr etar har nafas", - deydi Sa'diy Sheroziy. 2. "Jaholat - o'lim, - deb aytadi Nosir Xisrav, - bilim esa tiriklikdir". 3. Alisher Navoiy: "Oz-oz o'rganib dono bo'lur, Qatra-qatrayig'ilib daryo bo'lur", - deb aytgan edi. Ko'chirma gapli qo'shma gap tuzilishini quyidagicha ifodalash mumkin. M: "K". "K", - m. "K, - m, -k". M: "K", -m. M, m belgilari muallif gapini, K,kbelgilari ko'chirma gapni ifodalash uchun qo'llanilgan.
36. Dialog va ularda tinish belgilarining ishlatilishi. Ikki kishi o'rtasidagi suhbat dialog sanaladi. Dialogdagi har bir gap tire bilan boshlanadi. Bir kishining nutqi monolog sanaladi.
37. So'z turkumlari. Mustaqil va yordamchi so'zlar. Biror so'roqqa javob bo'lib, ko'pincha atash ma'nosini bildiruvchi, gapda ma'lum bir gap bo'lagi yoki undalma vazifasida keladigan so'zlar mustaqil so'zlar sanaladi. So'roqqa javob bo'lmaydigan, atash ma'nosini bildirmaydigan so'zlarga yordamchi so'zlar deyiladi.
38. Ot. Shaxs, narsa-buyum, joy nomlarini bildirib, kim?, nima?, qayer? so'roqlariga javob bo'luvchi mustaqil so'zga ot deyiladi. Otlar son, egalik va kelishik qo'shimchalari bilan qo'llaniladi. Gapda otlar bosh va ikkinchi darajali bo'lak, shuningdek, undalma vazifasida keladi. Otlar birlik va ko'plik sonda qo'llaniladi. Ko'pli otlarga -lar qo'shimchasini qo'shish bilan hosil bo'ladi. Masalan: bola - birlik sonda, bolalar - ko'plik sonda.
39. Turdosh va atoqli otlar. Bir turdagi narsa-buyumning nomini bildirgan otlar turdosh ot deyiladi. Masalan: qishloq, choynak, aka, daraxt. Ayrim shaxs yoki narsa-buyumga atab qo'yilgan nomlar atoqli ot deyiladi. Kishilarning ismi, familiyasi, joy hamda hayvonlarga atab qo'yilgan nomlar, gazeta, jurnal, kitob, tarixiy voqea kabilarning nomlari atoqli otlardir. Masalan: Toshloq tumani, Mustaqillik kuni, "Gulxan" jurnali, Olapar. Atoqli otlar doimo bosh harf bilan yoziladi. Kitob, gazeta, jurnal, kinofilm, binolar hamda tashkilotga qo'yilgan nomlar qo'shtirnoq ichiga olinadi. Ammo shahar, kinoteatr, jamoa xo'jaligi kishilar nomiga qo'yilgan bo'lsa, qo'shtirnoq ishlatilmaydi. Ularda nomidagi, nomli so'zlari qo'llaniladi.
40. Kelishik qo'shimchalari. Otlarga qo'shilib, ularni o'zidan keyin kelgan boshqa so'zlarga tobelashtirib bog'lab keladigan qo'shimchalarga kelishik qo'shimchalari deyiladi. Tilimizda 6 ta kelishik mavjud bo'lib, ulardan beshtasining qo'shimchasi bor: 1) bosh kelishik (-); 2) qaratqich kelishigi (-ning); 3) tushum kelishigi (-ni); jo'nalish kelishigi (-ga, -ka, -qa); 5) o'rin-payt kelishigi (-da); 6) chiqish kelishigi (-dan).
41. Egalik qo'shimchalari. Otlarning uch shaxsdan biriga qarashli ekanini bildirgan qo'shimchalarga egalik qo'shimchalari deyiladi. Egalik qo'shimchasi qo'shilgan ot, albatta, o'zidan oldingi otning qaratqich kelishigida kelishini talab qiladi: (mening) kitobim, kitobing, kitobi; kitobimiz, kitobingiz, kitoblari.
42. K va q undoshlari bilan tugagan otlarga egalik qo'shimchlari qo'shilganda, qanday eshitilsa, o'shanday yoziladi. Ya'ni k undoshi g tovushiga, q undoshi g' tovushiga o'zgaradi. Masalan: tuproq - tuprog'i, terak - teragi. Ayrim so'zlarda bunday o'zgarish yuz bermaydi. Masalan: huquq - huquqi, idrok - idroki.
O'g'il, burun kabi otlarga egalik qo'shimchasi qo'shilganda, ikkinchi bo'gindagi i yoki u unlisi tushib qoladi va o'g'li, burni kabi yoziladi.
43. Sifat. Qanday?, qanaqa? so'roqlariga javob bo'lib, narsa-buyumning belgisini bildirgan so'zlarga sifat deyiladi. Belgi deganda, rang-tus, maza-ta'm, shakl-hajm, xil-xususiyat kabilar tushuniladi. Sifat gapda aniqlovchi, hol yoki kesim bo'lib keladi. Sifat gapda otga bog'lansa, aniqlovchi, gapning oxirida kelsa, kesim vazifasini bajaradi. Masalan: Bu ko'rkam bino - kasb-hunar kolleji. Bu gullar xushbo'y.
44. Sifat darajalari. Muayyan bir belgining ortiq-kamligi jihatidan farqlanishi sifat darajasi deyiladi. Sifatlarda to'rtta daraja bor: oddiy daraja, qiyosiy daraja, orttirma daraja, ozaytirma. Narsalar orasidagi belgi o'zaro taqqoslanmasa oddiy daraja deyiladi. Masalan: yuksak, uzun, hushyor, kalta. Bir narsadagi belgining boshqalariga nisbatan ortiq yoki kamligi qiyosiy daraja deyiladi. Qiyosiy daraja oddiy darajadagi sifatga -roq qo'shimchasini qo'shish bilan hosil bo'ladi. Masalan: yuksakroq, uzunroq, hushyorroq, kaltaroq. Belgining bir narsadan boshqalariga nisbatan eng ko'p ekani orttirma daraja deyiladi. Orttirma daraja eng, juda, nihoyat kabi so'zlar bilan hosil bo'ladi. Masalan: eng yuksak, juda uzun. Belgining bir narsadan boshqalariga nisbatan bir qadar kam ekani ozaytirma daraja deyiladi. Ozaytirma daraja sal, biroz, xiyla, nim kabi so'zlar bilan hosil bo'ladi. Masalan: biroz yuksak, sal uzun.
45. Son. Qancha?, necha?, nechanchi? so'roqlariga javob bo'lib, narsalarning son-sanog'ini va tartibini bildirgan so'zlarga son deyiladi. Sonlar ikkiga bo'linadi: 1) miqdor sonlar; 2) tartib sonlar. Qancha?, necha? so'roqlariga javob bo'lgan sonlar miqdor sonlar, nechanchi? so'rog'iga javob bo'lgan sonlar tartib sonlar hisoblanadi. Son gapda otga bog'lansa, aniqlovchi, fe'lga bog'lansa hol, gapning oxirida kelsa, kesim vazifasini bajaradi. Masalan: Sinfimizda yigirma besh o'quvchi bor. U olmadan beshta oldi. O'nning yarmi - besh.
46. Sonlarning yozilishi. Ikki, olti, yetti sonlariga jamlikni bildiruvchi -ov, -ala qo'shimchalari qo'shilsa, asos oxiridagi i unlisi tushib qoladi: Ikkala, oltov, yettov. Tartib sonlar arab raqam bilan yozilsa, -nchi, -inchi qo'shimchalari o'rniga chiziqcha qo'yiladi: 2002-yil, 22-dekabr, 5-sinf, 6-qavat. Tartib sonlar rim raqamlari bilan yozilsa, bu qo'shimchalar o'rniga chiziqcha qo'yilmaydi: IX sinf, XXI asr. Bir so'ziga -ta qo'shimchasi qo'shilsa, bitta deb aytiladi va yoziladi.
47. Olmosh. Ot, sifat, son va boshqa so'zlar o'rnida qo'llanilib, ularga ishora qiluvchi so'zlar olmosh hisoblanadi. Olmoshlar qaysi so'z o'rnida qo'llanilsa, o'sha so'zning so'rog'iga javob bo'ladi. Men, sen kishilik olmoshlariga qaratqich va tushum kelishigi qo'shimchalari hamda -niki qo'shimchasi qo'shilsa, bir n undoshi tushib qoladi: Men+ning-mening, sen+niki-seniki. U, bu, shu, o'sha olmoshlariga jo'nalish, o'rin-payt, chiqish kelishigi qo'shimchalari hamda -ga, -dek, -day qo'shimchalari qo'shilsa, n undoshi orttiriladi: unga, shunda, bunda, shunday.
48. Fe'l. Nima qilmoq?, nima bo'lmoq? so'roqlariga javob bo'lib, harakat-holatni bildiruvchi so'zlarga fe'l deyiladi. Fe'llar zamon, shaxs-son, bo'lishli-bo'lishsizlik ma'nolari va bu ma'nolarni ifodalovchi qo'shimchalarga ega bo'ladi. Masalan: yozmadim so'zida -ma qo'shimchasi bo'lishsizlik, -di qo'shimchasi zamon, -m qo'shimchasi esa shaxs-son ma'nolarini bildiradi.
49. Fe'l zamonlari. Fe'ldan anglashilgan harakat-holatning nutq so'zlanib turgan paytga munosabati fe'l zamonlari, shunday ma'noni ifodalovchi qo'shimchalar esa zamon qo'shimchalari deyiladi. Fe'llarda uchta zamon bor: 1) o'tgan zamon; 2) hozirgi zamon; 3) kelasi zamon. Bu uch xil ma'no maxsus qo'shimchalar yordamida ifodalanadi va ular zamon qo'shimchalari hisoblanadi.
50. O'tgan zamon. -di, -ib (fe'l unli bilan tugasa -b),- gan edi, -gan ekan qo'shimchalari bilan kelib, ish- harakatning va holatning nutq jarayonidan oldin sodir bo'lganini yoki bo'lmaganini bildirgan fe'llarga o'tgan zamon fe'llari deyiladi. O'tgan zamon fe'llari uchala shaxsda tuslanadi. Masalan: bordim, bording, bordi; bordik, bordingiz, bordi (-lar).
51. Hozirgi zamon: -yap, -(a)yotir, -moqda (kelyapman, kalayotirman, kelmoqdaman) qo'shimchalari bilan kelib, ish-harakat va holatning nutq jarayonida yuz berayotgani yoki bermayotganini bildirgan fe'llarga hozirgi zamon fe'llari deyiladi.
52. Kelasi zamon. -a/-y, -(a)r, -ajak, -moqchi (boraman, o'qiyman, kelarman, yozajakman, yozmoqchiman) qo'shimchalari bilan kelib, ish-harakat va holatning nutq jarayonidan keyin yuz berishi yoki bermasligini bildirgan fe'llarga kelasi zamon fe'llari deyiladi.
53. Shaxs-son qo'shimchalari. Fe'ldan anglashilgan ish-harakat va holatning so'zlovchi, tinglovchi yoki o'zgaga tegishli ekanini bildurvchi qo'shimchalarga shaxs-son qo'shimchalari deyiladi. So'zlovchi 1- shaxs, tinglovchi 2-shaxs, o'zga 3-shaxs hisoblanadi: men keldim, sen kelding, u keldi; biz keldik, siz keldingiz, ular keldilar.
54. Ravish. Qanday?, qancha?, qachon? so'roqlariga javob bo'lib, harakatning holati, o'rin, payt, sabab, daraja-miqdorini bildirgan so'zlar ravish sanaladi. Ravish, asosan, fe'lga bog'lanadi va ko'proq hol vazifasida keladi.
55. Yordamchi so'zlar. Biror so'roqqa javob bo'lmay, gap yoki gap bo'laklarini bir-birga bog'lash yoki ularga qo'shimcha ma'no yuklash uchun xizmat qiladigan so'zlarga yordamchi so'zlar deyiladi. Bog'lovchi, ko'makchi va yuklamar yordamchi so'zlardir.
56. Bog'lovchi. Uyushiq bo'laklarni va qo'shma gap tarkibidagi sodda gaplarni bir-birga bog'lash uchun xizmat qiladigan yordamchi so'zlar bog'lovchi sanaladi. Bog'lovchi gap bo'lagi vazifasida kelmaydi.
57. Ko'makchi. Otlarning boshqa so'zlarga tobe bog'lanishi uchun xizmat qiladigan so'zlarga ko'makchilar deyiladi. Ko'makchilar ko'pincha otlarni fe'lga bog'lab keladi. Masalan: Shahar tomon ketdi. Daryo bo'ylabyurdi. Ba'zan otni ot, sifat va ravishlarga tobelantirib bog'laydi. Masalan: Ona kabi mehribon. Halimdan ko'ra katta.
58. Yuklama. Ayrim gap bo'lagi yoki butun gapning mazmuniga qo'shimcha ma'no yuklash uchun xizmat qiluvchi yordamchi so'zlarga yuklama deyiladi. Yuklamalar so'z-yuklamar va qo'shimcha- yuklamarga bo'linadi. So'z-yuklamalar o'zi qo'shilayotgan so'zdan doimo ajratib yoziladi. Qo'shimcha-yuklamalar esa o'zi qo'shilayotgan so'zga qo'shib yoki undan chiziqcha bilan ajratib yoziladi. -mi, -oq (-yoq), -gina(-kina, -qina) yuklamari o'zi qo'shilayotgan so'zga qo'shib yoziladi. Masalan: Keldimi?, Senmi?, keliboq, kelsayoq, sengina kabi. -chi, -u (-yu), -a(-ya), -da yuklamari o'zi qo'shilayotgan so'zdan chiziqcha bilan ajratib yoziladi. Masalan: Sen-chi? Ayt-chi? Keldi-yu, ketdi. Borgin-a?
59. Undov va taqlid so'zlar. So'zlovchining his-hayajonini, shuningdek, hayvon-parrandalarni biror harakatga undashni ifodalovchi so'zlarga undov so'zlar deyiladi: hoy, ey, obbo. Inson, hayvon va narsalarning tovushlariga taqlid ifodalovchi so'zlar taqlid so'zlar hisoblanadi: miyov-miyov, qag'- qag'.
60. So'zlarning tuzilishiga ko'ra turlari. So'zlar tuzilishiga ko'ra sodda, qo'shma, juft va takroriy
so'zlarga bo'linadi.
61. Qo'shma so'zlar. Ikki yoki undan ortiq asoslardan tashkil topib, bitta so'roqqa javob bo'lgan so'zlar qo'shma so'zlar deyiladi. Masalan: otquloq, har qachon, muzyorar, sotib olmoq, jigarrang, tamom bo'lmoq, mehnat qilmoq.
62. Qo'shma so'zlar imlosi. Qo'shma fe'l va qo'shma sonlar ajratib yoziladi. Qo'shma so'zlar yozilishiga ko'ra ikki xil bo'ladi: 1) qo'shib yoziladigan qo'shma so'zlar; 2) ajartib yoziladigan qo'shma so'zlar. Birinchi so'zi bir, har, hech olmoshlari bo'lgan qo'shma sonlar doimo ajratib yoziladi. Birpas, biroz kabi ayrim so'zlar bundan mustasno. Qo'shma so'zlarning katta qismi qo'shib yoziladi.
63. Juft so'zlar va ularning imlosi. Ma'nosi bir-biriga yaqin yoki qarama-qarshi ma'noli ikki asosning qo'shiluvidan tashkil topgan so'zlarga juft so'zlar deyiladi. Juft so'zlar asoslari chiziqcha bilan ajratib yoziladi. Agar juft so'zlar -u, -yu yuklamari bilan bog'lansa, birinchi so'zdan chiziqcha bilan ajratib yoziladi. Masalan: kecha-yu kunduz, past-u baland, osh-u non.
64. Takror so'zlar va ularning imlosi. Bir asosning ikki marta takrorlanishidan hosil bo'lgan so'zlarga takroriy so'zlar deyiladi: gurs-gurs, tez-tez, uzun-uzun, katta-katta.