OSHKORA QOTILLIK
MUTOLAA | BLOGAvvalgi qismi
II-qism
Tong g‘irashirasida, yepiskop kelayotgan kema gurullab ovoz berayotgan chog‘da, Santyago Nasar kattakatta odimlab uyidan chiqqan. Divina Flor eshikni ochish niyatida oldinga chopgan; uni yonlab o‘taman deb, oshxonadagi qush qafaslariga urilasurila, chetandan to‘qilgan jihozlar va qirqquloq butalari oralab ko‘cha eshik tomon oshiqqan, ammo lo‘kidonni tushirishi bilanoq Santyago Nasar qizning yoniga yetib kelgan va u qirg‘iy panjasida qolgan. «U meni qiynadi, – dedi menga Divina Flor. – Ko‘pincha u meni xilvatda yolg‘iz tutib, bag‘riga bosardi; lekin o‘sha kuni avvalgiday hadiksiramasdim, bezillamasdim, balki dahshat vahmidan bo‘zlagim kelardi». Qiz uning bag‘ridan bo‘shalib, nari surilib, ochiq eshikdan uni o‘tkazib yubordi va tashqarida, maydonda qorday oppoq gullagan, sahar yog‘dulari ichra shaffof porlab turgan bodom daraxtlariga ko‘zi tushdi, kamoli hayajonlanganidan boshqa yoqqa nazar solishga madori yetmadi. «O‘shanda kemaning tovushi tinib, xo‘rozlar qichqira boshlagandi, – davom etdi Divina Flor. – Xo‘rozlar ovozi shunday kuchli, quloqni kar qilgudek shovqinli ediki, shahrimizda parranda shunchalik ko‘pligini aqlimga sig‘dirolmay, bu xo‘rozlar yepiskop bilan kemada olib kelingandir, deb o‘yladim». Guvoh Plasida Lineroning yozg‘irishicha, oqsoch qiz o‘ziga hech qachon nasib etmaydigan bu yigitga qilishi lozim bo‘lgan birdan bir yaxshilik – lo‘kidonni solmay, eshikni ochiq qoldirish edi; shunda u, asqatgan taqdirda, darrov uyga kirib, xavfdan qutular edi. Noma’lum kimsa – uning shaxsini aniqlay olishmagan – ostonaga xat tashlab ketgan, unda Santyago Nasar suiqasddan boxabar etilib, uni kimlar, qachon va qayerda o‘ldirmoqchiligi batafsil ko‘rsatilgan. Santyago Nasar uydan chiqayotganda ham maktub yerda yotgan, ammo yigit payqamagan; unga Divina Florning ham ko‘zi tushmagan, umuman, xatga hech zot e’tibor bermagan, odamkushlik amalga oshirilgach, anchadan keyingina uni ko‘rishgan.
Soat olti, ko‘chalarda chiroqlar hamon yoniq. Bodom shoxlarida, ba’zi uylar peshayvonida to‘y munosabati bilan osilgan, rangin qog‘ozlardan yasalgan gulchambarlar sollanadi, dabdurustdan ko‘rgan kishi gulchambarlarni yepiskop sharafiga osilibdi, deb o‘ylashi mumkin. Ibodatxona ayvoniga tutash, to‘rtburchak tosh yotqizilgan maydon sahnida mashshoqlarga mo‘ljallab taxtasupa yasalgandi, supa kechagi sayldan keyin bo‘sh shishalaru turli nishxo‘rt – chiqindiga to‘la axlatxonaga aylangandi. Santyago Nasar ko‘chaga chiqqanda, kema ovozini eshitib, bir necha kishi bandargoh tomon chopib ketayotgandi.
Maydondagi barcha mahkamalaru uylarning eshigi berk, faqat cherkov yaqinidagi sut do‘konigina ochiq, Santyago Nasarni so‘yishga qasd etganlar uni xuddi o‘sha yerda poylashayotgan edi. Uni dastlab sut sotuvchi xotin Klotilde Armenta ko‘rgan, tonggi tiniq shu’lalarda yigitning oppoq kiyimi unga alyumindan tikilganday tuyilgan. «U ko‘zimga oqyaltiroq libos kiygan arvohday ko‘rindi», – dedi u menga. Qasoskorlar ro‘znomaga o‘rog‘liq pichoqlarini mahkam quchoqlagancha peshtaxta tagida uxlab yotishardi. Klotilde Armenta ularni uyg‘otib yuborishdan cho‘chib, nafasini yutib, damini chiqarmay lol turardi.
Qasoskorlar – egizak Pedro va Pablo Vikario – yigirma to‘rtga kirgan, birbiriga ikki tomchi suvday o‘xshash yigitlar edi. Tergovchining hisobotida: «Ko‘rinishi xunuk bo‘lsa ham, fe’li, muomalasi yaxshi ekan», – deb yozilgan. Men ham ikkovini maktabda o‘qib yurgan paytlaridan biladigan odam kabi xuddi shu gapni aytgan bo‘lardim. Ular kecha to‘yda kiyishgan, bizning Karib dengizi qirg‘oqlaridagi mazgillarda odamni birmuncha olifta va baqaloq ko‘rsatadigan qora jun kostyumlarini yechib ulgurishmagandi; o‘yinkulgi, ziyofatu ichkilikdan horigan yuzlari so‘lg‘in bo‘lsada, soqollari odatdagidayqirtishlab olingan edi. To‘y arafasidagi bazmdayoq mast bo‘lib qolgan egizaklar uch kechakunduzdirki betinim ichaverib, eshushdan ayrilib, ikkoviyam bamisoli oyparastga aylangan edi. Ular qurbonni Klotilde Armentaning sut do‘koni peshtaxtasi ostida uch soat mudrab kutgach, ilk tong nurlari osmonni yoritganda, nihoyat, jumadan beri birinchi marta ko‘zlari ilindi. Kema dastlab ovoz bergandayoq sakrab uyg‘onishdi. Santyago Nasar uydan chiqqanda esa uni ko‘rib, tamoman hushyor tortishdi. Ikkovi ham darhol qo‘llaridagi o‘rog‘lik pichoqni mahkam qisishib, taraddudlanishdi, Pedro Vikario, hatto o‘rnidan tura boshladi.
– Tangriga shak keltirmanglar, – deya bidirlab shivirladi Klotilde Armenta. – Xudo xayrlaringni bersin, jilla qursa, yepiskop hazrat ketgunicha shu ishni qilmay turinglar...
«Bu gapni Alloh ko‘nglimga solganini qaranga», – deya u keyin ham necha bor takrorlab, g‘ururlanib yurdi. Darhaqiqat, bu fikr uning kallasiga bexosdan kelib qolgan, u beixtiyor aytib yuborgan bo‘lsada, harqalay egizaklar Klotilde Armentaning so‘zidan keyin shashtlaridan tushdilar, Pedro esa yana qaytib o‘rniga o‘tirdi. Ikkovlon maydondan o‘tayotgan Santyago Nasarni kiprik qoqmay kuzatishdi. «Ular unga achinib qarashdi», – deya izoh berdi Klotilde Armenta. Shu asnoda maydonni cherkov maktabining bir guruh talaba qizlari betartib ravishda kesib o‘tishgan.
Plasida Linero bilib aytgan ekan: yepiskop kemadan pastga tushmadi. Bandargohda shahar ma’murlari va o‘quvchi bolalardan tashqari sonsanoqsiz olomon to‘plangandi; har joyhar joyda savatu kajavalardan hazratga atalgan xo‘rozlar boshini chiqarib, mo‘ltirab turardi: xo‘roz tojining qaynatmasi yepiskopning xush ko‘radigan taomi edi. Hadyayu tortiqlar shunchalik ko‘p yig‘ildiki, ularni langargohdan kemaga yuklansa, rosa ikki soat vaqt ketardi. Ammo kema to‘xtamadi. U daryoning qayrilishidan timsohday o‘kirib, suzib chiqishi bilanoq mashshoqlar yepiskopga bag‘ishlangan tantanali qasida kuyni jaranglatib chalib yubordilar va shu zahoti xo‘rozlar ham tomoqlarini yirtibyirtib qichqirdilar, ularga shaharda qolganlari ham jo‘r bo‘lishdi.
Bu paytga kelib g‘ildirakli, o‘tin yoqiladigan afsonaviy kemalar ko‘rinmay qolgandi, ba’zi bir suzib yurganlarida esa pianola ham, asal oyini ayshishrat bilan o‘tkaziladigan xosxonalari ham yo‘q edi; aslida, bunday almisoqdan qolgan kemachalarning oqimga qarshi suzishi nihoyatda og‘ir. Yepiskop hazratning kemasi yapyangi edi, bir emas, ikkita temir mo‘risi cho‘qqayib turardi, ularga bilaguzuk shaklida bayroq tasviri tushirilgan, ostidagi charxi va parragi tezyurar dengiz kemalariniki kabi mahobatli edi. Kemaning yuqori sahnida, shundoqqina kapitan hujrasi yonida, ispan mulozimlari davrasida oppoq kiyingan yepiskop siymosi ko‘zga tashlanadi. «Obhavo xuddi rojdestvo hayitidagiday edi», – dedi singlim Margot. Uning aytishicha, kema langargoh yonidan o‘tib borarkan, ulkan maxluqday cho‘zib bo‘kirgan, keyin qirg‘oqda, birinchi qatorda turganlar ga issiq hovur aralash suv sachratib, ustboshini shalabbo qilgan. Odamlar yepiskopni xuddi tushda ko‘rganday bo‘lishgan: kema olomon qarshisidan o‘tib borarkan, hazrat havoga qo‘lini bigiz qilgancha cho‘qinish rusumini bajo etib, beixtiyor, bee’timod, me’rovlarcha cho‘qinacho‘qina kema uzoqlashgani barobarida ko‘zdan yo‘qolgan, bandargoh cho‘chigan xo‘rozlarning qaqaqlashiyu, palapartish qichqirig‘iga to‘lib ketgan.
Santyago Nasarga aldangani alam qildi: ruhoniy Karmen Amadorning ommaviy tashviqiga uchib, uyam bir necha quchoq o‘tin, yepiskop yoqtiradigan tojdor xo‘rozning bir nechasini hazratga atagan edi, ammo u beparvo o‘tib ketdi. Lekin yigitning alami uzoqqa cho‘zilmadi. Bandargohda yonmayon turgan singlim Margot uning qo‘l siltab qo‘yganini, boshog‘riq dori kor qilmaganini, karaxtligi tarqamaganini sezgan va ko‘zlarining birdan mamnun chaqnaganidan mayxo‘rlikni yana davom ettirajagini anglagan. «U hecham shamollaganga o‘xshamasdi, faqat kechagi dang‘illama to‘y qanchaga tushganini o‘ylardi», – dedi menga singlim. Shunda Kristo Bedoyya darhol sarfxarajatlarni hisoblab, shunday raqamlarni aytdiki, og‘zimiz ochilib qoldi. Santyago Nasar, Kristo Bedoyya va men uchalamiz soat sahargi to‘rtgacha aylanib yurdik, keyin uxlagani uyiga bormasdan, buvasinikiga kirib ketdi. U buvasi va buvisi bilan laqillashib o‘tirib, to‘y xususidagi ma’lumotini yanada to‘ldirib oldi. Keyin Kristo Vedoyya to‘yda mehmonlarga atab qirqta kurka xo‘roz, o‘n bitta axta to‘ng‘iz va yana to‘rtta g‘unajin so‘yilganini bizga hisoblab berdi – kuyov ularning hammasini shundoqqina maydonda qo vurtirib, xaloyiqni siylagan. Kristo Bedoyya tag‘in ikki yuz beshta qutidagi xorijdan xufya ravishda keltirilgan may, ikki ming shisha rom olomon ichida yurib tarqatilganini ham aytdi. Xullas, to‘y emas, bayram bo‘lib ketgan, avvallari ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bu to‘kinsochin bazmda shaharchadagi odam zoti borki, bari rosa yebichgan. Santyago Nasar to‘lqinlanib, havasini yashirolmadi:
– Menam xuddi shunaqa to‘y qilaman, – dedi u. – Odamlar o‘lguncha birbirlariga gapirib yurishsin.
Shunda singlim Margotning ichidan qirindi o‘tib ketdi: u shundog‘am baxtomadi boshidan oshibtoshib yotgan Flora Migelning saodat yulduzi yanada porlashini, rojdestvo hayitida Santyago Nasar unga nasib etishini o‘ylab, hasaddan yuragi yorilayozdi. «Yigit o‘lgur bir chiroyli, eslihushli, yigirma bir yoshdayu, o‘z molmulki bor». Margot uni teztez mehmonga chaqirib turar, ayniqsa, onam go‘shtli, ko‘katli qozon somsa qilganda, jonjon deb biznikiga kelar va birga ovqatlanar edik. O‘sha kuni ham onam nonushtaga somsa yopgandi. Santyago Nasar biznikiga kirishini aytdi.
– Men uydan kiyimimni almashtirib chiqay, sizlarga yetib olaman, – dedi, so‘ng birdan soati javonchada qolganini eslab:
– Soat necha bo‘ldi? – deya so‘radi.
Oltidan yigirma besh daqiqa o‘tgandi. Santyago Nasar Kristo Bedoyyaning tirsagidan tutib, maydonga yurdi.
– O‘n besh daqiqadan keyin sizlarnikiga boraman, – dedi u singlimga.
Singlim nonushta tayyorligini aytib, hammamizni birgalikda uyga kirishimizni talab qilib turib oldi. «Uning yuzida qandaydir bir qat’iyat ifodasi bor edi, – dedi menga keyinchalik Kristo Bedoyya. – Ba’zanba’zan o‘zimcha, Margot uning o‘ldirilishidan darak topgandirki, yigitni sizlarnikiga taklif etib, jonini asramoqchi bo‘lgandir, deya o‘ylayman». Illo, Santyago Nasar singlimni kutib turmay, uyga jo‘nayverishga ko‘ndirdi, ungacha o‘zi kiyimini almashtirib, otini minib chiqajagini, tezroq qo‘rg‘onga yetib borishi kerakligini, novvoslarni bichmoqchi ekanini aytdida, Margot bilan xayrxo‘shlashib, Kristo Bedoyyani qo‘ltiqlagancha maydon tomonga yurdi. Singlim uni so‘nggi daf’a ko‘rib turardi.
Bandargohga chiqqanlarning juda ko‘pchiligi birodar Vikariolar Santyago Nasarni o‘ldirmoqchi ekanidan voqif edi. Iste’fodagi polkovnik, oliy harbiy oliy maktabini tugatgan, o‘n bir yildan beri shahar hokimi vazifasini bajarayotgan don Lasaro Aponte ham uning boshida ajal shamshiri yalang‘ochlanganini bilib turib, harbiychasiga qo‘lini siqib, indamasdan so‘rashib qo‘ya qolgan. «Men xavfxatar o‘tib ketdi, endi hech narsa bo‘lmas, deb o‘ylabman», – dedi u menga. Qavmning otasi padar Karmen Amador ham pinagini buzmagan: «Uni sog‘salomat ko‘rib, eshitganlarim shunchaki mishmish ekanda, degan xayolga bordim», – dedi u o‘zining loqaydligini oqlab.
Eng yomoni, Santyago Nasar suiqasddan ogoh etilganmiyo‘qmi, bu haqda biror inson zoti bosh qotirmagan, yigitning hech narsani bilmasligiga, g‘aflat bosganiga esa hech kim ishonmagan. Darhaqiqat, ba’zi kishilar, jumladan mening singlim Margot ham egizak qassoblar unga qasd qilganini eshitmagan. U tergovchiga shunday izoh bergan: «Agar nomiga sezib qolganimdayam, uni bo‘yniga arqon solib bo‘lsada, uyimizga sudrab olib kirardim». Bo‘lajak xunrezona jinoyatdan singlimning bexabarligi menga juda g‘alati tuyildi; bir necha yildan beri, hatto cherkovga qatnamay qo‘ygan, hamisha uyda o‘tiradigan va mishmishu duvduv gaplarni eldan burun eshitadigan onamning qulog‘iga butun xaloyiqqa ma’lum shumxabarning yetib kelmagani esa meni battar hayratga soldi. Chunki onamning quvvayi hofizasi va ko‘ngil ko‘zi judayam tiniqligini, ko‘p hodisalarni oldindan seza olishini bolaligimdan yaxshi bilardim. O‘sha paytlarda maktabga vaqtida yetib borish uchun tong qorong‘isida uyg‘oniboq, onamning rangpar, sirlisukutli yuziga ko‘zim tushardi; u sahargi g‘irashiralikda uyni supuribsidirib, keyin qahva qaynatarkan, yorug‘ dunyoda nimalar ro‘y berayotganidan gapirar, biz uning purma’no va turlituman ma’lumotga boy so‘zlarini issiqqina ko‘rpada eshitib yotardik. Nazarimda, onam bilan shahrimiz kishilarini, ayniqsa, uning quroldoshlarini ko‘rinmas, sirli, darakchi rishtalar bog‘lab turardi; gohida u xuddi folbin xotinlarday yuz berajak hodisani oldindan aytardiki, voqea ro‘y bergach, og‘zimiz ochilib qolardi. Ammo onam o‘sha kuni soat uchda paydo bo‘lib, ko‘chamako‘cha kezib yurgan falokat sharpasining tobora yaqinlashayotganini sezmagan. Yepiskopni kutishga chiqib ketayotgan singlim Margot – uning hovli sahnini supuribsidirib, somsaga qiyma chopayotganini ko‘rgan. Onam o‘sha kunni eslab: «Xo‘rozlar rosa tomoq yirtib qichqirishgandida», – dedi. Onam bandargohdan eshitilayotgan ovozlar yepiskopning tashrifi bilan bog‘liqligini tushunmagan, balki to‘ydagilarning oxirgi baqiriqchaqiriqlari, deb o‘ylagan.
Uyimiz katta maydondan ancha narida, daryo qirg‘og‘ida, so‘lim vodiy etagida joylashgan edi. Singlim Margot bandargohgacha sohil bo‘ylab piyoda borgan, aytishicha, fikri-zikri hazratning tashrifi bilan band bo‘lgan xaloyiq mayda-chuyda mishmishlarga e’tibor bermagan. Qaysiki xonadonda kasallar bo‘lsa, hammasi eshiklar oldiga olib chiqilgandi, ular, hazratning poyqadami bilan zora falak dardimizga darmon yuborar, degan umidda ostonalari yonida cho‘zilib yotishar; qo‘y yetaklagan, kurka qo‘ltiqlagan yoki allambalo yeguliklarni, narzniyozlarni bo‘xchalarga tugib olgan xotinlar hovlilaridan hovliqib chiqib, bandargohga oshiqar; daryoning u yog‘ida esa, gulchambarlar bilan bezatilgan eshkakli qayiqlar – kanoelar ohista suzib borar edi. Qirg‘oqqa oyog‘ining gardi ham tegmagan yepiskopning qorasi o‘chgach, yana bir yangi xabar tarqaldiki, olomon orasida tag‘in shovqinsuron, shovshuv gaplar avjiga mindi. Singlim ana shunda bor gapni birdaniga eshitgan va janjalning tagiga yetgan: kechagi shohona to‘ydan so‘ng kelinposhsha Anxela Vikarioni onasining uyiga qaytarib keltirib qo‘yishibdi, inchunun, kuyovning shahodaticha, u juvon chiqibdi. «Xuddi jonim halqumimga kelib qolganday behol bo‘ldim, – dedi singlim Margot. – Odamlar qanchalik og‘iz to‘ldirib g‘iybat qilishmasin, hech bir kimsa bechora Santyago Nasarning bu ishlarga qanday aralashib qolganini izohlab berolmasdi». Binobarin, Anxela Vikarioning akalari uni o‘ldirmoqqa qasdlangani hammaga ma’lum edi.