OSHKORA QOTILLIK
MUTOLAA | BLOG1-qism
...Ko‘p yillar mobaynida biz faqat o‘sha voqea xususida gapirib yurdik. O‘sha mash’um kungacha har birimiz o‘zimizcha yashab, peshonamizdagini ko‘rib kelayotgandik, hammaning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solgan o‘sha hodisa esa fikr-zikrimizni o‘z komiga tortdi, go‘yo har yoqda sochilib oqayotgan umrimiz irmoqchalari kutilmaganda o‘sha voqea girdobiga quyildi... Ommaning og‘zida shu gap, ammo biror inson zotining dilida sirni ochib, qurbonni suiqasddan ogohlantirish istagi yo‘q edi, inchunun, hech bir kishi falokat ro‘y bergach, unga nechog‘lik aloqador bo‘lmog‘i va keyin taqdiri qanday kelajagi bobida biror aniq fikrga ega emasdi.
Takabburlik bilan ham mehr-muhabbat qozonish mumkin.
© Jil Visenti*
O‘sha qotillik yuz bergan kuni tonggi kemada kelayotgan yepiskop hazratga peshvoz chiqish niyatida Santyago Nasar ertalabki soat besh yarimda uyg‘ondi. Uyg‘onishdan avval tush ko‘rdi: anjirzordan o‘tib borayotganmish, sevalab ohista yomg‘ir yog‘ayotganmish, mana shunday xush saodat ro‘yo muddatida u birmuncha o‘zini baxtiyor his qildi, ammo ko‘zini ochib, boshiga bexosdan qush axlati sochilganday, ta’bi tirriq bo‘ldi. Oradan yigirma yetti yil o‘tgach, uning onasi Plasida Linero o‘sha mash’um va musibatli dushanbani batafsil xotirlarkan: «U tushida ko‘pincha daraxtlarni ko‘rardi», – dedi menga. «O‘limidan bir hafta oldin ham tush ko‘rgandi, aytishicha, yakka o‘zi qo‘rg‘oshin qog‘ozdan yasalgan samolyotda uchganmish, uchoq bodomzorlararo parvoz qilarmishu qanotlari birortayam daraxtga urilmasmish», – qo‘shib qo‘ydi u yana. Plasida Linero o‘zgalar tushiga darrov ta’bir aytuvchi, muabbirlikda ustasi farang ayol edi, lekin u o‘z o‘g‘lining qandaydir daraxtlarga bog‘liq tushlarida ham, o‘ldirilgan kuni va undan bir hafta avval ko‘rgan tushida ham hech bir yomon alomatni sezmagandi.
Santyago Nasarning o‘ziyam falokat belgisini tuymagandi. U aslida oz uxlar, yotganida ham kiyimlarini yechmasdi. Uyqusi behalovat, yomon uxlaganidan doim ertalab boshi og‘rib uyg‘onardi. Ichida it o‘lganday og‘zidan biram qo‘lansa hid kelardiki, ko‘ngli aynib, to‘yda yarim kechagacha ichishning jazosi shuda, deya o‘zini koyib qo‘yardi. Uning ertalab oltidan besh daqiqa o‘tganda uyidan chiqqanini va rosa bir soat keyin cho‘chqaday chavaqlab tashlagunigacha ko‘rgan barcha kishilarning eslashicha, u o‘shanda yuzko‘zidan hali uyqusi o‘chmagan bo‘lsada, vaqti chog‘ odimlab borarkan, duch kelganlarga bugungi kun ochiq bo‘ladi, deya ta’kidlayvergan.
Biroq shohidlarning birortasi ham bu gapning obhavoga nechog‘lik aloqadorligini aniq, beishtiboh aytib berolmadi. Ularning ba’zisi, quyoshli kun edi, dengiz tarafdagi bananzorlardan yengil shabada esayotgandi, deyishsa, ba’zilari, aksincha, osmon tund, past, qorong‘i, rasvo kun edi, havodan achigan suv hidi anqirdi, baxtsizlik ro‘y bergan mahalda esa, ayni Santyago Nasar tushida ko‘rgan yomg‘irga o‘xshab, maydalab yomg‘ir yog‘ardi, deb tasdiqlashdi.
Men ham o‘sha kuni to‘yda tongotarga qadar maishatbozlik qilgancha, mast bo‘lib, ishqishrat ilohasi Maryam Lexandrina Servantes xonadonida ko‘zim ilingan ekan, basmabasiga chalingan jom sadolaridan uyg‘onarkanman, bu mahobatli sadolar yepiskop hazrat sharafiga yangrayapti, deya o‘yladim.
Santyago Nasar o‘sha kuni saharda oq shimini kiydi, ko‘ylagini egniga ildi, bu liboslar kechagi to‘yga kiygan ustboshi kabi ohorlanmagan edi. Illo, yepiskop hazratning tashrifi bo‘lmaganda, u odatdagi oddiy ko‘ylakshimini, suvoriy etigini kiyardi. U har dushanbada, shunday qiyofada Divano Rostro – Tangri tal’at makonidagi otameros qo‘rg‘oniga jo‘nardi. Qo‘rg‘onda otasidan qolgan molxona bor edi, bu mulkdan aytarli foyda ko‘rmasada, Santyago Nasar molholiga yaxshi qarardi. Tog‘dagi yaylovga borsa, «magnum357» to‘pponchasini beliga qistirib olardi, o‘zining aytishicha, agar to‘pponchaning og‘ir po‘lat o‘qi otga tegsa, miyasining qatig‘ini chiqarib yuborardi. Kaklik ovi mavsumida u lochinotar miltig‘ini ham olib yurardi. Bundan tashqari, javonida «malinxershyonauer30.06», «xollandmagnum300», «xornet22» kabi nishondori qo‘shdurbinli beshotarlari, ko‘po‘qli «vinchester»i saqlanardi. U otasiga o‘xshab, yostig‘i ostiga to‘pponchasini qo‘yib uxlardi; o‘sha kuni, uydan chiqishidan avval, to‘pponchadan o‘qlarni sug‘urib, qurolni karavoti yonidagi javonchaga tashlab qo‘ygan. Onasi menga: «U qurolini hech mahal o‘qlangancha qoldirmasdi», – dedi. Men buni bilardim. Shu bilan birga uning to‘pponchani alohida bir joyda, o‘qlarni boshqa yerda asrashi, biror falokat bosmasin, deya shunday qilishi ham menga ayon edi. Bu oqilona tadbir ham unga otameros edi: bir kuni xizmatkor xotin o‘rinni yig‘ayotib, yostiqni ko‘targanda to‘pponcha pastga tushib, yerga tegishi bilanoq varanglab otilib ketgan. O‘q xonadagi kiyimkechak javonini tors yorib, devorni teshib o‘tganda, chiyillaganicha qo‘shnining oshxonasi osha borib, cherkov maydonidagi sarmehrobda turgan odam bo‘yi keladigan avliyoning bo‘rdan yasalgan haykaliga tekkan va changini chiqarib yuborgan. Santyago Nasar hali u zamonlar yosh bola edi, ammo mana shu voqea unga katta saboq bo‘lgan.
Onasining eslashicha, o‘g‘li o‘sha kuni yotog‘idan shoshib vannaxonaga o‘tgan va ana shu holat volida yodida so‘nggi xotira kabi muhrlanib qolgan. U vannaxonadagi dorilar turadigan qutichadan bosh og‘rig‘ini qoldiruvchi dori qidirib paypaslanarkan, sharpadan onasi uyg‘onib ketgan. U chiroqni yoqarkan, bir qo‘lida suvli payola tutib, dori ichmoqqa taraddudlanib, eshik yonida turgan o‘g‘lini ko‘rgan. Bu holatni onaizor bir umr so‘zlabbo‘zlab yurdi. Xuddi ana o‘shanda Santyago Nasar unga ko‘rgan tushini aytgan, biroq onasi daraxtlar xususidagi iboraga e’tibor bermagan.
– Tushda qushlarni ko‘rsang, bu faqat yaxshilik alomatidir, – deya ta’kidladi u menga ham.
Men Santyago Nasar fojiasi va unga bog‘liq siniq xotirotning chilchil parchalarini topib, qaytadan butlash niyatida yana o‘sha matlub va unut go‘shaga kelganimda, Plasida Linero ancha qarib, umr shami pirpirab qolgan, jigarbandini so‘ng bor ko‘rgan to‘r belanchakda ohista tebranib yotar edi. U kuppakunduzi ham odamzod qiyofasini elaselas ilg‘ardi; ensasiga dorivor giyoh barglari ho‘llab yopishtirilgandi – o‘g‘lini oxirgi bor ko‘rganiga oid musibatli xotira boshini muttasil og‘riydigan qilib qo‘ygandi. Ayol to‘r belanchak boshidagi arqon tutqichni ushlaganicha yonboshlab yotardi, sharpamni sezgan zahoti o‘rnidan qimirlab, turishga urindi; nim qorong‘i xonadan chaqaloq cho‘qintiriladigan jomda qolgan oqava suv hidi anqirdi, bu badbo‘y o‘sha qotillik ro‘y bergan kuni tongda ham menga qattiq ta’sir qilgandi.
Meni ostonada ko‘rgani hamon ayol Santyagoni yodga oldi. «Bolaginam, xuddi shu joyda, shunday holatda turgandi o‘shanda, – dedi. – Egniga yuvilgan, ammo ohorlanmagan oq kamzul kiygandi, terisi nozik edi, ohorlangan libosni xush ko‘rmasdi». Ayol zanjabil dorisini shimigancha, xayolxonasiga kirib kelgan o‘g‘lining ketib qolishini istamaganday, to‘r belanchakda uzoq muddat o‘y surib o‘tirdi. Keyin diltang xo‘rsinib:
«U hayotimning yolg‘iz shamchirog‘i, birdan bir tayanchim edi», – dedi.
Santyago Nasar onasining yodida azobu baxtsizlik surati kabi saqlanib qolganini tasavvur etdim. Yanvarning oxirgi haftasida yigirma birga to‘lgan bu xushqad, bir oz rangpar, qoshqovog‘iyu jingalak sochlari ayni arabiy yigit quyib qo‘yganday otasiga o‘xshar edi. Yolg‘iz o‘g‘il Santyago Nasarning otaonasi moliyaviy hisobkitob rishtalarini mustahkamlash niyatida turmush qurishgan, bu yorug‘ dunyoda badbaxtligu kulfatdan boshlari chiqmagan kimsalar edi; biroq boshida otasi borligidan g‘ururlanar, o‘zini xushbaxt sanardi. Otasi uch yil avval to‘satdan qazo qilgan va onasi bilan so‘ppayib qolgach ham, mash’um dushanbada o‘ldirilgunga qadar ham u saodat nashidasini surib yurgan edi. Onasining nozikfahmliligi unga ham yuqqandi; otasi esa, unga bolaligidanoq miltiq otishni, chavandozlikni, shikor qushlari bilan ov qilishni, eng muhimi, mardlik va jasurlikni o‘rgatgandi. Otabola o‘zlaricha arab tilida so‘zlashishar, Plasida Linero yonlarida turganda suhbatdan u ham bebahra qolmasin, deya ispanchada gaplashar edilar. Bu atrofda ularning qurol ko‘tarib yurganini faqat bir gal lochin ovlangan qushlarni olomonga ko‘zko‘zlash uchun xayriya bozoriga olib kelishganini aytmasa, biron jonzot ko‘rmagan. Otasining o‘limi Santyago Nasarning o‘rta maktabni tugatib, o‘qishni davom ettirishiga yo‘l qo‘ymadi va qo‘rg‘ondagi molholga qarashga majbur bo‘ldi. U tabiatan ko‘ngli ochiq, quvnoq, xushfe’l yigit edi.
O‘sha mash’um kun onasi o‘g‘lining boshdanoyoq oppoq kiyinganini ko‘rib, bugun dushanbamasku, bolaginam kunni adashtiribdida, deb o‘ylagan. «Bugun dushanba emas, deb eslatdim ham», – dedi menga. Shunda u yangi liboslarini yepiskop tashrifi munosabati bilan kiyganini, Xudo xohlasa, hazratga yukunib, uzugini o‘pishga muyassar bo‘lish ehtimol borligini aytgan. Bu gap onasining g‘ashiga tegib:
– U kemadan pastga tushmaydi, ovora bo‘lma, – degan ona o‘g‘liga, – hamishagiday, kema sahnida turgan ko‘yi somelarni duo qiladida, yana kelgan joyiga jo‘nab ketadi. U zot shahrimizni yomon ko‘radi.
Santyago Nasar onasining gapi to‘g‘riligini bilardi, ammo cherkovning tantanali marosimi, olomonning shovshuvli taraddudi aqlhushini o‘g‘irlab qo‘ygandi. «Xuddi kinodagiga o‘xshaydi», – degan edi u menga o‘shanda. Yepiskopning tashrifi ham, xaloyiqning ommaviy ibodati ham onani qiziqtirmas, faqat o‘g‘lining ertalab yupun kiyinib, ko‘chaga chiqqaniyu, shamollab qolishidan cho‘chirdi: o‘g‘li kechasi uxlab yotganda aksa urganday tuyilgandi unga. «Bolam, soyaboningni ol», – deganda ham beparvo qo‘l siltab, xonadan chiqib ketavergandi. O‘g‘lini o‘shanda so‘nggi bor ko‘rib turishi edi.
Oshpaz xotin Viktoriya Gusmanning tasdiqlashicha, o‘sha kuniyam, butun fevral oyidayam yomg‘ir yog‘magan. «Aksincha bo‘lgandi, – dedi u bir gal, o‘limidan sal avval yo‘qlab borganimda, – erta tongdanoq quyosh qizdirar, kunlar xuddi avgustdagiday issiq edi». Santyago Nasar oshxonaga kirganda, u tushlikka pishirgani uchta quyon go‘shtini nimtalar, atrofida ochofat itlar so‘lagini oqizganicha aylanishar edi. «Ertalablari uning afti tunda ko‘z yummagan kishining yuziday horg‘in bo‘lardi», – esladi Viktoriya Gusman yigitga hamon nafrati borligini yashirmasdan. Uning qizi Divina Flor – jannat guli, endiendi ochila boshlagan gulg‘unchaday qiz – shakarsiz qahvaga rom qo‘shib, banddor piyolada Santyago Nasarga uzatdi. Odatda, u har dushanbada bu ishni takrorlar, romli qahva yigitning kechagi ichkilikbozlikdan bo‘shashib, kuchsizlangan jismu joniga mador bag‘ishlar edi. Oshxonadagi katta o‘choqda alanga chirsillab shivirlar, baland qo‘noqda tovuqlar hamon mudrashar, qisqasi, odatiy sirli hayot davom etardi. Santyago Nasar yana bir dona boshog‘riq dorini yutib, qahvani maydalab icharkan, o‘y surgan ko‘yi, toshtaxtada quyonning ichakchavag‘ini tozalayotgan ikkita jonondan ko‘z uzmay o‘tirardi. Viktoriya Gusman yoshi o‘tinqiragan bo‘lsada, hamon dilbar edi. Qizi birmuncha g‘o‘r va o‘jar ko‘rinar, yoshlik ehtirosi va jununi ko‘pirib turgan qoni tomirlariga sig‘may jo‘shib, rangiga urib, nafasini siqib qo‘yayotganday tuyilardi. Qahvadan bo‘shagan idishni olgani kelganda, Santyago Nasar uning qaynoq bilagidan mahkam tutib:
– Seni ayni jilovlab, minadigan payt keldida! – dedi qizga hirs to‘la nigohini tikib.
Viktoriya Gusman unga qon yuqi pichoqni o‘qtalib:
– Qo‘yvor uni, yaramas o‘lgur! – dedi xo‘mrayib.
– Ko‘zim ochiq ekan, bu buloqqa tumshug‘ingni tekkizolmaysan!
Ibrohim Nasar, Santyagoning otasi, Viktoriya Gusmanni qizlik mahalida avrab, buzib qo‘ygandi. Qo‘rg‘ondagi otxonada u bilan bir necha yil yashirincha uchrashib, ayshini surib yurdi va ishqi susayib, hovridan tushgach, uyiga xizmatkorlikka oldi. Divina Flor Viktoriyaning so‘nggi jazmanlaridan orttirgan tanho zurriyodi edi. Qiz ham Santyago Nasar uni bir kunmasbir kun bag‘riga bosishini, qismati qon yig‘laydigan ko‘rpa aynan shu go‘shada to‘shalishini oldindan sezib yurar, ko‘nglida o‘shanday sirli kechani istovchi mayl uyg‘ongan edi. Keyinroq uni ko‘rganimda, o‘ynashlaridan orttirgan bolalari o‘rtasida semizlikdan pishillab, g‘amgin o‘tirardi. Divina Flor menga: «Vodarig‘o, endi unday yigitni bu dunyo qayta ko‘rmaydi!» – dedi. Onasi Viktoriya Gusman esa gapini bo‘lib: «Yashshamagur otasining quyib qo‘yganday o‘zi, rasvoyi olam edi!» – dedi. U, quyonning hovuri ko‘tarilib turgan ichakchavag‘ini shartta sug‘urib olib, itga tashlaganida, Santyago Nasarning qattiq qo‘rqqanini eslarkan, ovozi titrab ketdi.
– Ko‘pam vahshiy bo‘lma, – degandi u juvonga.
– Yaxshilab bir o‘ylab ko‘r: shu quyonmas odam bo‘lsa, nima qilarding?!
Himoyasiz darrandayu parrandalarni ovlab, o‘ldirib yurgan yigitning noxos hayajonga tushganini anglaguncha Viktoriya Gusmanning umridan yigirma yil o‘tdi. «Yo Rab! – dedi o‘shanda vahimadan titrab. – Nahotki, u alomati g‘ayb, ajal elchisining daragi bo‘lgan edi!» Inchunun, qotillik ro‘y bergan o‘sha tongda, oshpaz xotin azbaroyi g‘azablanganidan Santyago Nasarning nonushtasini zaharga aylantirish uchun quyonlarning qonli ichakchavog‘ini yulibyulqib, itlarga basmabas otavergan. Alalxusus, yepiskop tushgan kemaning bandargoh tomondan quloqni qomatga keltiruvchi ovozi eshitilgach, butun shahar uyg‘onguncha ahvol shunday edi.
Nasarlarning uyi avval ikki qavatli omborxona bo‘lib, devori randalanmagan taxtalardan tiklangan, tomi ikki tarafi nishab, ruxlanmagan tunuka bilan yopilgan, tom tepasidagi kaptarxonada Xudoning yaratgan kuni o‘laksaxo‘r quzg‘unlar g‘ujg‘on o‘ynab, bandargohda yig‘ilgan axlatning to‘kilishini kutib yotishar edi. Imorat ancha eski zamonlarda, daryoda kemalar bemalol suzadigan, dengiz qayiqlari ham botqoq o‘zanni bexavotir aylanib o‘tib, shaharchaga kira oladigan paytlarda tiklangan edi. Navbatdagi ichki urushlardan biri tugaganda, arablarning so‘nggi guruhi safida bu makonga Ibrohim Nasar ham boshi og‘ib kelib qolgan, daryo o‘zanini o‘zgartirib, kemalar dengizdan bandargohga yo‘nalmay qo‘yganidan omborxonalar keraksiz makonga aylangandi. Ibrohim Nasar imoratni suv tekinga xarid qildi, asli bu yerda xorijiy mollar sotiladigan do‘kon ochishni ko‘zlagandi, afsuski, niyati amalga oshmadi. Uylanish taraddudiga tushgach, u yoqbu yog‘ini tuzatibbezatib, omborxonani uy qilib oldi. Pastki qavat mehmonxona bo‘ldi, uy orqasiga esa, to‘rtta otga mo‘ljallangan otxona va xizmatkorlar yashaydigan kulba, shuningdek, derazasi doimo ko‘lmak suv hidi kelib turadigan bandargoh tarafga qaratib oshxona qurildi. Qaysidir bir halokatga uchragan kemadan yodgor qolgan aylanma zinagina ta’mir etilmadi, imoratning boshqa hamma joyiga Ibrohim Nasar qo‘l urib chiqdi. Avval bojxona mahkamasi bo‘lgan ikkinchi qavatni ikki yotoqxonaga, tug‘ilajak bir gala bolalariga mo‘ljallangan beshta kichikkichik xonalarga aylantirdi. Bundan tashqari, pastda – maydonda o‘sgan bodom daraxtlarining naq ustida qad ko‘targan yog‘och peshayvonni ham o‘zi tikladi; eridan ajralib yolg‘iz qolgan Plasida Linero mart oqshomlarida, judolik alamini yengillatish dardida, xuddi shu peshayvonga chiqib o‘tirardi. Ibrohim Nasar binoning kungay tomonidagi ko‘cha eshikni tuzatib, ikkita oyna solinadigan ko‘z yasattirdi va girdini o‘ymagul soldirib bezatdi. U imorat ortidagi yo‘lakni ham avvalgi holicha qoldirgan, faqat eshik peshburunini sal yuqori ko‘tarib, otliq odam o‘ta olishiga moslagan, hatto eski bangargohdan ham foydalanish yo‘lini topib qo‘ygan edi. Xullasi kalom, asosan orqa eshikdan yurilardi: u orqali oshxonagayam, molxonagayam chiqilar, eng muhimi, maydonni kesib o‘tilmasada, yangi bandargohga chiqish mumkin edi. Ko‘cha eshik bayram kunlarigina ochilardi, boshqa paytda mudom tambalangan bo‘lardi. Shunga qaramay, Santyago Nasarni o‘ldirmoqqa chog‘langan qotillar serqatnov orqa eshik yonida emas, aynan shu ko‘cha eshik ro‘parasida uni poylashgan, ajal yetaklaganmi, bilmadim, u ham yo‘l aylanmaligini bilib turib, xuddi shu ko‘cha eshikdan yepiskopni kutishga oshiqqan. Shundayin mash’um, ayqashuyqash voqealar ro‘y berganki, eshitgan har qanaqa odamning aqli shoshib qoladi. Rioachadan yetib kelgan tergovchi, aftidan, biror narsani sezgan shekilli, o‘sha falokatli va uyqash hodisalarga rasman e’tibor qilmaganday tuyilsada, ularni o‘zicha sharhlashga, ta’sir etishga uringani tergovnomadagi ba’zi sahifalardan ochiqoydin ko‘rinib turardi. Guvohlar maydon yoqqa ochiladigan ko‘cha eshikni eslagan mahalda tergovchi bu tafsilotga alohida urg‘u berib, xuddi oldiqochdi asarlardagi kabi «mash’um eshik» degan iborani yozib qo‘ygan. Aslida esa, bu ajib tafsilotga oid birdan bir to‘g‘ri va diqqatga molik gapni tergovchining savollariga javob berayotib, Plasida Linero aytgan: «Mening o‘g‘lim, chiroyli kiyimini kiyganda, hech qachon ko‘chaga orqa eshikdan chiqmagan», – degan u chin onalik shahodati bilan. Bu dalolat shu qadar sodda va jo‘n ediki, tergovchi uni hoshiyaga yozib qo‘ya qolgan, sud ishi hujjatlariga kiritmagan.
Viktoriya Gusman so‘roqda: o‘laman sattor, hech narsani bilmayman, men ham, qizim ham Santyago Nasarni o‘ldirish niyatida kimlardir poylayotganidan mutlaqo bexabar edik, deya sarkashlik qildi. Biroq u, yillar o‘tgach, yigit oshxonaga qahva ichgani kirishidan avvalroq uning joniga qasd etilganidan o‘zi ham, qizi ham xabardor bo‘lganini tan olib gapirdi. Ertalab soat beshlarda sut so‘rab kirgan bir xotin ularga bor gapni, suiqasd sababini va sallohlar uni qayerda kutib turishganini aytgan. Viktoriya Gusman menga: «Bu shovshuv mastalastlarning aljirashidirda, deya o‘ylab, unga aytib o‘tirmagandim», – dedi. Divina Flor esa, uni onasi o‘lganidan keyin yo‘qlab borganimda, tong qolarli haqiqatni aytdi: «Onam ko‘nglida Santyago Nasarning o‘limini tilagani uchun ham suiqasdchilar poylayotgani xususida menga og‘iz ochmagan». O‘shanda Divina Flor harqalay yosh, diydasi qotmagan bir qiz edi, buning ustiga, azbaroyi qo‘rqqanidan o‘zicha biror tadbir ko‘rishga aqli yetmagan; yigit qo‘lidan ushlaganda esa battar vahimaga tushgan va tasavvurida uning qo‘llari murdanikiday sovuq, toshday qattiq tuyilgan.
---------------
* Jil Visenti – taxminan 1470–1536 yillarda yashagan portugaliyalik atoqli dramanavis va hajvchi shoir.