Ming kitobning ming bir azobi
Insayder1000Kitob loyihasi so'nggi yillarda yuzaga chiqqan eng manfaatli tashabbus bo'lgan bo'lsa, ajab emas. Bu loyiha o'zbek ziyolilarini shunday jamladiki, mustaqillik yillarida buning misli ko'rilmagan bo'lsa kerak. Shunday loyihada shu qadar xunuk hodisalar sodir bo'lgani achinarli. Ammo bularni tabiiy, ijodiy jarayon sifatida qabul qilish va ishni davom ettirishga e'tibor qaratish lozim. Fitnalar bilan ovora bo'lib qolish xayrli ishni to'xtab qolishiga sabab bo'lmasin. Afsuski, to'liq oydinlik kiritilmagunga qadar bu masala yechilmaydigan ko'rinadi. Xo'sh, voqealar rivoji qanday sodir bo'ldi?
Voqealar rivoji
1. Loyiha rahbari Mehrinoz Abbosovaning aytishicha, kimdir Loyiha menejeri Xurshid Yo'ldosh bilan Loyiha Ofisi xodimi Maxfiratbegim Azizovaning Yog‘du nashriyotiga aloqasi borligiga ishora qilgan, shu loyihani ham korrupsiyaga botiryapsizlarmi, deb iddao qilgan. Mehrinoz gumonni tekshirmoqchi bo‘lgan. Bu haqda Xurshid Yo'ldoshdan so'ralganda uning jahli chiqqan. Yo'ldoshev uni asossiz tuhmat qilib, yo‘qotishmoqchi bo'layotganidan shubha qilgan. U Mehrinoz Abbosova mendan qutilib, qing'ir ish qilmoqchi, degan gumonga borgan (bunga ishora qiladigan bir-ikki gaplar bo‘lgan, lekin bularni unday tushunmasa ham bo‘lardi. Bu haqda biroz quyiroqda o'qiysiz).
2. Mehrinoz Abbosova kompromat yig‘a boshlagan, Xurshid Yo'ldoshevning avvalgi ish joylaridan moliyaga bog‘liq bo‘lmasa ham, xarakteri injiqligiga bog‘liq fikrlarni olgan. Abbosova demak menda emas ekan muammo, deb o‘ylab, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayevga kirib aytgan. Saʼdullayev unda menejerni almashtiramiz, degan. Bunda Yog‘du ayblovlarida asos borligiga ular ishonishgan.
3. Mehrinoz Xurshidga jamoa oldida, qo‘polroq qilib ketishini aytgan. U
"Bu loyihada yoki siz qolasiz, yoki men, Sa'dullayev yoki sizni tanlaydi, yoki meni"
degan. Yo'ldoshev Sa'dullayevning oldiga kirib, bu haqda so'raganda Sa'dullayev hali bir qarorga kelmaganini aytgan.
Siz ishlashda davom etavering, faqat Mehrinoz bilan kelishib olinglar,
degan Saʼdullayev.
Xurshid Yo'ldosh nega Sa'dullayevning o'zi unga bu haqda aytmaganligini so'raganda, Abbosova
"Siz meni - Loyiha rahbarini xatlab o'tib, Sa'dullayevning oldiga kirmasligingiz kerak edi. U kishi senator, kasbiy etikaga amal qiladi, sizga albatta bo'shataman demaydi, ammo qarorini menga aytdi, kerak bo'lsa, o'rningizga nomzodlar ham ko'rsatdi"
degan.
Saʼdullayev oldidan chiqqach, Xurshid Yo'ldosh Mehrinozga uchrashgan, men haqimda gumonlaring bor ekan, kel ochiq-oydin gaplashib olaylik, degan. Mehrinoz Xurshid bilan murosaga kelishni istamagan. Nega istamagan? Bu bizga qorong'u.
Xurshid Yo'ldoshev o‘zidan holat bo‘yicha savol so‘raganlarga uni asossiz, tuhmat bilan ketkazishayotganini aytgan.
4. Ana shundan so'ng mediada g‘ala-g‘ovur boshlangan. Xurshid Yo'ldoshev byurokratiyadan yozg'irib tvit qoldirgan, Ekspertlar Kengashi a'zosi Komil Jalilov Tvitterda Alisher Sa'dullayevdan vaziyatga oydinlik kiritishni so'ragan. Saʼdullayev bunday gap bo'lmaganligi aytgan. Loyiha koordinator-muharriri Maxfiratbegim haqiqatda majlis o'tkazilganligini, Mehrinoz Abbosova Sa'dullayev nomidan gapirib, Yo'ldoshevni ishdan bo'shatganligini, Sa'dullayev kasbiy etikaga ko'ra bu ishni unga topshirganligini aytganligini tasdiqlab, qaysi ma'lumot rostligini so'ragan. Alisher Sa'dullayev ishdan ketkazish bo‘yicha topshiriq berganini inkor qilgan, avval hisobotni ko‘rishim kerak, degan.
5. Mehrinoz Abbosova bo'layotgan gap so'zlarga nisbatan bayonot bergan. Unda hech kim hech kimni bo'shatmayotganligini, balki Loyiha menejeri lavozimi ikkiga bo'linayotganini, moliyaviy masalalar uchun alohida menejer olinayotganini, Yo'ldoshev ijodiy masalalarga mas'ul bo'lib qolishini aytgan. Ammo u holda nega loyiha xodimlariga majlis chaqirib, Yo'ldoshevni bo'shatmoqchi bo'lindi? Tushunilishicha, avvaliga bo'shatish maqsadi bo'lgan, ammo to'polonlar boshlangach, "lavozim ajratish" versiyasi ishlab chiqilgan. U holda Yo'ldoshev nega yangi lavozimni qabul qilmadi, moliyaviy muammolardan qutilgani o'zi uchun yaxshi emasmidi? Bu haqda Yo'ldoshev shunday javob berdi, unga ko'ra, moliyaviy ishlarga shundoq ham u qaramagan avval-boshdan. Bu ishlar bilan Loyiha rahbari shug'ullangan. Yana bir menejer olish ortiqcha byurokratiyadan boshqa narsa emas, deydi u. Uni "shunchaki ijodiy ishlarga mas'ul" qilib qo'yish esa, amalda uni zararsizlantirish, paralizatsiya qilish bo'lishi mumkin - u holda Yo'ldoshev kitoblarning ichki tarkibi, kontentidan boshqa masalalarga aralasha olmaydi. Batafsil quyiroqda.
6. Ekspert Komil Jalilov shanba kuni majlis o‘tkazilishini so‘rab Saʼdullayevga yozganda u
bugun vaqtim bor, chaqirsanglar boraman
degan. Jalilov ekspertlar guruhida bugun majlis o‘tkazamizmi, deb so‘raganda Mehrinoz
Saʼdullayevning vaqti bo‘lmayapti,
degan. Hisobot majlisi chaqirilgan, ammo Xurshid masalasiga oydinlik kiritilmay, muallaq qolgan, boshqa masalalar muhokama qilingan. Majlisdan avvalroq nega Sa'dullayev bilan Abbosovaning gaplari ikki xil kelayotganiga ajablangan Komil Jalilov ekspertlar guruhida "Saʼdullayev aldamayotgan bo‘lsa, Mehrinoz aldayapti" ma'nosida gapirgan (yanayam anig'i - "Mendagi ma'lumotga ko'ra, bu yolg'on" degan), bundan Xushnudbek qizishib, ayolini himoya qilgan. Batafsil quyiroqda.
Bular haqida kimdir Eltuzga maʼlumot sizdirgan, Eltuz shaxsiyatga tekkizuvchi, fitna-fasod maqola chiqargan, unda to'g'ri va noto'g'ri gaplar aralash yozilgan. Unga Xushnudbek o‘zini himoya qilib javob yozgan.
Yo'ldoshev Yog'du nashriyoti 1000Kitob loyihasi ochilishidan ancha avvalroq ochilganini ko'rsatib tvit yozgan.
7. Masala shu yerda to‘xtagandek edi.
Ammo keyin Aziza Qurbonova Yog‘du nashriyoti bo‘yicha maʼlumotlarni ochiqlagan, unda 1000Kitob Loyiha ofisi xodimi Maxfirabegim Yog‘du nashriyoti uchun Logo yasattirganligi, Yog‘du nashriyoti loyihada qatnashish uchun 3 yil oldin ochilgan mchj bo‘lish talabiga javob bermasligi keltirilib, bu bo‘yicha Maxfiratbegim va Yo‘ldoshevdan izoh so‘ralgan. Bungacha Abbosova "Qolgan xodimlar ishlasa, o'z ixtiyori, ammo Yo'ldoshev ketadi" deyayotgan edi. Yo'ldoshevga ketishi haqida xabar berilgan majlisdan so'ng Maxfiratbegim Mehrinozning oldiga kirib, nega bunday qarorga kelganligi haqida so'raganda, u
"sizlar ishlayveringlar, sizlarga aloqasi yo'q, Yo‘ldoshev ketishi kerak"
deb aytgan. Ya'ni Maxfiratbegim bilan Yog'du nashriyoti muassisi Muhammadaminning bir-biriga tanishligi, Maxfiratbegimning "Yog'du"ga aloqadorligi bo'yicha gumon Aziza Qurbonovaning tvitiga qadar bo'lmagan, balki jarayon davomida yuzaga kelgan. Shu sababdan buni avval boshidan asosiy sabab edi, deb ko'rsatib bo'lmaydi.
8. O‘z o‘rnida Maxfiratbegim nashriyot ochish maqsadi boshida bo‘lib, keyin uni o‘z tanishiga uzatib yuborganligini bildirgan, nashriyotga ochilgan vaqtidan boshlab hech qanday alohida munosabatda bo‘lmaganligini taʼkidlagan. Yo‘ldoshev nashriyot ochilgan STIR raqami bo‘yicha yuridik shaxs bu ishlardan 3 yil oldin, 2021-yilda ochilganligini, yuridik jihatdan tekshirilganda bundan muammo bo‘lmaganligini aytgan.
9. Yog‘du nashriyoti hech qanday nokompetentlik va sifatsizlik ko‘rsatmagan, yaxshi tarjimonlarni ishlatgan, yaxshi emaslari Yo‘ldoshev tomonidan, xuddi boshqa nashriyotlardagi kabi, qaytarib yuborilgan. Nashriyotning egasi Muhammadamin Mirsaidov nashriyot faqat o‘ziga tegishli ekanini taʼkidladi.
10. Saʼdullayev Yo‘ldoshevga ellikta kitobni tugatgunga qadar shartnomani uzaytirishni taklif qilgan, Yo‘ldoshev rad qilib, boshqa menejer bo‘lmasligini aytgan. Ammo loyiha tugagunga qadar konsultant sifatida yangi menejerga yordam berishini, ham ishni ko‘rsatib, tushuntirib ketishini bildirgan. Xurshid Yo'ldoshev Yog'duga qancha pul nima uchun berilganini ham hisobot qilib, e'lon qildi.
Agentlikda ayb yo‘qmi?
Yo‘ldoshev nega o'ziga nisbatan shubhani jiddiy qabul qilib, Abbosova qing‘ir ish qilmoqchi deb gumon qildi, bunga asos bormidi? Javob: Ha. Mashmashalar boshlanishidan oldinroq Loyiha Ofisida tayyor bo‘layotgan kitoblarni qayerda, qanday nashr qilish borasida Yo‘ldoshev va Abbosova orasida qizg‘in bahs bo‘lgan. Agentlikning bundan oldingi nashr qilgan kitoblari ham tenderlar bilan nashriyotlarga berilgan, ammo yakuniy kitob sifat talablariga javob bermaydigan ko‘rinishda chiqqan (Jadidlar, Uyg‘onish loyihalari misol). Shu sabab Yo‘ldoshev kitoblarni yuqori sifat talablariga javob beradigan nashriyotda bosish kerakligini, buni O‘zbekiston hududi bilan cheklash noto‘g‘ri bo‘lishini aytgan, Abbosova
"Qishloqlarga tarqaydigan kitoblar elegantniy, shikarniy bo‘lishi shartmas"
deb mahalliy nashriyotlarda bosishni istagan.
Aynan shu nuqtada Xurshid Yo‘ldoshda jiddiy shubha paydo bo‘lgan: Abbosova nega cho‘ntagidan emas, byudjet pulidan sarflanadigan loyihaning eng daromadli qismiga kelganda bosish ishlari shu yerda qolishiga qattiq kirishyapti, deb o‘ylanib qolgan.
Abbosova noto‘g‘ri gap aytgan, albatta. Ammo bu hali uning nimadir "qing‘irlik" qilmoqchi bo‘lganligiga fakt bo‘lolmaydi.
"Mahalliy nashriyotlarimizni qo‘llamasdan, byudjet pulini chetga sarflab yuborishimiz kerakmi" desa, uni bemalol haq deb hisoblash mumkin. Shu sababdan ham hammasi abstrakt. Ammo ana endi hamma bu kitoblar chetda chiqishini talab qilmoqda. Chunki pocketbook ko‘rinishidagi kitoblarni avval ham mahalliy bosmaxona sifatli bosib bera olmagan. Agentlik bundan oldin ham tenderlarda o‘z loyihasi ijrochisini g‘olib deb topganligi shubhalarni jiddiylashtiradi.
Xushnudbek bilan Komil Jalilov o‘rtasida nima bo‘ldi?
Bu ham qiziq tushunmovchilik.
Ekspertlar Kengashi vakili Komil Jalilov masalani hal qilishni cho‘zish ishni faqat chigallashtirishini anglab yetdi va yangi yildan keyinoq hisobot majlisini o‘tkazish zarurati to‘g‘risida ekspertlar guruhida tez-tez gapirib turdi.
Ammo majlis kunini belgilash paysalga solinavergach, toqati toq bo‘lgan Jalilov ekspertlar guruhida
"majlisni cho‘zishdan manfaat bordek tuyulyapti menga"
deb yozgan. Guruh a'zosi bo'lgan Xushnudbek bunday iddaodan achchiqlangan.
Nihoyat, 4-yanvar, shanba kuni Komil Jalilov Saʼdullayevga yozib,
"majlisni bugun qilsalaringiz vaqtim bor, qatnashishga harakat qilaman; kecha Mehrinozga men bo'lishim shartmi deb aytgandim, lekin mayli, kerak bo'lsa boraman"
degan javob olgan.
O‘sha kuni Jalilov Mehrinozdan bugun majlis o‘tkazamizmi, deb so‘raganda
"Alisher akaning vaqtlari bo'lmayapti, kecha kun bo‘yi kutdim, bo‘shamadilar"
degan. Komil Jalilov guruhda
"Mendagi ma'lumotga ko'ra, bu - yolg'on"
degan, Sa'dullayev bilan yozishmasini nazarda tutib. Amalda Mehrinoz Abbosova noto‘g‘ri gapirmagan. Ammo Komil Jalilov bu gapni o‘zi o‘sha kuni avvalroq Saʼdullayevdan olgan javobga teskari kelyapti, deb o‘ylagan.
Xushnudbek ayolini yolg‘onchilikda ayblashyapti deb qizishgan, ayoli bilan yozishmasini ko‘rsatgan. Bir kun oldin Mehrinoz rostdan ham yarim tungacha Saʼdullayevni kutib o‘tirgan, keyin uyiga qaytgan. O‘sha kuni Saʼdullayevning vaqti bo‘lmagan, ertasiga esa vaqti bo‘lgan.
Xushnud o‘shanda hammaning ichida dag‘dag‘a qilib, xotiniga kimdir tuhmat, haqorat, tahdid, shantaj qilsa "so‘rab olishini", "k*tini yirtishini" aytgan (Jumlalar aynan aytilganidek keltirilmoqda).
Majlis davomida ham Xushnudbek "ichki gaplarni tashqariga olib chiqqan"larni topish va jazolashni taklif qildi, axloq kodeksi ishlab chiqib, unda ishxona gaplarini tarmoqqa olib chiqqanlarga qattiq jazo tayinlash, loyihadan chetlatish zarurligini aytdi.
Loyiha Ofisi va "Yog‘du" o‘rtasida bevosita aloqa bormi?
Aziza Qurbonovaning Twitterdagi ochiqlamasidan so‘ng, boshqa bir bloger va negadir ekspertlar kengashi aʼzosi Shahnoza Soatova Loyiha Ofisi xodimi Maxfiratbegim va Loyiha menejeri Xurshid Yo‘ldoshni manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yishda aybladi. Go‘yoki Maxfiratbegim Azizovaning "Yog‘du" uchun logotip tayyorlatib berishi va uning tarjimonlariga matn berib, tarjimalarni qabul qilib olishi qandaydir noxolislikka ishora qiladigandek edi.
Ammo bular hali bir yil davomida loyihada mehnat qilgan shaxslarning nomini qora qilishga yetarli asos emas.
Azizova o‘zidan yordam so‘ragan Muhammadamin Mirsaidovga nashriyot uchun logo tayyorlashga yordam bergan bo‘lsa-da, nashriyotning bevosita taʼsischisi hisoblanmaydi. Azizova magistraturaga kirganligi sababli nashriyot ochish maqsadidan voz kechgan. Logo uchun xizmat haqini ham u emas, Muhammadamin to‘laganligi skrinlarda ko‘rinadi. Boz ustiga, Azizova qo‘rqmasdan logo tayyorlatish haqida Mehrinoz Abbosovaning yaqin do‘sti Muhammadxon Yusupovdan iltimos qilganligi ham, uning yashiradigan ishi yo‘qligiga ishora qiladi.
Maxfiratbegim o‘zi istagan taqdirda ham, Yog‘duga hech qanday yordam berolmas edi. Loyiha menejeri Yo‘ldoshevning aytishicha, tarjimonlardan kelgan matnlar va nashriyotlarni baholashda loyiha koordinatorlarining hech qanday vakolati bo‘lmagan. Ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri "forward" qilgan fayllarga ekspertlar guruhi baho bergan. Jarayon haqida ekspert Komil Jalilov alohida tvit yozdi.
Barcha tushuntirishlar berilgandan keyin ham Azizova va Yo‘ldoshevdan shubhasi arimaganlar daʼvolarini isbotlash uchun asos keltirishlari lozim. Chunki Yog‘duning ishlari boshqa nashriyotlarnikidan sifatsiz emas. Kitob uchun ketadigan xarajatlardan ortiqcha summa olmagan.
Endi nima bo'lyapti?
Agentlikning ma'lum qilishicha, kitoblarni bosish ochiq tender asosida bosmaxonaga topshiriladi. Ammo avvalgi, sifatiga ko'pchilik e'tiroz qilgan loyihalar ham xuddi shunday tender asosida topshirilgan edi. Agentlik o'tkazgan avvalgi tender shaffof o'tmaganligi, ko'pchilikni sergaklantirgan. Shu sababdan jamoatchilik sifat talablari yuqori bo'lishini, chetda bosilishini talab qilishmoqda.
Ming Kitob Loyiha Ofisi xodimlarining yarmidan ko'pi ishdan bo'shagan. Ko'plab ekspertlar Ekspertlar Kengashini tark etgan. Akademnashr, Asaxiy kabi nashriyotlar keyingi yildan bu loyiha bilan ishlash niyatlari yo'qligini ma'lum qilishdi. Loyiha Ofisi ikkita menejer uchun vakansiya e'lon qildi.
Maxfiratbegim Azizova o'zini nashriyot ochib olishda ayblagan Aziza Qurbonova va Shahnoza Soatovadan bildirgan da'volarini isbotlab berishlarini talab qilyapti, shuningdek, boshqa nashriyotlar bo'yicha ma'lumotlarni ham ochiqlashni so'rayapti.
Komil Jalilov Xushnudbek bilan bo'lgan masalaga izoh berdi.
Xulosalar
Dedi-dedilar va shubha-gumonlar juda yomon oqibatlarga olib keldi. Kitoblar chiqqach, albatta bu ish o'rganishga molik keys bo'lib qoladi. Jumladan, shunday savollar paydo bo'ladi:
- Nega nashriyotlar tender asosida tanlanmadi? Bu savolga Xurshid Yo'ldoshev tenderlar ko'ringanchalik optimal yo'l emas, deya javob berdi. Ya'ni tenderdan muvaffaqiyatli o'tgan, ammo tarjima, tahrir va tas'hihni sifatsiz qilib beradigan nashriyotlar bo'lgan. Shu sababdan nashriyotlar boshqacha prinsipda tanlangan: nashriyotlar topgan tarjimonlarga bir xil sinov matnlari tarjima uchun topshirilgan. Tarjimonlardan kelgan sinov materiallari Ekspertlar Kengashi tomonidan anonim tarzda baholangan. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra eng maqbul variant bilan shartnoma tuzilgan. Bundan tashqari, tender o‘tkazish Agentlikning vazifasi edi. Yo‘ldoshevning aytishicha, negadir tender o‘tkazilmagach, shunday muqobil uslub qo‘llangan.
- Nega bir loyihada er-xotinning biri loyiha rahbari, boshqasi ekspert bo'lib faoliyat qilmoqda? Bu manfaatlar to'qnashuviga olib kelmaydimi? Xushnudbek bunga javoban o'zining bu loyihadan bir tiyin olmasligini dalil qildi. Ammo majlisdan so'ng qizishganligi baribir manfaatlar to'qnashuvi borligini ko'rsatadi. Bir loyihada er-xotinning biri ishlashi kerak edi.
- Bloger Aziza Qurbonovaga "Yog'du" nashriyoti bilan tuzilgan shartnoma summasini kim ochiqladi? Qurbonova bunga javoban "o'zim so'rab oldim" dedi. U holda qolgan nashriyotlar bilan tuzilgan shartnomalar ham ochiqlanishi kerak emasmi? Jumladan, "Ijod-nashr" va "Cosmos" nashriyotlari nega shunday tekshirilmayapti?
- Loyihada Xushnudbek Xudoyberdiyev va Shahnoza Soatova kabi "ijtimoiy faol" blogerlar ekspertlar kengashiga qanday kirib qolgan? Nega kengashda sohasining asl mutaxassislaridan ko'ra media-shaxslar ko'p? Xushnudbek va Shahnoza Soatova yil davomida nima ish bilan shug‘ullanishdi, qanday kitoblarni taklif qilishdi, qaysi kitoblarning tarjimasini tekshirishdi, qaysi kitobni ekspertizadan o‘tkazishdi?
- Alisher Sa'dullayev nega Mehrinoz va Xurshidga ikki xil gapirdi? Nima uchun majlisda masalani hal qilmadi?
- Eng muhimi, xo'sh, oxir-oqibatda kitoblar qayerda, qanday bosiladi? Har bir kitob uchun bosma sifati talablari ishlab chiqilgan. Bu talablarga javob beriladimi, yoki talablar "yumshatiladi"mi?
Savollar ko'p, loyihaning kelajagi borasida mavhumliklar yetarli. Afsuski, nekbinlik uchun asoslar kamayib bormoqda. Shunga qaramay, hammasi iziga tushib ketishidan umidvormiz.