BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

MUTOLAA | BLOG
Avvalgi qismi

Shtirlits bugun barvaqt bo‘shab, shahzoda Albertshtrassedan Naenga jo‘nashni mo‘ljallab qo‘ydi: u yerda, o‘rmondagi yo‘l tutash joyda Paulning kichkinagina yemakxonasi bor. U yerda bundan bir yil muqaddam, besh yil avvalgidek, Paulning o‘g‘li oqsoq Tomas qandaydir yo‘llar bilan go‘sht topib, doimiy mijozlarini karam solingan dimlama, hech bo‘lmaganda, quyon go‘shti solingan lavlagi dimlamasi bilan mehmon qilardi.

Bombardimon bo‘lmagan paytlar bu yerda urushdan asar sezilmasdi: xuddi avvalgidek, radiola o‘ynab turar va Bruno Varnke bosiq ovoz bilan «Oh, Mogelzeyedagi ajoyib damlar...» degan qo‘shiqni aytardi.

Lekin Shtirlits barvaqt bo‘shashga ulgurmagandi. Uning huzuriga gestaponing to‘rtinchi bo‘limidan Xoltoff kirib, bunday dedi:

– Hech narsaga tushunolmay gangib qoldim. Yo mendagi mahbus aqldan ozgan yoki uni sizlarga – maxfiy kuzatuv xizmatiga o‘tkazib yuborishim kerak, chunki inglizlar radio orqali nimalarni vaysasalar, u ham xuddi shunday vaysaydi nuqul.

Shtirlits Xoltoff xonasiga kirib, o‘tgan kuni Vanzeyeda mahalliy gestapo qamoqqa olgan astronomning jazavali javoblarini tinglab, soat yettigacha qolib ketdi. U o‘zi yozgan varaqalarini tarqatib yurgan ekan. Varaqalarda har xil matnlar yozilgandi. Xoltoff Shtirlitsning oldiga ulardan bir jildini surib qo‘ydi. Shtirlits o‘quvchilar daftaridan yulib olingan varaqlarni bir-bir ko‘zdan kechira boshladi. «Nemislar! ko‘zingizni oching! Aqldan ozgan boshliqlarimiz bizni o‘limga mahkum etmoqdalar! Butun dunyo bizga la’natlar o‘qimoqda! Urushni tugating! Taslim bo‘ling!» Aksariyati shunday mazmunda, boshqalari qisqaroq edi. «Bizni savdoyi boshliqlar boshqarmoqda. Yo‘qolsin Gitler! Yashasin tinchlik!»

Polga mixlab qo‘yilgan kursida o‘tirgan astronom alamzadalik bilan hamon jazavaga tushib baqirdi.

– Men chidolmayman! Yo‘q! Yo‘q! Chidolmayman! Men yashashni istayman! – tushundingizmi, yo‘qmi?! Bari – tuzumlarning barchasi menga bir pul! Men ortiq toqat qilolmayman! Sizlarning so‘qir ahmoqligingiz jonimdan to‘ydirib yubordi.

– Varaqa yoz deb kim buyurdi senga? – past ovozda tag‘in so‘roqqa tutdi Xoltoff. – Bu ahmoqlikka yolg‘iz o‘zing botinolmasding. Senga bu matnni kim berdi? Sen bularni begona odam buyrug‘i bilan yozgansan, to‘g‘risini ayt! Qaysi dushman bilan til topishding? Qachon va qayerda?

– Men hech kim bilan til topishganim yo‘q! Men, hatto o‘zimga o‘zim so‘zlashga qo‘rqaman! – baqirardi astronom. – Nahotki, sizlarda ko‘z bo‘lmasa? Umringiz tugaganini tushunmayapsizlar! Siz hamisha millat uchun yashayotganingizni pesh qilib kelardingiz-ku! Shunday ekan, yo‘qoling! Millatning qolgan-qutgan qismiga yordam qilinglar! Sizlar bechora bolalarni o‘limga mahkum etmoqdasiz! Siz kasalsiz! Hokimiyatni qo‘liga olgan nokas tentaklar! Qorningiz to‘q, ustingiz but, yeganingiz oldingizda-a, qimmat tamaki chekasiz, xushta’m qahva ichasiz! Qorni to‘qning qorni och bilan necha pullik ishi bor, bizga qulday muomala qilmay, yashashga imkon bering! – u to‘satdan jim qoldi va chakkasidagi terni artib, past ovozda gapini tugatdi: – yoki shu yerning o‘zida, ojizligim va siz allaqachon podaga aylantirishga ulgurgan millatning kaltabinligini ko‘rib jinni bo‘lib qolmasimdan burun, meni hozirning o‘zida tezroq o‘ldirib qo‘ya qolinglar...

– To‘xtang, – dedi Shtirlits. – Baqirib-chaqirish bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Sizda aniq takliflar bormi?

– Nima? – qo‘rqa-pisa so‘radi astronom.

Shtirlitsning xotirjam ovozi, uning shoshilmay, sal tabassum bilan so‘zlash odati astronomga boshqacha ta’sir qildi: u qamoqxonada yotgan paytida dag‘dag‘ayu kaltaklarga o‘rganib qolgandi, bunga kishi tez ko‘nikadi, lekin unutishi qiyin kechadi.

– Men aniq takliflaringizni so‘rayapman. Bolalar, ayollar, chollarni qanday qutqaraylik. Tanqid qilishu zahar sochishdan osoni yo‘q. Oqilona harakat dasturini ko‘rsatish – qiyinroq.

– Men astrologiyani rad etaman, – anchagina o‘ylagach, asta javob berdi astronom, – ammo astronomiya oldida tiz cho‘kaman. Meni kilda kafedradan mahrum etdilar...

– Hali shuning uchun zahar sochyapsanmi, itvachcha?! – baqirdi Xoltoff.

– Shoshilmang, – dedi Shtirlits norozi qiyofada, – baqirmang... Marhamat, davom eting...

– Biz quyosh bezovtalanayotgan yilda yashamoqdamiz. Protuberanslar portlashi, quyosh energiyasining juda katta qo‘shimcha massasining ajralishi sayyoralarga va yulduzlarga, kichik bir zarrachani tashkil etgan insoniyatga ta’sir etmoqda...

– Siz, aftidan, – uning gapini bo‘ldi Shtirlits, – qandaydir taqvim o‘ylab topdingizmi? Shuning uchun asabingiz buzuqmi?

– Taqvim – bu isbot etilmagan g‘aroyib kashfiyot. Yo‘q, men o‘zim o‘rtaga tashlagan oddiy, mutlaqo oddiy gipotezadan kelib chiqmoqdaman: u ham bo‘lsa, yer yuzida yashovchi har bir jonivorning koinot va quyosh bilan o‘zaro aloqadorligidir... Bu aloqadorlik vatanim tuprog‘ida bo‘layotgan voqealarni aniqroq va oqilona tushunib olishimga yordam bermoqda...

– Siz bilan shu mavzuda batafsil suhbat qilish g‘oyatda qiziqtiradi meni, – dedi Shtirlits. – Do‘stim hozir kameraga qaytib, ikki kun dam olishingizga ruxsat berar deb o‘ylayman, keyin bu suhbatga qaytamiz.

Astronomni olib ketishgach, Shtirlits shunday dedi:

– U ma’lum darajada shuursiz, axir o‘zing ko‘rmayapsanmi? Hamma olim, yozuvchi, artistlar o‘ziga yarasha shuursiz. Ular bilan alohida yo‘l tutish kerak, chunki o‘zlari o‘ylab topgan xayoliy olamlarida yashaydilar. Bu tentakni kasalxonamizga ekspertizaga jo‘nat. Hozir bizda jiddiy ish ko‘p, bunaqangi mas’uliyatsiz, ehtimolki, iste’dodli mahmadonalar bilan o‘ralashib o‘tirishga vaqt yo‘q. Agar hozir tinchlik payti bo‘lganda biz uni qamoqxonaga jo‘natardik, u yerda tezgina odam qilardilar; keyinchalik esa institut yoki kafedrada ishlab, reyx va millat manfaati yo‘lida xizmat eta boshlardi... Hozir esa...

– Lekin uning gaplari London radiosidagi inglizning yoki Moskva bilan og‘iz-burun o‘pishgan ijtimoiy-demokratizmning gaplari-ku?

– Odamzot radioni tinglash uchun ixtiro etgan. U ham tinglagan-da. Yo‘q, bu jiddiy narsa emas. Bizni, xufiyalarni, bu narsa qiziqtirmaydi. U bilan bir necha kun keyin uchrashish maqsadga muvofiq: u rostakam olimmi yoki oddiy bir aqldan ozgan odammi – shuni aniqlash kerak, xolos. Agar jiddiy olim bo‘lib chiqsa, unga yaxshi haq berib toqqa jo‘natilishini iltimos qilib Myuller va kaltenbrunner huzuriga kiramiz, o‘sha yerda ishlayversin – ilm-fanimizning gullari hozir tog‘da yashayapti-ku, tepadan bomba yog‘ilib turmasa, oshnon bo‘lsa, qarag‘ayzorda shinamgina uyi bo‘lsa mahmadonalikni darhol tashlaydi. Shunday emasmi?

Xoltoff kulib qo‘ydi:

– Tog‘da uyi, osh-noni bo‘lsa, bomba yog‘ilmay tursa, kim mahmadonalik qilardi deysiz?..

Shtirlits diqqat bilan Xoltoffga tikildi, Xoltoff uning qarashiga dosh berolmay ko‘zini olib qochguncha, bezovtalanib stoldagi qog‘ozlarni joydan-joyga olib qo‘ya boshlagu nicha qarab turaverdi va shundan keyingina o‘zining yosh kasbdoshiga qarab samimiy, ochiq ko‘ngillik bilan kulib qo‘ydi...

«Fyurer huzuridagi kengash stenogrammasi.

Hozir bo‘lganlar keytel, Yodl, Tashqi ishlar vazirligining vakili Xavel, reyxsleyter Borman, SS reyxsfyureri oliy qo‘mondonligining vakili, SS obergruppenfyureri Fegelyayn, sanoat vaziri Shpeyer, shuningdek, admiral Foss, uchinchi rang kapitani Lyudde – Neyrat, admiral fon Puntkamer, ad’yutantlar, stenograf ayollar.

Borman. kim o‘zi hadeb u yoqdan bu yoqqa yurgan? Xalaqit beryapti! Janobi harbiylar, iloji bo‘lsa, sekinroq.

Puntkamer. Polkovnik fon Belovdan Italiyadagi lyuftvaffening ahvoli to‘g‘risida ma’lumot berishni so‘ragan edim.

Borman. Uni aytayotganim yo‘q. Hamma baravar gapiryapti, shuning uchun jonga tegadigan shovqin-suron bo‘lyapti.

Gitler. Menga xalaqit bermayapti bu. Janobi general, kurlyandiyadagi shu kungacha bo‘lgan o‘zgarishlar xaritaga kiritilmabdi.

Yodl. Fyurerim, siz e’tibor bermabsiz: mana, bugun ertalabgacha bo‘lgan o‘zgarishlar.

Gitler. Xaritadagi harflar juda mayda ekan. Rahmat, endi ko‘rdim.

Keytel. General Guderian diviziyalarimizni kurlyandiyadan olib chiqib ketishni talab qilyapti yana.

Gitler. Bu noto‘g‘ri reja. Ruslarning juda ichkarisida, Leningraddan to‘rt yuz chaqirim berida qolgan general Rendulich qo‘shinlari qirq nafardan yetmish nafargacha rus harbiy bo‘linmalarini o‘ziga jalb etib turibdi. Agar biz u yerdan qo‘shinlarimizni olib chiqadigan bo‘lsak, Berlin ostonalaridagi kuchlar muvozanati darhol o‘zgaradi, o‘zgarganda ham, general Guderian o‘ylaganidek, bizning foydamizga o‘zgarmaydi. kurlyandiyadan qo‘shinlarin olib ketgan taqdirimizda Berlin ostonalaridagi har bir nemis harbiy bo‘linmasiga kamida uchta rus harbiy bo‘linmasi to‘g‘ri keladi.

Borman. Sergak siyosatchi bo‘lish kerak, janobi feldmarshal...

Keytel. Men siyosatchi emasman, harbiyman.

Borman. Total urush asrida bular ajralmas tushunchalardir.

Gitler. Hozir kurlyandiyada turgan qo‘shinlarni olib chiqishimiz uchun – Libava operatsiyasidagi tajriba inobatga olinsa – kamida yarim yil kerak bo‘ladi. Bu kulgilidir. G‘alabaga erishishimiz uchun ixtiyorimizda soat bilan, ha, xuddi soat bilan o‘lchanadigan muddat qolgan, shunda ham biz xom xayollarga emas, balki haqqoniy dalillarga asoslanmog‘imiz lozim. ko‘zi bor, tahlil qila biladigan, xulosa chiqara oladigan har bir kishi faqat birgina narsaga: yaqin g‘alaba yo‘li bormi-yo‘qmi, degan savolga javob berishi shart. Bunda men beriladigan javob ko‘r-ko‘rona bo‘lmasligini istardim. Men ko‘r-ko‘rona ishonchga qarshiman, men bama’ni ishonchni izlayman. Bir-biriga zid g‘oya, intilish, element va xarakterlar ilojsiz ahvolga tushib qolgan taqdirdagina bir-birovlariga zarar keltirmay yashashlari mumkin: men konsentratsion qamoqxonalarga qamalganlarni nazarda tutmoqdaman, u yerda, masalan, bir uyda papa nunsiyalari*, dahriylar va fransuz radikallari** britaniyalik konservatorlar bilan apoq-chapoq bo‘lib yashar emishlar. Ilojsizlik ittifoq tug‘diradi. Bu – hech qanday umid va hech qanday maqsadi bo‘lmagan ilojsizlarning ittifoqidir. Rossiya, Angliya va Amerikaning maqsadlari bir-biriga butunlay zid bo‘lsa, bizning maqsadimiz hammamizga ravshan. Ular ideologik intilishlari har xilligi tufayli harakat qilayotgan bo‘lsalar, bizni yagona maqsad harakatga keltirmoqdaki, biz unga butun hayotimizni tikkanmiz. Ular o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchayayotgan va yanada kuchayadigan bo‘lsa, bizning birligimiz har qachongiga qaraganda jipslashganki, men bu og‘ir va buyuk kampaniyaning ko‘p yillari davomida ana shu jipslikka erishish uchun kuch sarflab kelgan edim. Dushmanlarimiz ittifoqini diplomatiya yoki boshqa yo‘llar bilan buzishga intilish – xom xayol. Basharti buni vahimaga tushish va istiqbolni boy berish deb atamasak, unda xom xayoldan boshqa narsa emas. Ularga harbiy zarba berish bilangina, irodamiz bukilmas va kuch-qudratimizning bitmas-tuganmas ekanligini namoyish qilish bilangina bu ittifoqning inqirozini tezlashtiramizki, zafarli to‘nlarimiz sadolari ostida yer bilan yakson bo‘ladi u. G‘arb demokratiyasiga hech narsa qudratimizni namoyish qilishdan ko‘ra ko‘proq ta’sir ko‘rsatolmaydi. Bir tomondan, G‘arbning sarosimaga tushishi, ikkinchi tomondan bizning zarbalarimizgina Stalinni hushyor qila oladi. Stalinning hozir urushni Bryansk o‘rmonlari yoki Ukraina dalalarida olib bormayotganligini ham hisobga oling. Uning qo‘shinlari Polsha, Ruminiya, Vengriya hududida «Vatan»laridan tashqariga bevosita chiqishlari bilanoq, ruslarning zaiflashgani va ma’lum darajada ruhi tushgani aniq. Ammo hozir mening butun diqqatim ruslarda yoki amerikaliklarda emas. Mening butun diqqat-e’tiborim nemislarda! Faqatbizning millatimizgina g‘alabaga erishishi shart va erishajak! Hozirgi kunda butun mamlakat harbiy qarorgohga aylantirilgan. Butun mamlakat deganimda Germaniya, Avstriya, Norvegiya, Vengriya va Italiyaning bir qismi, Chexiya va Bogemiya protektoratlarining*** ko‘pchilik hududini, Daniyani va Gollandiyaning bir qismini nazarda tutyapman. Bu – Yevropa madaniyatining markazidir. Bu – moddiy va ma’naviy kuch-qudrat majmuasidir. Qo‘limizga g‘alaba imkoni kelib tushdi. G‘alabamiz uchun bu imkoniyatdan qay darajada foydalana olish bizlarga, harbiylarga bog‘liq. So‘zimga ishonavering – qo‘shinlarimizning dastlabki qaqshatqich zarbalaridan keyinoq ittifoqchilarning ittifoqi barbod bo‘ladi. Ularning har biri o‘z shaxsiy manfaatlarini masalani strategik jihatdan ko‘ra bilishdan ustun qo‘yadi. Men g‘alabamiz soatini yaqinlashtirish maqsadida quyidagilarni taklif etaman: SS oltinchi tank qo‘shini Budapesht ostonalarida qarshi hujum boshlaydi va bu hujum, bir tomondan, Avstriya va Vengriyadagi milliy-ijtimoiy janubiy istehkomining mustahkamlanishini ta’minlaydi, ikkinchidan, ruslarning yon tomon qanotiga chiqishimiz uchun sharoit tayyorlaydi. Bir narsani hisobga oling, xuddi o‘sha yerda, janubda, Nalkanijda biz yetmish ming tonna neftga egamiz. Neft esa urush tomiridan oqib turuvchi qondir. Men ana shu neftni qo‘ldan boy berishdan ko‘ra Berlinni topshirishni ma’qul ko‘raman, chunki bu neft Avstriyaning mustahkam turishini va uning Italiyadagi million kishilik kesselring guruhi bilan birga bo‘lishini ta’minlaydi. Yana: «Visla» qo‘shinlari guruhi zaxirasini to‘plab, ruslarning ikkala yon tomon qanotiga qat’iy qarshi hujum boshlaydi va buning uchun Pomeraniya platsdarmidan**** foydalanadi. SS reyxsfyureri qo‘shinlari rus mudofaasini yorib, orqa tomonga o‘tib oladi va tashabbusni o‘z qo‘liga oladi. Shtettin guruhi yordami bilan ular ruslar frontini yorib o‘tadilar. Zaxiralarni yetkazib kelish Stalin uchun eng jiddiy masaladir. Masofaning olisligi uni mushkul ahvolga solib qo‘yadi. Aksincha, masofa bizning tarafimizda. Berlinni o‘rab turgan yetti qator mudofaa chizig‘i – bular esa shaharni amaliy jihatdan olib bo‘lmaydigan qilib qo‘ygan – harbiy san’at qonunlarini buzishga hamda Janub va Shimoldan qo‘shinlarning talaygina guruhini G‘arbga olib o‘tish imkonini beradi. Biz vaqtdan yutamiz: zaxiralarini qayta guruhlashtirish uchun Stalinga ikki-uch oy kerak bo‘ladi; qo‘shinlarimizni ko‘chirish uchun esa bizga besh kun kifoya. Germaniya masofalari esa, strategiya an’analarini buzamiz hamki, bunga imkon beradi.

Yodl. Bu masalani strategiya an’analari bilan bog‘lasak yomon bo‘lmas edi...

Gitler. Nima demoqchi edingiz, Yodl?

Yodl. Menimcha, bu juda uzoqni ko‘zlagan va oqilona reja, ammo men faqat birgina narsaga e’tiroz bildirishga jur’at etaman: ana shu rejaning ikir-chikirlari harbiy san’at an’analari bilan bog‘lab olib borilgani ma’qulmidi?

Gitler. Gap ikir-chikirlar emas, balki bir butun narsa haqida ketmoqda. Qolaversa, xususiy narsalarni qarorgohlarda tor doiradagi mutaxassislar guruhlari hal qilishi mumkin. Harbiylar mustahkam mudofaa mushtumini tashkil etgan to‘rt milliondan ortiq kishiga ega. Vazifa, ana shu mustahkam mudofaa mushtumini qaqshatqich g‘alaba mushtiga aylantirishdan iboratdir. Hozir biz 1938 yilning avgusti arafasidagi chegarada turibmiz. Biz har qachongidan ko‘ra jipslashganmiz. Biz – nemis millatimiz. Bizning harbiy sanoatimiz 1939 yildagiga qaraganda to‘rt marta ko‘p qurol-aslaha ishlab chiqarmoqda. Qo‘shinimiz esa o‘sha yildagiga qaraganda ikki marta katta. Bizning nafratimiz dahshatli, irodamiz, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqimiz esa cheksizdir. Qani, aytinglar-chi, biz urush yo‘li bilan tinchlikka erisha olmaymizmi? Nahotki har biy muvaffaqiyat siyosat bobida muvaffaqiyatga olib kelmasa?

Keytel. Reyxsleyter Borman aytganidek, harbiy kishi hozir bir vaqtda siyosatchi ham bo‘lishi kerak.

Borman. Xo‘sh, qo‘shilmaysizmi fikrimga?

Keytel. Qo‘shilaman.

Gitler. Iltimos, janobi feldmarshal, ertagacha menga aniq takliflarni tayyorlab qo‘ysangiz.

Keytel. Xo‘p bo‘ladi, fyurerim. Biz umumiy rejani tayyorlaymiz va agar siz uni ma’qullasangiz, barcha ikir-chikirlarini ishlab chiqishga kirishamiz».

Gitlerning qarindoshi, SS obergruppenfyureri Fegelyayn Gimmlerga bunkerda bo‘lib o‘tgan so‘nggi kengash haqida axborot berdi.

– Fyurer, – dedi u, – masalani har qanday siyosiy yo‘l bilan hal etilishini rad etmoqda.

– Uning rejasiga harbiylar qanday munosabatda bo‘ldilar? – deb so‘radi Gimmler.

– Istehzo bilan jilmayib qo‘yishdi, biroq shunisi ajablanarliki, urush oqibati siyosiy yo‘ldan boshqa hech qanday yo‘l bilan hal etilishi mumkinmasligiga harbiylarning imoni komil.

– So‘zsiz taslimmi? – so‘radi Gimmler xayol surib. – Urushib charchashibdimi?

– Nega so‘zsiz taslim bo‘lisharkan? Muzokaralar-chi?..

---------------

* Nunsiy – Rim papasining diplomatik vakili.

** Radikallar – qisman demokratik islohotlar o‘tkazishni talab qiladigan burjua partiyalarining tarafdorlari.

*** Protektorat – kuchli imperialistik davlatlarga kuchsiz davlatlarni bo‘ysundirib olish imkonini beradigan mustamlakachilik shakli.

**** Platsdarm – harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘riladigan maydon.


@uzb_mutolaa

Report Page