BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI
MUTOLAA | BLOGAvvalgi qismi
Nemislarning G‘arb elchilari bilan Stokgolmdagi uchrashuvi haqida sizga nimalar ma’lum – agar ma’lum bo‘lsa, aniq nimalar?
Ribbentropning xodimi Klyayst haqida qanday ma’lumot berishingiz mumkin?»
Menimcha, nemislarning G‘arb bilan jiddiy tarzda uchrashuvlari hozircha mumkin emas. Gitlerning buyrug‘iga binoan SS reyxsfyureri Gimmler, ittifoqchilar bilan aloqa bog‘lashga jur’at etgan har bir xoin o‘limga mahkum etilajak, deb e’lon qilgan. Doktor Klyayst gestaponing Tashqi ishlar vazirligidagi odami. Aniqlanishicha, ilgari G‘arb bilan hech qanday jiddiy aloqasi bo‘lmagan. Uning Stokgolmga qilgan safari protokol masalasi bilan bog‘liq va mendagi ma’lumotlarga qaraganda – ittifoqchilar bilan aloqa bog‘lash yuzasidan hech qanday topshiriq olgan emas.
Yustas».
Imperiya xavfsizligi SD xizmatining boshlig‘i Ernest kaltenbrunner venaliklar talaffuzida gapirar edi. O‘zining talaffuzi fyurer va Gimmlerning g‘ashiga tegishini bilib, asl «xoxdeych»ni egallash uchun bilimdon fonetikachi yordamida mashq qilib ko‘rdi. Ammo uning bu urinishlari chippakka chiqdi – u Venani sevardi, Vena uning joni-dili edi, o‘ynoqi, ammo, to‘g‘risini aytganda, birmuncha qo‘pol Vena shevasi o‘rniga kuniga bir soat bo‘lsa ham «xoxdeych»da gapirishga o‘zini majbur etolmasdi. Shuning uchun ham keyingi vaqtda kaltenbrunner nemis bo‘lishga urinishdan voz kechib, hamma bilan o‘z shevasi – Vena talaffuzida gaplashaverdi. Qo‘l ostidagi xizmatchilar bilan u Vena talaffuzida emas, hatto Insbruk talaffuzida gaplashardi: tog‘li avstriyaliklarning tili mutlaqo boshqacha, kaltenbrunner goho o‘z apparatidagi xodimlarni mushkul ahvolda qoldirishni yaxshi ko‘rardi; xodimlar tushunmagan so‘zlarining ma’nosini qayta so‘rashga tortinib, o‘zlarini yo‘qotib, gangib qolardilar.
– Siblits emas, Shtirlits, – qah-qah urib kulib yubordi kaltenbrunner telefon go‘shagiga, – menimcha, shtatdagi xodimlar orasida Siblitslar bo‘lmasa kerak, sizning ayg‘oqchilaringiz esa meni qiziqtirmaydi. Ha, marhamat, iloji bo‘lsa – tezroq. Rahmat. kutaman.
U gestapo boshlig‘i SS gruppenfyureri Myullerga qarab dedi:
– Men partiyada va bir safda turib kurashayotgan o‘rtoqlarimizga nisbatan ko‘nglingizga shubha solmoqchimasman, ammo dalillar quyidagini ko‘rsatmoqda: birinchidan – Shtirlitsning, bevosita bo‘lmasa ham, harqalay krakov operatsiyasining chippakka chiqishida qo‘li bor ko‘rinadi. U o‘sha yerda edi, lekin shahar portlab, yakson bo‘lish o‘rniga qandaydir shubhali sabablar bilan omon qoldi. Ikkinchidan – u yo‘qolgan FAU masalasi bilan shug‘ullangan, ammo uning izini ham topolmagan, menga qolsa, u Visla va Visloki daryolari oralig‘idagi botqoqlikka botib ketgan bo‘lsin, deb xudoga iltijo qilyapman... Uchinchidan – u shu kunlarda ham intiqom quroli masalasiga aloqadordir, garchi oshkora muvaffaqiyatsizliklar yuz bermagan bo‘lsa-da, ammo yutuq, olg‘a siljish, aniq g‘alaba ham ko‘rinmaydi. Aloqador bo‘lish – g‘ayri fikrdagilarni qamayverish degan gap emas. Bu, shuningdek, aniq va istiqbolni ko‘zlab fikr qiluvchilarga yordam berish hamdir... To‘rtinchidan – u shug‘ullangan ko‘chma uzatgich, kodiga qaraganda, dushmanning strategik maxfiy kuzatuv xizmatiga xizmat qiluvchi uzat gich – avvalgidek Berlin atroflarida hamon ishlab turibdi. Myuller, basharti uning hujjatlarini olib kelishlarini kutib o‘tirmay, mendagi shubhani darhol yo‘qqa chiqarsangiz, juda xursand bo‘lardim. Shtirlitsga nisbatan hurmatim baland, shu boisdan menda to‘satdan paydo bo‘lgan shubhani tarqatuvchi dalillarga asoslangan raddiyani eshitishni istardim sizdan.
Myuller tun bo‘yi ishlab uyquga to‘ymaganidan boshi g‘ovlardi, shuning uchun odatdagicha qo‘pol hazil ishlatmay javob berdi:
– Menga u haqda hech qachon hech qanday signal tushmagan. Lekin bizning ishimizda xato va muvaffaqiyatsizliklardan kim xoli bo‘la oladi deysiz.
– Demak, nazarimda, men qattiq yanglishayotganday tuyulyapman, shekilli? kaltenbrunnerning savolida qattiq kinoya bor edi, buni Myuller charchagan bo‘lishiga qaramay, payqab oldi.
– Nega endi... – javob berdi u. – Paydo bo‘lgan shubhani har taraflama sinchiklab tahlil qilib ko‘rish kerak, bo‘lmasa, mening apparatimning nima keragi bor?.. Aks holda bizni frontdan bosh tortayotgan bekorchilar desa ham bo‘ladi-ku. Sizda boshqa hech qanday dalil yo‘qmi? – so‘radi Myuller.
Kaltenbrunner tamakisini chaynagancha indamay turardi. Shunda tomog‘iga tamaki yopishib qolib, ancha vaqt yo‘taldi, yuzlari ko‘karib, bo‘yin tomirlari o‘qlovdek bo‘rtib qizarib ketdi.
– Nima desam ekan, – javob berdi u ko‘z yoshini artar ekan. – Sizga nima deyishimni ham bilmay turibman... Men bir necha kun davomida u bilan odamlarimiz o‘rtasida bo‘lgan suhbatlarni yozib olishni so‘ragandim. Shubhasiz ishongan odamlarimiz ahvolning fojiali ekanligi, harbiylarimizning miyasizligi; Ribbentropning kaltafahmligi, Geringning ahmoqligi haqida, agar ruslar Berlinga bostirib kirsalar, boshimizga tushadigan dahshatlar haqida bir-birlariga ochiqdan-ochiq gapirsalar, Shtirlits: «Bekor gap, hammasi yaxshi, ishlar joyida...» – deb javob beryapti. Vatan va fyurerni sevish hamkasblarga ko‘r-ko‘rona yolg‘on gapirish degan gap emas-ku... Men o‘zimga o‘zim, bu uning to‘nka bir odati emasmikin, degan savolni berdim. Bizda o‘ylamay-netmay Gebbelsning safsatalariga ishonadigan miyasiz odamlar ko‘p-ku, axir. Yo‘q, u ahmoq emas. Xo‘sh, unda nega samimiy emas? U yoki hech kimga ishonmaydi, yoki biror narsadan qo‘rqadi, yoinki biror maqsadni ko‘zlab sof, oppoq bo‘lib ko‘rinmoqchi. Shunday bo‘lgan taqdirda nimani ko‘zlashi mumkin? Uning hamma operatsiyalari chet elga, betaraflarga borib taqalsa kerak... U yoqdan qaytib kelarmikin, qaytib kelgudek bo‘lsa, qarshi kuchlar yoki boshqa ablahlar bilan aloqa bog‘lamasmikin? Bu savollarga aniq – na ijobiy, na salbiy javob beroldim...
Bundan avval sanab o‘tilganlarning barini Myuller sariq chaqaga olmasdi: kaltenbrunnerning maxfiy kuzatuv sohasidagi bilimi yuzaki edi. Ammo uning keyingi gapi Myullerni o‘ylantirib qo‘ydi, obergruppenfyurerning shu tobdagi mantiqiy tahliliga tan bersa arzirdi. Hozirgina uning og‘zidan chiqqan, yuza ki qaraganda oddiy gap Shtirlitsning xayolga kelmagan boshqa tomonlarini yoritib berganday bo‘ldi.
– Avval ma’lumotlarni o‘zingiz ko‘rasizmi yoki men olib ketaveraymi? – so‘radi Myuller.
– Siz olib ketavering, – mug‘ombirlik qildi kaltenbrunner, chunki hamma materiallarni o‘rganib chiqishga ulgurgan edi. – Hozir fyurer huzuriga borishim kerak.
Myuller kaltenbrunnerga savolchan tikildi. U kaltenbrunner bunkerdagi yangiliklardan birortasini aytar degan umidda edi, lekin obergruppenfyurer hech nima demadi. U stolning pastki tortmasini ochib, bir shisha «Napoleon»ni oldi-da, qadahni Myuller tomon surib so‘radi:
– Ko‘proq ichganmidingiz?
– Qatra ichganim yo‘q.
– Nega ko‘zingiz qip-qizil bo‘lmasa?
– Ko‘z yumganim yo‘q, – Pragaga daxldor ish juda ko‘p edi: odamlarimiz yashirin guruhlarning iziga tushib olgan. Yaqin haftalar ichida qiziq hangoma yuz beradi u yerda.
– Kryuger sizga tayanch bo‘ladi. Tasavvuri kam bo‘lsa ham, u ajoyib xizmatchi. Konyakdan iching, tetik qiladi.
– Konyak ichsam, aksincha, lanj bo‘laman.
Menga araq tuzuk.
– Bunisi lanj qilmaydi, – kulib qo‘ydi kalterbrunner o‘z qadahini ko‘tarar ekan. – Tekinxo‘r!
U qadahni bir ko‘tarishda bo‘shatdi, hiqildog‘i xuddi piyonistalarnikidek pastdan yuqoriga «g‘ilq» etib ko‘tarildi.
«Xo‘p ichadi-da, – xayolidan o‘tkazdi Myuller, konyakni simirayotib, – hozir o‘ziga yana bir qadah quyadi».
Kalterbrunner eng arzon va achchiq tamakini tutatgancha so‘radi:
– Xo‘sh, yana quyaymi?
– Minnatdorman, – javob berdi Myuller, – bajonidil. Chin dildan ajoyib konyak ekan.