BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

MUTOLAA | BLOG
Avvalgi qismi

Shtirlits magnitofon tasmasiga yozilgan bu bahsni tinglab bo‘lishi bilanoq o‘rnidan turib, deraza yoniga bordi. U kechagina pastordan yordam so‘ragan, hozir esa tirjaygancha o‘z ovoziga quloq solib, konyak ichib, xumor bilan chekib o‘tirgan kishining ko‘ziga qarashni istamasdi.

– Pastornikida tamaki tanqismidi? – so‘radi Shtirlits orqasiga o‘girilmay.

U butun devorni egallagan katta deraza yonida turib, hovlida qarg‘alarning non talashayotganini kuzata boshladi: uy qorovuli ikki hissa oziq-ovqat olardi, u qushlarni juda sevardi. Shtirlitsning SDdan ekanligini qorovul bilmasdi va bu binoning savdo korchalonlariga qarashli ekanligiga ishonchi komil edi: bu yerga birorta ayol kelmasdi, erkaklar yig‘ilganda esa, suhbatlari osoyishta o‘tar, to‘yimli va lazzatli taomlar tortilardi, ko‘proq amerika ichimliklari ichilardi.

– Ha, u yerda tamakisiz qiynaldim... Chol juda ezma ekan, kaminaning esa tamakisiz joni bo‘g‘ziga keldi...

Bu ayg‘oqchining ismi klaus edi. Uni ikki yil avval ishga jalb qilganlar. To‘g‘risi, o‘zi kelgan: sobiq musahhih asabni qitiqlovchi voqealarning guvohi bo‘lishni istardi. U suhbatdoshini o‘zining samimiy va keskin fikrlari bilan qurolsizlantirib, juda ustomonlik bilan ish ko‘rardi. Unga ish samarali va tez bitsin uchun istagan narsani gapirish ruxsat etilgandi. Shtirlits klausni kuzatarkan, tanishgan kunlaridan boshlab uning qanchalik dahshatli odamligiga borgan sari ko‘proq ishonch hosil qilardi.

«Balki u kasaldir? – bir kuni Shtirlits xayoliga shunday fikr keldi. – Sotqinlik ishtiyoqi ham o‘ziga xos kasallik. Shunisi qiziqki: klausdek ablah Lombrozoning* ham xayoliga kelgan emas – u men uchratgan har qanday jinoyatchilardan ham dahshatlidir, ammo ko‘rinishidan odobli va yoqimliligini aytmaysizmi...»

Shtirlits stolcha yoniga qaytdi, klaus qarshisiga o‘tirib, jilmayib qo‘ydi.

– Xo‘sh? – so‘radi u. – Demak, cholning aloqa bog‘lab berishiga ishonasizmi?

– Xotirjam bo‘ling, bu hal qilingan masala. Men ko‘proq ziyolilar va ruhoniylar bilan ishlashni yaxshi ko‘raman. Odamning o‘zini-o‘zi o‘limga mahkum etayotganini kuzatish juda maza-da. Ba’zan birortasiga: «To‘xta! Ahmoq! Qayerga ketyapsan?!» – degim ham kelib qoladi.

– Yo‘q, bunday qilish yaramaydi, – dedi Shtirlits, – oqilona ish bo‘lmaydi.

– Sizda qovurilgan baliq topilmaydimi, mabodo? Baliqsiz o‘lib qolay deyapman. Har holda, fosfor-da. Asab hujayralariga zarur...

– Men sizga eng yaxshi baliqni tayyorlab qo‘yaman. Qanaqasini ma’qul ko‘rasiz?

– Yog‘lirog‘ini yaxshi ko‘raman...

– Tushunarli... Qayerning balig‘i bo‘lsin? O‘zimiznikimi yoki...

– «Yoki», – kuldi klaus. – Vatanparvarlikka zid bo‘lsa ham, Amerikada yoki Fransiyada tayyorlangan oziq-ovqatu ichimliklar ta’bimga

mos keladi...

– Men siz uchun bir quti chinakam fransuz sardinalarini tayyorlab qo‘yaman. Zaytun yog‘ida ziravorlar solinib qovurilganidan... g‘ijg‘ij fosfor... Aytgandek, men kecha siz haqdagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqdim...

– Unga bir martagina ko‘z qirini tashlash uchun nimalar bermasdim...

– Yo‘q, unchalik qiziq emas... Siz gapirayotganingizda, kulayotganingizda, jigar og‘rishidan noliyotganingizda – ko‘proq taassurot oladi kishi, buning ustiga, juda murakkab operatsiyani amalga oshirganingizni eslasa, taassuroti undan ham kuchli bo‘ladi... Sizning ustingizdagi ma’lumot materiallar esa zerikarli: raport va chaquvlardan iborat. Hammasi aralash-quralash: sizning boshqalar ustidan qilgan chaquvlaringiz, boshqalarning sizning ustingizdan chaquvlari... Yo‘q, uncha qiziqarli emas... Boshqa jihatdan qiziq: men bir narsani sanab chiqdim, sizning raportlaringiz bo‘yicha, tashabbusingiz bilan to‘qson yetti kishi qamoqqa olingan ekan... Ammo hammasi siz haqingizda lom-mim demagan. Ularni gestapoda boplab so‘roq qilishganlariga qaramay birortalari tilga olmagan...

– Nimaga gapiryapsiz bularni menga?

– Bilmadim... Tahlil qilishga urinyapman chog‘i... O‘z uyidan sizga joy bergan kishilarni keyinchalik qamoqqa olib ketganlarida iztirob chekkanmisiz hech?

– O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz?

– Bilmadim.

– Kim biladi deysiz... Men ular bilan yakkama-yakka olishuvga kirisharkanman, o‘zimni dev deb bilgan bo‘lsam kerak. Meni kurash qiziqtiradi... keyinchalik ularning boshiga nimalar tushishi qiziqtirmaydi. Axir keyinchalik o‘zimizning holimiz nima kechadi, o‘shanda boshqalar achinarmikan?

– Bunisi ham to‘g‘ri, – qo‘shilishdi Shtirlits.

– Bizdan keyin qiyomat-qoyim bo‘lmaydimi.

Odamlarimizni aytmaysizmi: qo‘rqoq, pastkash, ziqna, chaqimchi kishilar. Har biri, beistisno har biri. Qullar orasida ozod bo‘lish mumkin emas... Bu haq gap. Shunday ekan, qullar orasida eng ozod kishi bo‘lib yurgan yaxshi emasmi? Men shu yillar mobaynida ruhiy jihatdan batamom ozodlikka erishdim...

– Quloq soling, o‘tgan kuni kechqurun pastornikiga kim kelgan ekan? – deb so‘radi Shtirlits.

– Hech kim...

– To‘qqizga yaqin...

– Yanglishyapsiz, – javob berdi klaus, – har holda, siz nomingizdan hech kim kelgani yo‘q, u yerda yolg‘iz o‘zim edim.

– Balki pastor huzuriga kelgandir... Odamlarim yuzini ko‘risholmabdi.

– Pastorning uyini nazorat qilib turganmidinglar?

– Albatta. Muttasil... Demak, cholning siz uchun ishlashiga imoningiz komilmi?

– Ishlaydi. Umuman olganda, men o‘zimni notiq, dohiydek his etaman. Odamlar mening irodam, fikrlash mantig‘im oldida bo‘yin egadilar...

– Mayli. Yashang, klaus. Ammo maqtanchoqlikda haddan oshib ketmang. Endi, ishga o‘taylik... Yashirin kulbamizda bir necha kun yashab turasiz... Chunki keyinroq jiddiy bir ishga kirishishingiz kerak, bu ish mening sohamga taalluqli emas...

Shtirlits haqiqatni aytgandi; bugun gestapodagi hamkasblari klausni bir haftaga berib turishni so‘ragandilar: kyolnda ikki rus «pianinochisi» qamoqqa olingan emish. Ular ish paytida, radioapparat ustida qo‘lga tushganlar. Ulardan gap olish qiyin bo‘libdi, shuning uchun ular yotgan kameraga tuzukroq odamni kiritish kerak ekan. Bu ishga klausdan ustasini topish qiyin. Shtirlits klausni topishga va’da bergandi.

– Kulrang jild ichidan bir varaq qog‘oz oling-da, – dedi Shtirlits, – mana bularni yozing: «Shtandartenfyurer! Men g‘oyatda charchadim. Hech holim qolmadi. Men astoydil ishladim, ortiq dosh berolmayman. Dam olishim kerak...»

– Nimaga kerak bu? – so‘radi klaus xatga imzo chekarkan.

– Bir haftacha Insbrukka borib kelsangiz yomon bo‘lmas deb o‘ylayman, – javob berdi Shtirlits unga bir dasta pulni uzatib. – U yerda kazinolar ishlab turibdi va yosh qizlar ilgarigidek chang‘i uchib yuribdilar. Shu xat bo‘lmasa, sizni bir haftalik lazzatli kunlarga sazovor etolmayman.

– Rahmat, – dedi klaus, – lekin pulim anchagina...

– ko‘p bo‘lsa zarar qilmas. Nima deysiz, a?

Yoki zararmi?

– Yo‘g‘-e, zarari bo‘lmas, – ko‘ndi klaus, pulni shimining orqa cho‘ntagiga solarkan. – Hozir so‘zakni davolash ancha qimmat emish... – shunday deb kulib yubordi u.

– Yana bir eslang: sizni pastornikida hech kim ko‘rmadimi?

– Eslashning hojati yo‘q – hech kim...

– Men o‘z odamlarimizni ham nazarda tutyapman.

– Umuman, agar odamlaringiz cholning uyini kuzatib turgan bo‘lsalar, ko‘rgan bo‘lishlari ham mumkin. Lekin unday emasdir-ov... Har holda, men hech kimni uchratmadim...

Shtirlits bundan bir hafta oldin hozir pastor Shlag yashayotgan qishloqdan mahbuslarni haydab o‘tish spektaklini uyushtirish arafasida klausni mahbuslar singari kiyintirganini esladi. O‘shanda, bir hafta burun klausning qiyofasi qandayligini ham esladi: uning

ko‘zlarida ochiq ko‘ngillik va jasurlik alomatlari chaqnab turardi. U o‘ynashi lozim bo‘lgan rol ruhiga kirishga ulgurgandi. Vaziyat taqozosi bilan Shtirlits ham u bilan boshqacha muomala qilgandi, chunki mashina o‘rindig‘ida, yonginasida avliyo bir odam o‘tirardi – uning yuzi shunchalar yoqimli, ovozi shunchalar g‘amgin, so‘zlari dona-dona ediki, asti qo‘yaverasiz.

– Bu xatni sizning yangi istiqomatgohingizga borayotganimda yo‘l-yo‘lakay tashlab ketamiz, – dedi Shtirlits. – Yana bir xat yozing, pastorga, yana shubhalanib yurmasin. Uni o‘zingiz yozishga urinib ko‘ring. Men sizga xalaqit bermayman, yana qahva damlab kelaman.

U qaytib kelganda, klaus qo‘lida qog‘oz tutib o‘tirardi.

– «Soflik harakatni nazarda tutadi, – kulimsirab o‘qiy boshladi u, – ishonch zamini kurashdir. Butunlay harakat qilmay turib, soflikni targ‘ib qilish – xoinlik: qavmlarga ham, o‘z-o‘ziga nisbatan ham xoinlikdir. Inson nopokligi uchun o‘zini o‘zi kechirishi mumkin, ammo avlodlar – hech vaqt kechirmaydi. Shu boisdan, qo‘l qovushtirib o‘tirganim uchun men o‘zimni kechirolmayman. Harakatsizlik xoinlikdan besh battardir. Men jo‘nab ketdim. O‘zingizni oqlang. xudoning o‘zi madadkor bo‘lsin sizga». Xo‘sh, qalay? Tuzukmi?

– Qoyil. Qani ayting-chi: o‘z rolingizni o‘zingiz o‘ynayapsizmi?

– Albatta. Men ming yillardan beri barhayotman, chunki u yoxud bu kishi bilan ishlar ekanman, o‘z rolimni o‘zim o‘ynayman: qarshingizda turgan kishini emas, o‘zimga ham noma’lum bo‘lgan boshqa kishini: qo‘qqisdan namoyon bo‘ladigan, chiroyli, dovyurak, kuchli kishi rolini o‘ynayman...

– Siz yozuvchilik qilib ko‘rganmisiz?

– Yo‘q. Agar men ijod qilolsam sizlarga xizmat... – klaus to‘satdan jim bo‘ldi va bildirmay Shtirlitsga nazar tashladi.

– Gapiravering, tentakvoy... Oramizda yashiradigan gap yo‘q-ku. Agar yozishni bilsam sizlarga xizmat qilarmidim demoqchi edingiz-a?

– Shunga o‘xshash.

– Shunga o‘xshash emas, – uni tuzatdi Shtirlits,

– xuddi shunday demoqchi edingiz. Yoki yo‘qmi?

– Ha, to‘g‘ri.

– Yashang. Menga yolg‘on gapirishning hojati bo‘lmasa kerak? Hech hojati yo‘q. Oling, viskini iching, jo‘naymiz. Qorong‘i tushdi, hademay uchib kelib qolsalar kerak.

– Boradigan uyimiz uzoqdami?

– O‘rmonda, o‘n chaqirimcha keladi. U yer jimjit, ertagacha uyquni olaverasiz...

Mashinaga o‘tirishgach, Shtirlits so‘radi:

– Sobiq kansler Bryuning haqida hech narsa demadimi?

– Men sizga bergan hisobotda – darhol dami

ichiga tushib ketdi deb yozganman-ku. So‘rab-surishtiraverishdan esa cho‘chidim...

– To‘g‘ri qilgansiz... Shveysariya haqida ham hech narsa demadimi?

– Lom-mim demadi.

– Mayli. Boshqa tomondan yondashamiz bo‘lmasa. Dushmanga yordam berishga ko‘nibdimi – muhimi shu. Obbo, pastor tushmagur-e!

Shtirlits klausni naq chakkasidan otdi. U, filmlarda ko‘rsatilganidek, nega va kimning nomidan o‘ldirayotganini aytgani ham yo‘q. Ular ittifoqchilar aviatsiyasi uchib kelganida ko‘l qirg‘og‘ida turgandilar. Bu yer kirish taqiqlangan hudud edi-yu, lekin qorovullar nazorat qilish joyi – buni Shtirlits aniq bilardi – ikki chaqirim narida joylashgandi. Samolyotlarning tovushi ostida to‘pponchaning ovozi eshitilmasdi. Ilgari baliqchilar uchun o‘rnatilgan beton supachadan klausning to‘g‘ri suvga ag‘darilishini va supacha ustida hech qanday qon izi qolmasligini oldindan mo‘ljallab otgandi u. Aslini olganda esa buning ahamiyati yo‘q edi: kechalari yomg‘ir aralash qor yog‘ardi, shuning uchun ham hududdagi beton supachada qon bo‘lishi unchalik xavfli emasdi. Mutlaqo xavfli emasdi desak aniqroq bo‘ladi.

Klausning ovozi chiqmayoq, xuddi toshdek suvga ag‘darildi. Shtirlits klaus tushgan joyga to‘pponchasini ham uloqtirib yubordi (asabi dosh bermaganligi sababli o‘zini o‘zi o‘ldirgan degan taxmin zamini tayyor edi, xatlarni esa klausning o‘zi yozgan), keyin qo‘lqopini yechib, o‘rmon orqali o‘z mashinasi tomon yo‘l oldi. «An Dorfgacha» qirq chaqirim. Pastor Shlag o‘sha yerda istiqomat qilardi. Shtirlits o‘z hisobicha bir soatdan keyin uning oldida bo‘ladi, u hammasini oldindan belgilagandi, hatto vaqtni dalilu isbot qilib ko‘rsatishgacha...

 

 

---------------

* Lombrozo Chezare (1835–1909) – italiyalik psixiatr va kriminalist.


@uzb_mutolaa

Report Page