BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI
MUTOLAA | BLOGAvvalgi qismi
– Siz qanday fikrdasiz, pastor [3], insonda insoniylik xususiyati ko‘pmi yoki hayvoniylik xususiyatimi?
– O‘ylaymanki, insonda unisi ham, bunisi ham bab-baravar.
– Bunday bo‘lishi mumkin emas.
– Faqat shunday bo‘lishi mumkin.
– Yo‘q, bunday emas.
– Aks holda bu xususiyatlardan biri allaqachon ustun chiqqan bo‘lardi.
– Ruhiy dunyoni ikkilamchi hisoblab, pastkashlikni dalil qilib olgansizlar deb bizga ta’na qilasiz. Ruhiy dunyo haqiqatan ham ikkilamchidir. Ruhiy dunyo moddiy xamirturushdan o‘sib chiqadi.
– Xo‘sh, o‘sha xamirturushingiz nima?
– Shuhratparastlik. Uni siz fahsh deb ataysiz, men esa uni xotinlar bilan yotish va ularni sevishdan iborat sog‘lom istak deb atayman. Bu – o‘z ishingizda birinchi bo‘lishga qaratilgan sog‘lom intilish. Bunday intilishsiz insoniyatning butun taraqqiyoti to‘xtab qolgan bo‘lar edi. Insoniyat taraqqiyotini to‘xtatish uchun cherkov ozmuncha kuch sarflamadi. Cherkovning qaysi davri haqida gapirayotganimni tushunayotgan bo‘lsangiz kerak?
– Ha, ha, albatta, bilaman u davrni. Juda yaxshi bilaman u davrni, ammo yana boshqa narsani ham bilaman. Sizning insonga nisbatan munosabatingiz bilan insonga nisbatan fyurer targ‘ib qilayotgan munosabat o‘rtasida farq yo‘qligini ham ko‘rmoqdaman.
– Shundaymi?
– Shunday. U insonga izzat-nafsini qondirmoqchi bo‘lgan shayton deb qaraydi. Sog‘lom, kuchli, o‘zi uchun hayot makonini bosib olishni istagan shayton deb qaraydi.
– Siz qanchalik nohaqligingizni tasavvur qilmayotgandirsiz, chunki fyurer har bir nemisga oddiy shayton emas, balki malla soch shayton deb qaraydi.
– Siz esa umuman har bir insonni shayton hisoblaysiz.
– Men inson nimadan paydo bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha deb hisoblayman. Inson esa maymundan kelib chiqqan. Maymun esa asl mohiyati bilan hayvondir.
– Bu masalada siz bilan kelisholmaymiz. Siz insonning maymundan kelib chiqqanligiga ishonasiz; ammo bu jonivorning qaysi turidan kelib chiqqanligini ko‘rmagansiz va o‘sha maymun sizning qulog‘ingizga bu xususda hech nima deb pichirlagan emas. Buni o‘zingiz sezib-payqab turgan emassiz va bunday qilolmaysiz ham. Ha, siz bunga ishonasiz, chunki bu ishonch sizning ma’naviy dunyoingizga mos.
– Xo‘sh, insonni men yaratdim, deb xudo qulog‘ingizga pichirlagan edimi?
– Albatta, menga hech kim hech nima degan emas, inchunun, xudo borligini sizga isbot qilolmayman ham. Buni isbot qilib bo‘lmaydi, bunga faqat ishonish mumkin. Siz maymunga ishonsangiz, men xudoga ishonaman. Siz maymunga ishonasiz, chunki bu ishonch sizning ma’naviy dunyongizga mos, men esa xudoga ishonaman, zero, bu mening ma’naviy dunyomga mos.
– Shu joyda siz qartani boshqacha chiyladingiz. Men maymunga ishonmayman. Men insonga ishonaman.
– Maymundan kelib chiqqan insonga deng.
Siz inson qiyofasidagi maymunga ishonasiz, men esa inson vujudidagi xudoga ishonaman.
– Xudo har bir insonda mavjud deb o‘ylaysizmi?
– Albatta.
– Fyurer vujudida hammi? Gering, Gimmlerda-chi?
– Siz mushkul savol berdingiz. Biz siz bilan inson tabiati haqida suhbat qilyapmiz. Albatta, bu yaramaslarning har biri vujudida gunohga botgan pari izini topish mumkin. Lekin, afsuski, ularning tabiati shafqatsizlik, nafs, bo‘hton, ablahlik, zo‘ravonlik qonunlariga shunchalik bo‘ysunib ketganki, amalda insoniylikdan asar ham qolmagan. Ammo men dunyoga kelgan inson albatta maymun avlodi bo‘lishdek tavqi la’natga duchor ekanligiga ishonmayman.
– Nega maymun avlodi bo‘lish tavqi la’nat ekan?
– Men o‘z tilimda gapirayotirman.
– Binobarin, maymunlarni yo‘q qilish haqida ilohiy qonun chiqarish kerak ekan-da?
– Yo‘q, hojati bo‘lmasa kerak.
– Siz doim ilohiy bahonalar topib, meni qiynagan masalalarga javob berishdan qutulib qolmoqdasiz. Siz «ha» yoki «yo‘q» deb javob bermayotirsiz, imon qidirgan har bir kishi esa aniqlikni yaxshi ko‘radi, binobarin, u «ha» yoki «yo‘q» deb javob berishni afzal biladi. Sizda «ha» degan so‘zning «ha, yo‘q», «yo‘g‘-e», «unday bo‘lmasa kerak» kabi va boshqa frazeologik ko‘rinishlari mavjud. Shu sababli men sizning usulingizdan emas, balki ko‘proq amaliyotingizdan cho‘chib qoldim.
– Sizga mening amaliyotim yoqmas ekan. Tushunarli... Shunga qaramay, siz amalda konslagerdan mening oldimga qochib kelgansiz-ku. Xo‘sh, buni qanday bir-biriga bog‘lash mumkin?
– Bu sizning, har bir kishida ilohiylik va maymunlik xususiyatlari mavjud degan fikringizni yana bir marta isbot qiladi, xolos. Agar menda faqat ilohiylik xususiyatlari mavjud bo‘lganda, men sizga murojaat qilmagan bo‘lar edim. Unda qochmas edim, jallodlar qo‘lida o‘lib ketaverardim, ularda insoniylik hissini uyg‘otish uchun bir chakkaga ursalar, ikkinchisini ham tutib turardim. Bordi-yu, siz ularning qo‘liga tushib qolgudek bo‘lsangiz, ikkinchi chakkangizni tutib turardingizmi yoki mushtdan o‘zingizni olib qochardingizmi?
– Ikkinchi chakkani tutib turish deganingiz
nima o‘zi? Siz yana ramziy rivoyatni nemislarning mavjud davlat mashinasiga ko‘chirayotirsiz. Rivoyatda chakkani tutib berish boshqa gap. Yuqorida aytganimdek, bu rivoyat inson or-nomusining ifodasidir. Ammo ikkinchi chakkangni tutasanmi yo yo‘qmi deb surishtirib-netib o‘tirmay ish ko‘radigan mashina ostiga tushib qolish – boshqa gap mutlaqo... Me’yor jihatdan, o‘z g‘oyasi mohiyati bilan or-nomusi bo‘lmagan mashina ostiga tushib qolish degan gap bu... Inchunun, mashinaga, yo‘lda yotgan toshga yoki oldingizni to‘sib turgan devorga jondorga qilgan muomalani qilmaysiz, albatta.
– Pastor, ma’zur tutasiz, – balki bu narsa sizning siringizdir, ammo frau Ayzenshtadtning menga aytishicha... Ehtimol, u noto‘g‘ri aytgandir-u, shu sababli sizga bu savolni berishga haqim yo‘qdir... Haligi, siz bir vaqtlar gestapoda bo‘lganmisiz?
– Sizga nima ham deyishim mumkin? Ha, u yerda bo‘lganman...
– Tushunarli. Bu masala siz uchun ko‘ngilsiz bo‘lganligi sababli u haqda gapirmoqchi emassiz. Ammo, pastor, sizningcha, urush tamom bo‘lgach, qavmingiz sizga ishonmay qo‘ymasmikin?
– Gestapoda o‘tirganlar ozmunchami?
– Pastorni gestapodan qaytib chiqmagan mahbuslar kameralariga ayg‘oqchi sifatida kiritganlar degan mish-mishni qavmlaringizga yetkazishsa-chi? Sizga o‘xshab gestapodan qutulib qolganlar milliondan bitta-ikkita-ku...
U chog‘da qavmingizning sizga ishonishi qiyin bo‘lsa kerak... Xo‘sh, ana shunda haqiqatu adolatni kimlarga targ‘ib qila olasiz?
– Albatta, insonga shu kabi usul bilan ta’sir etiladigan bo‘lsa, istagan odamni nobud qilib yuborish mumkin. Shunday hol yuz bersa, mening ahvolim tang bo‘lishi tayin gap.
– Xo‘sh, unda nima bo‘ladi?
– Undami? Rad etish lozim. Iloji boricha rad etaman, quloq solgunlaricha rad etaveraman. Quloq solmay qo‘ysalar – tirik murdaga aylandi deyavering. Tirik murdaga deysizmi? Demak, jonli odam bo‘lib qolaverar ekansiz-da?
– Xudoga ayon u yog‘i. Qolsam qolaveraman-da.
– Sizning diningiz odamning o‘z joniga qasd qilishiga qarshi-ku?
– Shuning uchun ham men o‘z jonimga qasd qilmayman.
– Targ‘ib qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgach, nima qilasiz?
– Targ‘ib qilsam ham e’tiqod-imonimga sodiq qolaveraman.
– Nima sababdan o‘zingiz uchun boshqacha yo‘lni, masalan, hamma bilan birga mehnat qilish yo‘lini tasavvur qila olmaysiz?
– Siz «mehnat qilish» deb nimani nazarda tutasiz?
– Aqalli ilm-fan qasrini qurmoq uchun tosh tashishni.
– Agar ilohiyot fakultetini bitirgan kishi jamiyatga tosh tashish uchun kerak bo‘ladigan bo‘lsa, siz bilan gaplashib o‘tirishimning aslo hojati yo‘q ekan. U chog‘da, konslagerga qaytib borib, krematoriyda4 qul bo‘lganim ma’qul.
– Men «bordi-yu» degan ma’noda savol beryapman, xolos. Meni sizning qanday taxmin qilishingiz – deyish mumkinki, fikringizning bo‘lajak majmui qiziqtirmoqda.
– Qavmga din aqidalarini targ‘ib qiluvchi voizni bekorchi va muttaham deb o‘ylaysizmi? Buni mehnat deb hisoblamaysizmi? Sizning tushunchangizda faqat tosh tashish ish bo‘lsa, mening fikrimcha, ruhoniylik mehnati boshqa istagan mehnatga teng bo‘libgina qolmay, ayni vaqtda alohida, muhim mehnatdir.
– Men o‘z ixtisosim bo‘yicha jurnalistman va yozgan narsalarim nemislar tomonidan ham, cherkov tomonidan ham qoralangan.
– Ularni cherkov oddiy bir sabab uchun qoralaganki, siz insonning o‘zini noto‘g‘ri talqin etgansiz.
– Men insonni talqin qilgan emasman. Men Bremen va Gamburg yerto‘lalarida yashagan o‘g‘ri va fohishalar olamini yoritganman. Gitlerchilar davlati uni oliy irqqa nisbatan jirkanch bo‘hton deb atagan bo‘lsa, cherkov insonga nisbatan bo‘hton deb bildi.
– Biz hayot haqiqatidan qo‘rqmaymiz.
– Yo‘q, qo‘rqasiz! Men shu odamlarning cherkovga qatnashga uringanligini, cherkov esa ularni ko‘ksidan itarganini ko‘rsatgandim; ularni qavmlar haydaganlar, pastor esa qavmlarga qarshi chiqolmasdi.
– Albatta, qarshi chiqolmasdi. Men sizni haqiqat uchun qoralayotganim yo‘q. Ha, ha, sizni haqiqatni ko‘rsatganligingiz uchun qoralayotganim yo‘q. Insonning istiqboli masalasida fikrimiz bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti.
– Pastor, berayotgan javoblaringizga ko‘ra siz pastor emas, balki siyosatchiga o‘xshab ketayotganingizni sezmayapsizmi?
– Siz mendagi o‘zingizga ma’qul tomonnigina payqayapsiz. kaminada faqat bir tomonni tashkil etuvchi siyosiy qiyofani ko‘rmoqdasiz. Xuddi shu tariqa logarifm chizg‘ichini mix qoqadigan narsa deb hisoblash mumkin. To‘g‘ri, logarifm chizg‘ichi bilan mix qoqish mumkin, unda ma’lum hajm va og‘irlik bor. Ammo bunday qilish uning o‘ninchi yo yigirmanchi funksiyasi deyish to‘g‘ri bo‘lib, aslini olganda, logarifm chizg‘ichi faqat mix qoqishga emas, balki hisoblashga mo‘ljallangan.
– Pastor, savol bersam, siz unga javob berish o‘rniga vujudimga mix qoqyapsiz. Siz g‘oyatda ustalik bilan meni savol beruvchidan javob qaytaruvchiga aylantirib yuboryapsiz. Siz meni haqiqat izlovchidan shakkokka aylantiryapsiz. Xo‘sh, nega siz jangda ishtirok etib turib, undan tashqaridaman deysiz?
– Bunisi to‘g‘ri: men jangdaman, haqiqatan ham, urush ichidaman, ammo urushning o‘ziga qarshi kurashmoqdaman.
– Siz manfaatparastlarday bahslasharkansiz.
– Men manfaatparast bilan bahslashyapman.
– Binobarin, siz menga qarshi o‘z qurolim bilan kurashishingiz mumkin ekan-da?
– Men bunga majburman.
– Quloq soling... Qavmingiz manfaatini ko‘zlasangiz, mening do‘stlarim bilan aloqa bog‘lashingizni istar edim. Sizga manzilni beraman. Men o‘z o‘rtoqlarim manzilini sizga ishonib topshiraman... Pastor, gunohsiz bandalarni sotmassiz deb o‘ylayman...
– Yana boshladingizmi! Men sizga aytdim-ku, axir..
--------------------
[3] Ruhoniy.
[4] Krematoriy – krematsiya (jasadni yuqori haroratli maxsus pechda kuydirish) qilinadigan bino yoki pech.