Ijtimoiy tarmoqda suv, gaz va yoʻl masalalari bayon etilgan mahalla “Yangiobod” emas

Ijtimoiy tarmoqda suv, gaz va yoʻl masalalari bayon etilgan mahalla “Yangiobod” emas

@Boyovutliklar
Foto: Boyovut tumani hokimligi

Кирилл алифбосида ўқиш

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “Sirdaryo viloyati Boyovut tumani Yangiobod mahallasida 12 yildan beri cuv va gaz muammo. Yoʻl taʼmirtalab. 2 yil oldin suv chiqaramiz deb asfaltni buzishdi, ammo suvdan ham, asfaltdan ham darak yoʻq” soʻzlari bilan izoh qoldirilgan video eʼlon qilindi.

Avvalo shuni aytishimiz kerakki, bu aslida “Yangiobod” mahallasi emas. Bu videolavha “Uchturgon” mahallasining xalq tilida “Yangiobod” deb ataladigan qishloq aholi puntida tasvirga olingan.

Yana shuni tan olib aytishimiz kerak, tuman aholisining 67,8 foizi toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Ushbu suv bilan taʼminlangan aholining 54,8 foizi suvni tashib ichadi. Tumanda ichimlik suvi taʼminotida muammolar koʻp boʻlganligi sababli 2011-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1610-sonli qaroriga muvofiq Jahon taraqqiyot bankining mablagʻlarlari hisobidan “Zomin” liniyasini qurish ishlari boshlangan. Hozirgi kunga kelib, rejadagi 31 ta aholi punktidan 23 tasida 58,3 km magistral suv tarmoqlari toʻliq yotqizilgan, 274,2 km ichimlik suvi tarqatish tarmoqlaridan 269,2 km qismi qurib bitkazilgan.

Jumladan, “Uchturgon” mahallasining “Yangiobod” nomli qishloq aholi puntida hamda ichimlik suvi tarmogʻi qurilgan va har bir xonadon uchun ulanish nuqtasi chiqarilgan. Mazkur loyiha yakunlanganga qadar qishloq aholisi shu hududning oʻzidagi mavjud suv inshootidan tashib foydalanadi.

Shuningdek, bu qishloq oldiniga gazlashgan mahalla hisoblanar edi. Ammo gaz bosimi past va yetarli darajada yetib kelmaganligi hisobiga demontaj qilingan. Shundan soʻng qishloq aholisini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyilgan. Hozirda qishloqdagi 80 ta xonadon suyultirilgan gaz bilan taʼminlanayotgan boʻlsa, gaz ballonlari oxirgi marotaba 19-20-mart kunlari almashtirilgan.

Videolavha tasvirga olingan koʻcha “Balandchaqir” koʻchasi boʻlib, ochiq kollektorning muhofaza zonasida boʻlganligi sababli koʻp yillardan buyon koʻcha sifatida hisobga olinmagan. Shu sababli taʼmirlanmagan. Lekin yillar oʻtib, bu koʻchada aholi xonadonlari borligi sababli rasman koʻcha sifatida hisobga olinib, nomlagan. Taʼmirlash masalasi 2021-yilning ichki xoʻjalik yoʻllarining manzilli dasturiga kiritilgan.

Oʻrni kelganda fuqarolarimizga shuni maʼlum qilamizki, tumandagi koʻp yillardan buyon oʻz yechimin kutayotgan muammolar toʻliq oʻrganilib, ularning har biri boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan. Muammolarni barataraf etish esa vaqt va mablagʻ talab qiladi. Shu bois mavjud muammolar tizimlashtirilgan holda bosqichma-bosqich bartaraf etiladi. Shuningdek, har qanday muammo yuzasidan sektor rahbarlariga murojaat qilishingiz mumkin. Negaki kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar sizning murojaatingiz asosida ishlab chiqiladi.

Boyovut tumanidagi sektor rahbarlarining shtabi

Boyovut tumani hokimligi Axborot xizmati

Report Page