Maktab formasidan voz kechishning 9 ta sababi.

Maktab formasidan voz kechishning 9 ta sababi.

Umid Gafurov

Salom!

Текст на русском тут: http://telegra.ph/9-prichin-otkaza-ot-shkolnoj-formy-06-24

Ta'lim sohasidagi ko'plab formadan muhim muammolar mavjudligini bilaman. Ularga davlat tomonidan ko'proq e'tibor va mablag' ajratilishi tarafdoriman.

Forma masalasini ham bir necha marta ko'tarib kelganman, ammo hozirda butun O'zbekiston bo'ylab yagona forma joriy etilish arafasida.

Mening fikrim yangi qonunga qanday ta'sir qilishini bilmayman, ammo baribir aytib o'tishni joiz ko'rdim.

Yaqinda ushbu mavzu bo'yicha Nodir Zokirov (link) jonli efirlarinii tomosha qildim. U kishining fikrlariga qo'shilganim sababli, ular ba'zida takrorlanib keladi.

Tarixiy nazar:

Bilsangiz kerak, maktab formasi dunyodagi rivojlanayotgan mamlakatlarda va totalitar hokimiyat rejimiga ega davlatlarga xos tushuncha. Albatta, istisnolar bor, lekin ko'pchilik davlatlar forma - odamlarni boshqarish uchun vosita deb hisoblaydi. Chunki maktab formasi bolalikdan o'z-o'zini ifodalash va mustaqil shaxsning rivojlanishiga to'sqinlik qiladi.


Buyuk Britaniya zamonaviy maktab formasini joriy etgan birinchi mamlakatdir. Hozir ham, Buyuk Britaniyada va u bosib olgan (mustamlaka) ko'plab mamlakatlarda (Hindiston, Avstraliya, Irlandiya, Afrika mamlakatlari) forma bor. Hatto Yaponiyaning mashhur formasi ham Britaniya Qirollik dengiz kuchlariga ishoradir.


Xo'sh, nima sababdan inglizlar maktab formasini joriy qilganlar? Dastlab, maqsad turli ijtimoiy sinflardagi talabalarning o'rtasida tenglik o'rnatish bo'lgan. Lekin bu uzoq davom etmadi. Ko'p o'tmay, xususiy elita (qimmat) maktablar o'quvchilari uchun o'z formalarini joriy eta boshlashdi. Boshqalardan ajralib turishlari uchun. Ya'ni kim qaysi maktabda o'qishi (qanchalik boyligi) uning formasidan bilinar edi. Shuning uchun, forma old qismida maktabning katta logotipi (yoki gerb) mavjud. O'shandan buyon bu urfga aylanib qoldi. Inglizlar an'analarni juda yaxshi ko'radilar va ularni kamdan-kam hollarda o'zgartiradilar. Shuning uchun u yerda monarxiya saqlanib qolgan (aslida faqat rasman). Binobarin, ko'plab maktablarda ham forma haligacha bor.



Ko'pgina boshqa rivojlangan davlatlarda maktab formasi va shunga o'xshash narsalardan voz kechildi. Bunga AQSh, Germaniya, Fransiya, Kanada, Belgiya va boshqa ko'plab misollar keltirish mumkin.

O'zbekistonda qanday holat?


Sovet Ittifoqi bizga maktab formasi tushunchasini "olib keldi". Hatto armiyaga xos lineyka kabi tushunchalar haligacha bor:


Turli yillarda formadagi ranglar o'zgarib keldi, lekin hamma joyda majburiy edi. Buning sababi oddiy - totalitar tuzum o'rnatilgan edi. Sovet Ittifoqi qulaganidan so'ng ko'p mamlakatlar, shu jumladan, Rossiyaning o'zi ham formani bekor qilganiga qaramay, O'zbekistonda bu saqlanib qoldi. Hozirda bu oq ko'ylak, qora shim/yubka. Faqat maktablarda emas, balki kollej va universitetlarda ham. Yaqin kelajakda esa butun mamlakat bo'ylab bir xil formani joriy qilishga harakat qilishmoqda. Hatto dizaynerlar uchun ham tanlov e'lon qilindi. Lekin hozircha natijalar juda ham zo'r emas...



Xo'sh uniformami yoki ixtiyoriy kiyinish?

Ikkala tarafda ham yutuq va kamchiliklar mavjud.

Shaxsan men yagona maktab formasiga qarshiman. Kiyinishga oid har qanday majburiyatlarga qarshiman. Shuning uchun bo'lsa kerak, hech qachon galstuk taqishni talab etadigan joyda ishlamaganman.

Men, Nodir Zakirov singari, ta'lim muassasasida kiyinish qoidalari o'rnatilishi (dress-code) tarafdoriman. Bu AQSh va Kanadada qo'llaniladi. Ya'ni, maktabga mayka va tapochka kiyib borish mumkin emas. Krossovka, jinsi va futbolkada - bemalol. Hijobda bemalol.


Buni eng yaxshi yechim deb o'ylayman. Kichik yoshdagi bolalar atrofdagi jamiyatning qanday darajada turli tumanligini tushuna boshlashadi va maktabni bitirgandan so'ng katta hayotga ko'proq tayyor bo'lishadi

Nega formaga qarshiman?


1. Bu adolatsiz.

Bolada tanlash huquqi bo'lishi kerak. Agar u kostyum bilan maktabga borishni xohlasa, boraversin. Agar ro'molda (hijobda) kelmoqchi bo'lsa, boraversin. Nima uchun bolalar nomidan qaror chiqarish kerak? Erkinlik huquqi nima bo'ldi? Hatto Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyada ham bu bayon etilgan. Majburiy forma bolalarda o'zini o'zi ifodalashiga xalaqit beradi. Bundan tashqari, shaxsiy did rivojlanishiga ham to'sqinlik qiladi.


2. Bu xunuk.

Balki, siz uchun bu chiroylidir, ammo men uchun metroga tushganimda faqat oq ko'ylak kiygan talabalar g'alati ko'rinadi. Ular inkubatordan chiqqan jo'jalarga o'xshashadi. Biroq, o'quvchilar o'zlarini bunga qarshi emas. O'rganib qolishgan. Maktabda shunday kiyingan bo'lsa. Bitiruvdan so'ng ham shunday kiyinadi. Ishonmaysizmi? Unda ayting-chi, nima uchun O'zbekistonda odamlar qora, kulrang yoki oq ranglarni afzal ko'rishadi? Misol uchun, metro qishda:


Oyoq kiyimlariga e'tibor bering. Asosan tufli. Qora rangda. Kundalik hayotda krossovkalar qulayroq bo'lsa ham, bizning xalqimiz bolalikdan odat bo'lgan poyabzallarini sotib olishni afzal ko'radi. O'zbekistondagi o'rtacha 40 yoshli odamni tasavvur qiling. U oq ko'ylakda, yelkasi sal kattaroq kostyum kiygan va qora tuflida. Futbolka va krossovkada tasavvur qilish qiyin ha? Nega? Bu juda ham qulay ku. Hech o'ylab ko'rganmisiz?

Ko'pchiligimiz "GM Uzbekistan"dan monopoliya va tanlov yo'qligi uchun nafratlanishadi. Unda nega bolalarga tanlov huquqini bermayapmiz?

3. Bu noqulay.


Qulaylik haqida gapirar ekanmiz, o'zingizni 7-10 yoshda tasavvur qiling. Ko'ylakmi yoki futbolka. Qaysi biri qulay? Poyafzal chi? Krossovka yoki tufli? Maktab bog'ida tuflida yugurish unchalik zavqli bo'lmasa kerak? Oyoq uchun ham va poyafzal uchun ham zarar. Shu sababli ota-onalar ko'pincha bir necha juft tufli sotib olishadi. Bola sal-pal sho'xroq bo'lsa poyafzali tezda yirtiladi. Boshlang'ich sinflarda esa barcha bolalar sho'x.


4. Bu ortiqcha bosh og'riq

Qanday bo'lishidan qat'iy nazar, forma har doim toza bo'lishi kerak. Shuning uchun bolalarga bir nechta ko'ylak sotib olishadi. Ko'ylaklar esa arzon emas. Yoki bitta ko'ylakni har kuni yuvish kerak. Bu ham arzon emas. Axir bunga qancha vaqt va harakat ketadi. Bir kunda ko'ylak yuvish va dazmollashga yarim soat ketsa, bir oyda 15 soat ketar ekan.

Agar o'quvchida bitta ko'ylagi bo'lib, kir bo'lib qolsachi? U maktabga bormaydimi?


5. Bu qimmat.

Har qanday forma. Hatto eng arzon materiallardan tikilgani allaqachon olingan futbolkalardan arzon emas. Yangi futbolka va djinsi ham formadan qimmat emas. Bundan tashqari, ularni kundalik yuvish va dazmollash ham qimmat (agar vaqtni qadrlasangiz).


6. Bu ijtimoiy muvozanatni o'rnarish usuli emas

Do'stimning so'zlarini keltiraman:

Ona oq ko'ylak va qora shim kiygan bolasini qo'lidan yetaklab keldi, keyin oq ko'ylak va qora shim kiygan boshqa bola Toyota Landcruiserdan tushdi. Birinchi bola cho'ntagidan eski Siemensni chiqaradi, ikkinchisining qo'lida iPhone X.

Ular teng. Ikkalasi ham forma kiygan-ku?!!!

(c) Po'lat Tajimuratov


Aytgancha, nima uchun sohta muvozanat o'rnatishga harakat qilamiz? Bu normal holatku. Har qanday jamiyatda boy va kambag'allar bor. Bolalarga bu holatni to'g'ri qabul qilishni va tushunishni o'rgatish yaxshiroq emasmi? O'zi bolalar buni yaxshi tushunishadi. Faqat ota-onalar, negadir, haliyam sohta muvozanat pardasida yashab kelmoqda.


7. Bu tartib-intizom emas.

Shaxsan men uchun maktab formasi - intizom emas. Aniqrog'i, forma orqali intizom o'rnatish juda ham g'alati, nazarimda.

Aksincha, bola o'zi uchun noqulay va o'ziga yoqmaydigan sharoitda o'ssa, qanday intizom bo'ladi?

Bundan tashqari, maktab, birinchi navbatda, bilim olish joyi. Biz ijodiy rivojlangan va aqlli bolalar istaymizmi, yoki bizga tartib-intizomli robotlar kerakmi?


8. Bu eskirdi.

Men bir majburiy forma kabi tushunchalar 21-asrda mavjud bo'lmasligi kerak deb o'ylayman. O'zbekiston ilg'or va zamonaviy davlat bo'lishni istar ekan, , katta sarmoya jalb etishni istar ekan, islohotlar boshlashni istar ekan, bolalar uchun erkinlik muhitini yaratishimiz kerak.


9. Bu korruptsiyaga sabab bo'ladi.

Hisoblab ko'rdingizmi? O'zbekistonda 5,6 million o'quvchi bor. Yangi maktab formasi necha pul turadi? 100 000 so'm bo'lsa ham, bu 70 million dollar degani. 70 million dollar siz-u bizning pulimiz! Bolalar o'sishi va forma yangilanishi kerakligini hisobga olsak... Hammasi ochiq tanlov, korrupsiyasiz bo'lishiga ishonasizmi? Men ishonmayman. 70 mln dollar turganda, korrupsionerlar qarab turmaydi.


Asosiysi, forma ilmiy ko'rsatkichlarning yaxshilanishiga hech qanday ta'sir qilmaydi. Aksincha, atrofda hamma narsa va odamlar bir xil bo'lgan muhitda rivojlanish bo'ladimi? Yoki siz 20 yil oq ko'ylak va qora shim kiygan odamdan qandaydir kashfiyotlar kutyapsizmi?


Maktab formasini tarafdori bo'lgan odamlarni tushunaman. Ularning ko'pchiligi shunga ko'nikib ketishgan, ko'p yillar davomida "ishlab kelgan" tizimni o'zgartirmoqchi emaslar. Ammo tizim ishladimi o'zi?!


Ko'pсhilik maktablarda tartibsizlik boshlanadi, bolalar sinfdoshlariga o'zini ko'z-ko'z qiladi deb qo'rqyapti. Bu faqatgina bolanining ota-onasi tarbiya darajasini ko'rsatadi. 7 yashar bola hech qachon o'zini ko'rsatishga bormaydi maktabga. Bunga aynan ota-onalar sababchi. Menimcha ular "Kimning bolasi krutoyroq" tanlovida doim bellashib kelishadi.


Biz yaxshisi bolalarda insoniyat, mehr-shafqat, odamiylik, adolatlilik va halollik tuyg'ularini tarbiyalashimiz kerak. Ayniqsa bolada o'ziga bo'lgan ishonch va hurmatni oshirish kerak, shunda sinfdoshidagi yangi iPhone unda hasad uyg'otmaydi. Aks holda, bitirganidan keyin hokimning jiyani mingan inomarka bolani depressiyaga tushurishi mumkin.

Hayot shunday. Buning hech qanday uyaladigan joyi yo'q.


Boshqa davlatlarda bunday muammolar yo'q-ku. Nima, ularda boy va kambag'allar yo'q deb o'ylaysizmi? Hammasi birdek o'qib ulg'ayib kelyapti-ku mana. Shuni ham uddasidan chiqa olmaymizmi?


Ongni o'zgartirish vaqti keldi, uni maktabdan boshlash kerak. Hatto bog'chadan. Aks holda, biz yillar davomida bosgan izimizdan chiqa olmaymiz.


Bu formalar haqidagi fikrlarim edi. Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, o'rtoqlaringiz bilan ulashing.


E'tiboringiz uchun tashakkur!


Report Page