Grant va stipendiyalar kerak emas!

Grant va stipendiyalar kerak emas!

Umid Gafurov

Salom! (Русский текст)

Bugun universitetlardagi shartnoma summasining narxi oshganini bilib, boshqa mamlakatlardagi narxlarni taqqoslagandim.

Bu rasm tezlik bilan tarqalib, minglab izohlar to'pladi. Shubhasiz, statistika bilan qo'niqmaganlar ham bo'ldi, unday emas bunday deb, ammo muammo aniq - O'zbekistondagi oliy ta'lim daxshatli darajada qimmat. Ayniqsa o'rtacha oylik miqdori bilan solishtirganda.


1 sentyabrdan boshlab eng "arzon" fakultetda o'qish yiliga $ 1 055 dan, qimmati esa $ 1 410. Magistraturada o'qish uchun 1 552 dollargacha pul to'laysiz. Shu bilan birga, EKOIH har safar oshib borishi bilan birga shartnoma ham shunga muvofiq ravishda ortadi.


Internetdagi noroziliklardan keyin shekilli, Oliy ta'lim vazirligi bayonot berishga qaror qildi. Telegram kanalida ular shartnoma oshib borishi sabablarini tushuntirib berishga harakat qilishdiyu, ammo yozishlaricha barcha pullarning 91 foizi talabalarga stipendiya va o'qituvchilarga maosh to'lashga ketar ekan. Mana bunday raqamlar ham bor:


Bugungi kunda bir talaba uchun o'rtacha byudjet xarajatlari 10,5 mln. so'mni tashkil etadi, shartnoma qiymati esa 8,7 mln. so'mni tashkil etadi.

Mamlakatda bunday dahshatli ta'lim tizimi uchun hali biz (soliq to'lovchilar) ham to'lashimiz kerakmi?

Bema'nilik emasmi?

Bo'lajak iqtisodchilari va moliyachilarni o'qitadigan tashkilotlar zarariga ishlasa-ya...

Ko'p odamlar menga doim tanqid qilib taklif qilmaysiz deb yozishadi. Aslida takliflar ko'p. Shunchaki ular ijtimoiy tarmoqlarda bunday tez tarqalmaydi. Takliflarni kamdan kam odam o'qiydi negadir. To'g'ridan-to'g'ri vazirlikka yozsangiz ham e'tibor berilmaydi. Shunga qaramay, men uch yil avval yozgan o'z takliflarimni yana qayta yozishga qaror qildim.


NIMA QILISH KERAK?

Barchamiz bilamizki, bizning ta'lim tizimi idealdan juda uzoq. Eskirgan. Ma'nan. Ta'lim sifati yer bilan bitta bo'lgani, talabalarning intizomi sustlashgani va o'qituvchilarning adolatiga ishonch qolmaganiga juda ko'p omillar bor. Asosan, hammasi pulga bog'liq. Bizda korruptsiya bolalar bog'chalarida boshlashadi, kollej va oliygohlarda esa bu odatiy hodisa.


Birinchidan.

Sizga g'alati tuyulishi mumkin, ammo men avvalo universitetlarda byudjet joylarini bekor qilishni taklif qilaman. "Grant" o'rinlariga katta miqdordagi mablag' sarf qilinmoqda. Yuz minglab talabalar bepul ta'lim olishadi va hatto o'qish uchun pul ham olishadi. Davlatga ularning zarracha foydasi bormi? Asosiysi, byudjet o'rinlari korruptsiyaga ham sabab bo'lyapti. Hamma o'qishi uchun pul to'lashi kerak. Lekin 1055 dollar emas. Kamroq. Quyida bir kichik hisob-kitob qilamiz va bu hamma uchun foydali ekanligini ko'rasiz.


Ikkinchidan.

Stipendiyalarni bekor qilish. Nega deysizmi? Chunki, universitetlarda korruptsiyani keltirib chiqaradigan ikkinchi sabab - stipendiyalar. Talabalar turli yo'llar bilan semestrni 5 ga yopishga intilishadi. Ba'zi o'qituvchilar esa shu sababli sessiyadan sessiyagacha yashashadi. Shuning uchun bekor qilingan stipendiyalar orqali o'qituvchilarning ish haqini oshirish kerak.

Endi hisob-kitobga kelsak

Hozirgi vaziyat:

Aytaylik, universitetda 1000 nafar talaba o'qiydi. 30% "grantlar", qolgan 70% shartnoma asosida.

Demak, 700 nafar talaba yiliga 1050 dan 1400 dollargacha pul to'laydi. 1200 AQSh dollari (o'rtacha)ni 700 nafar talabaga ko'paytirsak = $ 840,000.


1000 ta talabagaga 100 nafar o'qituvchi (aslida 80) bo'lsa, o'rtacha ish haqi 250 dollarni tashkil etsa. Bu 1 oyda $ 25,000 yoki yiliga $ 300,000 degani.


Yana talabalar oladigan stipendiya mavjud:

Deylik, 30% talaba uchlik, 50% to'rtlik va 20% beshlik stipendiya oladi.

Bu degani oyiga $ 45,850 yoki yiliga 550,200 dollar pul talabalarga to'lanadi. Talabalar o'qituvchilardan ikki barobar ko'p pul olishar ekan. Universitetning "cho'ntagi"da esa hech nima qolmayapti. Mantiq qani?


Taklifim:

Shartnoma yiliga 500-700 AQSh dollar bo'lsin. Shartnomaning arzonligi sababli stipendiyalar bekor qilinsin. Lekin shartnomani endi hamma to'laydi. "Byudjet" joylar yo'q.

Demak, 1000 nafar talaba yiliga o'rtacha 600 000 AQSh dollar to'laydi. O'qituvchilar oylik maoshlarini kamida 400 dollarga ko'tarilsa, bu yiliga 480 ming dollar degani.

$ 120,000 ortib qolyapti.

Ortgan pul quyidagi tarzda sarflash kerak:

Eng yaxshi 25 nafar talabalar shartnoma pullarini qaytarib olishadi. ($ 15,000)

Eng yaxshi 5 nafar talaba chet elga malaka oshirishga boradi ($ 5000).

Faqat talabalarning o'zi eng yaxshi talabaga ovoz berishlari kerak. Aks holda, dekanning bolalari eng yaxshi talaba bo'lishi mumkin. Albatta ovoz berish tizimini puxta o'ylab, shaffof bo'lishiga harakat qilish zarur.

Boshqa harajatlar uchun 100,000 dollar qolyapti.

O'qituvchilarni ham talabalarni kabi rag'batlantirish mumkin. Premiya, malaka oshirish va boshqalar.

Natijada: shartnoma pasaytirildi, ish haqi oshirildi, talabalarga motivasiya berildi va hatto pul ham ortib qoldi. Ma'qulmi?


Takliflar ro'yxatiga qaytamiz.

Uchinchidan.


Oliy ma'lumotga qabul qilish tizimini o'zgartirish kerak. Mavjud testlar eskirgan va ko'plab kamchiliklarga ega. Test tizimida shaxsan men umumiy baholashdan olingan ballarning kamida 50 foizini intervyuga (suhbat) bergan bo'lar edim. Maksimal shaffoflik uchun intervyu videoga yozib olinishi va onlayn ma'lumotlar bazasiga yuklanishi kerak. Chunki biznikilar tanish-bilishlik qilishlari mumkin.

Bir muammo, bu uzoq vaqtni talab qiladi. Qanday qilib hammasini 1 avgustda ulguradi vazirlik? Juda oddiy! Faqatgina 1 avgust kuni mobaynida butun shaharni berkitib qo'yadigan ahmoqona an'anani, abituriyentlarni bir necha oyda turli guruhga ajratib olish yo’li bilan yo'q qilinishi mumkin. Butun dunyoda shunday. To'g'ri, bu yil innovatsiyon yondashuv bo’ladi ekan, ammo shunda ham sinovlar faqat 15 kun davom etadi: 1 dan 15 avgustgacha. Eng qizig’i 15 kun bo’lishiga qaramay, 1 marta imkon beriladi abituriyentga, ya’ni 1 avgust kuni imtihondan o’tmagan abituriyent 5 avgust kuni yana bir marta imkonini sinab ko'rolmaydi. Bir yil kutishi kerak. 


Shundan kelib chiqib To'rtinchisi:

Bir vaqtning o'zida bir nechta universitetlarga hujjat topshirish imkoniyatini berish. To’g’ri, bu imtihonlarni tashkil etish uchun vaqt va mehnat sarfini oshiradi, ammo bular abiturient hayotining foydasiz o’tgan butun yiliga nisbatan hech narsa emas. 

Yoki davlat o'z mehnatidan qizg’ansa, hujjat topshirish uchun pul to'lansin. Bu universitetlar byudjeti uchun qo'shimcha daromad bo'ladi.

Ko’p rivojlangan universitetlarda imtihon degan narsa ham yo’q. Faqat shartnoma pulini to’lang va o’qing. Imtihonlarni topshira olmasangiz – keying yilga qolib, yana bir yil to'laysiz. Bu universitet uchun foyda. Yuqoridagi taklifimni hisobga olsak, oliygoh uchun qancha ko’p talaba o’qisa, shuncha yaxshi. O'zingiz ko'rdingiz.

Beshinchidan.

32 milliona aholi bo'lgan mamlakatda oliy ta’lim yurtlari juda kam. Abituriyentlar soni 700 ming (!) va ulardan faqat 70 ming qabul qilinadi! Talabning 90% qoniqtirilmayapti. Taqqoslash uchun, Qozog'istonda 47% abituriyent talabalik baxtiga muyassar bo'ladi. Bizdan qariyb 5 marotaba ko'proq!

Yangi universitetlarni ochishga nima to'sqinlik qiladi o’zi? Bu iqtisodiy jihatdan foydali bo'lishini ko'rdik. Universitetlarni qurish uchun davlatda pul bo'lmasa, xususiy universitetlarni ochishga ruxsat berish kerak. Agar siz xususiy universitetlarning sifatidan qo'rqsangiz, hozirgidan battar bo’maydi deb aytaman.

Nima uchun mamlakatda ko’plab ta'lim va til markazlari paydo bo'ldi? Chunki ularga talab katta. Shunday ekan, ularga o'sish uchun imkoniyat bering!

Ular shartnoma miqdorini o’zi hal qilsin, raqobat bo'lsin. Mana Toshkentdagi xorijiy oliy o'quv yurtlarida talabalar bir necha ming dollar to'layapti-ku. Demak talab bor.

Oltinchidan.

O'qish vaqtida talabalarga ishlash uchun ruhsat berish va "nb" tizimini olib tashlash kerak. Talaba imtihondan o’tsa bo’ldi. U ta'lim uchun haq to'laydi. Shu shartnoma summasini va o'zi cho'ntagidan to’lash imkoniyatini berish kerak. Ota-onalar shu paytgacha yordam berganlari yetadi.

"Ammo shartnomani to'lay olmayotganlarchi?", "Stipendiyalarni bekor qilolmaymiz!" - deb ko'pchilik e'tiroz bildirishi aniq. Men javob beraman: - "Bu takliflarning hamma uchun foydasi bor":

1. Davlat (ta'lim tizimi)ga. Davlat byudjeti va universitetlar uchun qo’shimcha mablag’ kirishi va bu ta’lim sifatini yaxshilashga ishlatilishi mumkin.

2. Talabalarga. Chunki endi talabalar bir birini ikki guruh(grantchilar va kontraktchilar)ga ajratishlar, kim o’zarlar bo'lmaydi. Haqiqiy baholash bilan haqiqiy o’qishga o’tiladi. Shartnoma miqdori ham endi katta emas. O’qishdan keyin biror bir ishda uch yoki to'rt oyda to’plashi mumkin bu pulni.

3. O'qituvchilarga. Endi ular o'zlari ustida ishlash imkoniga ega bo'ladilar, chunki ish haqi uchun qo'shimcha haq evaziga motivatsiya paydo bo'ladi. Ha, 400 dollar katta pul emas, lekin hozirgi ish haqidan ancha yaxshiroq. Shunga yarasha o'qituvchilarga talablar ham ortadi. Hamma ham o'qituvchi bo'la olmaydi.

4. Mamlakatga. Agar tizim to'g'ri ishlab ketsa, universitetlar real ta’lim maskaniga aylanadi. Bitiruvchilarning diplomlari sandiqda chang bosib yotmaydi.


Ehtimol, eng muhimi:


1) Yoshlarga birinchi navbatda o'zlari uchun o’qish-izlanish kerakligini tushuntirish yo'lini topish kerak, universitetda o’qish - hayotdan eng asosiy maqsad bo’lmasligi zarur.

2) Ota-onangiz tanlagan yo’nalish emas, sizga yoqqan yo’nalishda tahsil olish kerak. 

3) O’qish muhim, ammo diplom yo'qligi – hayot tugadi degani emas. 


Tabiiyki, hammasini darhol o'zgartirish qiyin. Asta-sekinlik bilan o’tiladi, lekin biz yaxshiroq harakat qilmasak, sekin harakatlanganimiz ham orqaga burilib ketishi aniq.


Report Page