002

002

Firdavsiylar


BAQARA SURASI (DAVOMI)

(101-200 OYATLAR)



101. Qachon ularga Allohning huzuridan o‘zlaridagi narsani tasdiq etuvchi Payg‘ambar kelsa, kitob (Tavrot) berilgan kimsalardan bir guruhi Allohning kitobini (Qur’oni Karimni) hech narsa bilmagandek orqalariga otadilar.

102. Va Sulaymon davridagi shaytonlar (jinlar) aytgan narsalarga ergashadilar. Sulaymon kofir emas edi, balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar. Va Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarga ergashadilar.— Holbuki, u farishtalar: «Biz faqatgina fitnamiz (ya’ni odamlarni aldab imtihon qilish uchun yuborilganmiz), bas, (biz aytgan narsalarni qilib) kofir bo‘lib qolma», demasdan turib hech kimga hech narsa o‘rgatmas edilar.— Va o‘shalardan (Horut va Morutdan) er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsalar o‘rganadilar. (Lekin) ular (yahudiylar) Allohning iznisiz hech kimga zarar yetkaza olmaydilar. Va hech foydasiz, bil’aks zararli narsalarni o‘rganadilar. Axir (Allohning kitobi o‘rniga sehrni) almashgan kimsalarga oxiratda hech qanday nasiba yo‘q ekanini bilgan edilar-ku. Jonlarini naqadar yomon narsaga (ya’ni oxiratdagi mahrumlikka) sotganlarini bilsalar edi. 


103. Agar ular iymonga kelib Allohdan qo‘rqsalar, Alloh tarafidan bo‘ladigan savob albatta yaxshiroq bo‘lishini bilsalar edi. 


I z o h . Farishtalar odamlarga sehr o‘rgatishlarining o‘z hikmati bor. Rivoyat qilishlaricha, o‘sha davrda sehrgarlik juda rivojlangan ekan. Sehrgarlar ko‘payib, ularning ayrimlari hatto o‘zlarini payg‘ambar deb e’lon qilishgacha boradi. Shunda Tangri taolo ikki farishtasini yuboradi. Ular odamlarga turli sehrlarni o‘rgatishib, sehrgarlik o‘rganish mumkin bo‘lgan narsa ekani, payg‘ambarlik esa yolg‘iz Tangri tarafidan berilishini anglatadilar. 


104. Ey mo‘minlar, «Ro’ino» demang. «Unzurno» denglar. 


I z o h. Arab tilida har ikki so‘z «Bizga boqqin, qaragin» degan ma’noni anglatadi. Payg‘ambar alayhis-salom Qur’on oyatlarini tilovat qilib berayotganlarida, mo‘minlar u kishiga: «Bizlarning holimizni rioya qilgin va oyatlarni shoshmasdan qayta-qayta o‘qigin», degan ma’noda «Ro’ino» der edilar. Lekin yahudiylar «ro’ino» so‘zining rioya qilmoq, boqmoq degan o‘zakdan chiqqanini bilganlari holda ko‘ngillari buzuqligi sababli «ruunat — yengiltak bo‘lmoq» degan o‘zakdan chiqadigan so‘zga o‘xshatib talaffuz qildilar. Shuning uchun Alloh taolo mo‘minlarga bu so‘zni ishlatmaslikni amr qildi. 


Va (Allohning amr-nahiy-farmon-ta’qiqlariga) quloq soling! Kofirlar uchun alamli azob bor. 


105. Na axli kitoblar (yahudiy va nasroniylar) dan bo‘lgan kofirlar va na mushriklar sizga Parvardigoringiz tarafidan bir yaxshilik (ya’ni vahiy) tushishini istamaydilar. Alloh esa rahmat-marhamatini o‘zi xohlagan kishilarga xos qilib beradi. Alloh buyuk fazlu karam sohibidir.

106. (Ey Muhammad), biron oyatni bekor qilsak yoki yodingizdan chiqarsak, undan yaxshirog‘ini yoki o‘shaning mislini keltiramiz. Alloh har narsaga qodir zot ekanini bilmadingizmi? 


107. Yeru osmonlar yolg‘iz Allohning mulki ekanini va sizlar uchun Allohdan o‘zga biron do‘st yo yordam berguvchi yo‘q ekanini bilmadingizmi? 


108. Yoki Payg‘ambaringizdan, ilgari Musodan so‘ralgan narsalarni so‘rashni istaysizmi (ey mo‘minlar)? Kim iymonga kufrni almashtirsa, albatta to‘g‘ri yo‘ldan adashadi. 


109. Ahli kitoblarning ko‘pchiligi sizlarni, iymonli bo‘lganingizdan keyin (ya’ni hozir), ularning o‘zlariga ham haqiqat ochiq ravshan bo‘lganidan keyin hasad qilganlari sababli kufrga qaytarishni istaydi. Bas, Allohning farmoni kelgunicha ularni afv qiling va kechiring. Albatta, Alloh har narsaga qodirdir. 


110. Namozni to‘kis ado qiling va zakotni bering! O’zingiz uchun nima yaxshilik qilgan bo‘lsangiz, uni Alloh huzurida topajaksiz. Shubhasiz Alloh qilgan amallaringizni ko‘rib turguvchidir. 


111. «Jannatga faqat yahudiy yoki nasroniy bo‘lganlar kiradi», deyishdi. (Ya’ni yahudiylar: «Biz kiramiz», deyishsa, nasroniylar: «Biz kiramiz», deyishdi.) Bu ularning xom xayollaridir. Ayting (ey Muhammad): «Agar rostgo‘y bo‘lsangiz, hujjat keltiring!» 


112. Yo‘q, kim yaxshilik qilgan holida o‘zini Allohga topshirsa, uning uchun Alloh huzurida ajr bor va ular uchun xavfu xatar yo‘q va ular g‘amgin bo‘lmaydilar.

113. Yahudiylar: «Nasroniylar haq emaslar», deyishdi. Nasroniylar: «Yahudiylar haq emaslar», deyishdi. Holbuki ular (ya’ni yahudiylar ham, nasroniylar ham) kitob (ya’ni Tavrot, Injil) tilovat qiladilar, shuningdek, bilmaydigan kimsalar ularning gapiga o‘xshash gap aytdilar. 


I z o h . Ya’ni Makkadagi mushriklar: «Muhammad haq emas», deyishdi. 


Bas, ularning o‘zaro ixtilof qilib o‘tgan narsalari haqida Alloh qiyomat kunida hukm qiladi. 


114. Allohning masjidlarini ularda Alloh ismi zikr qilinishidan to‘sadigan va ularni xarob qilish harakatida yuradigan kimsalardan ham zolimroq kim bor? Axir bu kimsalar uchun unday joylarga faqat qo‘rqqan hollarda kirish joiz edi-ku. Ular uchun bu dunyoda rasvolik, oxiratda esa buyuk azob bordir. 


115. Mashriq ham, mag‘rib ham Allohnikidir. Bas, qay tarafga yuz bursangiz, o‘sha joy Allohning tarafidir. Shubhasiz Alloh (hamma tomonni) qamrab olguvchi bilimdondir. 


116. «Allohning bolasi bor», dedilar. U zot bularning badgumonidan mutlaqo pokdir. Balki yer va osmonlardagi narsalar u zotga tegishlidirki, hammasi unga bo‘yinsunadi. 


117. (U) yeru osmonlarni paydo qilguvchidir. Biror ishni hukm qilsa unga faqatgina «Bo‘l» deydi, xolos. Bas, u ish bo‘ladi. 


118. Bilmaydigan kimsalar: «Alloh bizga gapirsa edi yoki biror alomat kelsa edi», deydilar. Ulardan ilgarigilar ham ularniig gaplariga o‘xshash gaplarni aytishgan edi. Dillari bir-biriga o‘xshaydi. Biz aniq ishonadigan qavm uchun oyatlarni aniq bayon qildik. 


119. Albatta Biz sizni haq (din) bilan xushxabar eltguvchi va ogoxlantiruvchi qilib yubordik. Do‘zaxilar xususida siz mas’ul emassiz.

120. Yahudiy va nasroniylar ularning diniga kirmaguningizcha hargiz sizdan rozi bo‘lmaydilar. Ayting: «Allohning yo‘ligina haqiqiy yo‘ldir». Qasamki, agar sizga qelgan haqiqiy bilimdan keyin ularning nafs-havolariga ergashsangiz, Alloh tarafidan sizga na bir do‘st va na bir yordam berguvchi bo‘lmaydi. 


121. Biz kitob (ya’ni Tavrot, Injil) ato etgan zotlar orasida uni to‘g‘ri tilovat qiladigan kishilar ham bordirki, ana o‘shalar (Qur’onga) iymon keltirurlar. Va kimda-kim unga (Qur’onga) kofir bo‘lsa, o‘shalar ziyon ko‘rguvchilardir. 


122. Ey bani Isroil, sizlarga in’om qilgan ne’matimni va sizlarni butun olamga afzal qilgan paytimni eslang. 


123. Va birov birov tomonidan hech narsa o‘tay olmaydigan va hech kimdan evaz qabul qilinmaydigan, oqlov foyda bermaydigan va hech kimga yordam ham berilmaydigan kundan qo‘rqing! 


124. Eslang: Ibrohimni Parvardigori bir necha so‘zlar bilan imtihon qilganida, ularni benuqson holda ado etdi. Shunda (Alloh taolo): «Albatta Men seni odamlarga imom qilguvchidirman», dedi. «Zurriyotimni ham-a?» - deb so‘radi u. (Alloh taolo) aytdi: «Mening bu ahdim (sening zurriyoting orasidagi) zolim kimsalarga yetmaydi». 


125. Eslang: «Baytullohni odamlar uchun ziyoratgoh va tinch joy qildik va Ibrohimning (Ka’batullohni bino qilayotgan vaqtida) turgan o‘rnini namozgoh qilib oling, (dedik) va Ibrohim bilan Ismoilga: «Mening baytimni tavof qilguvchilar, o‘sha yerda ibodat qilib turuvchilar, ruku uchun pok tuting», deb buyurdik. 


126. Eslang: Ibrohim: «Ey Parvardigor, bu shaharni tinch shahar qilgin va uning ahllaridan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarini turli mevalar bilan rizqlantirgin», deganida, Alloh taolo: «Kofirlarini ham bir oz foydalantirib, so‘ngra do‘zax azobiga duchor qilamanki, bu eng yomon oqibatdir», dedi.

127. Eslang: Ibrohim Ismoil bilan birgalikda Baytullohning poydevorini ko‘tarib (dedilar); «Parvardigoro, bizdan (ushbu qilgan amalimizni) o‘zing qabul ayla. Shubhasiz, sen eshitguvchi, bilguvchisan! 


 128. Parvardigoro, bizni o‘zingga bo‘yinsunguvchilardan qilgin va zurriyotimizdan ham o‘zingga itoat qiladigan kishilar chiqargin. Va bizga (qiladigan) iboratlarimizni o‘rgatgin va tavba-tazarrularimizni qabul et! Shubhasiz, sen tavbalarni qabul qilguvchi, rahmlisan. 


129. Parvardigoro, ularning orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmatni (Qur’on va Hadisni) o‘rgatadigan va ularni poklaydigan bir payg‘ambarni yubor! Shubhasiz, sen qudrat va hikmat sohibisan». 


130. Ibrohimning dinidan faqat yengiltaklargina yuz o‘giradilar. Haqiqatan dunyoda uni tanlab oldik va u oxiratda shubhasiz solih (yaqinlarimizdan)dir. 


131. Eslang: Parvardigori «Bo‘yinsun!» — deganida: «Butun olamlar egasiga bo‘yinsundim» dedi. 


132. Ibrohim, u bilan birga Ya’qub ham bolalariga shu dinni vasiyat qilib dedilar: «O’g‘illarim, albatta Alloh siz uchun shu dinni tanladi. Bas, musulmon bo‘lgan holingizdagina dunyodan o‘ting!» 


133. (Ey yahudiylar) yoki Ya’qubga o‘lim kelgach, u o‘g‘illariga: «Mendan keyin nimaga ibodat qilasizlar?» deganida: «Sening tangring va otalaring Ibrohim, Ismoil va Ishoqlarning tangrisi bo‘lmish yagona Allohga ibodat qilamiz va bizlar faqat Uning o‘zigagina bo‘yinsunuvchilarmiz», deb javob qilganlariga guvoh bo‘lganmisizlar? 


134. Ular o‘tib ketgan kishilardir. Ularning qilgan amallari o‘zlari uchun, sizlarning qilgan amallaringiz o‘zlaringiz uchundir. Va sizlar ular qilgan amallar uchun mas’ul bo‘lmaysiz.

135. Yahudiy yoki nasroniy bo‘ling, hidoyat topasiz, dedilar. (Ya’ni, yahudiylar yahudiy bo‘ling, dedi, nasroniylar nasroniy bo‘ling, dedi). (Ayting: Ey Muhammad), balki biz haq yo‘ldan toyilmagan, mushriklardan bo‘lmagan Ibrohim diniga ergashamiz. 


136. Aytingiz (ey mo‘minlar), Allohga va bizga nozil qilingan kitobga va Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qubga va o‘sha urug‘-avlodga nozil qilingan narsalarga, Muso va Iysoga berilgan narsalarga va barcha payg‘ambarlarga Parvardigor tarafidan berilgan narsalarga ishondik. Biz ulardan birortasini ajratib qo‘ymaymiz va biz u zotga (Alloh taologa) bo‘yinsunuvchilarmiz. 


137. Endi agar ular (ya’ni, axli kitoblar) sizlar iymon keltirgan narsalarga iymon keltirsalar, haq yo‘lin topibdilar. Agar yuz o‘girsalar, u holda, shubhasiz, sizlarga nisbatan gina va adovatlari bordir. Ularning yomonligidan sizga (ey Muhammad), Allohning o‘zi yetarlidir. U eshitguvchi, bilguvchidir. 


138. Allohning rangi-la (ranginmiz). 


I z o h . Bu oyatdagi Allohning rangidan murod Allohning dinidir. Zero, xuddi kiyimning ustida rangi ko‘ringani kabi mo‘min-musulmonlarda ham din alomatlari ko‘rinib turadi.

 

Allohdan ham go‘zalroq rang berguvchi bormi? Bizlar ungagina ibodat qilguvchilarmiz. 


139. Ayting (ey Muhammad), bizning ham, sizning ham Parvardigoringiz bo‘lgan Alloh xususida biz bilan janjallashasizmi? Holbuki, bizning qilgan amalimiz o‘zimiz uchun, sizning qilgan amalingiz o‘zingiz uchun-ku? Biz faqat ungagina ixlos qo‘yuvchilarmiz. 


140. Yoki "œIbrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qub va o‘sha urug‘-avlod yahudiy yo nasroniy bo‘lgan", deysizmi? Ayting (ey Muhammad): "œUlarning dinlarini sizlar yaxshiroq bilasizmi yoki Allohmi? O’zi biladigan guvohlikni Allohdan yashirgan kimsadan ham zolimroq odam bormi? Alloh qilayotgan ishlaringdan g‘ofil emas". 


I z o h. Tavrot va Injilda yuqorida mazkur bo‘lgan Payg‘ambarlarning yahudiy ham, nasroniy ham bo‘lmaganliklari ochiq-ravshan aytilgan ekan. Yahudiylar ham, nasroniylar ham mana shu haqiqatni bilib turib yashirganlari uchun yuqoridagi oyat nozil bo‘ldi. 


141. Ular o‘tib ketgan kishilardir. Ularning qilgan amallari o‘zlari uchun, sizlarning qilgan amalingiz o‘zingiz uchundir va sizlar ular qilgan amallar uchun mas’ul bo‘lmaysiz.

142. Odamlardan aqlsizlari: «Ular (musulmonlar)ni ilgari qaragan qiblalaridan qanday narsa yuz o‘girtirdi?» — deydilar. Ayting: «Mashriq ham, Mag‘rib ham Allohnikidir. U O’zi xohlagan kishilarni haq yo‘lga hidoyat qiladi». 


I z o h . Musulmonlar Madinaga kelgan dastlabki davrlarda Quddusga qarab namoz o‘qir edilar. Quddus yahudiylarning qiblasi bo‘lgani uchun musulmonlar ham o‘sha tarafga qarab ibodat qilayotganlaridan ular juda g‘ururlanib yurardilar. Qachonki musulmonlarga Makka tarafga yuzlanib sajda qilish buyurilganda yahudiylar yuqoridagi so‘zlarni aytdilar. 


143. Shuningdek (ya’ni haq yo‘lga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh bo‘lishingiz va payg‘ambar sizlarning ustingizda guvoh bo‘lishi uchun o‘rta (adolatli) bir millat qildik. 


I z o h . Rivoyatlarga qaraganda, Tangri taolo qiyomat kunida har bir payg‘ambarni o‘z ummatlari bilan ro‘baro‘ qilib, ulardan: «Bu payg‘ambarim sizlarga mening amru farmonlarimni to‘la yetkazdimi?» — deb so‘raganida, ular: «Yo‘q», deb javob qilishar, payg‘ambar esa: «Yetkazganman», der ekan. Undan guvoh so‘ralganida: «Muqammad alayhis-salom va u zotning ummatlari guvohlarimdir»,— deydi. Shunda Muhammad payg‘ambarni ummatlari bilan hozir qilinib; «Mana bu payg‘ambar o‘z vazifasini to‘la ado etganmi?» - deb so‘ralganida, ular: «Ha, o‘tgan barcha payg‘ambarlar o‘z elchilik burchlarini to‘la ado etganlar. Bizga bu haqda payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salom xabar keltirganlar»,— deyishadi. Shuning uchun mazkur oyatda musulmonlarga qarata: «Odamlar ustida guvoh bo‘lasiz»,— deyildi. 


Siz ilgari qaragan qiblani Biz faqatgina kim payg‘ambarga ergashib, kim orqasiga qaytib ketishini bilish uchun qilganmiz, xolos. Shubhasiz, bu og‘ir ish. Magar Alloh hidoyat qilgan zotlargagina (og‘ir emasdir). Alloh iymonlaringizni (ya’ni, iymon bilan o‘qigan namozlaringizni) zoe qilguvchi emas. Albatta, Alloh odamlarga mehribon va rahmlidir. 


I z o h . Arablar uchun Ka’ba Ibrohim payg‘ambar zamonlaridan buyon muqaddas sanalar edi. Muhammad alayhis-salom Madinaga hijrat qilishidan ilgari musulmonlar mana shu Ka’baga yuzlanib ibodat qilardilar. Madinaga ko‘chganidan keyin esa ularning iymonlarini sinash uchun boshqa tarafga — Quddusga qarab namoz o‘qish buyurildi. Hijratning o‘n yettinchi oyida qaytadan Makkaga yuzlanishga amr qilinib quyidagi oyat nozil bo‘ldi. 


144. Goho yuzingiz samoda kezganini ko‘ramiz. Bas, albatta Biz sizni o‘zingiz rozi bo‘lgan qiblaga buramiz. Yuzingizni Masjid-al-harom (Makka) tomonga buring! (Ey mo‘minlar, sizlar ham) qaerda bo‘lsangizlar, yuzlaringizni uning tarafiga buringiz! Kitob berilgan zotlar albatta buning Parvardigorlari tomonidan (kelgan haq hukm) ekanini biladilar. Alloh ular qilayotgan amallardan g‘ofil emasdir. 


145. Qasamki, agar Siz kitob berilgan kimsalarga bor mo‘‘jizalarni keltirsangiz ham ular qiblangizga boqmaydilar. Siz ham ularning qiblasiga boquvchi emassiz. Ular (yahudiy va nasroniylar)ning birovlari birovlarining qiblasiga boquvchi emas. Agar farazan Sizga kelgan bilim (vahiy)dan keyin ham ularning havoyi nafslariga ergashsangiz, u holda shubhasiz zolimlardan bo‘lib qolasiz.

146. Biz kitob ato etgan kimsalar (yahudiy va nasroniylar) Uni (Muhammad payg‘ambarni) o‘z farzandlarini tanigan kabi taniydilar. (Ya’ni o‘zlarining ilohiy kitoblarida u haqda o‘qiganlar.) Va albatta ulardan bir guruhi bilganlari holda haqiqatni berkitadilar. 


147. Bu haqiqat (ya’ni qiblaning o‘zgarishi) Parvardigoringiz tomonidandir. Bas, shubha qilguvchilardan bo‘lmang! 


148. Har kimning o‘z yuzlanadigan tarafi bor. Bas, yaxshi ishlarga shoshilingiz! Qaerda bo‘lmang, Alloh sizlarni (hisob-kitob) uchun keltiradi. Albatta Alloh har narsaga qodirdir. 


149. Qaysi tarafdan chiqsangiz, yuzingizni Masjid-al-harom tomonga buring! U shubhasiz Parvardigoringiz (buyurgan) haq (qibla)dir. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan g‘ofil emasdir. 


150. Qaysi tarafdan chiqsangiz, yuzingizni Masjid-al-harom tomonga buring! Va qaerda bo‘lsangizlar (ey mo‘minlar), yuzlaringizni o‘sha tomonga buring! Toki (ayrim) odamlar uchun sizlarning ustingizda hujjat bo‘lib qolmasin. Lekin ularning ichida zulm qilguvchilar ham borki, sizlar ulardan qo‘rqmangiz. Mendan qo‘rqingiz! Va toki sizlarga ne’matimni komil qilib berishim va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat topishingiz uchun shunday qilingiz. 


I z o h . Yahudiylar: «Nega Muhammad dini boshqa bo‘la turib bizning qiblaga — Quddusga qarab ibodat qiladi?», mushrik arablar esa: «Muhammad Ibrohimning dinidaman, deb da’vo qiladi-yu, o‘zi yahudiylarning qiblasiga qarab namoz o‘qiydi», demasinlar uchun musulmonlarga qaerda bo‘lsalar ham faqat Masjid-al-harom tomonga yuzlanib namoz o‘qish buyurildi.


151. Shuningdek, sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan, sizlarga Bizning oyatlarimizni tilovat qiladigan, sizlarni poklaydigan, sizlarga Kitob va Hikmatni (Qur’on va Hadisni) o‘rgatadigan va bilmagan narsalaringizni bildirgan bir payg‘ambar yubordik. 


152. Bas, Meni eslangiz, Men ham sizlarni eslayman va Menga shukr qilingiz va Meni inkor qilmangiz! 


153. Ey mo‘minlar, sabr qilish va namoz o‘qish bilan (Mendan) madad so‘ranglar! Albatta Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir.

154. Va Alloh yo‘lida halok bo‘lgan shahidlar haqida: «Bular o‘liklar», demangiz! Yo‘q, ular tiriklardir, lekin sizlar sszmaysizlar. 


155-156. Va albatta sizlarni xavfu xatar, ochlik, molu jon va meva-chevalarni kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilamiz. Biror musibat kelganda: «Albatta biz Allohning (bandalarimiz) va albatta biz u zotga qaytguvchilarmiz», deydigan sobirlarga xushxabar bering (ey Muhammad). 


157. Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) va rahmat bordur. Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir. 


158. Albatta Safo va Marva Alloh (buyurgan) marosimlardandir. 


I z o h. Safo va Marva Ka’ba yaqinidagi ikki tog‘ bo‘lib, Islom kelishidan ilgari ham arablar Ka’bani tavof qilganda ularning oralig‘ida yetti marta borib kelish (sa’y qilish) odatlari bor edi. Shuning uchun Islom kelganidan keyin musulmonlar haj qilish paytlarida u tog‘lar oraligida sa’y qilishdan tortinganlarida shu oyat nozil bo‘ldi. 


Bas, kim haj yoki umra qilsa, u ikki tog‘ orasida sa’y qilishining gunohi yo‘qdir. 


I z o h. Haj qilish — har yili Zulhijja oyining 10, 11, 12-kunlari ihrom (maxsus kiyim) bilan Ka’bani ziyorat qilish, Arafot tog‘ida turib tavba-tazarru va duo iltijo qilishdir. Umra qilish — yilning xohlagan kunida Ka’bani ziyorat qilishdir. Imkoni bo‘lgan kishi hayotida bir marta haj qilishi islomda farz bo‘lgan amallardan hisoblanadi. Umra esa sunnat amallaridandir. 


Va kim o‘z ixtiyori-la yaxshilikni niyat qilsa, bas, albatta Alloh shukr qilguvchi (taqdirlovchi) va bilguvchidir. 


I z o h. Ya’ni bir marta haj va umra qilganidan keyin ana shu amallarni ixtiyoriy ravishda qilsa, Alloh uning bu yaxshi amallari uchun munosib mukofotlar ato qiladi. 


159. Biz nozil qilgan hujjatlar va hidoyatdan iborat (Muhammadning haq payg‘ambar ekanligi haqidagi) narsalarni odamlarga Kitobda (Tavrotda) ravshan qilib berganimizdan keyin berkitgan kimsalarni shubhasiz Alloh la’natlagay va la’natlovchi zotlar (farishtalar va mo‘minlar) la’natlagaylar. 


160. Magar qaysilari tavba qilib, o‘zlarini o‘nglab, (odamlarga haqiqatni) ochiq aytsalar, bas, ularning tavbalarini qabul qilaman. Va faqat Mengina tavbalarni qabul qilguvchi, rahmlidirman. 


161-162. Kufr yo‘liga kirib, kofir holida o‘lib ketgan kimsalar shubhasiz Allohning va jamiki farishta va odamlarning la’natiga duchor bo‘lg‘aylar va azoblari yengillatilmagan, rahmat nazaridan bahramand bo‘lmagan hollarida abadiy (jahannamda) qolgaylar. 


163. Tangringiz yagona tangridir. U mehribon va rahmli tangridan o‘zga hech qanday tangri yo‘qdir.

164. Albatta osmonlar va yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashib turishida, dengizda odamlarga kerakli narsalarni olib yurgan kemalarning (suzishida) va Alloh osmondan tushirgan va u sababli o‘lik yerni tiriltirib, bor jonzotni tarqatib-yoyib yuborgan suv degan ne’matda va shamollarning yo‘naltirilishida, osmon va yer orasidagi itoatgo‘y bulutda — (bularning hammasida) aqlli kishilar uchun oyat-alomatlar bordir. 


165. Odamlar orasida shunday kimsalar borki, ular o‘zgalarni Allohga teng bilib, ularni Allohni sevgandek sevadilar. Iymonli kishilarning Allohga bo‘lgan muhabbatlari qattiqroqdir. Bunday zolimlar azobga ro‘baro‘ bo‘ladigan zamonlarida (qiyomat kunida) butun kuch-qudrat Allohniki bo‘lishini va Allohning azobi qattiq azob ekanini bilsalar edi. 


166. U kunda peshvolar ergashuvchilardan tonadilar va hammalari azobni (ko‘zlari bilan) ko‘radilar. (U kunda ularni bog‘lab turadigan) bahonayu sabablar uziladi. 


167. Ergashuvchilar: «Qaniydi, yana bir karra (yashashning) iloji bo‘lsa-yu, ular bizdan tonganlaridek, biz ham ulardan tonsak», deydilar. Shunday qilib, Alloh taolo ularning qilgan amallarini o‘zlariga hasrat-nadomat qilib ko‘rsatadi va ular jahannamdan chiquvchi bo‘lmaydilar. 


168. Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan yenglar va shaytonning izidan ergashmanglar! Shubhasiz, u sizlarning ochiq dushmaningizdir. 


169. U sizlarni faqat yomonlik va buzuqlikka va Alloh sha’nida bilmagan narsalaringizni gapirishga buyuradi, xolos.

170. Qachon (mushriklarga): «Alloh nozil qilgan hukmlarga bo‘ysuningiz», deyilsa, ular: «Yo‘q, biz otalarimizni qanday yo‘lda topgan bo‘lsak, o‘shanga ergashamiz», deyishadi. Agar otalari hech narsaga aqllari yetmaydigan, to‘g‘ri yo‘lni topolmaydigan bo‘lsalar, ham-a? 


171. Kufr yo‘lidagi kimsalarni (haq yo‘lga da’vat qiluvchi kishining) misoli xuddi faqat ovozi va chaqiriqni eshitadigan hayvonlarga qichqirayotgan kishining misolidir. 


I z o h. Ya’ni ular xuddi jonivorlar kabi chaqiriq va ovozlarni eshitadilar-u, lekin hech narsani anglamaydilar. Binobarin, ularni haq yo‘lga chorlashning hech foydasi yo‘q. 


Ular kar, soqov, ko‘rdirlar. Demak, tushunmaydilar. 


172. Ey mo‘minlar, sizlarga rizq qilib berganimiz — pokiza narsalardan yenglar va agar Allohning O’zigagana ibodat qilguvchi bo‘lsangizlar U zotga shukr qilingiz! 


173. U sizlarga faqatgina o‘laksa, qonni, to‘ng‘iz go‘shtini va Allohdan o‘zgaga atalib so‘yilgan narsalarnigina harom qildi. Endi kimki zolim va haddan oshmagan holida nochor vaziyatda qolsa gunohkor bo‘lmaydi. Albatta Alloh mag‘firat qilguvchi, rahmlidir. 


I z o h. Birov butkul ilojsiz qolganda harom qilingan narsalardan biron narsani salomat qolish uchun o‘lmagudek miqdorda yesa, gunohkor bo‘lmaydi. 


174. Alloh nozil qilgan Kitob (Tavrot)dan iborat bo‘lgan narsani (Muhammad alayhis-salomning payg‘ambarligini) berkitadigan va uni ozgina qiymatga sotadigan kimsalar qorinlarini faqat olov bilan to‘ldiradilar — ularga qiyomat kunida Alloh so‘zlamaydi, boqmaydi va ularni (gunohlaridan) poklamaydi. Ular uchun alamli azob bordir. 


175. Ana o‘shalar hidoyat o‘rniga zalolatni, mag‘firat o‘rniga azobni sotib olgan kimsalardir. Jahannam o‘tiga muncha sabr-toqatli ekanlar-a? 


176. O’sha (azob) Alloh bu Kitob (Tavrot) ni haq bilan nozil qilgani sabablidir. 


I z o h . Alloh taolo Tavrotda Muhammad payg‘ambar haqida haq so‘zlarni nozil qilgan edi. Ular mana shu haqiqatni yashirganlari uchun do‘zax azobiga duchor bo‘ldilar. 


Albatta bu kitob xususida talashib-tortishadigan kimsalar hech qachon (haq bilan) kelisha olmaydilar.

177. Yuzlaringizni Mashriq va Mag‘rib tomonlariga buraverishingiz yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga iymon keltirgan, o‘zi yaxshi ko‘rib turib molini qarindosh-urug‘lariga, yetim-esirlarga, miskin-bechoralarga, yo‘lovchi-musofirlarga, tilanchi-gadolarga va qullarni ozod qilish yo‘lida beradigan, namozni to‘kis ado qilib, zakotni beradigan kishi va ahdlashganlarida ahdlariga vafo qilguvchilar va xususan og‘ir-engil kunlarda va jangu jadal paytida sabr-toqat qilguvchilar yaxshi kishilardir. Ana o‘shalar chin iymonli kishilardir va ana o‘shalar asl taqvodordirlar. 


178. (Ey mo‘minlar) sizlarga o‘ldirilgan kishilar uchun ozod kishi muqobiliga ozod kishidan, qul uchun quldan, ayol kishi uchun ayoldan qasos olish farz qilindi. Endi kimga birodari tomonidan bir oz afv qilinsa (ya’ni qotildan qasos olish o‘rniga tovon olishga rozi bo‘linsa), u holda yaxshilik bilan bo‘yinsunish va chiroyli suratda tovon to‘lash lozimdir. 


I z o h. Ya’ni, qotilning o‘ldirilmasdan tovon to‘lashiga rozi bo‘lgan taraf qo‘pollik qilmay, qo‘rqitmay kutishi, qotil tarafi esa cho‘zmasdan, xiyonat qilmasdan tovonni to‘lashi lozimdir. 


Bu (xukm) Parvardigoringiz tomonidan yengillik va rahm-shafqatdir. Bas, kimki shundan keyin haddan oshsa (masalan, tovon to‘langandan keyin ham qotilni o‘ldirsa), uning uchun alamli azob bordir. 


179. Sizlar uchun qasosda hayot bor, ey ahli donishlar! Shoyad (jinoyatlardan) saqlansangizlar. 


I z o h . Ya’ni har qanday kishi qasos olinishini o‘ylab o‘zini qotillik qilishdan tiyadi. Demak, qotildan qasos olish hukmi borligi sababli juda ko‘p qotil va maqtul (o‘ldiriluvchi) bo‘lishi mumkin bo‘lgan kishilarning hayoti saqlanib qoladi. 


180. Birovingizga o‘lim kelgan paytida (o‘zidan keyin) mol-dunyo qoldirayotgan bo‘lsa, adolat - to‘g‘rilik bilan ota-onaga, qarindosh-urug‘ga vasiyat qilinishi farz etildi. Bunday vasiyat qilish Allohdan qo‘rquvchilar ustidagi burchdir. 


181. Kim uni (vasiyatni) eshitganidan keyin o‘zgartirsa, gunohi faqat o‘zgartirganlarning bo‘ynida. Albatta Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.

182. Endi kim vasiyat qilguvchi tomonidan biron toyilish yoki gunoh sodir bo‘lishidan xavf qilib (vasiyat qilguvchi bilan merosxo‘rning) oralarini isloh qilib qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Albatta Alloh mag‘firat qilguvchi, rahmlidir. 


183-184. Ey mo‘minlar, taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi. Endi sizlardan biror kishi xasta yoki musofir bo‘lsa, u holda (ro‘za tutolmagan kunlarining) sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi. (Keksalik yoki zaifligi sababli) ro‘za tutishga qiynaladigan kishilar bir miskin-bechoraning bir kunlik taomi miqdorida evaz to‘lashlari lozim. Bas, kim o‘z ixtiyori bilan ziyoda yaxshilik qilsa (lozim bo‘lganidan ortiqroq evaz to‘lasa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz o‘zingiz uchun (evaz berish yoki hatto uzrli holatda ro‘za tutmaslikka nisbatan) yaxshiroqdir. 


185. (U sanoqli kunlar) Ramazon oyidirki, bu oyda odamlar uchun hidoyat bo‘lib va hidoyat va furqon (haq bilan botilni ajratguvchi)ning ochiq oyatlari bo‘lib Qur’on nozil qilingan. Bas, sizlardan kim bu oyga hozir bo‘lsa, ro‘za tutsin. Va kim xasta yoki musofir bo‘lsa, u holda (ro‘za tutolmagan kunlarining) sanog‘ini boshqa kunlarda (tuzalgach yoki safardan qaytgach) tutadi. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, sizlarga og‘ir bo‘lishini istamaydi. Bu sanoqni to‘ldirishingiz va hidoyat qilgani sababli Allohni ulug‘lashingiz uchundir. Shoyad shukr qilsangiz. 


186. Bandalarim Sizdan (ey Muhammad) Men haqimda so‘rasalar, Men ularga yaqinman. Menga duo qilgan paytlarida duogo‘ylarining duosini ijobat qilaman. Bas, haq yo‘lga yurishlari uchun (ular ham) Mening (da’vatimga) javob qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar.

187. Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringizga qo‘shilish halol qilindi. 


I z o h . Ro‘za tutish farz qilingan birinchi davrda musulmonlarga butun Ramazon oyi mobaynida xotinlari bilan yaqinlashmaslik vojib qilingan edi. Lekin ayrim kishilar o‘zlarini tuta olmay ro‘za kechalarida bu udumni buzar edilar. Ushbu oyat nozil bo‘lishi bilan muammo hal bo‘ldi. 


Ular sizlarning libosingiz, sizlar ular uchun libossiz (ya’ni er-xotin bir-biriga kishi libosga muhtoj bo‘lgani kabi muhtojdirlar). 


Alloh sizlar o‘zlaringga xiyonat qilayotganlaringni bilib, tavbalaringizni qabul qildi va sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida ham bemalol) qovushingiz va Alloh sizlar uchun yozgan narsani (farzandni) talab qilingiz! Va to tongdan oq ip qora ipdan ajraladigan paytgacha yeb-ichaveringlar. So‘ngra kechgacha ro‘zani benuqson qilib tutinglar! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan chog‘ingizda (kechalari ham) ular (xotinlaringiz) bilan qo‘shilmang! 


I z o h. E’tikof — ma’lum muddatni niyat qilib masjid yoki uydan chiqmay ro‘za tutib ibodat qilish. 


Bular (yuqorida mazkur bo‘lgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar harom ishlardan saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday ochiq-ravshan bayon qiladi. 


188. Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq — harom yo‘llar bilan yemangiz! (Ya’ni, bir-biringizning haqqingizni yemang!) Va (gunoh qilayotganingizni) bilib turib, odamlarning mollaridan bir qismini harom yo‘l bilan yeyish uchun (mollaringizni pora qilib) hokimlarga uzatmang! 


189. Sizdan oylar haqida so‘rashadi. 


I z o h. Ya’ni, «Oy dastlab ipdek nozik holda ko‘rinib, so‘ngra kattalasha boradi. Nihoyat to‘lib, doira shakliga kirgach, yana qaytadan noziklashib, oxiri dastlabki holiga qaytadi. Buning siri nimada?» — deb so‘rashadi. 


Ayting: u (oylar) odamlar va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir. 


I z o h . Oyning o‘zgarib — yangilanib turishiga qarab odamlar o‘zlarining dehqonchilik, savdo va boshqa dunyoviy ishlari hamda haj, ro‘za, zakot kabi diniy ishlarning vaqtlarini aniqlaydilar. 


Uylaringizga orqa tomonidan kirishingiz yaxshilik emas, balki Allohdan qo‘rqqan kishi yaxshilik qilguvchidir. 


I z o h . Musulmonlar haj safaridan qaytganlarida uylariga eshikdan kirmay, orqa tomondan kelish odatlari bo‘lib, bu ularga islomdan oldingi davrlardan meros bo‘lib qolgan edi. Ushbu oyat buning befoyda odatligini, haqiqiy yaxshi amal Allohdan qo‘rqish ekanini ifoda qiladi. 


Uylarga eshiklaridan kiringiz! Va Allohdan qo‘rqing! Shoyad najot topsangiz. 


190. Sizlarga qarshi urushuvchilar bilan Alloh yo‘lida jang qilingiz va tajovuzkor bo‘lmangiz! Shubhasiz, Alloh tajovuzkorlarni sevmaydi. 


I z o h . Birinchidan, urushni sizlar avval boshlamang. Ikkinchidan, urush qonun-qoidalariga rioya qiling: quloq-burunni kesish, qurolsiz kishilarni, ayollar, go‘daklar va qarilarni o‘ldirish kabi dinsiz kimsalarning odatlarini qilmang!

191. Ularni (sizlar bilan urush olib borayotganlarni) topgan joyingizda o‘ldiringiz va sizlarni (quvib) chiqargan joy (ya’ni Makka) dan ularni ham quvib chiqaringiz! (Odamlarni) aldab, fitnaga solish o‘ldirishdan yomonroqdir. O’zlari urush boshlaguncha ular bilan Masjid-al-harom oldida urushmangiz! Bas, agar o‘zlari urush boshlasalar, u holda ularni o‘ldiringlar! Kofirlarning jazosi shunday bo‘ladi. 


192. Endi agar to‘xtasalar (kufrdan kechib, Islomga kirsalar), bas, albatta Alloh kechirguvchi rahmlidir. 


193. To fitna tugab, butun din Alloh uchun bo‘lgunga qadar ular bilan urushingiz! Endi agar to‘xtasalar, u holda sizlar ham to‘xtangiz! Zero, faqat zolimlarga qarshi dushmanlik qilish mumkin. 


194. Urush harom qilingan oy urush harom qilingan oy muqobilida bo‘ladi. 


I z o h . Urush harom qilingan oyda kofirlar sizlarga qarshi urushar ekanlar, sizlar ham bu oyda ularga qarshi urushishingiz mumkin. Aslida «shahri harom» — urush harom qilingan oyda hech qanday urush-janjal bo‘lmasligi lozim. Ammo, modomiki qarshi taraf bu qoidaga rioya qilmas ekan, demak, sizlar ham rioya qilishingiz shart emas, chunki: 


Hurmatlar (buzilsa, rioya qilinmasa) qasos (olinadi). Bas, kim sizlarga tajovuz qilsa, sizlar ham ularga tajovuzlari muqobilida tajovuz qiling! Va Allohdan qo‘rqingiz! Bilinglarki, Alloh O’zidan qo‘rquvchilar bilan birgadir. 


195. Alloh yo‘lidagi (kurash uchun mollaringizni) sarflanglar! Va (baxillik qilish bilan) o‘zingizni halokatga tashlamang! Yaxshilik qiling! Albatta Alloh yaxshilik qilguvchilarni sevadi. 


196. Haj va umrani Alloh uchun komil suratda ado qiling! Agar (kasallik yoki yo‘lto‘sarlar sababli) yo‘lingiz to‘silib qolsa, muyassar bo‘lgan biror hadya yuboring va hadyangiz o‘z joyiga yetib bormaguncha boshlaringizni (sochlaringizni) qirmang! 


I z o h . Haj yoki umra ibodatini ado etishni niyat qilgan kishi avvalo ihrom (maxsus kiyim) kiyadi. Shundan keyin to haj marosimlarini to‘la ado qilgunicha uning uchun soch-soqolga tig‘ tekkizish, tirnoq olish, jufti bilan yaqinlashish, birovga — hatto eng mayda hasharotga ham ozor berish kabi fe’llar harom bo‘ladi. Haj amallarini ado qilib bo‘lgach, sochni qirish yoki qisqartirish bilan ihromdan chiqiladi. Endi biror hoji qandaydir sabab bilan haj amallarini oxiriga yetkaza olmasa bir tuya, mol yoki qo‘yni o‘z tarafidan Alloh yo‘lida hadya qilib jo‘natishi lozim. Bu hadya joyiga — Makkaga yetib borgach, yo‘lda qolgan hoji sochni qirishi — ya’ni ihromdan chiqishi mumkin bo‘ladi. 


Endi agar sizlardan (hojilardan) kimdir kasal yoki boshida biron dardi bo‘lsa (shu uzr bilan ihromda turgan holida sochini qirdirsa), u holda (uch kun) ro‘za tutish yoki (olti miskinga) sadaqa berish yoxud (bir qo‘y) so‘yish bilan evaz to‘lasin! Qachonki (yo‘lto‘sarlar yoki boshqa har qanday mone’dan) xotirjam bo‘lsangiz, (oralaringizdan) kim haj (yo‘lida) umradan foydalangan bo‘lsa (ya’ni haj mavsumida avval umra amallarini bajarib, ihromdan chiqib, so‘ngra hajga ihrom bog‘lagan bo‘lsa), muyassar bo‘lgan biron hadyani yuborsin! Kim (hadya qiladigan narsa) topa olmasa, uch kun hajda, yetti kun qaytganidan keyin ro‘za tutsin! Bu to‘la o‘n kundir. Ushbu hukm ahli — oilasi Masjid-al-haromda bo‘lmagan kishilar uchundir. (U yerning aholisi uchun bunday huquq va burchlar yo‘q). Allohdan qo‘rqingiz! Va bilingki, Alloh — azobi qattiq zotdir.

197. Haj (mavsumi) ma’lum oylardir. (Ya’ni Shavvol, Zulqa’ja va Zulhijja oyining o‘n kuni). Bas, kim shu oylarda o‘ziga hajni farz qilsa (haj qilishni niyat qilsa), haj davomida (juftiga) yaqinlashmaydi, gunoh ishlar, janjal-suron qilmaydi. Qanday yaxshi amal qilsangiz, albatta Alloh biladi. Va (haj qilish uchun yo‘lga tushishdan avval zarur ozuqa bilan) ta’minlanib oling! Eng yaxshi ozuqa (ya’ni o‘zingiz bilan birga bo‘lishi lozim bo‘lgan eng yaxshi narsa) Allohdan qo‘rqishdir. Mendan qo‘rqingiz, ey ahli donishlar! 


198. (Haj safarida tijorat qilish bilan) Parvardigoringizdan fazlu karam istashingizdan sizlar uchun hech qanday gunoh yo‘qdir. Endi Arafotdan (Makka yaqinidagi tog‘) tushganingizdan keyin Mash’ar-ul-haromda Allohni zikr qiling! U zot sizlarni — garchi ilgari adashganlardan bo‘lgan esangiz-da — haq yo‘lga hidoyat qilgani yanglig‘ sizlar ham u zotni eslang — zikr qiling! 


I z o h . Hojilar Zulhijja oyining to‘qqizinchi kunidagi ikkinchi yarmida Arafot tog‘ida to‘planib, Parvardigorga duo va tavbalar qilib turganlaridan keyin tushib Muzdalifa tog‘ining etagida Mash’ar-ul-harom degan joyda tun bo‘yi duo-takbir, tavba-tazarrular bilan Tangriga munojotlar qiladilar, haq yo‘lga hidoyat qilgani uchun shukronalar aytadilar. 


199. So‘ngra odamlar tushgan tomondan tushinglar va Allohdan (gunohlaringizni) mag‘firat qilishini so‘ranglar! Albatta Alloh mag‘firat qilguvchi, rahmlidir. 


200. Endi, marosimlaringizni ado qilib bo‘lgach, Allohni ajdodlaringizni eslagandek, balki undan-da qattiqroq eslang! Zotan odamlar orasida shunday kimsalar borki, «Ey Parvardigor, bizga mana shu dunyoda bergan», deydi. Holbuki, uning uchun Oxiratda hech qanday nasiba yo‘q. 

DAVOMI (201-286 OYATLAR) ustiga bosing!

Report Page