002

002

Firdavsiylar


BAQARA SURASI (DAVOMI)

(201-286 OYATLAR)



201. Va ularning orasida shunday zotlar ham borki, «Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato qilgan, oxiratda ham yaxshilik ato etgin va bizni do‘zax azobidan asragin», deydilar, 


202. Ana o‘sha zotlar uchun qiyagan ibodatlari (haj, duolari) sharofatidan nasiba bor. Alloh tez hisob-kitob qilguvchi zotdir.

203. Sanoqli kunlarda Allohni zikr qilingiz! 


I z o h. Zulhijja oyining 11, 12, 13-kunlari nazarda tutiladi. Bu kunlarda hojilar Mino degan joyda turib, Allohni zikr etib duoyu salovotlar aytadilar va shaytonga la’nat toshini otadilar. 


Kim ikki kunda shoshilib (zikrni to‘xtatsa) unga gunoh yo‘q, kim keyinda (uchinchi kunga ham) qolsa, unga-da gunoh yo‘qdir. (Mazkur hukmlar) taqvodor kishilar uchundir. Allohdan qo‘rqingiz va bilingizkim, sizlar shubhasiz Uning huzurida to‘planajaksiz. 


204. (Ey Muhammad) odamlar orasida shunday kimsalar borki, uning gapirgan gapi, hayoti dunyoda Sizga qiziq tuyuladi. Va o‘zi (islomga) ashaddiy xusumatchi bo‘lgan holida dilidagi «iymoniga» Allohni guvoh keltiradi. 


205. (Oldingizdan) ketganida esa yerda buzg‘unchilik, ekin va nasllarni halok qilish uchun yugurib-elib yuradi. Alloh esa buzg‘unchilik-fasodni sevmaydi. 


206. Qachon unga: «Allohdan qo‘rqqin», deyilsa, uni kibru havosi gunohga tortadi-etaklaydi. Unga jahannam bas kelar. Naqadar yomon joy-a! 


I z o h. Yuqoridagi uch oyat — Axnas ibn Shariyq ismli bir munofiq haqida nozil bo‘lgandir. U payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib, o‘zining haqiqiy mo‘min ekanligi haqida yolg‘on qasamlar ichish bilan payg‘ambarning ko‘ngillarini o‘ziga xayrixoh qilishga uringanida mazkur oyatlar bilan Tangri taolo o‘z payg‘ambarini ogohlantiradi va u munofiqning mo‘minlarga yetgan ziyonlarini elga oshkor qiladi. 


207. Odamlar orasida Alloh rizoligi yo‘lida o‘z jonini beradigan zotlar ham bor. Alloh bandalariga g‘amxo‘r, mehribondir. 


208. Ey mo‘minlar, to‘la holdagi islomga kiringiz! (Ya’ni, islomning ba’zi hukmlariga itoat qilib, ba’zilariga itoat qilmaydigan kimsalardan bo‘lmangiz)! Va shaytonning izidan ergashmanglar! Shubhasiz, u sizlarning ochiq dushmaningizdir. 


209. Agar sizlarga ochiq hujjatlar kelganidan keyin ham toyilsangiz, bilingizki, albatta Alloh qudratli, hikmatli zotdir. 


210. Ular (haq yo‘lni inkor etuvchilar qiyomat kunida) boqmaydilar, magar ularga bulutdan bo‘lgan soyabon ostida Alloh va farishtalar (hisob kitob uchun) keladi-da, ish tamom bo‘ladi (ya’ni kufrlari sababli do‘zaxga hukm qilinurlar). Va barcha ishlar yolg‘iz Allohga qaytarilajak.

211. Bani Isroildan so‘rang: (ey, Muhammad) ularga qanchalab ochiq mo‘‘jizalar berdik ekan! Kim Allohning ne’mati kelganidan so‘ng, uni o‘zgartirar ekan, bas albatta Alloh jazosi qattiq zotdir. 


212. Kufr yo‘lini tutgan kimsalar uchun bu hayoti dunyo chiroyli qilindi. Ular iymon egalarining ustlaridan kuladilar. Holbuki, qiyomat kunida taqvodor kishilar ulardan balanddir. Alloh o‘zi istagan kishilarga hisobsiz rizq beradi. 


213. Odamlar bir millat edilar. So‘ng (oralarida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgach), Alloh (mo‘minlarga) xushxabar eltguvchi va (kofirlarni jahannam azobidan) qo‘rqituvchi payg‘ambarlarini yubordi, va ularga qo‘shib odamlar orasida chiqqan tortishuvlarga hakam bo‘lsin, deb Haq kitobni (Tavrot, Injilni) nozil qildi. Endi ochiq oyatlar kelganidan keyin, faqat shu kitob berilgan kimsalar hadlaridan oshib, talashib-tortishdilar. So‘ngra Alloh O’z izni bilan mo‘minlarni ular (kitob bergan kimsalar) ixtilof qilgan haq yo‘lga yo‘lladi. Alloh O’zi istagan kishilarni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladi. 


214. Yoki (ey mo‘minlar), sizlardan ilgari o‘tgan zotlar ibrati sizlarga kelmay turib jannatga kirishni o‘yladingizmi? Ularga balo va musibatlar (ustma-ust) kelib, shunday larzaga tushgan edilarki, hatto payg‘ambar va iymonli kishilar: «Axir qachon Allohning yordami keladi?» deyishgan edi. (Shunda) ularga bunday javob bo‘lgan edi: «Ogoh bo‘lingizkim, Allohning yordami yaqindir». 


215. Sizdan (ey Muhammad), nimalarni ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: «Qanday yaxshilik qilsangiz, ota-onaga, qarindosh-urug‘ga, yetim-miskinlarga va yo‘lovchi-musofirlarga qilingiz. Qanday yaxshilik qilsangiz, shubhasiz Alloh uni bilguvchidir».

216. Sizlarga yoqmasa-da, jang qilishingiz farz qilindi. (Zotan) sizlar o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lgan narsani yoqtirmasligingiz va siz uchun yomon bo‘lgan narsani yaxshi ko‘rishingiz mumkin. Alloh bilur, sizlar bilmassiz. 


217. Sizdan «shahri harom» — urush harom bo‘lgan oyda jang qilish haqida so‘raydilar. Ayting: «U oyda jang qilish katta gunohdir. Allohning yo‘lidan to‘sish, Unga ishonmaslik va Masjid-al-haromdan (ya’ni Makkadan) to‘sish va undan ahllarini quvib, chiqarish. Alloh nazdida ulug‘roq gunohdir. Fitna (aldash) o‘ldirishdan-da kattaroq gunohdir. Ular (kofirlar) qo‘llaridan kelsa to diningizdan qaytargunlaricha sizlar bilan urishaveradilar. Sizlardan kim o‘z dinidan qaytib, dinsiz holda o‘lsa, unday kimsalarning qilgan amallari dunyoyu oxiratda behuda ketur. Ular do‘zax egalaridir va unda abadiy qolajaklar. 


218. Iymon keltirgan, (vatanlaridan) hijrat qilgan, Alloh yo‘lida kurashgan zotlar — ana o‘shalar Allohning rahmatidan umidvordirlar. Alloh mag‘firat va rahm-shafqat qilguvchidir. 


219—220. Sizdan araq (ichkilik) va qimor haqida so‘raydilar. Ayting: «Bularda katta gunoh va odamlar uchun foydalar bor. Bularning gunohi foydasidan kattaroqdir». 


I z o h. Islom kelgan davrda ichkilik ichish, qimor o‘ynash kabi illatlar jamiyatning hayotiga singib ketgan oddiy ishlar edi. Shuning uchun Qur’on bularni daf’atan harom qilmadi — zotan bunday illatlarni faqat yuqorining buyrug‘i bilan yo‘qotish imkonsizdir — balki avvalo bu ishlardan keladigan foyda-zararlarni ko‘rsatish va odamlarning bularga bo‘lgan munosabatlarini o‘zgartirish yo‘lini tutdi. Ya’ni bu harom narsalarni musulmonlarning qo‘llaridan tortib olishdan ilgari ko‘ngillaridan tortib oldi. Shu boisdan keyinroq kelgan «Araq, qimor... shayton amalidan bo‘lgan harom narsalardir» degan oyat nozil bo‘lishi bilan musulmonlar bu illatlardan biryo‘la qutuldilar.

Va Sizdan (ey Muhammad) nimalarni ehson qilishni so‘raydilar. (O’zingizdan) ortganini, deb javob qiling! Shunday qilib, dunyo va oxirat haqida tafakkur qilishingiz uchun Alloh sizlarga o‘z oyatlarini bayon etadi. Sizdan yetimlarning (mollari) haqida so‘raydilar. Ayting: «Ularni isloh qilish yaxshidir. Agar (mollaringizni) ularning (mollari) bilan qo‘shib yuborsangiz (zarari yo‘q). Zero, ular birodarlaringizdir: Alloh kim buzg‘unchi, kim o‘nglovchi — isloh qiluvchi ekanini biladi. Agar istasa, sizlarni mashaqqatga solgan bo‘lur edi. Albatta Alloh qudrat va hikmat egasidir. 


I z o h . Islom dini yetim-esirlarni otaliqqa olishni buyuradi. Bu oyat ularning ota-onalaridan meros bo‘lib qolgan mollariga qanday munosabatda bo‘lish lozimligi haqidadir. Musulmonlar o‘z otaliqlaridagi yetimlarning mollarini qanday sarf qilayotganlariga ko‘z-quloq bo‘lib turishlarini Qur’on «isloh» deb atab, shunday qilishga buyuradi va ularning mollarini o‘z mollariga qo‘shib ishlatishlariga ham ruxsat beradi. Faqat bu ish bilan yetimlarning manfaatini ko‘zlaganlarni ham, o‘z foydalarini o‘ylaganlarni ham, Alloh albatta bilishi ta’kidlanadi. Shuningdek, Alloh istasa musulmonlarni bunday qulayliklardan mahrum qilgan bo‘lishi mumkin ekanligi uqtiriladi. 


221. To iymonga kelmagunlaricha mushrika ayollarga uylanmangiz! Shubhasiz, ozod mushrika ayoldan — garchi u sizga yoqsa-da,— iymonli cho‘ri yaxshiroqdir. To iymonga kelmagunlaricha mushrik erlarni (qizlaringizga) uylamangiz! Shubhasiz, ozod mushrikdan — garchi u sizga yoqsa-da,— iymonli qul yaxshirokdir. Ular (mushriklar) do‘zaxga chaqiradilar. Alloh o‘z izni-irodasi bilan jannatga da’vat qiladi. Va odamlar eslatma olishlari uchun o‘z oyatlarini bayon qiladi. 


222. Sizdan hayz haqida so‘raydilar. Ayting: «U ko‘ngilsiz-nopok narsadir. Bas, hayz paytida ayollaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha ularga yaqinlashmangiz! Pok bo‘lganlaridan keyin ularga Alloh buyurgan tarafdan kelingiz! Albatta Alloh tavba qilguvchilarni va o‘zlarini mudom pok tutguvchilarni sevadi». 


223. Xotinlaringiz ziroatgohingizdir. 


I z o h . Bu so‘zlar bilan Qur’on er-xotinning yaqinlashuvidan birinchi muddao — farzand talab qilish ekaniga ishora qilmoqda. 


Bas, ziroatgohingizga xoxlagan holatingizda yaqinlashavering va o‘zingiz uchun yaxshi amallar taqdim qiling! Allohdan qo‘rqingiz va bilingizkim, sizlar Unga ro‘baro‘ bo‘lguvchisiz. (Ey Muhammad) iymonli kishilarga (jannat) xushxabarini yetkazing! 


224. Yaxshilik qilish, taqvodor bo‘lish va odamlar orasini isloh qilish (kabi amallardan to‘suvchi bo‘lgan) qasamlaringiz uchun Allohni bahona qilmangiz! Alloh eshitguvchi, bilguvchidir. 


I z o h. Ba’zi kishilarga biror yaxshi amalni qilish haqida gapirilsa: «Bajoni dil qilardim-u, shu ishni qilmaslik to‘g‘risida Alloh nomiga qasam ichgan edim-da», deb bahona ko‘rsatishadi. Yuqoridagi va quyidagi oyatlar shunday kishilarga javobdir.

225. Alloh sizlarni tillaringizdagi behuda qasamlaringiz sababli jazolamaydi. Balki dillaringiz bilan qilgan narsangiz (qasamingiz) bilan jazolaydi. Alloh mag‘firatli, haliym zotdir. 


226. Xotinlaridan qasam bilan yuz o‘girgan kishilar uchun to‘rt oy muhlat bor. Agar (shu muddat ichida xotinlariga) qaytsalar (joizdir). Zero, Alloh shubhasiz mag‘firatli, rahmlidir. 


227. Va agar taloq qilishni qasd qilgan bo‘lsalar, bas, albatta Alloh eshitguvchi, bilguvchidir. 


I z o h. Xotinlariga yaqinlashmaslikka qasam ichgan kishilar to‘rt oy ichida ularga yaqinlashishlari mumkin. Bu holda nikoh boqiy hisoblanib, qasamlarini buzganlari uchun muayyan kafforat (evaz, jarima) to‘laydilar. Agar shu muddat ichida xotinlariga yaqinlashmasalar, muddat tugagach nikoh o‘z-o‘zidan buzilib, taloq tushadi. 


228. Taloq qilingan ayollar uch hayz muddatida o‘zlarini kuzatadilar. Agar Allohga va Oxirat kuniga ishonsalar, ular uchun Alloh bachadonlarida yaratgan narsani (homilani yoki hayzni) yashirishlari halol bo‘lmaydi. Agar erlari islohni (oilani tiklashni) istasalar, shu muddat ichida ularni qaytarib (nikohlariga) olishga haqlidirlar. Va yaxshi amallarda ular (ayollar) uchun zimmalaridagi erlari oldidagi burchlari barobarida huquqlari ham bor. Va erkaklar uchun (ayollar) ustida bir daraja (imtiyoz) bor. Alloh qudrat va hikmat egasidir. 


I z o h . Islom taloq qilingan ayolga nasl-nasablar aralashib ketmasligi uchun uch hayz mobaynida o‘zini kuzatib, boshqa turmush qurmay turishni buyuradi. Shu muddat o‘tgach, xomila yo‘qligi ravshan bo‘ladi va u ayol erga tegishi joizdir. Agar homilador ekanligi ma’lum bo‘lsa, bola tug‘ilib, nifos muddati o‘tgandan keyin boshqa turmush qurishi mumkin. Mana shu kutish vaqtini «idda» deb ataladi. Shu idda asnosida er qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, yarashishni istasa, bunga uning haqqi bor. Endi er-xotinning oilaviy hayotdagi burchi va huquqlari teng bo‘lib, faqat erning imtiyozi uning oila boshlig‘i ekanligidadir. 


229. (Er xotinini qayta nikohiga olishi mumkin bo‘lgan) taloq ikki martadir. So‘ngra (oilani) yaxshilik bilan saqlash yoki chiroyli suratda ajrashish (lozim). Va sizlar uchun ularga (xotinlaringizga) bergan narsalaringizda (ularning mahrlaridan) biron narsani qaytarib olishingiz durust bo‘lmaydi. Faqat er-xotin Alloh buyurgan (oilaviy turmush borasidagi) qonun-qoidalarni ado qila olmasliklaridan qo‘rqsalargina (durustdir). Bas, agar ularning (er-xotinning) Alloh buyurgan qonun-qoidalarni ado qila olmasliklaridan qo‘rqsangizlar, u holda xotin (eridan ajrashish uchun) evaz qilib bergan narsada (ya’ni xotinning evaz berishida, erning shu evazni olishida) ular uchun gunoh yo‘qdir. Bu Allohning qonun-chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilib o‘tmangiz! Kim Alloh chegaralaridan tajovuz qilib o‘tsa, ana o‘shalar zolimlardir. 


I z o h . Shariat hukmiga ko‘ra oila nikoh qilish bilan tuzilib, agar er-xotindan birontasining vafot qilishidan boshqa qandaydir sabab bilan ajralishga to‘g‘ri kelsa, taloq qilish bilan buziladi. Lekin Islomda taloqni — oilani buzishni Tangri suymasligi ta’kidlanadi. Va bu taloq qilish huquqi erkakka berilgan, chunki tabiatan erkaklar ayollarga nisbatan og‘ir-bosiq, har bir ishning oqibatini o‘ylab qiladigan va oilani og‘ir-engil kunlarda sabr-toqat bilan boshqarib boradigan kishilardir. Bundan tashqari ikki martagacha qayta yarashishga ruxsat berilgan, chunki goho achchiq ustida o‘ylanmasdan qilingan taloqdan keyin er ham, xotin ham nadomat qilib qolishlari mumkinki, mazkur ruxsat shunday pushaymon holatida yordamga keladi. Lekin ajrashish aniq bo‘lgan holda ham Islom «chiroyli suratda ajrashish»ga, ya’ni er-xotin bir-birini behurmat qilmay, xususan ayol kishini boshqalar nazarida qora qilmay (unga keyin boshqa er xaridor bo‘lishi mumkinligini nazardan qochirmaslik lozim) va unga nikoh sababli berilgan mahr — o‘zini eriga bag‘ishlagani uchun berilgan evazdan biron narsa olib qolmay ajrashishga buyuradi. Yuqoridagi oyatda shariatdagi yana bir hukm — agar xotin eri bilan yashay olishiga ko‘zi yetmasdan undan taloq qilishni so‘rasa va bu taloq uchun muayyan miqdorda evaz to‘lashini aytsa, er bu evazni qabul qilishi joiz ekani ham bayon qilinadi. 


230. Endi agar uni (uchinchi marta) taloq qilsa, u ayol to boshqa er bilan turmush qurmagunicha avvalgi eriga halol bo‘lmaydi. So‘ng agar (keyingi er ham) taloq qilsa, bu holda Alloh buyurgan qonun-qoidalarni ado qilishlariga ishonsalar, (u xotin avvalgi eri bilan) bir-birlariga qaytishlarining, ya’ni qayta turmush qurishlarining gunohi yo‘qdir. Bular Allohning chegaralaridirki, bularni biladigan qavm uchun bayon qiladi.

231. Qachon xotinlaringizni taloq qilsangizlar va ularning idda muddatlari bitib qolsa, bas, ularni yaxshilik bilan olib qoling yoki yaxshilik bilan kuzating. Ularga zulm qilish bilan zarar yetkazish uchun ushlab turmangiz. Kim shunday qilsa, o‘ziga zulm qilibdi. 


I z o h . Ma’lumki, taloq qilingan ayol iddasi bitishi bilan boshqa erga tegishga haqqi bor. Shuning uchun xotinlarini taloq qilgan erkaklar ularning iddalari bitmay turib yana qaytadan nikohlariga olishlari mumkin. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Ayrim kishilar xotinlari bilan birga yashash uchun qayta nikohlariga olsalar, ba’zi bir kimsalar ularni boshqa turmush qurishidan to‘sish uchun nikohlariga oladilar va shu yo‘l bilan xotinlarini taloq olish uchun evaz to‘lashga majbur qiladilar. Mazkur oyat bunday kimsalarni o‘zlariga zulm qiluvchilar, deb ataydi. 


Allohning oyatlarini hazil deb bilmanglar! Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga va’z-nasihat etib nozil qilgan Kitob va (u kitobdagi Hikmatdan iborat narsani) yodingizda tutingiz! Allohdan qo‘rqingiz va bilingizkim, albatta Alloh hamma narsani bilguvchidir. 


232. Qachon xotinlaringizni taloq qilsangizlar va ularning idda muddatlari bitib qolsa, bas, (ey ota-onalar) ularni o‘zaro yaxshilik bilan kelishishgan bo‘lsalar, erlariga qayta nikohlanishdan to‘smang! Bu hukmlardan sizlarning oralaringizdagi Allohga va Oxirat kuniga ishonadigan zotlar va’z-nasihat oladilar. Bu hukm (ya’ni er-xotinni yarashib olishlaridan to‘smaslik) sizlar uchun eng toza va poklovchi hukmdir. Alloh bilur, sizlar bilmassiz. 


233. Onalar bolalarini to‘la ikki yil emizadilar. (Bu hukm) emizishni benuqson qilmoqchi bo‘lgan kishilar uchundir. Ularni (ya’ni onalarni) yaxshilik bilan yedirib-kiydirish otaning zimmasidadir. Hech kimga toqatidan tashqari narsa taklif qilinmaydi. Bolalari sababli ota ham, ona ham zarar tortmasin. 


I z o h. Shariat xukmiga ko‘ra ona agar o‘zi istamasa bolasini emizishga majbur qilinmaydi. Balki er biror emizuvchi enagaga haq to‘lab emizdirishi lozim bo‘ladi. Yuqoridagi bolasi sababli ona zarar tortmasin, degan gapning ma’nosi — onani, o‘zi xohlamasa, emizishga majbur qilinmaydi, deganidir. Endi bola sababli ota zarar ko‘rmasin degani — unga xotin tomonidan toqatdan tashqari talablar qo‘yilmasin, deganidir. 


Merosxo‘r — voris zimmasida ham xuddi shunday (burch) bor. 


I z o h . Bolaning otasi o‘lsa, merosxo‘r bo‘lgan shaxs zimmasida vafot qilgan otaning zimmasida bo‘lgan bolaning onasini yedirish-kiydirish, bolani emizuvchi enagaga haq to‘lash kabi vazifalar qoladi. 


Agar (ota-ona) o‘zaro kelishib, maslahat bilan bolani sutdan ajratmoqchi bo‘lsalar, gunohkor bo‘lmaydilar. Agar bolalaringizni (emizuvchi enagaga) emizdirmoqchi bo‘lsangiz, beradigan haqni yaxshilik bilan to‘la-to‘kis to‘lab tursangiz, gunohkor bo‘lmaysiz. Allohdan qo‘rqingiz va bilingizki, albatta Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rguvchidir.

234. Sizlardan (musulmonlardan) vafot qilgan kishilar xotinlarini qoldirgan bo‘lsalar, ular to‘rt oyu o‘n kun o‘zlariga qarab (idda saqlab) turadilar. Endi qachon (idda) muddatlari bitsa ular o‘z xususlarida yaxshilik bilan qilgan (boshqa turmush qurish xususidagi) ishlarida sizlar (ya’ni o‘lgan erining urug‘lari) uchun gunoh yo‘qdir. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir. 


235. U ayollarga (ya’ni, erlari o‘lib, idda saqlab turgan ayollarga) sovchilikni ishora qilishingizda yoki ichlaringizda (sovchilik haqida) o‘ylashingizda sizlar uchun gunoh yo‘q. Alloh sizlar u ayollarga (sovchilik haqida) zikr qilishingizni bildi. Lekin ular bilan xufyona va’dalashmangiz! Faqat yaxshi gaplar gapirishingiz (joizdir). To idda muddati bitmaguncha nikoh bog‘lashga qasd qilmang! Va bilingizki, albatta Alloh ichlaringizdagi narsani biladi. Bas, Uning (azobidan) ehtiyot bo‘ling! Va bilingizki, albatta Alloh mag‘firatli, haliymdir. 


236. Agar xotinlaringizni ularga qo‘l tekizmay turib yoki ular uchun mahr belgilamay turib taloq qilsangiz (ham) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Va (bu xolda) ularni boy boricha, yo‘q holicha yaxshilik qilish bilan foydalantiring! (Bu hukm) yaxshilik qilguvchilar zimmasiga burch bo‘ldi. 


237. Agar ularni mahrni belgilab qo‘ygan holingizda qo‘l tegizishdan ilgari taloq qilsangizlar, belgilangan mahrning yarmi (zimmangizdadir). Magar ular (yarim mahrni olishdan) kechib yuborsa yoki nikoh qo‘lida bo‘lgan zot (ya’ni er o‘ziga qaytgan yarim mahrdan) kechsa, (ya’ni butun mahrni to‘lasa joizdir). Kechib yuborishingiz taqvoga yaqinroq ishdir. O’zaro bir-birlaringizga fazlu karam qilishni unutmangiz! Albatta Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rguvchidir.

238. Barcha namozlarni va xususan o‘rta namozni (asr namozini) saqlanglar — o‘z vaqtlarida ado qilinglar! Va Alloh uchun bo‘yinsungan holda turinglar! 


239. Endi agar (dushman hujumidan) xavfda qolsangiz, piyoda yoki otliq holingizda (ibodat qilaveringiz!) Qachon xotirjam bo‘lganingizda, bilmagan vaqtingizda Alloh qanday o‘rgatgan bo‘lsa, shunday holda (ya’ni namozning barcha arkonlarini o‘rniga qo‘yib) Allohni zikr qilingiz! 


240. Sizlardan vafot qilgan kishilar xotinlarini qoldirgan bo‘lsalar (o‘limlaridan oldin), xotinlariga bir yilgacha (erning uyidan) chiqarilmay foydalanadigan miqdordagi narsani vasiyat qilsinlar. Agar ular (xotinlar) o‘zlari chiqib ketsalar, sizlar (erning urug‘lari) uchun u xotinlar o‘z xususlarida qilgan amallari sababli gunoh yo‘qdir. Alloh qudratli, hikmatli zotdir. 


241. Taloq qilingan ayollarni yaxshilik bilan foydalantirish taqvodor erlarning zimmasidagi burchdir. 


242. Shunday qilib, aql yurgizishingiz uchun Alloh sizlarga o‘z oyatlarini bayon qiladi. 


243. O’limdan (ya’ni vaboga yo‘liqishdan) qochib, o‘z diyorlaridan chiqqan minglarcha kishining holi-xabarini bilmadingizmi? Bas, Alloh ularga «O’linglar!» — dedi. (Va ular o‘ldilar. Ya’ni o‘limning sababi kasallik emas, balki Allohning amridir). So‘ngra ularga hayot ato qildi. Albatta Alloh odamlarga fazlu karam qilguvchidir. Lekin juda ko‘p odamlar shukr qilmaydilar. 


244. Alloh yo‘lida jang qilingiz va bilingizki, albatta Alloh eshitguvchi, bilguvchidir. 


245. Allohga qarzi hasana (ixtiyoriy qarz) beradigan kim borki, (Alloh) unga bir necha barobar qilib qaytarsa. Holbuki, (rizqingizni) tor va keng qiladigan Allohdir. Va unga qaytarilajaksiz.

246. Bani Isroildan bo‘lgan, Musodan keyingi bir jamoatning holi-xabarini bilmadingizmi? Qaysiki, ular o‘zlarining (Sham’un ismli) payg‘ambarlariga: «Biz uchun bir podshoh tayinlagin, biz (u bilan birga) Alloh yo‘lida jang qilaylik», deyishdi. «Agar sizlarga urush farz qilinsa, ehtimol urushmassiz?» — dedi (payg‘ambar). Ular aytdilar: «Diyorimizdan haydalib, bolalarimizdan (ajralib) turibmiz-ku, nega Alloh yo‘lida urushmas ekanmiz?» Qachonki ularga urush farz qilinganda ozgina kishidan tashqari hammalari bosh tortdilar. Alloh zulm qilguvchilarni bilguvchidir. 


247. Payg‘ambarlari ularga aytdi: «Albatta Alloh sizlarga Tolutni podshoh qilib tayinladi». «U qayoqdan bizga podshohlik qilsin, axir biz podshohlikka undan haqliroqmiz-ku, qolavsrsa, unga keng-katta mol-davlat ato qilinmagan bo‘lsa», deyishdi. Payg‘ambar aytdi: «Albatta Alloh uni sizlarning ustingizga sayladi va unga ilmda va jismda quvvatni ziyoda qildi. Alloh mulkini O’zi istagan kishiga beradi». Alloh (fazlu karami) keng, bilguvchidir. 


248. Payg‘ambarlari ularga aytdi: «Uning podshoh bo‘lib saylanganligining alomati — sizlarga bir sandiq kelishidirki, unda Parvardigoringiz tomonidan xotirjamlik va Muso va Horun oilalaridan qolgan meros jo qilingan bo‘lib, farishtalar ko‘tarib turadilar. Agar chindan iymon egalari bo‘lsangiz, shubhasiz bu voqeada sizlar uchun oyat-alomat bordir.

249. Qachonki Tolut askarlari bilan (shahardan) chiqqach, aytdi: «Albatta Alloh sizlarni bir daryo bilan imtihon qiladi. Bas, kim undan suv ichsa mening (askarim)dan emas va kim undan ichmasa, u mendandir. Magar kim qo‘li bilan faqat bir hovuch olsa (joizdir)». Bas, u daryodan ozginalaridan boshqa hammalari ichdilar. U iymon keltirgan kishilar bilan birga daryodan o‘tgach (aksarlar) aytdilar: «Endi bu kun Jolut va uning lashkarlariga kuchimiz yetmaydi». (Shunda) Allohga ro‘baro‘ bo‘lishlariga ishonadigan zotlar: «Qanchadan-qancha kichkina guruhlar Allohning izni bilan katta guruhlar ustidan g‘alaba qilgan. Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir», dedilar. 


250. Qachonki Jolut va uning lashkariga ko‘ringanlarida aytdilar: «Parvardigoro, ustimizdan sabru toqat yog‘dirgil, qadamlarimizni sobit qil va O’zing bizni bu kofir qavm ustiga g‘olib qil!»  


251. Bas, Allohning izni bilan ularni yengdilar. Va (Tolutning askarlaridan bo‘lgan) Dovud Jolutni o‘ldirdi. Va Alloh unga (Dovudga) podshoxlik, payg‘ambarlik va O’zi xohlagan narsalaridan ta’lim berdi. Agar Alloh odamlarning ayrimlarini ayrimlari bilan daf’ qilib turmas ekan, shubhasiz, yer fasodga duchor bo‘ladi. Lekin Alloh barcha olamlar ustida fazlu karam sohibidir. 


252. (Ey Muhammad) bular Allohning oyatlaridir. Ularni Sizga haqqirost tilovat qilmoqdamiz. Va Siz shak-shubhasiz payg‘ambarlardandirsiz.

253. O’sha payg‘ambarlarning ayrimlarini ayrimlaridan afzal qildik. Ularning oralarida Alloh (bevosita) so‘zlagan zotlar bor. Va (ularning) ayrimlarini (Alloh) yuksak darajalarga ko‘tardi. Iyso binni Maryamga hujjatlar berdik va uni Ruhul-quds (Jabroil) bilan quvvatlantirdik. Agar Alloh xohlaganda u payg‘ambarlardan keyin o‘tgan odamlar hujjatlar kelganidan keyin urishishmagan bo‘lardilar. Ammo ular ixtilof qildilar. Bas, ularning orasida mo‘minlar ham bor, kofirlar ham. Agar Alloh xohlaganda urishishmagan bo‘lardilar, lekin Alloh O’zi xoxlagan ishini qiladi. 


254. Ey mo‘minlar, na oldi-sotdi, na oshna-og‘aynigarchilik va na oqlov bo‘lmaydigan KUN kelishidan ilgari hayoti dunyoda sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizdan infoq-ehson qilinglar! Kofir bo‘lgan kimsalargina zulm qilguvchilardir. 


255. Allohdan o‘zga hech qanday tangri yo‘q. Faqat Uning o‘zi bordir. U tirik va abadiy turguvchidir. Uni na mudroq, na uyqu olmaydi. Samovot va yerdagi bor narsalar Uningdir. Uning huzurida hech kim (birovni) Uning iznisiz oqlay olmaydi. U ularning (barcha odamlarning) oldilaridagi va orqalaridagi bor narsani biladi. Va ular U zotning ilmidan faqat O’zi istagan narsalarnigina biladilar. Uning arshi-kursisi osmonlar va yerdan kengdir. Va uni osmonlar va yerni hifzu himoyatda saqlab turish qiynamaydi. U eng yuksak va buyukdir. 


256. Dinga zo‘rlab (kiritish) yo‘qdir. (Zero) haq yo‘l zalolatdan ajrab bo‘ldi. Bas, kim shaytondan yuz o‘girib, Allohga iymon keltirsa, u hech ajrab ketmaydigan mustahkam halqqani ushlabdi. Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.

257. Alloh mo‘minlarning do‘stidir. Ularni qorong‘u zulmatlardan yorug‘lik — nurga chiqaradi. Kofirlarning do‘stlari esa shaytonlardir. Ular kofirlarni yorug‘lik-nurdan qorong‘u-zulmatlarga chiqaradilar. Ana o‘shalar jahannam egalaridir va unda abadiy qolajaklar. 


258. Alloh podshohlik berganidan hovliqib Ibrohim bilan Parvardigori haqida talashgan kimsaning (Namrudning) holi-xabarini bilmadingizmi? Qaysiki Ibrohim: «Parvardigorim tiriltirib, o‘ldiradigan zotdir», deganida, u: «Men (ham) tiriltiraman va o‘ldiraman», dedi. Ibrohim aytdi: «Albatta Alloh quyoshni Mashriqdan chiqaradi. Sen uni Mag‘ribdan chiqargin-chi?» Shunda bu inkor qiluvchi dovdirab qoldi. Alloh zolim kimsalarni hidoyat qilmaydi. 


I z o h . Podshoh Namrud Ibrohim alayhis-salomga: «Sen bizlarni da’vat qilayotgan Parvardigoring qanday zot?» deganida Ibrohim payg‘ambar aytdilar: «Parvardigorim o‘z bandalariga jon berib, jon olguvchidir». Shunda Namrud: «Bu mening ham qo‘limdan keladi», deb ikki kishini keltirdi-da, birini o‘ldirib, yana birini qo‘yib yubordi. Ibrohim alayhis-salom uning ahmoqligini ko‘rgach, dedilar: «Mening Parvardigorim quyoshni sharqdan chiqaradi. Agar sen chindan ham qudrat egasi bo‘lsang, uni g‘arbdan chiqargin-chi?!» Ana shundagina Namrud javob topolmay lol bo‘lib qoldi. 


259. Yoki bir zot (Uzayr payg‘ambar) haqidagi masalni (bilmadingizmiki), u zot tomlari yiqilib huvillab qolgan bir qishloqdan o‘tarkan: «Alloh bu xarob bo‘lgan qishloqni qanday tiriltirar ekan-a?» dedi. Shunda Alloh uni yuz yil muddatga o‘ldirdi. So‘ngra tiriltirib so‘radi: «Qancha muddat (o‘lik holda) turding?» «Bir kun yo yarim kun», dedi u. Alloh dedi: «Yo‘q, yuz yil turding. Taom va ichimligingga qara — buzilgan emas. Endi eshaginga (chirib, suyaklari ajrab ketganini) ko‘rgan. (Bu hodisani Allohning hudratini ko‘rsatish) va seni odamlar uchun oyat — ibrat qilish uchun (keltirdik). Bu suyaklarni qanday tiklab, so‘ng ularni go‘sht bilan qoplashimizni ko‘rgan. Qachonki unga bu narsalar aniq ko‘ringach: «Albatta Alloh hamma narsaga qodir ekanini bilaman», dedi.

260. Eslang (ey Muhammad), Ibrohim: «Parvardigor, menga o‘liklarni qanday qilib tiriltirishingni ko‘rsat», deganida, Alloh: «Ishonmaysanmi?» — dedi. Ibrohim aytdi: «Yo‘q, ishonaman-ku, lekin dilim yana ham taskin topishi uchun». Alloh aytdi: «To‘rtta qushni olib, o‘zingga burgin (va ularni bosh, oyoq, qanot va patlarini tortib, uzib, so‘ngra bir-birlariga aralashtirib), keyin (atrofdagi tog‘lardan) har bir tog‘ning ustiga ularni bo‘lak-bo‘lak qilib qo‘ygin va shundan so‘ng ularni chaqirgin, darhol keladilar. Bilgilki, Alloh shubhasiz qudratli va hikmatlidir». 


261. Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilarning misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi. (Ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda.) Alloh istagan kishilariga, bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazlu karami) keng, bilguvchidir. 


262. Mollarini Alloh yo‘lida sarflab, so‘ngra bergan narsalaricha minnat va ozorni ergashtirmaydigan zotlar uchun Parvardigorlari huzurida ulug‘ ajr bordir. Ular uchun hech qanday xavfu xatar yo‘q va ular g‘amgin bo‘lmaydilar. 


263. Yaxshi gap va kechirish — ketidan ozor keladigan sadaqadan yaxshiroq. Alloh behojat va haliymdir. 


264. Ey mo‘minlar, molini odamlarga ko‘rsatish uchun beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, bergan sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang! Zero uning (riyokorning) misoli xuddi bir ustini chang-tuproq qoplab olgan silliq toshga o‘xshaydiki, unga sharros quygan yomg‘ir tekkan-da, qattiq-silliq toshligicha qoldirgan. (Unday riyokor) munofiqlar yaxshi amallar qildik, deb hisoblaydilar, ammo qiyomat kunida topgan va sarflagan dunyolaridan hech narsaga ega bo‘lmaydilar. Alloh kofirlarni hidoyat qilmaydi.

265. Mollarini Allohning rizoligini istab va dillarida mustahkam ishonch bilan sarf qiladigan zotlarning misoli xuddi adirlikdagi sharros quygan yomg‘ir tekkach, hosilini ikki barobar qilgan bog‘ga o‘xshaydi. Endi agar unga sharros quygan yomg‘ir tegmagan bo‘lsa, maydalab yog‘gan yomg‘ir ham kifoya qiladi. Alloh qilayotgan amalingizni ko‘rguvchidir. 


266. Sizlardan birontangiz taglaridan daryolar oqib turguvchi, xurmoyu uzumlari bor, har turli mevalarga to‘la bog‘i bo‘lib, keksayib nimjon bolalari bilan qolgan paytida o‘sha bog‘ini o‘tli bo‘ron urib, yonib bitishini istaydimi? Shunday hilib, tafakkur qilishingiz uchun Alloh sizlarga o‘z oyatlarini bayon qiladi. 


I z o h . Ushbu oyatda Alloh taolo ehson qilib orqasidan minnat qiladigan yoki xo‘jako‘rsinga ehson qiladigan kimsalarning oxiratdagi ahvoli haqida xabar berib, garchi ular «qilgan ehsonlarimiz sababli jannatlarga erishamiz», deb xomtama bo‘lsalar-da, ularning qilgan «ehsonlari»ni minnat va riyo bo‘roni uchirib-yondirib ketishi aniq ekanini uqtiradi. 


267. Ey mo‘minlar, kasb qilib topgan narsalaringizning halol-pokizalaridan va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalardan infoq-ehson qilingiz! Ehson qilish uchun ulardan o‘zingiz faqat ko‘z yumib turib oladigan — past-nopoklarini tanlamangiz! Va bilingizki, albatta Alloh behojat va hamdu sanoga loyiq zotdir. 


268. Shayton sizlarni (agar infoq-ehson qilsangiz) kambag‘al bo‘lib qolishingizdan qo‘rqitadi va fahsh ishlarga buyuradi. Alloh sizlarga o‘z tarafidan mag‘firat va fazlu karam (boylik) va’da qiladi. Alloh (fazlu karami) keng va bilguvchidir. 


269. U O’zi istagan kishilarga hikmat (foydali bilim) beradi. Kimga hikmat berilgan bo‘lsa, bas, muhaqqaqki, unga ko‘p yaxshilik berilibdi. Va’z-eslatmalarni faqat axli donishlargina oladilar.

270. Infoq qilgan har bir nafaqangiz va nazr qilgan har bir nazringizni shubhasiz Alloh biladi. Va (infoq-ehson qilmaydigan) zolimlar uchun hech qanday yordamchi yo‘qdir. 


271. Agar sadaqalarni oshkora holda bersangiz, juda yaxshi. Va agar maxfiy qilib, faqir-kambag‘allarga bersangiz — bu o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir. Va qilgan gunohlaringizga kafforat bo‘ladi. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir. 


272. Ularni hidoyat qilish Sizning zimmangizda emas (ey Muhammad). Balki Alloh o‘zi istagan kishilarni hidoyat qiladi. Qanday yaxshilik (mol) infoq-ehson qilsangizlar, bas, o‘zingiz uchundir. Faqat Alloh yuzini istab yaxshilik infoq-ehson qilingiz! Qilgan har bir yaxshiligingiz sizlarga zulm qilinmagan holida o‘zingizga to‘la-to‘kis qaytariladi. 


273. (Sadaqot-ehsonlar) Allohning yo‘lida to‘silgan (ya’ni o‘zlarini ushlagan), biror yerga safar qilishga qodir bo‘lmaydigan, qanoatlari sababli, bilmagan odamga boy-badavlat bo‘lib ko‘rinadigan faqir-kambag‘allar uchundir. Ularning faqirliklarini siymolaridan bilib olasiz. Ular tilanib turib olmaydilar. Qanday yaxshilik qilsangiz, bas, albatta Alloh uni bilguvchidir. 


274. Mol-dunyolarini kechayu kunduz, yashirin va oshkora ehson qiladigan zotlar uchun Parvardigorlarining huzurida ulug‘ ajr bor. Ular uchun hech qanday xavfu xatar yo‘q va ular g‘amgin bo‘lmaydilar.

275. Sudxo‘r bo‘lgan kimsalar (qiyomat kunida qabrlaridan) turmaydilar, magar jin chalgan majnun kabi turadilar. Bunga sabab ularning: «Bay’ (oddi-sotdi) ham sudxo‘rlikning o‘zi-ku?» — deganlaridir. Holbuki, Alloh bay’ni halol, sudxo‘rlikni harom qilgan. Bas, kimga Parvardigoridan mav’iza — nasihat yetgach (sudxo‘rlikdan) to‘xtasa, u holda avval o‘tgani o‘ziga va uning ishi Allohga (topshiriladi). (Ya’ni O’zi xohlasa afv qilar). Va kim (sudxo‘rlikka) qaytsa, o‘shalar jahannam egalaridir va unda abadiy qolajaklar. 


276. Alloh sudxo‘rlikning (foydasini) yo‘q qiladi va sadaqalarning (foydasini) ziyoda qiladi. Alloh har qanday (sudxo‘rlikni halol deb biladigan) ko‘rnamakni va (sudxo‘rlik qiladigan) jinoyatchini sevmaydi. 


277. Albatta iymon keltirgan, yaxshi amallar qilgan va namozni to‘kis ado qilib, zakotni bergan zotlar uchun Parvardigorlari huzurida ajr bor. Ular uchun hech qanday xavf-xatar yo‘q va ular g‘amgin bo‘lmaydilar. 


278. Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va agar chindan mo‘min bo‘lsangizlar, sudxo‘rlik sarqitlarini tark qilingiz. (Ya’ni odamlarga bergan qarzlaringizdan chiqadigan foydani olmangiz.) 


279. Endi agar (farmonimizni) qilmasangiz, u holda Alloh va payg‘ambari tomonidan bo‘lgan urushni bilib qo‘ying! Agar tavba qilsangiz, dastmoyangiz o‘zingizga — zolim ham, mazlum ham bo‘lmaysiz. 


280. Agar (qarzdor) nochor bo‘lsa, boyiguncha kuting! Agar bilsangizlar (bergan qarzingizni) sadaqa qilib yuborishingiz o‘zingiz uchun yaxshiroqdir. 


281. Va (barchangiz) Allohga qaytariladigan kundan qo‘rqingiz! So‘ngra har bir jonga qilgan amali uchun to‘la jazo beriladi va hech kimga zulm qilinmaydi.

282. Ey mo‘minlar, bir-birlaringiz bilan qarz muomalasini qilsangiz, yozib qo‘yinglar! Oralaringizda bir kotib adolat bilan yozsin! Hech bir kotib Alloh bildirgan yozishdan bosh tortmasin, albatta yozsin! Zimmasida qarzi bo‘lgan kishi yozdirsin — Parvardigori bo‘lmish Allohdan qo‘rqsin va u qarzdan biron narsa kamaytirib yozmasin! Agar zimmasida qarzi bo‘lgan kishi aqlsiz yo ojiz (yosh bola yo juda keksa) bo‘lsa, yoki (kar, soqovligi yo til bilmasligi sababli aytib turib) yozdirishga qodir bo‘lmasa, uning homiy vakili adolat bilan yozdirsin! Va sizlar rozi bo‘ladigan (adolatli) guvohlardan ikki erkak kishini, agar ikki erkak topilmasa, bir erkak va ikki ayolni — biri unutib adashsa, yana biri unga eslatadi— guvoh qilinglar! Guvohlar (guvohlik uchun) chaqirilganda bosh tortmasinlar! Xoh katta, xoh kichik qarz bo‘lsin, muddati kelgunicha yozib qo‘yishdan erinmanglar. Mana shu Alloh nazdida adolatliroq, guvohlik uchun to‘g‘riroq va shak-shubha qilmaslikka yaqinroq bo‘lgan (hukmdir). Lekin agar (o‘rtadagi muomalangiz) oralaringizda yurgizib turgan naqd savdo bo‘lsa, uni yozmasangiz-da, sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Va bir-biringiz bilan savdo qilganda guvoh keltiring! Va na kotib, na guvohga zarar yetmasin. Agar shunday qilsangiz (ya’ni ulardan birontasiga zarar yetkazsangiz), bu Allohga itoatsizligingizdir. Allohdan qo‘rqingiz! Alloh sizlarga (haq-hidoyat yo‘lini) bildiradi. Alloh hamma narsani bilguvchidir.

283. Agar safarda bo‘lsangiz va kotib topa olmasangiz (berilgan narsa evaziga) qo‘l bilan tutgudek garov oling! Agar bir-birlaringizga omonat qo‘ysangiz, omonat qo‘yilgan kishi omonatini ado qilsin va Parvardigori — Allohdan qo‘rqsin! Guvohlikni yashirmangiz! Kim (guvohlikdan bosh tortish bilan) uni yashirsa, bas, albatta uning qalbi osiy -gunohkordir. Alloh qilayotgan amalingizni bilguvchidir. 


284. Samovot va yerdagi bor narsa Allohnikidir. Ichingizdagi narsani xoh oshkor qiling, xoh yashiring, Alloh sizlarni o‘sha narsa bilan hisob-kitob qiladi va O’zi istagan kishini mag‘firat qilib, O’zi istagan kishini azoblaydi. Alloh hamma narsaga qodirdir. 


285. Payg‘ambar o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga iymon keltirdi va mo‘minlar (ham iymon keltirdilar). Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga iymon keltirgan har bir kishi (aytdi): «Uning payg‘ambarlaridan biron kishini ajratib qo‘ymaymiz». Va «Eshitdik va itoat etdik. Parvardigoro, gunohlarimizni mag‘firat qilishingni so‘raymiz. Va faqat O’zingga kaytajakmiz», dedilar.


286. Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi. (Har kimning) qilgan (yaxshi) amali o‘zi uchundir va (yomon) amali ham o‘zining buynigadir. Parvardigoro, agar unutgan yoki xato qilgan bo‘lsak, bizni azobingga giriftor aylama! Parvardigoro, bizlarning zimmamizga bizdan ilgari o‘tganlarning bo‘yinlariga qo‘ygan yukingni yuklama! Parvardigoro, bizlarni toqatimiz yetmaydigan narsaga zo‘rlama! Bizlarni afv et, (gunohlarimizni) mag‘firat qil, (holimizga) rahm ayla! O’zing xojamizsan! Bas, bu kofir qavm ustiga O’zing bizni g‘olib qil!

Firdavsiylar sahifasi!

Report Page