ᅠᅠ
1R.MEDIAMUHAMMAD SOLLALOHU ALAYHI VASALLAM (2-QISM)
Paygʻambarlikning boshlanishi.
Kunlarning birida Muhammad sollallohu alayhi vasallam Hiro gʻoriga borganlarida: “Iqroʼ!” (“Oʻqi!”) degan gulduros ovozni eshitdilar. Ana oʻsha ovoz johiliyat zulmatlarini parchalash uchun Alloh taolo tomonidan tushirilgan soʻnmas yogʻduning birinchi shuʼlasi — Qurʼoni Karimning birinchi oyati edi. Bu shuʼla dunyodagi yagona pok qalbni yoritdi. Oʻshanda Ramazon oyi oxirlab qolgan, aksar ulamolarning taʼkidlashlaricha, Qadr kechasi edi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga birinchi boshlangan narsa uyqudagi haq tush boʻldi. U zot qanday tush koʻrsalar, xuddi tong yorugʻidek aniq oʻngidan kelar edi. Soʻng u zotning koʻngillari xoli qolishni tusab qoldi. Hiro gʻorida xoli qolib, ahli oilalarining oldiga tushishdan oldin bir necha kun tahannus ibodati qilar edilar. Buning uchun oziq-ovqat gʻamlab olar edilar. Soʻng Xadiyjaning oldiga qaytib, yana oʻshanchaga yetarli oziq-ovqat olar edilar. U zotga haq kelgunicha shunday boʻldi. U zot Hiro gʻorida ekanlarida farishta kelib: “Oʻqi!” dedi. (U zot sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar). “Men oʻqishni bilmayman”, dedim. U meni tutib, siqdi. Hatto meni biroz qiynab qoʻydi. Soʻng meni qoʻyib yuborib: “Oʻqi!” dedi. “Men oʻqishni bilmayman”, dedim. U meni ikkinchi marta tutib, siqdi. Soʻng meni qoʻyib yuborib: “Oʻqi!” dedi. “Men oʻqishni bilmayman”, dedim. U meni uchinchi marta tutib, siqdi, hatto meni biroz qiynab qoʻydi. Soʻng meni qoʻyib yubordi va: “Oʻqi! Yaratgan Robbing nomi bilan. U insonni alaqdan yaratdi. Oʻqi! Va Robbing eng karamlidir!” dedi. (Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar). Nabiy sollallohu alayhi vasallam oʻsha oyatlar ila qalblari titrab-qaqshab qaytdilar, Xadiyja bint Xuvaylid roziyallohu anhoning oldiga kirdilar-da: “Meni oʻrab qoʻyinglar! Meni oʻrab qoʻyinglar!” dedilar. U zotdan qoʻrqinch ketguncha oʻrab qoʻyishdi. Keyin u zot Xadiyjaga xabarni ayta turib: “Oʻzimga bir narsa boʻlmasa edi, deb qoʻrqdim”, dedilar.
Shunda Xadiyja: “Unday emas! Allohga qasamki, Alloh sizni hech qachon sharmanda qilmaydi. Siz silai rahm qilasiz. Zaifga yordam berasiz. Odamlar qilmagan yaxshiliklarni qilasiz. Mehmonga ziyofat berasiz. Falokatga uchraganlarga yordam berasiz”, dedi. Soʻng u zotni olib, Varaqa ibn Navfal ibn Asad ibn Abdulʼuzzoning oldiga bordi (Xadiyjaning amakisining oʻgʻli edi). U johiliyat davrida nasroniylikka kirgan odam edi. Ibroniy kitob yozar edi. Alloh xohlaganicha Injildan ibroniychasiga yozar edi. U koʻzi ojiz boʻlib qolgan qari chol edi. Xadiyja: “Ey amakimning oʻgʻli! Birodaringizning oʻgʻlini bir tinglang!” dedi. Varaqa u zotga: “Ey birodarimning oʻgʻli, nima koʻrmoqdasan?” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzlari koʻrgan narsaning xabarini aytib berdilar. Varaqa u zotga: “Bu Alloh Musoga tushirgan “Nomus”dir. Eh! Qani endi, qavming seni haydab chiqarganda baquvvat boʻlsam edi! Qaniydi, oʻshanda tirik boʻlsam!” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Meni ular haydab chiqaradilarmi?” dedilar. “Ha! Qaysi bir kishi sen keltirgan narsani keltirsa, dushmanlikka uchraydi. Sening oʻsha (daʼvat) kuningga yetsam, senga qoʻlimdan kelgan yordamni berurman”, dedi. Koʻp oʻtmay, (ikkinchi vahiy kelmasidan oldin) Varaqa vafot etdi.
Ana shu tariqa Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga vahiy nozil boʻla boshladi. Avval oʻtgan barcha paygʻambarlarga Alloh taolodan vahiy keltirgan, vahiyning amiyni (ishonchli vakili), Parvardigori olamning paygʻambarlar bilan vositachisi boʻlgan farishta Jabroil alayhissalom Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Allohning oxirgi nozil etayotgan vahiylar turkumini olib kelishni boshlagan edi. “Vahiy” soʻzi lugʻatda “tezkor va maxfiy xabar yoʻllash, bildirish” degan maʼnoni bildiradi. Ulamolar vahiyni quyidagicha taʼriflaydilar: “Vahiy-Alloh taoloning bandalari ichidan Oʻzi tanlab olgan shaxsga Oʻzi iroda qilgan hidoyatni tez va maxfiy ravishda bildirishidir”. Boshqacha qilib aytganda, Alloh taoloning Oʻz paygʻambarlaridan biriga diniy koʻrsatmalarini yuborishi vahiydir. Bu yuborish tezlik bilan, boshqalardan maxfiy ravishda boʻlgani bois “vahiy” soʻzi tanlangan. Alloh taoloning mazkur vahiyni, yaʼni diniy koʻrsatmalarini paygʻambarlariga tezlik bilan va boshqalardan maxfiy ravishda yuborishi ham bir necha uslubda kechgan. Bu haqiqatni Alloh taoloning Oʻzi Qurʼoni Karimda shunday bayon qilgan: “Allohning bashar bilan gaplashmogʻi boʻlmagan, faqat vahiy orqali, yoki parda ortidan, yoxud elchi yuborib va U Zotning izni ila xohlagan narsasini vahiy qilur. Albatta, U oliydir, hakimdir” (Shuro surasi, 51-oyat). Inson zoti uchun Alloh taolo bilan bevosita gaplashish muyassar boʻlmagan, chunki ojiz inson bu maqomga chiday olmaydi. Alloh taolo inson bilan ushbu uch uslubning biri bilangina soʻzlashadi: “…vahiy orqali…” Vahiy, avval taʼkidlab oʻtilganidek, Alloh tomonidan bandaga biror xabarning maxfiy va tez yetkazilishidir. Alloh taolo paygʻambarning qalbiga biror xabarni yetkazadi, paygʻambar esa uning Alloh taolodan ekanini biladi. “...yoki parda ortidan…” Alloh taolo Muso alayhissalomga Oʻzini koʻrsatmay turib gapirgani kabi. “...yoxud elchi yuborur va ul U Zotning izni ila xohlagan narsasini vahiy qilur”. Bunda Alloh taolo Oʻzi bilan paygʻambari orasida vositachi — elchi qilib farishtani yuboradi. Farishta kelib, Alloh taolo xohlagan narsani paygʻambarga yetkazadi. Xulosa qilib aytganda, Alloh bilan inson orasidagi suhbat bevosita yoki bilvosita boʻladi. Bevosita boʻlganida, Alloh taolo Oʻz paygʻambarining qalbiga Oʻzi iroda qilgan maʼnoni vahiy qiladi. Bu yo uyqudagi solih tush, yo uygʻoqlikda paygʻambarning qalbiga tushgan ilhom, yoki oyatda aytilganidek, “parda ortidan” xitob boʻladi, yaʼni paygʻambar kalomni eshitadi, ammo kalom Egasini koʻrmaydi. Paygʻambarlarning tushlari ham vahiy boʻladi. Bilvosita boʻlganida, Alloh taolo bilan paygʻambari oʻrtasida farishta vositachilik qiladi. Vositaning bir tarafida Alloh taolo tursa, ikkinchi tarafida insonlar orasidan tanlab olingan paygʻambar turadi. Yaʼni oʻsha vositali gaplashish ham har kimga muyassar boʻlmaydi. Qurʼoni Karim faqat uygʻoqlikda, farishta vositasida nozil boʻlgan.
Ilk musulmonlar.
Islomga birinchi boʻlib Xadiyja onamiz kirdilar. U kishi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari boʻlishlari bilan birga, Alloh taologa va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga birinchi iymon keltirish sharafiga ham muyassar boʻldilar. Shu bilan birga, iymon yoʻlida ulkan xizmatlar qildilar. Balogʻatga yetmagan yoshlardan birinchi boʻlib Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu iymonga keldilar. U kishi oʻsha paytda oʻn yoshda edilar. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning otalari Abu Tolib qiynalib qolgani uchun Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Aliyni oʻz qaramoqlariga olgan edilar. Sobiq qullardan birinchi boʻlib Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu iymonga keldilar. U kishi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning qullari edi. Ammo u zot uni ozod qilib, oʻgʻil tutgan edilar. Katta kishilardan birinchi boʻlib Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu iymonga keldilar. U kishi Quraysh qabilasida katta obroʻga ega edilar. Oʻtkir aqllari, muruvvatlari, adolatlari va boshqa oliy sifatlari uchun koʻpchilik Abu Bakr roziyallohu anhuni yaxshi koʻrar va hurmat qilar edi. Abu Bakr roziyallohu anhu oʻzlari iymonga kelganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nima ish qilish kerakligini soʻradilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarni Islomga daʼvat qiling”, dedilar. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning dastlabki daʼvatlari samarasi oʻlaroq, oʻsha paytda Qurayshning sharaflilaridan boʻlgan, keyinchalik sahobalarning ulugʻlariga aylangan va jannatga kirishlariga bashorat berilgan oʻn kishining besh nafari — Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvom, Abdurrahmon ibn Avf, Saʼd ibn Abu Vaqqos va Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhum iymonga keldilar. Yashirin ravishda olib borilayotgan daʼvat taʼsirida asta-sekin boshqalar ham Islomga kira boshladilar. Dastlabki musulmonlar ichida Abu Ubayda ibn Jarroh, Abu Salama ibn Abdulasad, Arqam ibn Abul Arqam, Usmon ibn Mazʼun, Ubayda ibn Horis, Saʼid ibn Zayd, Xabbob ibn Arat, Jaʼfar ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Masʼud, Ammor ibn Yosir, Suhayb Rumiy kabi erkaklar va bir necha ayollar bor edi. Dastlabki musulmonlar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan yashirin ravishda uchrashar edilar. Ulardan biror kishi ibodat qilmoqchi boʻlsa ham, hech kim koʻrmaydigan pana joyga berkinib ibodat qilar edi. Birinchilardan boʻlib Islomni qabul qilganlar ichida turli toifadagi erkak va ayollar bor edi. Koʻpchiligi yoshlardan iborat boʻlgan bu musulmonlar ichida obroʻli boylar ham, kambagʻallar ham, arablar ham, arab boʻlmaganlar ham, asilzoda qurayshliklar ham, birovning quli boʻlganlar ham, osiyoliklar ham, ovroʻpaliklar ham, Afrikaliklar ham bor edi. Bundan Islom barchaning dini, tenglik dini, birodarlik dini, adolat dini, insonparvar din ekani koʻrinib turardi. Muhaqqiq ulamolarimiz oʻsha paytlarda musulmonlarga ikki mahal ikki rakatdan namoz oʻqish farz boʻlganini taʼkidlaydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kishilarni Islomga uch yil davomida yashirincha daʼvat qildilar. Musulmonlar bu davr mobaynida kofirlardan oʻz iymonlarini berkitish uchun barcha choralarni koʻrar edilar. Uch yildan soʻng, yangi musulmonlarning iymoni sayqal topib boʻlganidan keyin Islomga oshkora daʼvat qilish fursati yetdi.
Oshkora daʼvatga oʻtish.
Yashirin daʼvatdan oshkora daʼvatga oʻtish ham Alloh taoloning Oʻzining amri ila boʻldi. U zot Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga quyidagi ikki oyatni nozil qildi: “Va yaqin qarindosh‑urugʻlaringni ogohlantir. Va senga ergashgan moʻminlarga qanotingni pastlat” (“Shuʼaro” surasi, 214-215 oyatlar). Ushbu ikki oyati karima nozil boʻlganidan keyin Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Safo tepaligiga chiqib, “Yaa sobaha!” deb qichqirdilar. Odamlar u kishining huzurlariga toʻplandilar. Kimdir oʻzi keldi. Kimdir vakil yubordi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey Banu Abdulmuttolib! Ey Banu Fehr! Ey Banu Luaʼy! Aytinglar-chi, agar men sizga “Togʻning ortida otliqlar sizlarga gʻorat qilishga shay boʻlib turibdi”, desam, ishonasizlarmi?!” dedilar. Ular: “Ha, ishonamiz!” dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, men sizlarga shiddatli azobdan oldin kelgan ogohlantiruvchiman”, dedilar. Shunday qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzlariga nozil boʻlgan oyatga muvofiq, yaqin qarindoshlarini ogohlantira boshladilar. U zot faqat bu bilan kifoyalanib qolmay, eng yaqin kishilarini ham ogohlantirdilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Ushbu oyat nozil boʻlganidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qurayshliklarni ham umumiy, ham xususiy ravishda daʼvat qildilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ey qurayshliklar, oʻzingizni doʻzax oʻtidan qutqaringlar! Ey Banu Kaʼb jamoasi, oʻzingizni doʻzax oʻtidan qutqaring! Ey Muhammad qizi Fotima! Oʻzingni doʻzax oʻtidan qutqar! Allohga qasamki, men sizlardan Allohning biror narsasini qaytarishga molik emasman”, dedilar”. Ana shu tarzda Islomga ochiqchasiga daʼvat qilish boshlandi. Avvaliga mushriklar indamay turishdi. Keyinroq, Islomning ishi rivojlanib ketayotganini koʻrganlarida Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga qarshi adovat qila boshladilar. Mushriklarning bu dushmanligiga Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Tolib toʻsiq boʻldi. U hamma joyda Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning yonlarini olib, u zotni himoya qila boshladi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam har qanday qiyinchiliklarga ham qaramay, odamlarni Islomga daʼvat qilishda davom etaverdilar. Amakilari Abu Tolib ham u zotni himoya qilishda bardavom boʻldi. Ish jiddiylashib ketgach esa Quraysh boshliqlaridan bir guruhi Abu Tolibning oldiga keldilar va: “Ey Abu Tolib! Ukangning oʻgʻli dinimizni ayblamoqda, aqlimizni past demoqda va otalarimizni zalolatga ketgan, demoqda. Sen uni tiyib olgin. Yoki boʻlmasa, uni oʻzimizga qoʻyib ber. Axir sen ham bizning dinimiz va aqiydamizdasan”, dedilar. Abu Tolib ularga muloyim gapirib, qaytarib yubordi. Lekin mushriklar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga mahkam yopishib oldilar. U zotni hech tinch qoʻymadilar. Bir-birlarini u zotga qarshi qayray boshladilar. Bir muddat oʻtib, yana bir guruh qurayshliklar Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning ustilaridan shikoyat qilib, Abu Tolibning oldiga keldilar. Ular: “Ey Abu Tolib! Sen ichimizda yoshi ulugʻimiz, sharaflimiz va martabalimizsan. Ukangning oʻgʻlini tiyib olishingni iltimos qilgan edik, qilmading. Allohga qasamki, biz otalarimizning soʻkilishiga va aqlimizning past deyilishiga bundan ortiq sabr qila olmaymiz. Uni tiyib olmasang, u bilan ham, sen bilan ham oxirigacha olishamiz. Ikki tomondan biri halok boʻlmagunicha tek qoʻymaymiz”, dedilar. Bu gaplar Abu Tolibga qattiq taʼsir qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga odam yuborib, chaqirtirib keldi va: “Ey jiyanim! Qavming oldimga kelib, bundoq, bundoq, dedilar. Oʻzingga ham, menga ham rahm qil. Menga toqatimdan tashqari ishni yuklama”, dedi. Shunda Rasul alayhissalom: “Ey amaki! Allohga qasamki, agar shu ishni tark qilishim uchun quyoshni oʻng tomonimga, oyni chap tomonimga olib kelib qoʻysalar ham, Alloh uni zohir (oliy) qilmagunicha yoki uning yoʻlida halok boʻlgunimcha uni tark qilmayman”, dedilar. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam shu gaplarni aytib turib, yigʻlab yubordilar va oʻrinlaridan turib, chiqib keta boshladilar. U zot ketayotganlarida Abu Tolib: “Jiyan, bu yoqqa kel!” deb qoldi. U zot qaytib kelganlarida Abu Tolib: “Ey jiyan! Nimani xohlasang, gapiraver. Seni hech qachon hech kimga topshirib qoʻymayman”, dedi. U Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning oʻz himoyasida boʻlishlariga qatʼiy qaror qildi. Arablarning odatlari boʻyicha, ulardan biri birovni oʻz himoyasida ekanligini eʼlon qilsa, boshqalari oʻsha himoyadagi odamga tega olmas edi. Shu odatga binoan, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam uchun Abu Tolibning himoyasi juda qoʻl keldi. U oʻzi Islomni qabul qilmagan boʻlsa ham, Islom paygʻambarini himoya qilar edi.
Musulmonlarning azoblanishi.
Islomning rivojlanib borayotganidan jazavaga tushgan mushriklar himoyasiz, zaif musulmonlarni dindan qaytarish maqsadida ularni turli azoblarga duchor qila boshlashdi. Makka mushriklari oz sonli musulmonlarni misli koʻrilmagan qiynoqlarga, azob-uqubatlarga solishdi. Mushriklarning bu ishlardan koʻzlagan birdan-bir maqsadlari moʻminlarni iymondan qaytarib, yana mushrik qilish edi. Ammo musulmonlar bu azoblarga sabr qilish bilan insoniyat tarixi sahifalariga oltin harflar bilan yoziladigan namunalar koʻrsatdilar. Oddiy musulmonlarga turli azoblar berib oʻz maqsadlariga erisha olmagan mushriklar ularning sardori boʻlmish Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga ozor berishga oʻtishdi. Nubuvvatning 5-yili oʻrtalarida mushriklarning jabr-zulmlari kuchayib ketganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Arqam ibn Abul Arqam roziyallohu anhuning uylarida yigʻilishlar oʻtkazishga amr qildilar. U zot musulmonlar bilan oʻsha yerda sirli ravishda uchrashar, kerakli taʼlim-tarbiyalar berar edilar. Mushriklar tinimsiz ravishda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga qarshi tashviqot ishlarini olib borishardi.
Kofirlar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni daʼvatlaridan qaytarish uchun yana bir urinish qilib koʻrishdi. Ular u zotni molu dunyo, mansab va boshqa narsalar bilan oʻz ishlaridan qaytarmoqchi boʻlishdi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning barcha takliflarini rad etdilar.
Foydalanilgan manbalar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Islom tarixi” kitobi.
3. Usmonxon Alimov Rasululloh (sollallohu alayhu vasallom)ning muborak vasiyatlari (I jild) kitobi. Hidoyat.uz
4. Islom tarixi Muslim.uz.
MUHAMMAD SOLLALOHU ALAYHI VASALLAM — Audio