ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

MUSO ALAYHISSALOM (1-QISM)

Qurʼon Karimda Muso alayhissalom bir necha suralarda 132-marta zikr qilingan. Muso alayhissalom “Ulul azm” paygʻambarlardan birlari. U kishi “Kalimulloh — Alloh bilan gaplashgan” ham deyilgan. Muso alayhissalomning hayotlari kufrga, isyonga, shirkka va turli nobakorliklarga qarshi kurash bilan oʻtgan. Yusuf alayhissalom qissasidan maʼlumki u zot bosh vazirlik martabasiga koʻtarildilar va ota-onalari boshliq butun xalqini Misrga chaqirdilar. Zamon oʻtishi bilan ular shu joyda oʻrnashib, oʻzlaridan koʻpayishib, katta sonli xalqqa aylandilar. Bani Isroil Firʼavn uchun katta tashvish tugʻdirardi. Firʼavn Misr podshohi. Muso alayhissalom davrlarida Ramsis II Firʼavn boʻlganini koʻpchilik taʼkidlaydi. Firʼavn zolim va xudolik daʼvosini qilgan podshohdir. Rivoyatlarda kelishicha, Firʼavn atrofidagi gumashta sehrgar-folbinlar podshohga: “sening mulkingning zavoli Bani Isroildan kelajakda tugʻiladigan bir oʻgʻil boladir”, degan xabarni yetkazishdi. Firʼavn: “ular darhol oʻldirilsin”, degan farmon chiqardi. Shu soatdan boshlab, har bir Bani Isroillik homilador yonida doya qoʻshilib yuradigan boʻldi. Ayol tugʻishi bilan doya qarar, oʻgʻil bola boʻlsa, xabar berar va jallodlar bolani oʻldirishar edi. Muso alayhissalom mana shunday nihoyatda xatarli bir vaqtda dunyoga kelganidan onalari nima qilishini bilmay qoldi. Firʼavnning aygʻoqchilari yangi tugʻilgan goʻdak oʻgʻilligini sezib qolishsa, uni onasidan tortib olib oʻldirishlari mumkin. Nima qilish kerak? Biror chorasi bormi? Insonning qoʻlida hech qanday chora yoʻq. Shunda Alloh Muso alayhissalomning onalari koʻngillariga goʻdakni sandiqqa solib, daryoga oqizib yuborishni soldi. Musoning onasi qizini sandiqning ortidan yubordi. Qiz Muso solingan sandiq daryodan oqib borib Firʼavn qasridagi bogʻga kirgani, u yerda sandiqdan bolani chiqarib olishganini koʻrdi. Firʼavning xotini eriga: “Bu bola men uchun ham, sen uchun ham koʻz quvonchidir. Uni oʻldirmanglar. Shoyadki, u bizga foyda bersa yoki uni bola qilib olsak”, dedi. Firʼavn xotinining gapi bilan goʻdak Musoni oʻldirmay, boqib olishga qaror qildi. Firʼavn oilasi Musoni emizish uchun ayol topa olmay xunob boʻlib turganida, Musoning opasi Firʼavn oilasiga bolani emizib, boqib, katta qilib beradigan oilani koʻrsatib berishni taklif etdi. Bu taklifga ahli Firʼavn jon deb rozi boʻldilar. Alloh taolo Oʻzining hikmatli tadbiri ila Muso alayhissalomni onalariga qaytarib berdi. Shunday qilib, Muso alayhissalom oilalaridan ayrilmagan holda Firʼavnning qasrida tarbiya topdilar. Muso alayhissalom jismoniy, axloqiy va ruhiy tomondan ana shunday mukammal holga yetganlarida, Alloh taolo u kishiga hikmat va ilm berdi. Baʼzi tafsirchi ulamolarimiz, Muso alayhissalom ushbu vasf qilingan payti oʻttiz yoshlar atrofida boʻlganlar, deb taxmin qilishadi.
Issiq kunlarning birida, Muso alayhissalom koʻchada, urishayotgan ikki kishini koʻrdilar. Biri oʻz qavmi — Bani Isroildan, ikkinchisi Firʼavn qavmidan. Bani isroillik kishi Muso alayhissalomdan qibtiyga qarshi yordam soʻradi. Muso alayhissalom yosh va juda baquvvat boʻlganlar. Ul zot qibtiyni bir musht bilan bilmay oʻldirib qoʻyadilar. Uning oʻlib qolganini koʻrib qattiq afsuslandilar. Muso alayhissalom Allohdan magʻfirat soʻradilar. U zot uni magʻfirat qildi. Ertasiga koʻchada ketayotganlarida, bir kun oldin qibtiy bilan urishgan Bani Isroillik bugun yana boshqa bir qibtiy bilan urishayotgan ekan, u Muso alayhissalomdan yana yordam soʻrab chaqirdi. Muso alayhissalom bu holni koʻrib va chaqiriqni eshitib, bir qavmdan boʻlgan urishqoq yigitdan xafa boʻldilar va: “Albatta, sen ochiq-oydin gumrohsan”, dedilar. Shunday boʻlsa-da, mazlum xalqining, mazlum vakiliga yordam bermoqchi boʻldilar. Shu vaqt qibtiy: “Ey Muso, kecha bir jonni oʻldirganing kabi meni oʻldirmoqchimisan?!”, deb qoldi. Qibtiy Muso alayhissalomni suiqasdda aybladi va kecha noxosdan boʻlgan ishni yuzlariga soldi. Baʼzi mufassirlarimiz, mazkur xitob gaplarni qibtiy emas, Bani Isroillik aytgan, derlar. Muso: “sen ochiq-oydin gumrohsan”, — deb unga qarab yurganlarida, meni oʻldirgani kelyapti, deb qoʻrqib ketganidan aytgan, derlar. Bu voqeadan soʻng, bir odam shoshib kelib: “Ey Muso, ayonlar seni oʻldirish uchun til biriktirmoqdalar, tezda shahardan chiqib ket!”, — dedi.
Muso alayhissalom ham shunday qildilar: “Ey Robbim, menga zolim qavmlardan najot bergin”,- deb Misrdan chiqib, Madyan tomon ketishga majbur boʻldilar. Muso alayhissalom uzoq yoʻl yurib, charchab Madyanda bir quduqdan bir toʻp odamlar qoʻylarini sugʻorayotganlarini, shuningdek, bir chetda ikki ayolning suvga intilayotgan qoʻylarini qaytarib turganini koʻrdilar. Bu manzaraga chiday olmagan Muso alayhissalom ikki ayoldan: “Sizlarga nima boʻldiki, ayol boshingiz bilan hayvonlarni sugʻorgani kelibsiz? Sizlarga nima boʻldiki, suvga oʻzini urayotgan hayvonlaringizni qaytarmoqdasiz?”, deb soʻradilar. Shunda ayollar iffat va odob bilan: “Kuchli-quvvatli erkak choʻponlar bilan talashib-tortishishga odobimiz yoʻl qoʻymaydi, kuchimiz ham yetmaydi. Shuning uchun ular sugʻorib boʻlguncha bir chetda, qoʻylarimizni suvdan qaytarib turishga majburmiz. Aslida, bizning bu yerga kelishimiz toʻgʻri emas, ammo otamiz qarib qolgan, qoʻylarni sugʻora olmaydi?”, deb javob berishdi. Shunda Muso alayhissalom ikkovini ham qoʻylarini sugʻorib berdilar. Soʻngra bir daraxtni soyasiga oʻtirdilar. Yolgʻiz oʻzlari. Yonlarida hamroh ham, yegani bir burda non ham, yotgani joy ham yoʻq. Faqatgina Alloh bor! Shuning uchun Allohga: “Nima yaxshilik tushirsang, oʻshanga muhtojman, Sendan boshqa umidim yoʻq”, deb iltijo qildilar. Oʻyga tolib yolgʻiz oʻtirgan Muso alayhissalomning oldilariga haligi ikki ayolning biri uyalibgina kelib: “Otam senga qoʻylarimizni sugʻorib berganing haqqini berish uchun chaqirmoqda”, dedi. Muso alayhissalom bu chaqiriqni qabul qilib, cholning oldiga borib, uy egasiga boshlaridan oʻtgan qissani gapirib berdilar. Koʻpni koʻrgan chol u kishining koʻnglini koʻtarib: “qoʻrqma, endi qutulib ketding”, dedi. Moʻysafid cholning oilasida tarbiya topgan qizlar bilimdon, aqlli, dono edilar. Yosh, baquvvat va gʻarib bir yigitning paydo boʻlib qolishi ularning oilasidagi choʻponlik muammosini hal qilishga qulay fursat edi. Shuning uchun qizlardan biri otasiga taklif kiritib: “Ey otajon, uni ishga yollab oling”, dedi. Keyin nima uchun Muso alayhissalomning nomzodini koʻrsatganini sharhlab: “Ishga yollanadigan kimsa kuchli va ishonchli kimsa boʻlishi kerak”, dedi. Qizining taklifi maʼqul kelganidan keyin ota, bu haqda Muso alayhissalomga murojaat qilib: “Menga sakkiz yil ishlab berishing sharti bilan, shu ikki qizimdan birini senga nikohlab bermoqchiman, agar oʻn yilni ishlab bersang yana-da yaxshi”, dedi. Muso alayhissalom dono moʻysafidni taklifini qabul qildilar: “Sakkiz yoki oʻn yildan qaysi birini ado qilsam, men oʻzim bilaman. Aytgan gapimizga, tuzgan shartnomamizga Alloh shohiddir”, — dedilar. Ana shunday qilib, Muso alayhissalom oʻz davridagi eng katta davlat saroyi amiridan, eng katta choʻllarning choʻponiga aylandilar. Eng zabardast podshohning koʻz quvonchi, boqib olgan oʻgʻlidan, eng zaif, oʻrnidan qimirlashi qiyin moʻysafidning mardikoriga aylandilar. Ammo buyuk kishilarni bu mansab va mehnatlar balandga ham koʻtara olmaydi, pastga ham tushira olmaydi. Bunday holatlar ularning kimligini sinaydi, ulardagi mardlik, muruvvat, sabr-matonat va boshqa yetuklik sifatlarini yana bir bor namoyish qiladi.
Muso alayhissalom qaynotasi bilan kelishgan muddatni oʻtab, ahli ayollarini olib Misrga qaytish uchun yoʻlga chiqdilar. Yoʻlda, Siyna yarim orolidagi Tur togʻiga yaqinlashganlarida, togʻ tomonda uzoqdan bir olov yonib turganini koʻrdilar. Shunda ahli ayollariga: “Sizlar shu yerda turinglar, u yerdan sizga biror xabar yoki isinishingiz uchun bir tutam choʻgʻ olib kelarman”, dedilar. Va oʻsha olov koʻringan tomon qarab ketdilar. Insoniyat tarixidagi nodir hodisa hisoblangan Tuvo vodiysidagi ushbu soʻzlashuvni eng batafsil ravishdagi bayoni Qurʼoni Karimni “Toho” surasida kelgan: “Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: “Ey Muso. Albatta, Men Oʻzim, sening Robbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan”. (11-12 oyatlar). Muso alayhissalom olov koʻringan makonga choʻgʻ olish yoki yoʻl bilish uchun kelgan edilar. Oʻzlari bilmagan holda istaganlaridan koʻra xayr-barakotga, hidoyat va saodatga yoʻliqdilar. Alloh taolo Muso alayhissalomga farishta yubormay, bevosita Oʻzi nido qildi. Men, sening Robbingman, deb ochiq-oydin aytdi. Shuning uchun ham Muso alayhissalomning “Kalimulloh — Alloh bilan gaplashgan” degan nomlari bor. “Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os”. (13-oyat). “Albatta, Men Oʻzim, Allohdirman. Mendan oʻzga iloh yoʻq. Bas, Menga ibodat qil va Meni zikr etish uchun namozni toʻkis ado et”. (14-oyat). “Albatta, soat (qiyomat) kelguvchidir. Har bir jon saʼyi-harakatiga yarasha jazo olishi uchun uni maxfiy tuturman”. (15-oyat). “Hargiz seni unga iymon keltirmaydiganlar va havoyi nafsiga ergashganlar undan toʻsmasinlar. U holda halok boʻlasan”. (16-oyat). Alloh taolo Muso alayhissalomga tavhid ilmidan saboq berib boʻlgach, gapni boshqa tomonga burib: “Ey Muso, qoʻlingdagi nima?” deb soʻradi. U: “Bu asoimdir, unga suyanaman, u bilan qoʻylarimga (barg) qoqib beraman va unda mening boshqa ishlarim bor”, — dedi”. (17-18 oyat). Kechasi olovdan choʻgʻ olish yoki birortasidan yoʻl soʻrash maqsadida kelgan Muso alayhissalom toʻsatdan ilohiy nidoni tinglab, gʻalati holga tushib qolgan edilar. Qoʻllaridagi narsa nima ekani soʻralganidan keyin oʻsha mahbub ilohiy nido tugab qolishini his etdilar va gapni choʻzib, Alloh taolo bilan iloji boricha koʻproq gaplashishga harakat qildilar. Shuning uchun ham, qoʻlingdagi nima, degan savolga “asoim” deb qoʻyavermasdan: “unga suyanaman, u bilan qoʻylarimga barg qoqib beraman va unda mening boshqa ishlarim bor”, deb choʻzib javob qildilar. “U: “Ey Muso, uni tashla”, dedi”. (19-oyat). Muso alayhissalom Allohning amrini bajarib, asoni yerga tashlagan edilar, birdan aso ilon boʻlib, harakat qila boshladi. Buni koʻrib Muso alayhissalom qoʻrqib ketdilar. Shunda: “U zot: “Uni ol, qoʻrqma. Biz uni avvalgi holiga keltiramiz”. (21-oyat). Alloh taolo Muso alayhissalomni xotirjam qildi: “Qoʻrqmasdan uni yerdan ol, Biz uni avvalgi asolik holiga qaytaramiz”, dedi. “Qoʻlingni qoʻltigʻingga tiq, yomonliksiz oppoq boʻlib chiqadir. Bu boshqa bir moʻjizadir”. (22-oyat). Alloh taolo Muso alayhissalomga qoʻlini qoʻltiqqa tiqqanda nima boʻlishini oldindan aytib qoʻydi: “...yomonliksiz oppoq boʻlib chiqadir”, dedi. Qoʻl oppoq boʻldi, ammo bu oqlikda yomonlik yoʻqdir. Yaxshilik bor. Juda chiroyli boʻlib koʻrinadi. Bunday boʻlishi sening Paygʻambar ekanligingni tasdiqlovchi asodan keyingi yana bir moʻjizadir.
Alloh taolo buyuk moʻjizalarni koʻrsatish uchun avval aso va qoʻl moʻjizalarini koʻrsatdik. Soʻng “Sen Firʼavnga bor, albatta, u tugʻyonga ketdi”, dedi”. (24-oyat). Alloh tomonidan oʻziga oʻta masʼuliyatli vazifa yuklatilganini chuqur his etgan Muso alayhissalom bu amri ilohiyni qabul etdilar. Firʼavnning oldiga borishlaridan oldin har narsaga qodir Alloh taolodan oʻzlarining mashaqqatli ishlarida zarur boʻladigan yordamlarni bir yoʻla soʻrab oldilar. Muso alayhissalom Alloh taolodan eng avval:
“Mening qalbimni keng qil, ishimni oson qil”, dedilar. Muso alayhissalom tillarida bir oz duduqlik bor edi. Allohdan oʻsha duduqlik tugunini yechishni soʻradilar. Muso alayhissalom Alloh taolodan soʻragan toʻrtinchi tilaklari: “Menga oʻz ahlimdan Ogʻam Horunni sherik qilib ber”, — dedilar. Muso alayhissalom tilaklarini tugatishlari bilan: “U zot: “Ey Muso, senga soʻraganing berildi”. (36-oyat). (Ular) “Ey Robbimiz, biz uning tezda bizga yomonlik qilishidan yoki haddan oshishidan qoʻrqamiz”, dedilar. (45-oyat). U zot: “Qoʻrqmanglar! Albatta, Men sizlar bilanman, eshitaman va koʻraman. (46-oyat).
Muso alayhissalom va Horun alayhissalom Firʼavn huzuriga kelib Firʼavnga: “Biz sening Robbingning Paygʻambarlarimiz”, — deyishlariga qaramay, Firʼavn: “Mening Robbim kim?” deb emas, “...ikkovingizning Robbingiz kim?”, deb soʻradi. Shu gapning oʻzida u Robbini tan olmasligi koʻrinib turibdi. Firʼavndan bu savolni eshitgan Muso alayhissalom unga quyidagicha javob berdilar: “U: “Bizning Robbimiz har narsaga oʻz yaratilishini bergan hamda uni hidoyatga solgan zotdir”. (50-oyat). Muso alayhissalom juda qisqa, ammo mukammal javob berdilar. Imom Zamaxshariy va boshqa buyuk ulamolar bu javobdan qoyil qolib: “Yo Alloh! Bu qanday ajoyib javob! Qanday ham muxtasar! Qanday ham jamlovchi! Qanday ham bayon qiluvchi! Kim insof bilan zehn qoʻyib, nazar solsa, anglab yetadi”, deganlar.
Muso va Horun alayhissalomlar zimmasidagi asosiy vazifa — Bani Isroilni Firʼavn zulmidan qutqarib olish va uni tavhid aqidasi asosida qayta tarbiyalash edi. Muso va Horun alayhissalomlar Firʼavnning oldiga borib, lozim gaplarni aytdilar. Bu gaplarni eshitgan Firʼavn masʼharomuz holatda Musoni oʻtmishni eslab: “Biz seni goʻdakligingdan oʻz ichimizda tarbiya qilmadikmi?!” Buning ustiga, seni daryoda oqib kelayotganingda topib olib, yuvib-tarab, parvarishlab oʻstirganimiz uchun rahmat aytish oʻrniga, nonkoʻrlardan boʻlding. Bizning qavmimizdan bir kishini oʻldirib qoʻymadingmi?”, — dedi. Bunga javoban Muso alayhissalom: “Oʻsha menga qilayotgan minnating Bani Isroilni qul qilib olganingdandir”, — dedilar. Bahs davomida Firʼavn, mantiq bilan muvaffaqiyatga erisha olmagach, Paygʻambarni sehrgar, kazzob, buzgʻunchilikda aybladi. Bundan biror naf topmagandan keyin, haq yoʻlga daʼvat qiluvchini: “Robbiga duo qilsa, qilaversin, men uni oʻldiraman”, dedi. Muso alayhissalomni oʻldirishga qaror qilinganini eshitgan, Firʼavn ahlidan boʻlgan, iymonini berkitib yuradigan bir moʻmin kishi: “Bir odamni, Alloh Robbimdir, degani uchun oʻldirasizlarmi?! Nima uchun uni oʻldirish payiga tushdingiz?! Agar u yolgʻonchi boʻlsa, yolgʻoni oʻziga zarar. Siz uni yolgʻonchi, deysiz-u, yana oʻldirishga qasd qilasiz. Agar yolgʻonchi boʻlsa, tek qoʻying, yolgʻoni oʻziga uradi. Siz undan qutulasiz” dedi. Tortishuv vaqtida Muso alayhissalom maqsadga oʻtdilar: “Men ila Bani Isroilni qoʻyib yubor”, — dedilar. Oʻzini “Xudo” deb bilgan Firʼavn Bani Isroilni qul-banda qilib olgan va ularga oʻzini Robb ekaniga shubhalanmas edi. Muso alayhissalom unga haqiqiy Robb Alloh ekanini tushuntirib, Bani Isroilni ozod qilish oʻsha yagona Allohning amri ekanini izhor etdilar. Muso alayhissalomni ojiz qoldirish maqsadida Firʼavn u zotdan moʻjiza keltirishni talab qildi. Aslida, Firʼavn bu tadbir bilan, Muso alayhissalomni moʻjiza keltira olmay sharmanda boʻlishini koʻzlagan edi. Ana shu gʻarazli maqsadda hujjat-moʻjiza talab qildi. Muso alayhissalom qoʻllarida ushlab turgan asolarini yerga tashladilar, aso haqiqiy ajdarga aylanib qoldi. Ajdar xalqqa solib harakat qila boshladi. Qoʻllarini qoʻltiqlaridan chiqargan zahoti oppoq tusda namoyon boʻldi. Koʻringanda ham, barchaning havasini keltiradigan darajada chiroyli boʻlib koʻrindi. Mantiqan, talab qilingan moʻjiza roʻy berganidan soʻng muqobil tomon tan berishi va daʼvatni qabul qilishi kerak. Bu oqillik va mardlik alomati. Ammo niyati buzuq, oʻz niyati yoʻlida har qanday pastkashlikka tayyor gʻalamislar turli igʻvo va boʻhtonlarni koʻz yummay toʻqiydilar. Firʼavn zodagonlari Muso alayhissalomning moʻjizalarini koʻrdilar, bu haqiqatda oddiy narsa emasligini angladilar, ammo tugʻyonlari bu haqiqatni tan olishga yoʻl qoʻymadi. Muso alayhissalomning shaxslarida va daʼvatkor nutqlarida oʻzlariga nisbatan ulkan xatarni koʻrdilar. Shu boisdan u zot xususida: “Albatta, bu bilimdon sehrgardir!” — dedilar. Zodagonlar maslahat qilishib, bir qarorga keldilar va Firʼavnga: “barcha shaharlarga odam yubor, ular bor bilimdon sehrgarlarni toʻplab kelsinlar. Ular bilan Muso orasida sehrgarlik boʻyicha muboraza oʻtkazamiz”, dedilar. Ular “ziynat kuni” — bayramida choshgoh vaqtida yigʻildilar. Sehrgarlar oʻzlarining kim ekanliklarini, oʻz qudrat va salohiyatlarini juda yaxshi bilishardi. Bu bobda ularga teng keladigani yoʻqligini ham inkor etishmasdi. Shuning uchun, Muso alayhissalom bilan kuch sinashish uchun Firʼavnning amriga binoan toʻplanib kelishgandan Sehrgarlar Musoga: “avval sen boshlaysanmi yoki biz boshlaymizmi, biz yutamiz” dedilar. Muso alayhissalom: “Sizlar tashlanglar”, dedilarShunda ular qoʻllaridagi arqon va asolarini tashladilar. Boyagi arqon va asolar odamlarning nazariga ilon boʻlib koʻrindi. Sehrgarlar odamlarning koʻzini sehrlab, yaʼni, boʻyab qoʻygan edilar. Shunday qilib, arqon va asolarni ilonlarga oʻxshatib, odamlarni qoʻrqitdilar va zoʻr sehr koʻrsatdilar. Muso alayhissalom yerga asoni tashladilar. Aso ajdarga aylandi va birdan sehrgarlar namoyish etayotgan uydirma-koʻzboʻyamachiliklarni yuta boshladi. Muso alayhissalomning amallari haq ekani tasdiqlandi. Qolgan sehrgarlarning ishi botil ekani oshkor boʻldi. Ajdar sehrgarlarning uydirmalarini yutib boʻlganidan soʻng Muso alayhissalom uni qoʻlga olgan edilar, yana asoga aylandi. Firʼavn va u yollagan jodugar va firibgarlari bahslashuvda yengildilar, ular “ziynat kuni” — bayrami asnosida odamlar toʻplangan joyda sharmanda boʻldilar. Shu vaqt sehrgarlar sajdaga tashlanib: “Horun va Musoning Robbiga iymon keltirdik”, dedilar. Chunki ular Muso alayhissalom keltirgan narsa sehr emas, haqiqiy ilohiy moʻjiza ekanini hammadan burun anglab yetdilar. Firʼavn: “Men sizga izn bermay turib unga iymon keltirdingizmi?! Hali bilasiz, albatta, oyoq-qoʻllaringizni qarama-qarshi tomonidan kesaman va hammangizni osaman”, deb sehrgarlarga tahdid soldi. Moʻmin boʻlganlar: “ey Firʼavn, qoʻlingdan nima kelsa, qilaver, biz sendan qoʻrqmaymiz, sening tahdidingga eʼtibor ham bermaymiz, zero, Albatta, biz Robbimizga qaytguvchimiz. Avval adashib, senga ishonib yurgan ekanmiz. Ammo endi hamma narsa ayon boʻldi. Endi biz oʻz Robbimizga qaytamiz”, — dedilar. Muso alayhissalomning shunchalik oyat-moʻjizalar koʻrsatishiga, sehrgarlar bilan boʻlgan muborazada yutib chiqishlariga qaramay, koʻpchilik iymon keltirmadi. Koʻngli tor, baxil odamlarning qalbi ham qattiq boʻladi. Turli-tuman moʻjizalarni koʻrib turib ham unday odamlar iymonga kelmaydilar.
Taʼkidlanishicha, toʻqqiz yilda toʻqqizta moʻjiza yuborilgan, chunonchi: aso, qoʻl, qahatchilik, meva va jonlarni nuqsonga uchratish, toʻfon, chigirtka, mita, baqa va qon. Alloh taolo har gal balo yuborganida, Firʼavn ahli dod-voy solishib, tavba qilishar, jinoyatlarini tark etishga va Bani Isroilni qoʻyib yuborishga Muso alayhissalomga vaʼda berishar edi. Balo koʻtarilgandan soʻng, ular yana iymon keltirmas va Bani Isroilni qoʻyib ham yubormasdi. Ana shunda ularni qilmishlariga munosib tarzda jazolash fursati yetib keldi. Shunda Alloh taoloning oʻzi Muso alayhissalomga yoʻl koʻrsatdi. Tarixchilarning aytishicha, oʻsha paytda Muso alayhissalom bilan birga boʻlgan bani isroilliklar soni olti yuz ming ekan. Bu adad oʻsha vaqt mezoni bilan oʻlchanganda juda katta adaddir. Allohni vahiysi bilan Muso Bani isroilliklar bilan kechasi yoʻlga chiqdi. Firʼavn va uning lashkarlari Muso alayhissalom va u kishiga ergashganlarni quyosh chiqish paytida quvib yetdilar. Firʼavnning odamlarini koʻrishlari bilan Muso alayhissalom bilan ketayotgan bani isroilliklarning qalblariga gʻulgʻula tushdi. Ortlaridan katta sonli askar bostirib kelmoqda, oldilarida dengiz turibdi, qutulib ketishga koʻzlari yetmay: “tamom, endi qoʻlga tushdik”, deb oʻyladilar. Ammo Muso alayhissalom boshqa fikrda edilar. Chunki haqiqiy moʻmin odam Alloh har bir narsaga qodir ekanini, oʻziga yolvorgan bandasini qarovsiz tashlab qoʻymasligini yaxshi biladi. Darhaqiqat, Alloh taolo Muso alayhissalomga Oʻzi moʻjiza qilib bergan aso bilan dengizni urishga amr etdi. Muso alayhissalom aso bilan dengizni urdilar. Dengiz ikkiga boʻlindi. Ikki boʻlak ham ulkan togʻdek boʻlib turib qoldi. Muso alayhissalom va Bani Isroil uchun Qizil dengizdan oʻtib ketishga yoʻl ochildi. Soʻngra, Bani Isroil izidan quvib kelayotgan Firʼavn va uning askarlari dengiz bagʻriga toʻliq tushib boʻlganlaridan keyin, ulkan togʻdek haybat-la toʻxtab turgan dengiz yana harakatga kelib, hammalarini gʻarq etib, halok qildi.
Foydalanilgan manba.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
MUSO ALAYHISSALOM — Audio
MUSO ALAYHISSALOM — VIDEO 1
MUSO ALAYHISSALOM — VIDEO 2

Report Page