Ҳозирги кунда "бир марталик акция" доирасида якунига етмаган 60 мингдан зиёд ҳолат мавжуд
АОКАда Кадастр агентлиги раҳбарияти иштирокида ўтказилган матбуот анжуманида “Ўзбошимчалик билан эгалланган ер участкалари ҳамда уларда қурилган бино ва иншоотларга бўлган ҳуқуқларни эътироф этиш тўғрисида”ги Қонунида назарда тутилган тартиб-таомиллар тўғрисида маълумот берилди:
Joriy yilning 5-avgust sanasida Davlatimiz Rahbari tomonidan «O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi Qonun imzolandi.
Bugungi kunda yurtimizda 3,8 milliondan ortiq yaʼni 493 ming gektar yer uchastkalarining hujjatlari yo‘q bo‘lib, Qonunning maqsadi ham o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Qonun loyihasi Prezidentimizning 2023 yil 21 noyabrda yer hisobi va kadastr xizmatlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi topshirig‘i asosida ishlab chiqildi. Loyihani tayyorlashda Italiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya va boshqa davlatlarning ijobiy tajribasi inobatga olindi.
Shuningdek, loyihani tayyorlash jarayonida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan yo‘riqnomalar o‘rganildi.
Oliy sud, Adliya vazirligi, Kadastr agentligi mas’ullari tomonidan birgalikda juda ko‘p holatlar o‘rganilib, umumlashtirdi va yer uchastkalarining rasmiylashtirilmagan asosiy 8 ta holati belgilab olindi:
Ø 2018 yil 1 maygacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
Ø 2018 yil 1 may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
Ø “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarini eʼtirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
Ø 2021 yil 8 iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmagan yer;
Ø bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
Ø kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
Ø davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
Ø hokim qarori bilan mulk huquqi eʼtirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.
Hozirgi kunda “bir martalik aksiya” doirasida hujjatlari rasmiylashtirilishi boshlangan, lekin yakuniga yetmagan 60 mingdan ziyod holat bor. Shuningdek, kichik sanoat zonalarida joylashgan 1 200 nafardan ortiq tadbirkorlarning yerlarini rasmiylashtirish ishlari tugatilmagan. Xuddi shunday, tumanlarda hokim qarori bilan uy-joyga mulk huquqi eʼtirof etilib, yer uchastkasiga bo‘lgan huquq belgilanmay qolgan ko‘plab holatlar mavjud. Qonunda ana shularning barchasini rasmiylashtirish nazarda tutilgan.
Aslida, “o‘zboshimchalik bilan egallangan”, degan so‘z faqatgina noqonuniy maʼnosini anglatmaydi. Qonunchilikda hujjatlari saqlanib qolinmagan yer yoki bino-inshootlarga nisbatan ham “o‘zboshimchalik bilan egallangan” degan taʼrif qo‘llaniladi. Masalan, o‘tgan asrda ajratilgan yerlarning ko‘pi shunday holatda, yaʼni qaysidir sabablarga ko‘ra hujjatlari saqlanmagan. Hozirgi kunda yurtimizdagi 2 400 mingdan ortiq uy-joy shu holatda turibdi. Ularning barchasi tegishli tartibda o‘rganilib, qonuniy yechimlari beriladi.
Hozirda qanday tushuncha yoki ibora ishlatilganligiga emas, balki fuqarolarimiz va tadbirkorlarimiz bilan birgalikda mana shu Qonun ijrosini to‘g‘ri va halol taʼminlanishiga ko‘proq eʼtibor qaratishimiz kerak.
Avvalo, Qonun imzolangan vaqtdan boshlab uch oydan keyin, yaʼni 2024 yil
8 noyabr kuni kuchga kiradi. Unga qadar joylarda targ‘ibot, tushuntirish va tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi.
Huquqlarni eʼtirof etish hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, buning uchun Kadastr agentligi hokimlar taklifiga ko‘ra reja-jadval tasdiqlaydi. Ana shu reja-jadval asosida davlat organlarining o‘zi joylarga chiqib, hujjatsiz yer uchastkalari va uy-joylarni o‘rganish ishlarini amalga oshiradi. Yaʼni, aholi bu masalada biror joyga murojaat qilishi yoki ariza berishining keragi yo‘q.
Grafikda maʼlum bir hudud yoki mahallaga qachon borilishi belgilangan bo‘lsa, faqatgina o‘sha vaqtda boriladi. Alohida ariza berilgan taqdirda ham u hududga o‘zboshimchalik bilan egalik huquqini eʼtirof etish uchun borilmaydi. Qonun 2028 yil
1 yanvarga qadar amal qiladi va hujjatlashtirish amaliyoti uch yildan ziyod vaqt davomida to‘liq amalga oshirilishi belgilangan.
Biroq, bu barcha hujjatsiz mulkka egalik huquqi eʼtirof etiladi, degani emas. Bu bo‘yicha Qonunda asosiy shartlar va talablar ham aniq belgilangan. Masalan, yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi, yer bo‘yicha nizo bo‘lmasligi, bosh reja talablariga zid emasligi va boshqa omillar hisobga olinadi.
Qolaversa, bu bitta shaxs yoki tashkilotga bog‘liq jarayon emas. Agar qaysidir fuqaro yoki tadbirkorga kimdir kelib “egalik huquqingni rasmiylashtirishga yordam beraman” desa, bunday shaxslarga aldanib qolmaslik kerak, chunki yuqori ehtimol bilan u firibgar bo‘ladi. Boisi, buning sira iloji yo‘q. Qonunda rasmiylashtirishga masʼul tashkilotlar hamda jarayon ketma-ketligi ko‘rsatib o‘tilgan. Ularning har biri o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, orada qonun buzilishi, tanish-bilishchilik holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Barchasi shaffof amalga oshirilishi belgilangan.
Jumladan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga taalluqli maʼlumotlar hamda hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu tizimga
15 ta vakolatli tashkilot ham tegishli maʼlumotlarini kiritadi. Natijalar mahallada eʼlonlar uchun burchaklarida, Kadastr agentligining sayti orqali va boshqa axborot manbalarida jamoatchilikka eʼlon qilinadi. To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi adliya organlari tomonidan tekshirib chiqiladi. Ijobiy xulosa qabul qilingan obyektlar bo‘yicha fuqarolarga sms-xabarnoma yuboriladi. U asosida bir martalik to‘lov amalga oshirilgan obyektlarga Xalq deputatlari viloyat kengashi qarori bilan huquqlar eʼtirof etiladi.
Prokuratura, ichki ishlar, agroinspeksiya, ekologiya, kadastr organlari qonunni amalga oshirishda davlat nazoratini o‘rnatadi. Shuningdek, qonunda jamoatchilik nazoratiga alohida eʼtibor qaratilgan. Yaʼni, xalq deputatlari tuman kengashlari qarori bilan har bir mahallada jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Bu guruhlarga mahalla joylashgan okrugdan saylangan tuman kengashi deputati, mahalla raisi va faol fuqarolar kiritiladi. Agar ko‘rilayotgan ishda qo‘shnilar yoki mulkdorlar o‘rtasida nizolar bo‘lsa ham, hujjat keyingi bosqichga o‘tmaydi.
Bu amaliyot Qoraqalpog‘iston Respublikasida allaqachon boshlangan. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 28-iyuldagi PF–119-son Farmoni bilan faqat ushbu hududdagi hujjatsiz uy-joylar va ular joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qarori bilan eʼtirof etishga ruxsat berilgan edi. Shundan so‘ng, barcha tuman va shaharlarda ishchi guruhlar tuzilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida huquqni belgilovchi hujjatlarsiz qurilgan 43 432 ta uy-joy birma-bir o‘rganib chiqildi. Uylarning joylashgan o‘rni, holati va qurilgan vaqti yer hisobi hamda kosmik suratlarni tahlil qilish asosida tekshirildi. Barchasining yakunida ijobiy xulosaga kelingan 27 590 ta uy-joyga mulk huquqi, ular joylashgan yer uchastkalariga esa ijara huquqi eʼtirof etildi.
Ushbu xalqparvar siyosat natijasi shuncha xonadonda yashovchi 100 mingdan ortiq fuqarolarning hayotiga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. Ularda o‘z uy-joyini qonuniy rasmiylashtirib olish, boshqa shaxsga sotish, oila aʼzolarini doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi paydo bo‘ldi. Shuningdek, mulkdorlar endi bu uylarini taʼmirlash yoki qo‘shimcha qurilish qilish uchun kreditlar olishi, uy-joy jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yiladigan hollarda, qonunga muvofiq kompensatsiya talab qilishi mumkin bo‘ldi.
Qisqa qilib aytganda ushbu ko‘chmas mulklar fuqarolarimizning kapitaliga aylandi.
Shu jihatdan, ushbu Qonunni xususiy mulk kafolatini taʼminlashdagi eng katta islohotlardan biri deyishimiz mumkin. Uni yurtimizning barcha hududlarida joriy etish orqali millionlab yurtdoshlarimizni uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan muammoga yechim berildi. Jarayonda eng asosiy eʼtibor, albatta, adolat va shaffoflikni taʼminlashga qaratiladi.