Dunyodagi yirik elektr taʼminoti uzilishlari (1965–2021-yillar)
uzbekistonmet.uz1965-yil 9-noyabr — AQSH va Kanada
Elektr energiyasini iste’mol qilish bilan ishlab chiqarish quvvati o‘rtasidagi tafovut sababli AQSHning yetti shtati va Kanadaning ikki provinsiyasida 30 million kishi elektr energiyasidan mahrum bo‘ldi.
1977-yil 13-iyul — Nyu-York
Elektr energiyasi iste’moli keskin oshgan va ishlab chiqarish hajmi ham ko‘paytirilgan bir paytda elektr tarmoqlariga yashin urishi oqibatida yirik avariya yuz berdi. Tarmoqdan iste’molchilarning katta qismi uzildi va elektr ta’minotidagi muvozanat buzildi. Natijada 9 milliondan ziyod kishi elektr ta’minotisiz qoldi.
1979-yil 31-may — Sovet Ittifoqi
Issiq ob-havo ta’sirida 330 kV kuchlanishli elektr uzatish liniyalari osilib, qisqa tutashuv yuz berdi. Yuqori kuchlanishli liniyaning ta’mirlash uchun vaqtincha o‘chirilishi energetika tizimidagi faol quvvat muvozanatiga ta’sir ko‘rsatdi. Muvozanatni saqlab qolishning imkoni bo‘lmagani sababli yirik avariya sodir bo‘ldi. Bu hodisa Ukraina va Qozog‘iston SSR, Sibir hamda Smolensk energetika tizimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, Volgabo‘yi va Uraloldi hududlarida jami 5 ming MVt quvvat iste’mol qilayotgan iste’molchilarning tarmoqdan uzilishiga olib keldi.
1993-yil 4-may — Gruziya
O‘sha kuni butun Gruziya elektr energiyasisiz qoldi. Hodisaning asl sabablarini aniqlash imkoni bo‘lmadi. Taxminlarga ko‘ra, elektr ta’minoti tizimida kutilmaganda yirik iste’molchi yoki iste’molchilar paydo bo‘lgan va avariyaning oldini olishga qaratilgan choralar samara bermagan. Yirik nosozlik yuz berganidan 38 daqiqa o‘tgach, zaxira generatorlari yordamida faqat Tbilisi metropoliteni va ayrim ijtimoiy soha obyektlariga elektr energiyasi yetkazib berilgan.
1998-yil 8-dekabr — AQSH
San-Fransiskoning 940 ming aholisi mahalliy podstansiya xodimining xatosi tufayli yetti soat davomida elektr energiyasisiz qoldi.
1999-yil 6-iyul — Nyu-York
Manxettenning 200 mingdan ziyod aholisi 19 soat davomida elektr energiyasidan mahrum bo‘ldi. Issiq havo sharoitida konditsionerlar va boshqa elektr jihozlarining haddan tashqari ko‘p ulanishi energiya iste’molini oshirib, yirik avariyaga sabab bo‘ldi.
2001-yil 2-yanvar — Hindiston
Uttar-Pradesh shtatidagi elektr stansiyasida yuz bergan avariya Hindiston shimolida 200 milliondan ortiq kishini elektr energiyasidan mahrum qildi.
2001-yil 18-yanvar — AQSH
San-Fransisko va uning atrofida yashovchi bir millionga yaqin kishi elektr ta’minotidagi jiddiy avariya oqibatida elektr energiyasidan mahrum bo‘ldi.
2001-yil iyun — Nigeriya
Nigeriyaning sharqiy qismida elektr ta’minotidagi uzilishlar oqibatida 30 milliondan 50 milliongacha kishi bir necha kun davomida elektr energiyasisiz qolgani qayd etilgan.
2002-yil 24-noyabr — Argentina
Poytaxt Buenos-Ayresda yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasi uzildi. Natijada qariyb 2 million kishi elektr energiyasidan mahrum bo‘ldi.
2002-yil 19-dekabr — Rossiya Federatsiyasi
Yakutsk elektr stansiyasida yuz bergan avariya natijasida Yakutsk shahri va Markaziy Yakutiya elektr ta’minotisiz qoldi. O‘sha kuni havo harorati −48 °C gacha tushgan edi.
2003-yil 3-fevral — Jazoir
Markaziy elektr stansiyasidagi avariya natijasida aholisi 32 millionga yaqin bo‘lgan Jazoir mamlakati bir necha soat davomida elektr ta’minotisiz qoldi.
2003-yil 22-iyul — O‘rtayer dengizi mintaqasi
Barselona va Balear orollarida 350 mingdan ortiq kishi elektr energiyasidan mahrum bo‘ldi. Avariyaga elektr energiyasi iste’moli va ishlab chiqarish o‘rtasidagi tafovut sabab bo‘lgani aytiladi.
2003-yil 14-avgust — Shimoliy Amerika
AQSH va Kanadada keng ko‘lamli elektr ta’minoti uzilishi kuzatildi. Elektr stansiyasi va podstansiyadagi nosozlik boshqa elektr energetikasi obyektlari faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada AQSH va Kanadaning bir nechta shtatidagi iste’molchilar uzoq vaqt elektr energiyasisiz qoldi.
2003-yil 28-avgust — Buyuk Britaniya
Barqaror ishlashi bilan tanilgan Angliya energetika tizimida yirik avariya yuz berdi. Tizimdagi nosozlik tufayli Londonning chorak qismi elektr ta’minotisiz qoldi. Angliya hukumati hodisani so‘nggi o‘n yillikdagi eng jiddiy nosozliklardan biri sifatida baholagan.
2003-yil 23-sentabr — Shvetsiya
Kuchli bo‘ron elektr uzatish liniyalarini shikastladi. Natijada Shvetsiyaning janubi va Daniyaning sharqida elektr ta’minotida uzilishlar yuz berdi. Besh million kishi kun davomida elektr energiyasisiz qolgani qayd etilgan.
2003-yil 28-sentabr — Italiya
Energetika tizimida avariya yuz berishi oqibatida mamlakatning shimoliy va markaziy hududlari bir kun davomida elektr ta’minotisiz qoldi.
2003-yil 7-oktabr — Rossiya Federatsiyasi
Rossiyaning Markaziy qora tuproq mintaqasida kuchli bo‘ron tufayli ko‘plab elektr uzatish liniyalari uzildi. Vladimir, Lipetsk, Smolensk, Tambov va Belgorod viloyatlaridagi minglab aholi punktlari elektr ta’minotisiz qoldi. Avariya oqibatida aloqa va yo‘l harakati izdan chiqdi, shaharlararo elektr poyezdlari qatnovi to‘xtadi.
2003-yil 7-noyabr — Chili
Chilidagi markaziy elektr stansiyasida issiq ob-havo sababli avariya yuz berdi. Santyagoning 600 ming aholisi to‘rt soat davomida elektr energiyasisiz qoldi.
2004-yil 22-yanvar — Turkiya
Qum bo‘roni tufayli Istanbulning Yevropa qismida elektr ta’minoti uzildi.
2004-yil 22-noyabr — Polsha
Varshava energetika tizimida yirik avariya yuz berdi. Kechki eng yuqori iste’mol davrida elektr energiyasiga talab keskin oshib, tizim muvozanatini saqlab qolish qiyinlashdi. Natijada 1,5 million aholiga ega Varshavada elektr ta’minoti uzildi. Xalqaro aeroport bir yarim soat davomida samolyotlarni qabul qila olmadi, o‘nlab reyslar kechiktirildi va elektr poyezdlari qatnovi vaqtincha to‘xtadi.
2004-yil 12-iyul — Gretsiya
Elektr stansiyasidagi avariya natijasida Afina va mamlakat janubidagi 6 million kishi ikki soat davomida elektr energiyasisiz qoldi.
2005-yil 23-yanvar — Kanada
Toronto shahrida yuz bergan suv toshqini tufayli aholi qariyb 12 soat davomida elektr energiyasisiz qoldi.
2005-yil 25-may — Moskva, Rossiya Federatsiyasi
“Chagino” podstansiyasidagi avariya Rossiyada qariyb 7 million kishining elektr ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lgan yirik hodisa sifatida qayd etilgan. Moskva shahri va Moskva viloyatidagi iste’molchilarning qariyb 26 foizi, Tula viloyatidagi aholi va sanoat obyektlarining 87 foizi, Kaluga viloyatidagi iste’molchilarning 22 foizi elektr energiyasisiz qoldi. Ryazan va Smolensk viloyatlarida ham qisman uzilishlar kuzatildi.
2006-yil 5-noyabr — G‘arbiy Yevropa
G‘arbiy Yevropaning bir qator mamlakatlarida millionlab kishi elektr energiyasidan mahrum bo‘ldi. Favqulodda holat yuz berishiga Germaniyada sovuq ob-havo tufayli iste’molning keskin oshishi sabab bo‘lgani ko‘rsatiladi. Energetika tizimining to‘liq ishdan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun elektr tarmoqlarida avtomatik uzishlar amalga oshirildi. Hodisa Germaniya va Fransiyadan tashqari Italiya, Belgiya va Ispaniyaga ham ta’sir ko‘rsatdi. Tezyurar temiryo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatilib, poyezdlarda qolgan yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishga to‘g‘ri keldi.
2006-yil 14-avgust — Yaponiya
Tokio elektr ta’minoti tizimida yuqori kuchlanishli simning uzilishi Edogava daryosi bo‘ylab o‘tgan asosiy elektr uzatish liniyalarida yirik nosozlikka sabab bo‘ldi. Tokio, Kavasaki va Yokogama shaharlaridagi milliondan ortiq xonadon elektr tarmog‘idan uzildi. Poytaxt metrosi 30 daqiqaga to‘xtadi, yer usti poyezdlarining bir nechta yo‘nalishida harakat to‘xtatildi. Svetoforlarning o‘chishi yo‘llarda bir necha soatlik tirbandliklarni keltirib chiqardi.
2006-yil 4-noyabr — Yevropa energetika tizimi
Papenburg shahridagi kemasozlik zavodida qurilgan yirik kemani dengizga chiqarish vaqtida xavfsizlik maqsadida 380 kV kuchlanishli elektr uzatish liniyasi vaqtincha o‘chirildi. Liniyani o‘chirish va qayta ulash jarayonidagi nosozlik Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Portugaliya, Italiya, Marokash, Avstriya va Xorvatiyada elektr ta’minotidagi uzilishlarga sabab bo‘ldi.
2009-yil 9-noyabr — Tojikiston
Nurek–Regar elektr uzatish liniyasidagi avariya natijasida Tojikistondagi iste’molchilarning qariyb 70 foizi elektr ta’minotidan mahrum bo‘lgani qayd etilgan.
2009-yil 10-noyabr — Braziliya
Energetika tizimidagi yirik avariya Braziliyada 50 millionдан ортиқ кишининг электр таъминотига салбий таъсир кўрсатди. Мамлакат иқтисодиёти катта зарар кўрди. Ҳодиса Уругвай энергетика тизимида ҳам беқарорликни келтириб чиқарди.
2010-yil 20-avgust — Rossiya Federatsiyasi
“Vostochnaya” yuqori kuchlanishli podstansiyasidagi avariya Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati elektr tizimida uzilishlarga sabab bo‘ldi.
2012-yil 31-iyul — Hindiston
Elektr ta’minotidagi ommaviy uzilishlar sakkiz soat davom etdi va mamlakat shimoli hamda sharqidagi 19 shtatga ta’sir ko‘rsatdi. Shifoxonalar va maktablar elektr energiyasisiz qoldi.
2012-yil 9-sentabr — Kuba
Mamlakat shimolida kuzatilgan noqulay ob-havo millionlab iste’molchilarning elektr energiyasidan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
2012-yil 24-sentabr — Qozog‘iston
Olmaota shahridagi 500 kV kuchlanishli “Olmaota” podstansiyasining 220 kV tarmoqlarida avariyaviy o‘chishlar sodir bo‘ldi. Natijada shahar va Olmaota viloyatida, jumladan, metro va aeroport kabi yirik obyektlarda elektr ta’minoti uzildi.
2016-yil 15-noyabr — Rossiya Federatsiyasi
Yekaterinburg shahrida releli himoya vositalarining ishga tushishi natijasida to‘rtta 110 kV kuchlanishli podstansiya faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan uzilish yuz berdi. Taxminan 117 ming iste’molchi, 116 ta ijtimoiy soha obyekti va mahalliy sanoat korxonalari elektr ta’minotisiz qoldi.
2018-yil 25-mart — Yakutiya, Rossiya Federatsiyasi
Sovuq kunlarning birida Yakutsk shahridagi 2-sonli elektr stansiyasi faoliyatining bir qismi favqulodda to‘xtatildi. Natijada Yakutskning bir qismi va Markaziy Yakutiyadagi iste’molchilar avariya bartaraf etilgunga qadar elektr energiyasisiz qoldi.
2018-yil 3-iyul — Ozarbayjon
Yozning dastlabki issiq kunlarida elektr energiyasi iste’moli oshib, mamlakat energetika tizimida yirik avariya yuz berdi. Natijada Ozarbayjonning 39 ta shahri va tumanida elektr ta’minoti uzoq muddatga uzildi.
2019-yil 9-avgust — Buyuk Britaniya
Yirik avariya tufayli London, Angliyaning janubiy, janubi-g‘arbiy, markaziy va shimoli-sharqiy hududlari hamda Uelsda elektr ta’minotida uzilishlar yuz berdi. Londonda ko‘cha chiroqlari va svetoforlar o‘chdi, temiryo‘l qatnovi to‘xtadi.
2021-yil 9-yanvar — Pokiston
Mamlakatning 114 ta shahrida elektr ta’minotida yirik nosozlik yuz berdi. Sovuq ob-havo tufayli elektr energiyasiga talab keskin oshdi, ishlab chiqarish quvvati esa talabni qoplay olmadi. Natijada energetika tizimida nosozlik yuzaga kelib, iste’molchilar bir necha soat davomida elektr ta’minotisiz qoldi.