Uzb

Uzb

@uzbekistanofficial

12 yoshli qizcha AQShdagi eng yaxshi yosh olim deb topildi

12 yoshli Gitanjali Rao 2017-yilda AQShning eng yaxshi yosh olimi e’tirofiga sazovor bo‘ldi, deb xabar beradi Forum Daily.

Foto: Forum Daily

Qizchaga mazkur e’tirof suv tarkibida qo‘rg‘oshin borligini aniqlashning tez va arzon usulini ixtiro qilgani uchun berildi.

Qizcha ilmiy faoliyat bilan bog‘cha paytidan boshlab shug‘ullanadi. Uning hisobida sakkizta ixtiro mavjud. Biroq Gitanjali yaratgan 10 soniyada suv tarkibidagi qo‘rg‘oshin darajasini aniqlab beruvchi 3D-printerda chop qilingan uskuna unga shuhrat olib keldi.

Qizcha yaratgan Tethys uskunasida uglerodli nano-naychalardan iborat filtr mavjud bo‘lib, u suvdagi qo‘rg‘oshin miqdorini aniqlaydi. Uskuna Bluetooth-uzatgich bilan ta’minlangan bo‘lib, u tekshiruv natijasini smartfon ekraniga uzatadi.

Foto: Forum Daily

Gitanjali o‘z ixtirosi bilan Michigandagi Flint shahri aholisiga yordam berishga qaror qildi. 2016-yilda shahar aholisi qo‘rg‘oshinli suvdan tarqalgan infeksiyadan aziyat chekkan edi.

“Hammasi suv tarkibidan qo‘rg‘oshinni chiqarib tashlash usulini izlashdan boshlandi. Keyinroq men juda katta qadam tashlashga urinayotganimni, men avval suv tarkibidan qo‘rg‘oshinni yo‘qotish usulini emas, balki uning suv tarkibida mavjudligini aniqlash usulini topishim kerakligini tushundim”, — deydi Rao.

Uskunani yaratish g‘oyasi qizchada ota-onasi suvni aksariyat hollarda ma’lumotni xato ko‘rsatadigan test chiziqchalar yordamida tekshirayotganini ko‘rganidan keyin tug‘ildi.

Gitanjaliga ixtirosi uchun 25 ming dollar miqdorida mukofot puli berildi.

Qizcha yaratgan uskunaning narxi hozirda 20 dollarni tashkil etadi. Keyinchalik uni ulgurji ishlab chiqarish boshlansa, narx yana ham arzonlashishi mumkin.

Gitanjali sotuvdan tushgan pulni suv tarkibida qo‘rg‘oshin borligini aniqlovchi uskunani ishlab chiqarish bo‘yicha biznesga tikishni niyat qilmoqda. Kelajakda u epidemiolog yoki genetik bo‘lishni orzu qiladi.

Gitanjali boshqa bolalarga hech qachon taslim bo‘lmaslikni maslahat beradi.

“Faoliyatimni endi boshlagan paytimda ko‘p bora omadsizlikka uchraganman. Shundan so‘ng xatolarimni to‘g‘rilashga harakat qildim va omadsizlik muvaffaqiyat sari yana bir qadam ekanligini tushundim”, — deydi Gitanjali.