Toshkent shahridagi davlat oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talaba qizlar oʻrtasidagi “Toʻmaris izdoshlari” sport musobaqasini oʻtkazish toʻgʻrisida

Toshkent shahridagi davlat oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talaba qizlar oʻrtasidagi “Toʻmaris izdoshlari” sport musobaqasini oʻtkazish toʻgʻrisida

 

Nizom

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom Toshkent shahrida joylashgan oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-qizlar oʻrtasida oʻtkaziladigan “Toʻmaris izdoshlari” sport musobaqasining (bundan buyon matnda musobaqa deb yuritiladi) maqsad va vazifalarini, musobaqani tashkillashtirish, oʻtkazish va baholashni, gʻolib jamoalarni aniqlash hamda ularni taqdirlash tartibini belgilaydi.

2. Musobaqaning maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat: Talaba qizlar oʻrtasida sogʻlom turmush-tarzini rivojlantirish; xotin-qizlarning ongida tariximiz, milliy anʼanalarimiz va urf-odatlarimizga chuqur hurmat va ehtiromini yuksaltirish; hayotda doimo gʻalabaga intilish va yuksak vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish; qatʼiyat, iroda va shukronalik hamda oʻz Vataniga va ilm-fanga boʻlgan mehrsadoqat hissini oshirish. 

II. Musobaqaning maqsad va vazifalari

2. Musobaqaning maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat: xotin-qizlarning sogʻlom turmush tarzini rivojlantirish, ularni umuminsoniy, milliy va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, vatanparvar qizlarning ijtimoiy faolligini yanada oshirish; xotin-qizlarni buyuk ajdodlarimiz ibratli tarixi, Vatanga muhabbat, ezgulik, rahmdillik, halollik, mehnatsevarlik, tadbirkorlik va fidoyilik singari xalqimizning koʻp asrlik anʼanalarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan ijtimoiy faoliyatga tanlov orqali jalb etish. 

III. Musobaqani tashkil etish 

3. Musobaqasi asosiy tashkilotchisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hisoblanadi.

3.1. Musobaqa jarayoni va natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oliy taʼlim muassasalari hamda hamkor vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlarida yoritib boriladi.

IV. Musobaqa oʻtkazish joyi va muddati

4.Musobaqa quyidagi bosqichlarda oʻtkaziladi:

Birinchi bosqich – Taʼlim muassasasi ichki saralash bosqichi (30-apreldan-7-maygacha); Ikkinchi bosqich – Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida Toshkent shahar bosqichi (2025-yil 15-mayda) oʻtkaziladi. 

Birinchi bosqichda yuqori natija koʻrsatgan jamoalar keyingi bosqichga yoʻllanma oladi. Ikkinchi bosqichda gʻolib boʻlgan jamoa Respublika bosqichiga yoʻl oladi.  

 V. Musobaqa ishtirokchilari

5. Musobaqa oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlardan iborat jamoalar oʻrtasida 4 ta shart asosida boʻlib oʻtadi. 

VI. Musobaqa shartlari

6. Musobaqa quyidagi shartlardan iborat:

1-shart. “Jamoani tanishtirish” Mazkur shartda jamoa oʻzini sanʼat turlari (milliy raqs, sheʼr, qoʻshiq, xalq oʻyinlari)ni qoʻllagan holda tanishtirishlari lozim. Jamoadagi bir nafar ishtirokchi Toʻmaris siymosini gavdalantirishi talab etiladi. Shart davomiyligi: 3-5 daqiqa. Shartni baholash - 5 ballgacha.

2-shart. “Sport bilan hamnafasmiz” 1. 100 metrga yugurish mashqi. Ushbu shartda barcha ishtirokchi jamoalar 100 metrga yugurishadi. Jamoadagi ishtirokchilarning marraga yetib kelishi 5 ballik tizim bilan baholanadi.

2. 400x300x200x100 metrga estafeta yugurish mashqi.

Musobaqada 4 ta ishtirokchi qatnashadi. Birinchi ishtirokchi 400 metrga, ikkinchi ishtirokchi 300 metrga, uchinchi ishtirokchi 200 metrga va toʻrtinchi ishtirokchi 100 metrga estafeta yuguradi.  Mashq bajarishda quyidagi hollarda ballar olib tashlanadi:

mashqini bajarishda ishtirokchilardan biri estafeta tayoqchasini tushirib yuborsa va estafeta tayoqchasiz oʻziga berilgan masofani bosib oʻtsa jamoaning estafeta boʻyicha natijalari hisobga olinmaydi;

estafeta yugurish mobaynida navbatdagi ishtirokchi belgilangan masofada estafeta tayoqchasini olishi lozim, estafeta tayoqchasini belgilangan masofaga yetib kelmasdan qabul qilib olsa va mashqni bajarishda davom etsa jamoaning estafeta mashqi uchun olgan balidan 2,5 ball olib tashlanadi. Umumiy 4 nafar ishtirokchilarning vaqti umumlashtiriladi va 10 ballik baholash tizimi orqali baholanadi. 

3. Darts uloqtirish. Har bir jamoadan bittadan vakil 2 metr uzoqlikda 3 marotaba urinish bilan darts uloqtirishni amalga oshiradi. Har bir toʻgʻri otilgan nishonga 5 ball beriladi. 3 marotaba urinishda ham moʻljalga toʻgʻri urilgan boʻlsa-da faqat, bitta eng yaxshi natija hisobga olinadi. 

4. Kamondan oʻq otish. Har bir jamoadan bittadan vakil 10 metr uzoqlikda 3 ta oʻq bilan 3 marotaba urinishni amalga oshiradi. Har bir urilgan xalqaga qarab ball belgilanadi. 3-shart. “Birinchi tibbiy yordam” Ushbu shart boʻyicha ishtirokchi jamoalar birinchi tibbiy yordam koʻrsatish turlari haqida tushunchalar berishi hamda sahna koʻrinishlari orqali koʻrsatib berishi kerak (tibbiyot xodimi bu shart toʻgʻri bajarilganligini baholaydi).  Shart davomiyligi: 3-5 daqiqa. Shartni baholash – 5 ballgacha. 

4-shart. Velosipedda uchish Ushbu shartda har bir jamoadan ikkita ishtirokchi 100 metr masofani velosipedda bosib oʻtadi. Har ikki ishtirokchining umumiy vaqt koʻrsatkichi asosida 5 ballik tizimda baholanadi. Yoʻl boʻylab belgilangan belgilardan chiqib ketgan jamoa ishtirokchisining natijasi hisobga olinmaydi. Shart davomiyligi: 3-5 daqiqa. Shartni baholash – 5 ballgacha.

VII. Musobaqada ishtirok etish tartibi

7. Musobaqa ishtirokchilari oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talaba qizlar orasidan saralab olinadi va roʻyxatdan oʻtkaziladi. 7.1. Shartlar boʻyicha ishtirokchilar soni oʻzaro kelishuv asosida (4 ta asosiy, 2 ta zaxira) qatnashishi mumkin. 

7.2. Musobaqa gʻoliblari Hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan aniqlanadi.

VIII. Musobaqaning baholash tartibi

8. Musobaqani tashkil etish va oʻtkazishda qonuniylik, shaffoflik, oshkoralik, adolatlilik, tenglik kabi asosiy prinsiplarga rioya qilinadi. 

8.1.Hakamlar hayʼati tarkibi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan xolislik va shaffoflik asosida Musobaqada ishtirok etmaydigan tegishli soha mutaxassislaridan tayinlanadi. 

8.2.Har bir shart boʻyicha gʻoliblar nizomda keltirilgan baholash mezonlari boʻyicha aniqlanadi.

IX. Musobaqa gʻoliblarini taqdirlash 

9. Taqdirlash marosimida tashkiliy guruh aʼzolari, hamkor vazirlik va idoralarning xodimlari hamda homiy korxona va tashkilotlarning vakillari ishtirok etadi. Taʼlim muassasasi saralash bosqichida gʻolib boʻlgan jamoalar oʻzlari tahsil olayotgan taʼlim muassasasi ichki imkoniyatidan kelib chiqib taqdirlanadi. Toshkent shahar bosqichida gʻolib boʻlgan jamoaga vazir Faxriy yorligʻi beriladi. Respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi. 

X. Musobaqaning yoritilishi

10. Musobaqa respublika ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlarda, televideniye va radioda keng yoritiladi. 

XI. Yakuniy qoidalar

11. Musobaqaga homiylik qilishga cheklov qoʻyilmaydi.

11.1. Musobaqaning Nizom talablari asosida ijrosini nazorat qilish tashkiliy ishchi guruh zimmasiga yuklatiladi. 



Report Page