Oliy ta’lim muassasalarida “Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM

Oliy ta’lim muassasalarida “Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM

Vazirlik huzuridagi Ma'naviyat va ma'arifat markazi

I.Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom oliy ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi (ta’lim yo‘nalishi musiqa ta’limi va aktiyorlik san’atidan tashqari) barcha talaba-yoshlar o‘rtasida “Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari” tanlovi (bundan keyingi o‘rinlarda Tanlov deb yuritiladi)ni o‘tkazish tartibini belgilaydi.

II. Tanlovning maqsad va vazifalari
2. Tanlov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan har tomondan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish hamda talaba-yoshlarni teatr san’atiga muhabbat ruhida tarbiyalash va ma’naviy kamolotga yo‘naltirish orqali oliy ta’lim muassasalarida olib borilayotgan madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirishga erishish hamda iqtidorli yoshlarga o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun sharoit yaratib berish va rag‘batlantirishdan iborat.

III. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish
3. Tanlov Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tashkil etiladi. Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalari talabalaridan iborat jamoalar ishtirok etadi.
4. Tanlovni tashkil etish va uni o‘tkazish, hamkor tashkilotlarning vakillaridan tarkib topgan Tashkiliy ishchi guruhlar zimmasiga yuklatiladi.
5. Tanlovda ishtirok etuvchi jamoalar oliy ta’lim muassasalaridagi “Talabalar teatr studiyalari” to‘garaklari hamda ularning a’zolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
6. Tanlov to‘rt bosqichda o‘tkaziladi.
7. Tanlovning 1-bosqichi aprel, 2-bosqichi aprel-may, 3-bosqichi may-iyun, 4-yakuniy (respublika) bosqichi iyun oyidan noyabr oylarigacha o‘tkaziladi.
8. Tanlovning 1-bosqichi oliy ta’lim muassasasidagi fakultetlar jamoalari o‘rtasida Nizomning 1-ilovasiga muvofiq tashkil etiladi va o‘tkaziladi. Mazkur bosqich yakunlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining teatr jamoasi tanlab olinadi va keyingi bosqichda ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.
9. Tanlovning 2-bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalari talabalar teatr studiyalari jamoalari o‘rtasida hamda ushbu bosqichdagi Hakamlar hay’ati tarkibi mazkur nizomning 2-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Tanlovning 3-bosqichi hamda ushbu bosqichdagi Hakamlar hay’ati tarkibi nizomning 3-ilovasida keltirilgan jadvalga muvofiq tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
11. Tanlovning to‘rtinchi Respublika yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tadigan joyi va muddati Tashkiliy ishchi guruh tomonidan belgilanadi va 3-bosqichda g‘olib bo‘lgan oliy ta’lim muassasalariga ma’lum qilinadi.
12. Hududiy, mintaqaviy va respublika bosqichi Hakamlar hay’ati tarkibi Tashkiliy ishchi guruh tomonidan belgilangan mas’ullar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi va ularning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari va boshqa vazirlik, idoralarning mas’ul xodimlari hamda teatr, madaniyat va san’at sohasi vakillaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
13. Har bir bosqichda Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra jamoalar keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritadilar.

IV. Oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib otadigan “Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari” tanlovi nominatsiyalari va baholash mezonlari

14. “Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari” tanlovining nominatsiyalari:
🔹“Eng yaxshi spektakl”
Tanlangan asarning badiiy-g‘oyaviy talqini va yechimi, sahna bezagi, musiqiy ifodasi, kiyim, rekvizit va boshqa vositalardan foydalanish imkoniyati. Havaskor ijrochi aktyorlarning mahorat darajasi umumiy birlikda ko‘rib chiqiladi.
🔹“Dolzarb mavzuning sahnaviy talqini uchun”
Sahna asari ijtimoiy hayotimizda sodir bo‘layotgan hodisalar, dolzarb muammo va masalalar, ayniqsa yoshlar hayotini aks ettiruvchi mavzuga boy, badiiy jihatdan yaxlit sahnaviy talqinga ega bo‘lishi kerak. Spektaklda ko‘tarilgan dolzarb muammoning ijobiy yechimiga jamoaning takliflari e’tiborga olinadi.
🔹“Milliy an’ana va qadriyatlarni tarannum etgani uchun”
Tanlangan asarda xalqimizni boy madaniy merosi, urf-odatlar, an’analar, qadriyatlar, halq og‘zaki ijodiyotining turli namunalaridan foydalanganligi, musiqiy va plastik raqs harakatlarini ijrochilik mahorati inobatga olinadi. Sahna asari adabiy turning doston, afsona va boshqa janrlari asosida tayyorlangan, sahna qoidalariga moslangan, kompozitsion to‘laqonli folklor tomoshasi bo‘lishi ham mumkin.
🔹“Eng yaxshi erkak roli uchun”
Havaskor erkak aktyorning ijrochilik darajasi, dramatik qobiliyati, xarakterni aks ettiruvchi plastik imkoniyati, nutq madaniyati, ovoz diapazoni umumiy birlikda namoyon bo‘lishi kerak.
🔹 “Eng yaxshi ayol roli uchun”
Havaskor ayol aktyorning ijrochilik darajasi, dramatik qobiliyati, xarakterni aks ettiruvchi plastik imkoniyati, nutq madaniyati,ovoz diapazoni umumiy birlikda namoyon bo‘lishi kerak.
🔹“Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari rahbari”
Bunda rahbarni talabalar teatr studiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yishdagi tashkilotchilik ishlari, oliy ta’lim muassasasidagi qobiliyatli yoshlarni izlab topish, sahna asarlarini badiiy va g‘oyaviy jihatdan to‘g‘ri tanlash, sahnalashtirish jarayonida barcha ta’sir vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish, sahna mutaxasislarini ijodiy jarayonga jalb etish, shuningdek, talabalar teatr studiyasida ijodiy muhitni yaratish iqtidori e’tiborga olinadi.
15. Hakamlar hay’ati tomonidan teatr studiyalari chiqishlarini baholashda quyidagi me’zonlarga: jamoalarning badiiy chiqishlari va sahnaviy ko‘rinishlarini tayyorlashda o‘ziga xosligi, milliyligi, mazmundorlikka, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga, ular mohiyatini oddiy va xalqchil tarzda ochib berishiga, kiyinish va nutq madaniyati, ijodiy, badiiy hamda voqea-hodisalarni mahorat bilan ijro etishiga e’tibor qaratiladi.
16. Faol ishtirok etib, jamoa tomonidan ijro etilgan spektakllari tanlagan asari nominatsiyalarga to‘g‘ri kelmagan taqdirda, Hakamlar hay’ati tomonidan o‘rganiladi va ijobiy hal etilib 1, 2, 3-o‘rin berilishi mumkin.
17. Barcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash Hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan hal etiladi. “Eng yaxshi spektakl” nominatsiyasini qo‘lga kiritgan jamoa (yoki 1-o‘rin g‘olibi) “Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari” tanlovi golibi deb topiladi. Keyingi yilgi “Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari” tanlovining final bosqichi, g‘olib bo‘lgan jamoa hududida tashkil etiladi.
18. Mahallada yoshlar o‘rtasida teatr san’atini targ‘ib qilish va rivojlantirish maqsadida oliy talim muassasalari qoshidagi “Talabalar teatr studiyalari” jamoalari tomonidan sahnalashtirilgan milliy sahna asarlarini mahallalarda namoyishi Sektor rahbarlari, Yoshlar ishlari agentligining mahalladagi vakili, madaniyat markazi bilan kelishuv asosida tashkil etiladi.
19. Hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan nominatsiyalar yuzasidan izoh beriladi. Qabul qilingan qarorni muhokama etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

V. G‘oliblarni taqdirlash
20. Tanlovning 3-mintaqaviy bosqichida ishtirok etgan jamoalarning har bir ishtirokchi talabalari bir oylik bazaviy stipendiya miqdorida va mas’ul rahbarlari bazaviy hisoblash miqdorining olti barobari miqdorida oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bir martalik moddiy rag‘batlantiriladi.
21. Final bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoalar Hakamlar hay’ati xulosasi hamda Tashkiliy ishchi guruh raisi bayonnomasiga asosan rag‘batlantiriladi.
22. Oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan “Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari” tanlovi yakuniy final bosqichida faol ishtirok etgan va g‘olib bo‘lgan jamoalari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan vazirlikning oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi tartibda nominatsiyalar bo‘yicha:
🔸“Eng yaxshi spektakl” 60 million so‘m;   
🔸“Dolzarb mavzuning sahnaviy talqini uchun” – 40 million so‘m;
🔸“Milliy an’ana va qadriyatlarni tarannum etgani uchun” – 30 million so‘m;
🔸“Eng yaxshi erkak roli uchun” – 8 million so‘m;
🔸“Eng yaxshi ayol roli uchun” – 8 million so‘m;
🔸“Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari rahbari” – 4 million so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, tashkilotchilarning diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishi mumkin.
23. Final bosqichini yuqori saviyada tashkil etgan mas’ul tashkilotchilar asosiy ish joyidan bir oylik miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
24. Tanlov davomida Hakamlar hay’ati tomonidan nizomda ko‘zda tutilganidan boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni tanlab olinishi va esdalik sovg‘a bilan taqdirlanishi, shuningdek, “Yilning eng faol talabalar teatr studiyalari” tanlovi g‘olib jamoalari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishi mumkin.  

VI. Yakuniy qoidalar
25. Davlat va nodavlat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari tanlovda homiylik qilishlari mumkin.
26. Tanlovning hududiy, mintaqaviy va yakuniy bosqichida Hakamlar hay’ati a’zolari Tashkiliy ishchi guruh tomonidan belgilanadi hamda xizmat safari bilan bog‘liq sarf-xarajatlar xodimning asosiy ish joyidan qoplanadi.

👉 Batafsil ma'lumot: @manaviyateduuz

Report Page