PAXTACHI TUMANIDA FIZIKA-MATEMATIKAGA IXTISOSLASHGAN MAKTAB TASHKIL ETILISHI O‘RGANILDI

PAXTACHI TUMANIDA FIZIKA-MATEMATIKAGA IXTISOSLASHGAN MAKTAB TASHKIL ETILISHI O‘RGANILDI


Joriy yilning 15-16-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqandga tashrifi davomida Yurtboshimiz tomonidan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida bir qator topshiriqlar berildi.

Tashrif doirasida Davlatimiz rahbari turli soha vakillari, ziyolilar bilan uchrashib, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi.

Faollar yig‘ilishida Paxtachi tumanidagi 9-maktabning yoshlar yetakchisi Muqaddas Mustafoyeva so‘zga chiqib, Paxtachida ham Qorako‘l maktabidek ixtisoslashgan maktab-internat faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bu borada keng imkoniyat yaratilsa tuman yoshlarining fanlarni chuqurlashtirib o‘zlashtirishi va kelgusida ulkan muvaffaqiyatlarga erishishi yuzasidan taklif bildirdi.

Prezidentimiz Muqaddas Mustafoyevaning taklifini qo‘llab-quvvatladi va Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga ushbu taklif yuzasidan zarur topshiriqlar berdi.

Bugun, 20-aprel kuni Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Paxtachi tumanida bo‘lib, sobiq Paxtachi avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji binosi o‘rnida fizika va matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Binoning belgilangan talablarga javob berishi, malakali o‘qituvchilarni jalb qilish, o‘quvchilarni yotoqxona bilan ta'minlash imkoniyatlarining mavjudligini o‘rgandi.

Darhaqiqat, maktab-internat tashkil etiladigan bino 2009-yilda qurilgan, 850 o‘quvchi o‘rniga ega. 25 ta o‘quv xonalaridan iboratdir. 

Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati.

Report Page