tadbir tabomida

tadbir tabomida


Mazkur tadbirni direktorning birinchi o‘rinbosari Zikirillo Yazdonov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda globallashuv jarayonlari sharoitida yoshlarni turli tahdidlar — radikal g‘oyalar, buzg‘unchi mafkuralar, kiberbulling va axborot xurujlaridan himoya qilish dolzarb masalaga aylanganini ta’kidladi. U o‘z nutqida yoshlarning ongini sog‘lom g‘oyalar asosida shakllantirish, ularni tanqidiy fikrlashga o‘rgatish hamda internet makonida mas’uliyatli va hushyor bo‘lishga chaqirish muhimligini qayd etdi.

“Bugungi kunda yoshlar ongini turli buzg‘unchi va yot g‘oyalar bilan zaharlashga qaratilgan urinishlar, ayniqsa internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuchayib bormoqda. Radikallashuv, ekstremizm va kiberbulling kabi xavfli holatlar nafaqat bir insonning, balki butun jamiyatning tinchligi va barqarorligiga jiddiy tahdid soladi. Shu bois yoshlarimizni har tomonlama ogoh, tanqidiy fikrlaydigan, huquqiy va ma’naviy jihatdan yetuk shaxslar etib tarbiyalash bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir. Biz yoshlarni har qanday salbiy ta’sirlardan asrash, ularning ongida sog‘lom dunyoqarash va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash yo‘lida doimo birgalikda harakat qilishimiz zarur”, — dedi Zikirillo Yazdonov.

Shuningdek, tadbir davomida so‘zga chiqqan mutasaddi tashkilotlar vakillari radikallashuv va kiberbullingning salbiy oqibatlari, ularning jamiyat va yoshlar kelajagiga yetkazadigan zararlari haqida atroflicha ma’lumotlar berdilar. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ekstremistik g‘oyalarning tarqalish mexanizmlari, ijtimoiy tarmoqlarda uchraydigan xavfli holatlar hamda ularning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktik choralar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar. Ushbu profilaktik tadbir yoshlar orasida huquqiy ongni yuksaltirish, ma’naviy barqarorlikni mustahkamlash hamda jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni asrashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Report Page