#tabrik
Assalomu alaykum aziz do‘stlar, qadrli tumandoshlar!
Siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli butun tumanimiz aholisini mamlakatimiz hayotidagi ulug‘ tarixiy sana – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Konstitutsiya milliy davlatchiligimiz, suverenitetimiz, shu kunga qadar erishgan barcha yutuq va marralarimiz, demokratik huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizning mustahkam poydevori hisoblanadi. Asosiy Qonunimizning jonajon O‘zbekistonimiz taraqqiyotidagi beqiyos ahamiyatini yuksak qadrlaymiz.
Albatta, ushbu bayram ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, mamlakatimiz rivojida alohida ma’no-mazmunga ega. Bu, avvalo, 2023-yil 30-aprel kuni milliy tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilingani bilan bog‘liq, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning besh ustuni, ya’ni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi. Hech shubhasiz, tom ma’noda xalqchil qomus bo‘lgan Asosiy qonunimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining mustahkam huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda "Inson – jamiyat – davlat" degan tamoyilni kundalik hayotimizga chuqur singdirishimiz zarur. Inson, uning hayoti, huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash bu boradagi islohotlarimiz markaziga olib chiqildi.
Jumladan, ijtimoiy davlat tamoyili, oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash, keksa avlod vakillarini, nogironlarni ishonchli himoya qilish, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ta’lim va ilm-fan, madaniyatni rivojlantirish, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash, ekologik muvozanatni saqlash, fuqarolik jamiyati institutlari hamda mahallaning huquq va vakolatlarini kengaytirish, ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlash kabi ko‘plab prinsipial ahamiyatga ega masalalar Asosiy qonunimizda muhrlab qo‘yildi.
Biz o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsadlarga yetishda Asosiy qonunimizda muhrlangan barcha qoida va tamoyillarga tayangan holda, jamiyatimizda Konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitga mos holda yo‘lga qo‘yishning ahamiyatini chuqur anglagan holda, bu borada tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Ana shunday mustahkam huquqiy asosga tayanib, keyingi yillarda tumanimizda keng ko‘lamli demokratik islohotlar jadal amalga oshirilmoqda.
Eng muhimi, ijtimoiy-siyosiy hayotimizning mazmuni, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi tubdan o‘zgarmoqda. Yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, millati, tili va dinidan qat’iy nazar, jamiyatimizning teng huquqli a’zosi, o‘z taqdirining chinakam egasi, mamlakatimizdagi barcha o‘zgarish va yangilanishlarga o‘zini nafaqat daxldor, balki bu jarayonlarning bevosita ishtirokchisi, erkin va bunyodkor inson sifatida his etmoqda. Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi, inson huquq va erkinliklarining qonuniy kafolati bo‘lgan, biz uchun ozod va obod hayot qurish yo‘lini ochib bergan Konstitutsiyamiz bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak, arziydi, albatta.
Aziz do‘stlar!
Biz inson qadr-qimmati va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha boshlagan islohotlarimizni yangi konstitutsiyaviy makonda yanada qat’iy davom ettiramiz. Xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda o‘z aksini topgan tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarishimiz va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirishimiz lozim.
Aziz va muhtaram tumandoshlar!
Biz Asosiy qonunimizga tayangan holda, mana shunday noyob Konstitutsiyamizning asosiy ijodkori bo‘lgan ko‘pmillatli, bag‘rikeng va olijanob xalqimiz bilan birga ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz! Ishonchim komilki, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, fidokorona mehnat qilib, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga albatta erishamiz. Yangi O‘zbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz!
Hurmatli tumandoshlar! Sizlarni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, hammangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin!
Qibray tuman hokimi Muzaffar Rashidov