#tabrik

#tabrik


Hurmatli shifokorlar!

Muhtaram soha fahriylari!

Avvalo, o‘z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek g‘oyat mas'uliyatli va sharafli ishga bag‘ishlab kelayotgan siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz – “Tibbiyot xodimlari kuni” bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman.

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk maqsad – Yangi O‘zbekistonni barpo etishga faqat sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina qodir bo‘lishini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz. Ana shunday baland marralarga erishishda el-yurtimiz dardiga hamisha darmon bo‘lib kelayotgan, o‘z qasamyodiga, kasbi va burchiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan, Abu Ali ibn Sinodek buyuk ajdodlarimiz an'analarining davomchilari bo‘lgan siz, azizlar bundan buyon ham ushbu ezgu yo‘lda azmu-shijoatingizni namoyon etishingizga ishonaman. 

Xalqimiz sizlarning timsolingizda o‘z hayotini ana shunday ulug‘ va mas'uliyatli ishga bag‘ishlagan, el-yurt salomatligini asrash yo‘lida bor bilim va tajribasi, iste'dod va mahoratini safarbar etib kelayotgan sharafli kasb egalarini ko‘radi hamda mashaqqatli mehnatingizni doimo munosib qadrlaydi.

Mashhur yunon tabibi Gippokratning: “Tibbiyot va donishmandlik o‘zaro hamohang va chambarchas bog‘liqdir”, degan so‘zlarida katta ma'no bor.

Darhaqiqat, dunyodagi eng bebaho boylik, tengsiz ne'mat hisoblangan inson sog‘lig‘ini saqlash, bemor ko‘nglida umid va ishonch uyg‘otib, uni sog‘lom hayotga qaytarish uchun shifokor nafaqat chuqur bilim va tajriba sohibi, ayni paytda yuksak aql-zakovat hamda oliyjanob qalb egasi bo‘lishi darkor. Chindan ham, inson salomatligi jamiyatning bebaho boyligi, shifokorlar esa ana shu boylikning fidoyi posbonlaridir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

O‘z hayotini ana shunday ulug‘ va savobli ishga bag‘ishlab, odamlarning dardiga darmon bo‘lishni muqaddas burch deb bilgan tibbiyot xodimlarining sha'niga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi, albatta.

Aziz shifokor va hamshiralar!

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda har bir fuqaro uchun yuqori sifatli va malakali tibbiy xizmat tizimini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, bu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi ma'lum.

“Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilni jamiyatimiz hayotida to‘la ro‘yobga chiqarish maqsadida keyingi vaqtda yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan muntazam uchrashib, oldimizda turgan vazifalar va dolzarb muammolarning yechimlari haqida fikrlashib olish ibratli an'anaga aylandi.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkam qaror toptirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, har bir fuqaroning sog‘lig‘ini asrab-avaylash, ularni malakali tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish masalalari bundan buyon ham ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

2024 yil davomida erishilgan yutuqlar va natijalarga to‘xtalsak, Qibray tumani hokimligi va Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining tashabbbusi bilan Madaniyat, Limonariya, Do‘rmon, Ibn Sino oilaviy shifokorlik punktlari maqomi qayta tiklandi.  

Shuningdek, Mudofaa Vazirligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tuman Tibbiyot birlashmasi hamda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika ishtirokida 18 marotaba mahalla fuqarolar yig‘inlari kesimida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamiga 120 turdagi dori-darmon vositalari yetkazib berildi, 900 nafar yuqori texnologiya orqali davolanishga muhtoj bo‘lgan bemorlarga imtiyozli order berilgan bo'lsa, 255 nafar kam ta'minlangan fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Sog‘liqni saqlash sohasini tezkor va samarali, xalqchil tizimga aylantirish yo‘lidagi islohotlar jarayonida sizlar o‘z zimmangizdagi mas'uliyatni sharaf bilan ado etish uchun bor bilim va mahoratingiz, salohiyat va tajribangiz, azmu-shijoatingizni namoyon etishingizga ishonaman.

Hurmatli tibbiyot xodimlari!

Fursatdan foydalanib, barchangizni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, g‘oyat sharafli va mas'uliyatli faoliyatingizda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat hamda xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Qo‘lingiz dard ko‘rmasin, hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz shifokorlar!


Qibray tumani hokimi Muzaffar Rashidov



Report Page