Mehnat xavfsizligi va qurilishda sifat nazorati: hamkorlikdagi amaliy seminar
Sirdaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan mehnatni muhofaza qilish, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
«Sirdaryo suv ta’minoti» tizimida faoliyat yurituvchi pudratchi tashkilotlar vakillari uchun qurilish ishlari sifati, texnik nazorat va mehnat xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Davlat mehnat inspektsiyasi Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bosh davlat texnik inspektori T.Abdurazoqov mehnatni muhofaza qilish sohasidagi talablar, ish joylarida xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash, xodimlar hayoti va sog‘lig‘ini asrash hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha tushuntirishlar berdi.
Xususan, mehnat jarayonida mavjud xavf-xatarlarni oldindan aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish, xodimlarning texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etishini ta’minlash va ish beruvchilarning mehnatni muhofaza qilish borasidagi mas’uliyatini oshirish masalalariga urg‘u berildi.
Shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspektsiyasi mas’ullari tomonidan «Shaffof qurilish» axborot tizimidan foydalanish, qurilish jarayonlarida sifat nazoratini amalga oshirish, belgilangan normativ talablarga rioya etish yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Seminar davomida qurilish ishlarini sifatli tashkil etish bilan bir qatorda, mazkur jarayonlarda mehnat xavfsizligini ta’minlash ham muhim vazifa ekani ta’kidlandi. Bu borada ish beruvchilar, texnik nazorat mutaxassislari va mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Sirdaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi mehnat huquqlarini ta’minlash, xodimlar uchun munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat qonunchiligi talablariga rioya etilishini targ‘ib qilish hamda ish beruvchilarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarda ishtirok etish orqali ushbu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettiradi.
Zero, xavfsiz mehnat sharoiti — inson hayoti va salomatligini muhofaza qilishning, sifatli qurilish esa barqaror taraqqiyotning muhim omilidir.