SMM haqida umumiy ma’lumot
Shakhirov AbdulazizSMM atamasi Social Media Marketing so’zlarining bosh harfidan tashkil topgan. Bu soha ijtimoiy tarmoqlarda marketing bilan shug’ullanishni anglatadi. Facebook, Odnoklassniki, Telegram va boshqa har qanday ijtimoiy tarmoqda sayt, mahsulot yoki xizmatni ommalashtirishga qaratilgan harakatlar SMMga misol bo’lishi mumkin.

Qaysi sayt ijtimoiy tarmoqlarda qanchalik faol bo’lsa, uning qidiruv natijalarida chiqadigan o’rni ham shunchalik yuqori bo’ladi. Tadqiqotlar natijasida qidiruvdan foydalanayotgan 90% kishi natijalarning birinchi sahifasidan boshqasiga o’tmaydi. 70% holatda esa qidiruvchi natijalarning eng yuqori uchtasini bosib, saytga o’tadi, xolos. Shu sababli saytlar uchun qidiruvning natijalari sahifasining imkon boricha eng yuqori qismidan o’rin olish katta ahamiyatga ega. Qidiruv natijalarida saytlarni ko’tarib beradigan eng katta kuchlardan biri – bu saytning ijtimoiy tarmoqlarda faolligidir.
Har bir saytning ijtimoiy tarmoqlarda sahifasi (guruhi, kanali) bo’lishi shart. Bu sahifa, guruh yoki kanal orqali foydalanuvchilar sayt (tashkilot, kompaniya) bilan jonli muloqotga kirishadi. Kompaniyaga har qancha yaxshi mahsulot tayyorlamasin, sayt har qancha yaxshi xizmatlarni taklif qila olmasin, agar odamlar bilan jonli shaxsiy muloqotga kirisha olmasa, har doim iste’molchilar va kompaniya o’rtasida bo’shliq bo’laveradi. Ijtimoiy tarmoqlarda to’g’ridan-to’g’ri muloqot qilish imkoniyati bilan odamlar kompaniyaga yaqinlashishadi: savol so’rashadi, javob olishadi, taklif yoki shikoyatlarini bildirishadi. Bu esa, o’z navbatida, iste’molchilar va kompaniyalar o’rtasidagi munosabatni iliqlashtirishdan tashqari kompaniya saytining qidiruvda yuqoriroq o’rin egallashiga zamin yaratadi.

SMM bilan qanday shug’ullanish mumkin?
SMM bilan ikki xil usulda shug’ullanish mumkin: 1. Faol tarzda, 2. Sust holatda. Agar SMM bilan faol shug’ullanishni istasangiz, ijtimoiy tarmoqlarning maxsus SMM uchun mo’ljallangan xizmatlarini harid qilishingiz kerak bo’ladi. Bu xizmatlarga o’ziga xos postlar, foydalanuvchi qiziqishlaridan kelib chiqib ko’rsatiladigan reklamalar, tarmoq qidiruvidagi natijalarda tavsiya sifatida ko’rsatilishi va boshqalar kiradi. Xullas, faol SMM chiqimni talab qiladi va ko’proq foydalanuvchiga yetib borish uchun kuchli vositalardan foydalaniladi. Sust holatda SMM bilan shug’ullanishga esa tabiiy tarzda postlar, statuslar, xabarlar yozish orqali foydalanuvchilarga yetib borish misol bo’lishi mumkin. Agar ijtimoiy tarmoq platformasiga pul to’lamasangiz, shunchaki o’zingiz guruh, sahifa yoki kanal ochib uni yuritish orqali foydalanuvchi yig’sangiz, Siz sust holda SMM bilan shug’ullanayotgan bo’lasiz. Albatta, har ikki holatda ham SMM bilan shug’ullanish sayt reytingi uchun yaxshi foyda keltiradi.
Hozirgi vaqtda saytlar SMMga juda muxtoj. Ayniqsa, yangi ochilgan va imkon qadar tezroq foydalanuvchilarga tanilishni istovchi saytlar ko’tarib berilishi uchun pul to’lashga doim tayyor bo’lishadi. SMM mutaxassislari, SEOni yaxshi tushungan tadbirkorlar ham kam.