Sirdaryo viloyati IIBda “Milliy armiyamiz – Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar zamirida xalq farovonligi, yurt taraqqiyoti, yoshlarning porloq kelajagini ta’minlash kabi ezgu maqsadlar mujassam. Jamiyatimizning asosiy tayanchi, ishonchi va poydevori bo‘lgan yosh avlodni barkamol qilib o‘stirish, ularga yo‘l yo‘riq ko‘rsatishda faxriy ustozlarning o‘rni va ahamiyati katta. Ularning ko‘p yillik samarali mehnati hozirda har bir sohada xizmat qilib kelayotganlar uchun ibrat maktabi.
Joriy yilning 7-yanvar kuni Sirdaryo viloyati Musiqali drama teatri binosida Ichki ishlar Vaziri o‘rinbosari polkovnik Abdulxakov Yaxyojon Artiqbayevich, viloyat Faxriylar kengashi a’zolari va Mudofaa ishlari boshqarmasi faxriylari ishtirokida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlari xodimlari va IIV Sirdaryo akademik litseyi o‘quvchilari uchun “Milliy armiyamiz – Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.
Uchrashuvda Ichki ishlar Vaziri o‘rinbosari polkovnik Abdulxakov Yaxyojon Artiqbayevich so‘zga chiqib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan yosh avlodni tarbiyalashda “ustoz-shogird” an’anasiga amal qilish, ustozlarni ulug‘lash, ularni orttirgan tajribalaridan unumli foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani, yurtimizda faxriylarga ko‘rsatilayotgan ehtirom, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, o‘z navbatida faxriylar ham yoshlarda vatanga muhabbat, Prezidentga sadoqat tuyg‘ularini yanada chuqurroq singdirish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” kabi qator tadbirlarda yoshlar va xodimlarning kasb mahorati va tajribasini oshirishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbir davomida so‘zga chiqqan faxriylar bugun mustaqil mamlakatimizda yoshlar davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar, g‘amxo‘rliklardan ilhomlanib, Vatan xizmatiga kamarbasta bo‘lishga, bunda faxriylarning xizmat va hayot yo‘lida orttirgan tajriba maslahatlariga tayangan holda puxta bilim olib, har tomonlama yetuk kadrlar bo‘lib yetishishida bunday uchrashuvlarning ahamiyati nihoyatda beqiyosligini, bugungi yosh avlod “Ichki ishlar organi xodimi”- degan sharafli nomga munosib bo‘lishi uchun o‘z ustida tinimsiz ishlashi, bilimlarni puxta egallashi va asosiysi xalqqa va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni o‘zining “muqaddas burchi”- deb bilishi lozimligini aytib o‘tdilar.
Tadbir davomida mehmonlar kitoblar to‘plami hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tadbir yakunida Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan tayyorlangan spektakl namoyish etildi.
Tashkil etilgan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar har bir xodimni vataniga, xalqiga va oilasiga bo‘lgan sadoqatini yanada mustahkamlab, “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burch” ekanligini his qilgan holda xizmat olib borishini ta’minlaydi.
Sirdaryo viloyati IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati.