#seminar

#seminar


Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislarning malakasi oshirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazining 2026-yil 10-avgustdagi 143-son buyrug‘iga muvofiq, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasida soha xodimlari uchun maxsus malaka oshirish o‘quv seminari tashkil etilmoqda.

Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida tuman va shaharlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining katta yoshdagilar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash sho‘basi mudirlari, mahallada ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish sho‘basi bosh mutaxassislari — supervayzerlar, shuningdek, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy bo‘linmalari yuriskonsultlari, psixologlari va ijtimoiy xodimlari ishtirok etmoqda.

Seminarning asosiy maqsadi soha mutaxassislarining odam savdosidan jabrlangan yoki undan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarga sifatli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularni o‘z vaqtida identifikatsiya qilish va qayta integratsiya qilish bo‘yicha kasbiy kompetensiyalarini oshirishdan iborat.

Shuningdek, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga manzilli yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘quv dasturidan odam savdosi tushunchasi, uning turlari, kelib chiqish sabablari va xavf omillari, odam savdosi holatlarini aniqlash hamda dastlabki identifikatsiya qilish bosqichlari kabi muhim mavzular o‘rin olgan.

Bundan tashqari, jabrlanuvchilar bilan ishlashda xavfsizlik, maxfiylik va “Zarar yetkazma” tamoyillariga rioya etish, kunduzgi qatnov shaklida ko‘rsatiladigan minimal xizmatlar paketi, reabilitatsiya va reintegratsiya jarayonlari, keysni yopish hamda 6 oylik monitoringni amalga oshirish tartiblari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berilmoqda.

Bunday malaka oshirish seminarlari ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining bilim va kasbiy salohiyatini yanada yuksaltirish, murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish hamda ularga manzilli, sifatli va samarali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga xizmat qiladi.



Report Page