Vazir intellektual salohiyati bilan IT orqali mustaqil daromad topayotgan o‘quvchilarni doim qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

Prezidentimiz qarori asosida Samarqand shahrida yangi tashkil qilingan Informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 9-tayanch maktabida sinov imtihonlari asosida o‘qishga qabul qilingan 60 nafar o‘quvchi IT sohasi bo‘yicha bilim olishmoqda. Ularning ushbu yo‘nalishda mukammal bilim olishlari, iqtidorini rivojlantirish hamda mustaqil izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilgan.

Shu kunlarda Samarqandda bo‘lib turgan Xalq ta’limi vaziri ushbu maktab faoliyati, informatika, rabototexnika, dasturlash va boshqa yo‘nalishlarda ta’lim berish bo‘yicha erishilayotgan natijalar, o‘quvchilarning ilg‘or loyihalari bilan yaqindan tanishdi.

Vazir ushbu maktabning 9-sinf o‘quvchisi, o‘z frilanserlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, oyiga 200-300 AQSH dollari miqdorida mustaqil mablag‘ topayotgan Daler Shahmardanovning erishayotgan yutuqlarini alohida e’tirof etdi. Mana shunday iqtidorli yoshlarning safi kengayishini va ularni doim qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidlab, Dalerga noutbuk sovg‘a qildi.

Sherzod Shermatov ushbu maktabning sobiq bitiruvchisi Baxtiyor Fozilov homiyligi asosida qurib berilayotgan 350 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilish ishlari bilan tanishdi. Mana shunday yosh avlodga g‘amxo‘rlik va o‘zi ta’lim olgan muassasaga hurmat sifatida sobiq bitiruvchining tashabbusini alohida e’tirof etdi.
