Najot Ta'limning 24 soat ishlaydigan yangi filiali
Temurbek AdhamovQuyida ko'rib turganingiz Google yoki Facebook'ning Amerikadagi ofislari emas, bu Najot Ta'lim markazining Chilonzordagi yangi filial dizayni.

Markaz sotuv bo'limining ma'lumotiga ko'ra ayni paytda markazda o'qish istagidan bo'lib navbatda turgan o'quvchilar soni 1710 nafarni tashkil qilyapti ekan.
Esimda, Najot Ta'lim endi ochilgan vaqtda 100 nafar o'quvchiga chiqishi men uchun katta orzu bo'lgan edi...🙂
Avvalo ishonch uchun alohida minnatdorchiligimni va kutishlar uchun uzrimni o'zim va jamoam nomidan bildiraman.
Sifatli ta'limni tashkil etish, bir maromda ushlab borish, rivojlanish doimiy tarzda kadrlarni va ularning professionalligini talab qiladi. Professional, kompaniya qadriyatlariga mos kadrlarni topish yoki tayyorlash bizdan ancha vaqt va mashaqqat talab qilyapti.
Kurslar ochilishini 2-3 oylab kutib qolgan insonlardan ayni paytda uzrdan boshqa narsani ayta olmayman. Rejamizga ko'ra, yaqin 2 oy ichida barcha navbatlarni maromiga keltirish ko'zda tutilgan.
Rosti, navbatlar qanday paydo bo'layotganini ham bilmayman. Chunki pulli reklamalarni (instagram va facebook target xizmati) to'xtatganimizga 7 oydan oshdi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali markaz faoliyatinigina yoritib boryapmiz. Barchasi, Allohning fazli va marhamati bilan bo'layotganinigina bilamiz!
Shu o'rinda, bosimga sabr qilayotgan barcha jamoa a'zolariga o'zimning chuqur minnatdorchiligimni bildirib qolaman! Sizlar Najot Ta'lim uchun qadrli insonsizlar!




















