Murojaatdan yechimgacha. Markaziy bank murojaatlar bilan ishlash

Murojaatdan yechimgacha. Markaziy bank murojaatlar bilan ishlash

CBU Press

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, bank xizmatlari iste’molchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda banklar va mijozlar o‘rtasidagi ochiq muloqotni rivojlantirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirmoqda. Bank xizmatlaridan foydalanish jarayonida fuqarolar va tadbirkorlarning fikr-mulohazalari, savollari va amaliy tajribalarini o‘rganish xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda yuzaga kelayotgan masalalarni tizimli ravishda aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Markaziy bankning 1800 qisqa raqamli Aloqa markazi faoliyat yuritmoqda. Mazkur kanal orqali fuqarolar va tadbirkorlar bank-moliya xizmatlariga oid savollar yuzasidan ma’lumot olish, murojaat qoldirish va tegishli yo‘l-yo‘riq olishlari mumkin.

Shuningdek, murojaat qilish imkoniyatlarini inklyuzivlashtirish maqsadida Aloqa markazida surdotarjimon xizmati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu xizmat eshitish va muloqot qilishda ko‘makka ehtiyoji bo‘lgan fuqarolarga o‘z savollarini imo-ishora tilida bayon etish hamda zarur ma’lumotlarni tushunarli shaklda olish imkonini beradi. Xizmatdan rejalashtirilgan Telegram bot orqali foydalanish mumkin. Videoaloqa Telegram ilovasi ichida amalga oshiriladi va qo‘shimcha dastur o‘rnatish talab etilmaydi. Bu tashabbus muloqotdagi to‘siqlarni kamaytirish va barcha fuqarolar uchun qulay murojaat qilish sharoitlarini yaratishga qaratilgan.

Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining bank-moliya xizmatlari bilan bog‘liq masalalarini bevosita eshitish, ularning murojaatlarini har tomonlama o‘rganish hamda amaliy yechimlarni belgilash maqsadida Markaziy bank rahbariyatining shaxsiy qabuli har juma kuni o‘tkaziladi, shuningdek, hududlarda sayyor qabullar tashkil etilib, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli choralar ko’riladi. 

Bundan tashqari, isteʼmolchilarning murojaatlarida koʻtarilgan masalalarni tizimli ravishda hal etish hamda bunday muammolar kelgusida bank faoliyatida takrorlanmasligi taʼminlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, qonunchilik hujjatlariga “tizimli kamchilik” tushunchasi kiritilib, bank boshqaruvlariga murojaatlarda nazarda tutilgan tizimli kamchiliklarni, isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish vazifasi belgilandi hamda ushbu vazifalar bajarilmaganda banklarga nisbatan choralar qoʻllash talabi kiritildi. 

Shu bilan birga, isteʼmolchilarning murojaatlaridan kelib chiqib, bank mahsulotlari haqidagi maʼlumotlarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq toʻliq va toʻgʻri taqdim etilishiga doir “Sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlari muntazam ravishda oʻtkazilib kelinmoqda hamda qoidubuzarliklarga yoʻl qoʻygan banklarga nisabatan choralar koʻrib borilmoqda.

“Bankda nima gap” - qo’shimcha muloqot platformasi.

Fuqarolar bilan qayta aloqani kuchaytirish va bank xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha real tajribalarni tizimli o‘rganish maqsadida Markaziy bank tomonidan tijorat banklari ishtirokida “Bankda nima gap” ijtimoiy loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Loyiha Telegram va Instagram platformalarida faoliyat yurituvchi qo‘shimcha muloqot maydoni bo‘lib, iste’molchilar va tijorat banklari vakillari o‘rtasida ochiq, tezkor va mazmunli qayta aloqani rivojlantirishga xizmat qiladi.

“Bankda nima gap” loyihasi fuqarolar va tijorat banklari o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaruvchi qo‘shimcha muloqot platformasi sifatida tashkil etilmoqda. Loyiha murojaatlarni mustaqil ravishda hal etmaydi va ular bo‘yicha qaror qabul qilmaydi: kelib tushgan murojaatlar tegishli banklarga yetkaziladi yoki ularning rasmiy aloqa kanallariga yo‘naltiriladi. Shu orqali iste’molchilarning bank xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tajribalari o‘rganilib, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli ma’lumot va tushuntirishlar jamoatchilikka yetkaziladi. Har bir tijorat bankida mijozlarning kundalik savollari va individual masalalari bo‘yicha murojaat qilish mumkin bo‘lgan o‘z qo‘llab-quvvatlash xizmati va aloqa markazi mavjud.

Loyiha doirasida fuqarolar bank xizmatlaridan foydalanish jarayonidagi tajribalari, savollari, takliflari va muammoli holatlarini maxsus bot (@tajriba_lab_bot) orqali matn, foto yoki video shaklida yuborishlari mumkin.

Mazkur loyiha bo‘yicha kredit yoki qarz ajratish va olishga doir individual so‘rovlar, firibgarlik bilan bog‘liq alohida holatlar, jumladan yo‘qotilgan mablag‘larni qaytarish yoki maxsus tekshiruv o‘tkazishni talab qiluvchi murojaatlar, shuningdek sudga topshirilgan yoki sudda ko‘rib chiqilayotgan bank xizmatlariga oid nizolar ko‘rib chiqilmaydi. Uchinchi shaxslarning shaxsiy ma’lumotlarini, haqoratli yoki kamsituvchi fikrlarni, sha’n va qadr-qimmatga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, aniq fakt va holatlarga asoslanmagan, siyosiy, reklama yoki tijoriy-targ‘ibot xususiyatidagi materiallar ham loyiha doirasiga kirmaydi.

Shu bilan birga, “Bankda nima gap” loyihasi Markaziy bank va tijorat banklariga murojaat qilishning amaldagi rasmiy tartibini almashtirmaydi. Individual ko‘rib chiqish va tegishli choralar ko‘rishni talab etadigan masalalar bo‘yicha, avvalo, xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankining qo‘llab-quvvatlash xizmati yoki aloqa markaziga, zarurat tug‘ilganda esa Markaziy bankning rasmiy murojaat kanallariga murojaat qilish lozim.

Loyiha haqidagi axborot, shuningdek uning doirasidagi savol va takliflar faqat “Bankda nima gap”ning rasmiy Telegram-kanali hamda @tajriba_lab_bot boti orqali qabul qilinadi. Xuddi shunday yoki o‘xshash nomdan foydalanadigan boshqa kanal, bot va akkauntlarning loyihaga aloqasi yo‘q.

Markaziy bankning asosiy maqsadi iste’molchilar ovozini eshitish, banklar bilan konstruktiv muloqotni rivojlantirish va bank xizmatlari sifatini takomillashtirishga ko‘maklashishdir.


Report Page