nizom

nizom

yoshlar ittifoqi

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘rtasida ekologiya sohasida bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, tashabbuskorlikni rivojlantirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha faoliyatni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkaziladigan tanlovlarni tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘rtasida “Ekologiya bilimdoni”, “Ekologik madaniyat targ‘ibotchisi”, “Eng faol ekovolontyor” va “Yilning eng yaxshi ekologiya himoyachisi” nominatsiyalar bo‘yicha tanlov (keyingi o‘rinlarda Tanlov) 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab doimiy tashkil etiladi.

II. Maqsad va vazifalar

3. Mazkur tanlov talabalarni ekologik bilimlarni chuqur o‘zlashtirish, ekologik madaniyatni keng targ‘ib qilish, ekovolontyorlik faoliyatini yanada rivojlantirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida tashkil etiladi.

4. Tanlovning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining ekologik savodxonligini oshirish; ekologik targ‘ibot va tashviqot ishlarini rivojlantirish; yoshlar o‘rtasida volontyorlik harakatlarini kengaytirish; atrof-muhitni muhofaza qilishga oid eng yaxshi tashabbus va loyihalarni aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlash.

III. Tanlovni oʻtkazish tartibi va muddatlari

5. Tanlovning har bir bosqichini yuqori saviyada tashkil etish va ishtirokchilarning ijodiy ishlarini shaffof va adolatli baholash maqsadida oliy ta’lim tashkiloti mas’ullari va professor-o‘qituvchilaridan iborat Tashkiliy ishchi guruh va Hakamlar hay’ati tarkibi shakllantiriladi.

6. Ishchi guruhlarga umumiy rahbarlik va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish oliy ta’lim tashkiloti rektori (yoki filial direktori) tomonidanamalga oshiriladi.

7. Tanlovni oʻtkazish boʻyicha oliy ta’lim tashkilotlari hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining hududiy boshqarmalari mutaxassislaridan iborat Hakamlar hayʼati shakllantiriladi.

8. Tanlovni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga oliy ta’lim tashkiloti rektori hamda yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor mas’ul hisoblanadi.

9. Tanlov 2 bosqichda o‘tkaziladi: Fakultet bosqichi –noyabr oyining birinchi o‘n kunligi davomida o‘tkaziladi. Ushbu bosqichda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar oliy ta’lim tashkiloti bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma oladi; har bir fakultetdan faqat birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchi hujjatlari yakuniy bosqichga taqdim etiladi.

Oliy ta’lim tashkiloti bosqichi –noyabr oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi. G‘oliblar Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning to‘plagan ballari asosida eng yuqori balldan pastga qarab ketma-ketlikda aniqlanadi.

IV. Tanlov yo‘nalishlari va nominatsiyalari

10. Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi: “Ekologiya bilimdoni” – ekologiyaga oid fanlar, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qonunchilik, global ekologik muammolar va ularning yechimlariga doir nazariy bilimlar bellashuvi; “Ekologik madaniyat targ‘ibotchisi” – ekologik mavzudagi eng yaxshi targ‘ibot-tashviqot materiallari (videorolik, maqola, taqdimot (prezentatsiya) va boshqalar) o‘rtasida; “Eng faol ekovolontyor” – o‘quv yili davomida ekologik tadbir va tashabbuslarda faol ishtirok etgan, volontyorlik harakatlarida liderlik ko‘rsatgan talabalar o‘rtasida; “Yilning eng yaxshi ekologiya himoyachisi” – o‘z tashabbusi asosida ekologik loyihalar ishlab chiqqan, hududiy yoki ijtimoiy ahamiyatga molik muhim ekotashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan talabalar o‘rtasida tashkil etiladi.

V. Baholash tartibi

11. Tanlovning bosqichlari ballik tizim shaklida har bir mezon boʻyicha 20 balldan jami 5 ta mezon asosida 100 ball bilan baholanadi.

12. Baholash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi: ilmiy va amaliy asoslanganlik; ijodkorlik va innovatsion yondashuv; targ‘ibot samaradorligi;

amaliy natijalar va ijtimoiy ta’sir; ekologik volontyorlik faoliyati hajmi va sifati.

VI. Kutilayotgan natijalar

13. Tanlovni muntazam tashkil etish orqali quyidagi ijobiy natijalarga erishiladi: oliy ta’lim tashkilotlarida ekologik yetakchilar sinfi shakllanadi; yoshlar ekotashabbuslar orqali atrof-muhitga befarq bo‘lmagan, mas’uliyatli fuqarolarga aylanishadi; ekologik muhofazaga oid innovatsion g‘oya va tashabbuslar vujudga keladi; ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning ekologik faolligi ortadi; tanlovlar milliy darajadagi ekologik harakat sifatida shakllanadi.

VII. Tanlov gʻoliblarini taqdirlash

14. Tanlovlarning fakultet bosqichida 1-, 2- va 3-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar fakultet dekanining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

15. Tanlovlarning yakuniy oliy ta’lim tashkiloti bosqichida 1-, 2- va 3-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar oliy ta’lim tashkilotining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qimmatbaho sovg‘a hamda diplomlar bilan taqdirlanadi.

16. Tanlov yakuni boʻyicha sovrindorlar qatoriga kirmagan, biroq yuqori natijalar ko‘rsatgan ishtirokchilar faol ishtiroki uchun faxriy yorliqlar bilan taqdirlanadi.

VIII. Yakuniy qoidalar

17. Tanlov natijalari ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytlar orqali e’lon qilib boriladi.

Report Page