mmtb.uz
#jarayon
BUXORODA PEDAGOGLAR ATTESTATSIYASIGA PUXTA TAYYORGARLIK KO‘RILMOQDA
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy yilning yanvar-iyun oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarining pedagoglari malaka test sinovlaridan o‘tkazilishi belgilangan.
Xabaringiz bor, 2024-yil 1-yanvardan boshlab tizim o‘qituvchilariga toifa berish jarayoni bevosita Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.
Vazirlik tomonidan attestatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va pedagoglarga malaka toifasini berishning yangi tartibi – pedkadr.uzedu.uz elektron platformasi ishlab chiqildi.
Aytish joizki, bugungi kunga qadar Buxoro viloyati bo‘yicha attestatsiya jarayonida ishtirok etish uchun 3 ming nafarga yaqin pedagoglar onlayn ariza topshirishdi.
Ayni paytda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur jarayon yo‘nalishidagi murojaatlarni o‘rganish bo‘yicha faoliyat olib bormoqda.
Bundan tashqari viloyat umumta’lim maktablarida o‘tkazilayotgan “Kasbiy rivojlantirish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari jarayonida attestatsiyaga jalb etiladigan pedagoglar uchun muntazam ravishda mahorat darslari va seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda umumta’lim muassasalaridagi pedagoglar soni 30 645 nafarni tashkil etib, ularning 5 742 nafari, ya’ni, 18,7 foizi oliy, 8 004 nafari yoki 26,1 foizi birinchi, 9 502 nafari yoki 31 foizi ikkinchi toifali, 7 397 nafari yoki 24,2 foizi mutaxassis kadrlar hisoblanadi.
Joriy yilda malaka toifasiga ega o‘qituvchilar salmog‘i 69,9 foizdan 77,7 foizga, ya’ni 7,8 foizga o‘sishiga erishildi.O‘tkazilgan malaka sinovi jarayonlarida ishtirok etgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 69,7 foizni tashkil etib, respublikada eng oldingi o‘rinni band etib turishibdi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, ta’lim sifatini oshirishda o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, bilimi va tajribasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos. Yangi attestatsiya tizimi aynan ana shunday malakali o‘qituvchilar sonining ortishi va buning natijasi o‘laroq, mamlakatimizda ta’lim sifatining yanada oshishiga xizmat qiladi.
Eslatma:📍Yanvar-fevral oylarida murojaatlar qabul qilinadi;
📍Mart-may oylarida malaka (test) sinovlari o‘tkaziladi;
📍Iyun oyida Sertifikatlar tarqatiladi.
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati