#master_klass
SamDVMCHBUniversitetining Magistratura bosqichi talabalari uchun Ichki yuqumsiz kasalliklar kafedrasi assistenti, v.f.f.d (PhD) S. F. Fayziyeva tomonidan master-klass o‘tkazildi: Magistrlar Kamolov I.I. Xudoyberdiyev X.T.
Ot qon zardobining bioximyaviy ko‘rsatkichlarini zamonaviy texnologiyalar asosida aniqlash
Master-klass davomida magistrantlarga ot qon zardobining bioximyaviy ko‘rsatkichlarini aniqlashning nazariy asoslari va amaliy jihatlari batafsil tushuntirildi. Xususan, qon zardobida uchraydigan asosiy bioximyaviy komponentlar — umumiy oqsil, albumin, globulinlar, glyukoza, xolesterin, triglitseridlar, fermentlar (ALT, AST, ALP), shuningdek, mineral moddalar (kalsiy, fosfor, magniy) miqdorini aniqlash usullari yoritib berildi.
Mashg‘ulotda zamonaviy laboratoriya texnologiyalaridan foydalangan holda tahlil o‘tkazish jarayoniga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, avtomatlashtirilgan Chemray 330 bioximyaviy analizatori, sentrifuga orqali qon zardobini ajratibolish, reagentlar bilan ishlash texnikasi hamda natijalarni kompyuter dasturlari orqali qayta ishlash jarayoni amaliy misollar asosida ko‘rsatildi.
Bu texnologiyalar tahlil aniqligi va tezkorligini oshirish, inson omili ta’sirini kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, olingan bioximyaviy ko‘rsatkichlarning veterinariya amaliyotidagi ahamiyati muhokama qilindi. Ot organizmidagi modda almashinuvi holatini baholash, jigar, buyrak va mushak faoliyatidagi o‘zgarishlarni erta aniqlash, yuqumli va yuqumsiz kasalliklarni tashxislashda qon zardobi tahlillarining muhim o‘rni borligi ta’kidlandi. Sport otlarida esa bioximyaviy ko‘rsatkichlar yuklama darajasi, tiklanish jarayoni va umumiy fiziologik holatni nazorat qilishda muhim mezon hisoblanadi.
Master-klass yakunida magistrantlar zamonaviy bioximyaviy tahlil usullaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar, ilmiy-tadqiqot ishlarida va kelajakdagi kasbiy faoliyatida ushbu bilimlardan samarali foydalanish mumkinligi qayd etildi.