“Space X” parvozidan iqtisodiyot uchun olingan saboqlar
@KhanAcademyUzbekMuallif: Behzod Mamadiev
30-may kuni fazo sanoatida yangi sahifa ochildi: oradan toʻqqiz yil oʻtib AQSh kosmosga yana oʻz hududidan astronavtlarni uchirish imkoniyatiga ega boʻldi. Bundan ham muhimrogʻi – insoniyat tarixida ilk bor fazoga xususiy kompaniya odam uchirdi.
Eʼtiboringizni mana shu 2-jihatga qaratmoqchiman.
Shu paytgacha kosmosga yuk yoki odam tashiydigan kemani yaratgan va uni uchirib, yerga muvaffaqiyatli qayta olib tusha olganlar soni toʻrtta: AQSh, Rossiya, Xitoy va “Space X”. Bularning uchtasi dunyoning qudratli davlatlari, toʻrtinchisi esa 2002-yil tashkil etilgan xususiy kompaniya.
AQShda fazo tadqiqotlari bilan NASA davlat agentligi shugʻullanadi. Uning yillik byudjeti 22 mlrd. dollar.
NASAning kosmosga odam uchirish bilan shugʻullangan “Space Shuttle” dasturi uchun 30 yil davomida jami $196 mlrd. sarflangan. Bitta raketa uchirish 1,5 mlrd. dollarga tushgan. Bir kilo yuk joʻnatish xarajati 60 ming dollar boʻlgan. 30 yil davomida 2 marta raketa portlagan, 14 astronavt halok boʻlgan. Moddiy va insoniy yoʻqotishlar katta boʻlgani bois dastur 2011-yilda tugatilgan.
Endi “Space X” raqamlariga oʻtsak. Bu kompaniya Ilon Maskning 100 million dollarlik shaxsiy mablagʻi bilan tashkil etilgan. “Dragon” kapsulasini yaratish uchun NASAdan $3,4 mlrd. olgan. Bitta raketa uchirish 50 milliondan 100 million dollargacha tushadi. Joʻnatiladigan yuklarning bir kilosi bor-yoʻgʻi $1300.
Eng muhimi – NASA uchun tayyorlash 10 yillab vaqt olgan loyihalarni “Space X” bir necha yilda bajara oldi.
Nega bunday?
Amerikadek qudratli va korrupsiyadan xoli mamlakatda ham davlat idoralari ish mahsuldorligi va raqobatbardoshlik boʻyicha xususiy sektor bilan bellasha olmaydi.
Uzoq yillar NASAning xususiy sektor bilan hamkorlik qilishiga siyosiy qarshilik kuchli boʻldi. Bu ishga hatto Nil Armstrong kabi afsonaviy fazogirlar ham qarshi chiqqan edi. Ilon Mask oʻzi uchun qahramon deb bilgan insonlarning bu gaplarini eshitib, juda qattiq xafa boʻlganini koʻzda yosh bilan eslagan edi.
NASAning hozirgi rahbari Jim Braydenstaynning aytishicha, tashkilot bundan buyon raketa yoki kosmosga uchish texnologiyalarini yaratish bilan shugʻullanmaydi; bu ishlar toʻliq xususiy sektorga beriladi va NASA endi eʼtiborini faqat fazoda olib boriladigan tadqiqotlarga qaratadi.
Bundan nima foyda?
Avvalo, loyihalar tez amalga oshadi va davlat gʻaznasi milliardlab dollar mablagʻ tejaydi. NASA faqat standartlarni oʻrnatish va xususiy kompaniyalar texnologiyalarining yaroqligini tekshirib, ularga ruxsat berish bilan shugʻullanadi.
Demak, olingan birinchi saboq: bozorga qoʻyib berilsa, istalgan sohada xususiy sektor raqobatbardosh va eng arzon yechimlarni yarata oladi.
Ikkinchi saboq: Amerikadek qudratli va adolatli jamiyatlarda ham davlat tashkilotlari hech qachon xususiy sektor vakillaridek samarali va raqobatbardosh xizmat koʻrsata olmaydi. Eng sifatli va eng raqobatbardosh xizmat va mahsulotlarni yaratishni istasak, bu ishlarni xususiy sektorga berishimiz kerak.
Qiziq maʼlumot
Mask “PayPal” kompaniyasini sotish orqali topgan pulining 100 millionini “Space X”ga tikkan. Dastlabki uchta raketa muvaffaqiyatsiz yakunlangan. “SpaceX” ixtiyorida yana bitta raketa uchirishga yetadigan pul qolgan. Ilon Maskning aytishicha, agar toʻrtinchi raketa ham muvaffaqiyatsiz yakunlanganda, kompaniya bankrot boʻlgan boʻlardi.
Tasodifni qarangki, aynan toʻrtinchi urinishda “Falcon 1” raketasi muvaffaqiyatli chiqib, NASA “Space X” bilan shartnoma tuzgan. Agar 4-urinish ham muvaffaqiyatsiz yakunlanganda, ehtimol 2 kun avval yuz bergan tarixiy voqeaga hech qachon guvoh boʻlmagan boʻlardik.
Matn jurnalist Behzod Mamadievning “Vashington kundaligi” Telegram sahifasidan olindi.