Kelajak insonlardan qanday kasbiy koʻnikmalarni talab qiladi?
Shiddat bilan rivojlanib borayotgan davrning jamiyat oldida qoʻyayotgan talablari kun sayin ortib bormoqda. Strategik maqsadlarga erishish, yangi marralarni zabt etish, rivojlangan mamlakatlar qatoridan oʻrin olish uchun mamlakatimiz bilimli, tajribali, zamonaviy fikrlaydigan, yuksak salohiyatli kadrlar, mutaxassislarga muhtoj.
Oʻquvchi yoshlarning jahon andozalariga mos bilim olishlari, kelajak kasblari haqida tasavvurga ega bo'lishlari, qobiliyat va iqtidorlarini roʻyobga chiqarishlari davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib turibdi.
Xalqaro tajribalar shuni koʻrsataki, kelajakda faqat bir tipdagi ishni bajaruvchilarga talab kamayib, turli kompetensiyalarni uygʻunlashtira olgan mutaxassislarga talab ortib boradi. Shunday qilib, kelajakda kim oʻzini noyob koʻnikmalar majmuasining egasi sifatida koʻrsata olsa oʻsha shaxs muvaffaqiyatga oson erishadi.
Shuni unutmaslik kerakki, deyarli barcha ishlar jamoaviy shaklda bajariladi, bunday holatda bir kishininggina keng koʻlamli koʻnikmalarga ega boʻlishiga ishonib qolish kerak emas. Mutaxassislar har bir kasb uchun bir qator muhim kasbiy koʻnikmalarni aniqladilar.
Eng muhimi, kelajakda professionallar, mutaxassislar oʻziga xos, maxsus koʻnikmalarga ega boʻlishlari kerak. Koʻpincha bu ko'nikmalarni 21 asr koʻnikmalari ham deb atashadi.
Bu ko'nikmalar mutaxassislarga faoliyatlarini yanada samarali qilish, tarmoqlararo almashib ishlash va bir vaqtning oʻzida professionalligiga boʻlgan talabni saqlab qolish imkonini beradi.
Masalan:
Koʻp tillilik hamda madaniyatlararo muloqot;
Tizimli fikrlash;
Tarmoqlararo aloqa koʻnikmalari;
Mijoz (isteʼmolchi) ehtiyojlariga yoʻnaltirilganlik;
Loyihalar va jarayonlarni boshqarish koʻnikmasi;
Yuqori darajadagi noaniqlik va vazifalar shartlarini tez-tez oʻzgartirish rejimida ishlash;
Badiiy ijodkorlik isteʼdodi;
Odamlar bilan ishlash koʻnikmasi;
AT-yechimlarni dasturlash,
Murakkab avtomatlashtirilgan majmualar (kompleks)larni boshqarish,
Sunʼiy intellekt bilan ishlash;
Tejamkor ishlab chiqish koʻnikmalari;
Ekologik tafakkur shular jumlasidandir.
21-asrda kasblariga oid boʻlgan muhim professional koʻnikmalar roʻyxati bu bilan cheklanmaydi. Biroq bo'lajak kadrlar bu ko'nikmalarni qachon va qayerda o'zlashtiradi, axir hamma ham universitet ta'limini ololmaydiku, degan savol tug'iladi. Shu boisdan ilg'or mamlakatlar qatori yuqori darajali hayotiy va kasbiy ko'nikmalarni maktablarda, darsliklar orqali o'rgatish ishlari boshlandi.
Yangi darsliklarda kasbiy ko'nikmalar qanchalik aks etgan?
Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish ishlari taʼlim-tarbiya bilan uzviy kechadigan, uning barcha qirralarini qamrab oladigan uzluksiz jarayondir.
Milliy oʻquv dasturida oʻquv fanlarida kasbiy koʻnikmalar va tadbirkorlik faoliyatiga oid materiallarga alohida eʼtibor qilingan, masalan, 2 sinf uchun yangi nashr etilgan ona tili va oʻqish savodxonligi fani yoʻnalishini koʻradigan boʻlsak, “Hunar – hunardan unar”, “Quvnoq ferma”, “Robot ixtiro qilaman”, “Gʻaroyib ixtirolar”, “Sharafli kasblar” kabi oʻquv dasturida belgilangan mavzularni kasblarni anglatish va shunga yoʻnaltirish mumkin.
Yuqori sinflarda, ona tili fanidan, masalan 9-sinfni oladigan boʻlsak, “Vatanimga xizmat qilaman” “Men oʻqimoqchi boʻlgan universitet”, “Professor boʻlaman”, “Menejment”, “Bozor iqtisodiyoti va uning qonuniyatlari”, “Fanlarning inson hayotidagi oʻrni”, “Turizm – iqtisodimiz tayanchi” kabi mavzular aynan oʻquvchilarni kasb tayyorlashda bogʻliqlik jihatlarini asosli izohlab oʻtish muhim sanaladi.
Shuningdek, amaliy fanlar yoʻnalishida koʻradigan boʻlsak, “Tasviriy sanʼat” fani boshlangʻich sinflarda “Milliy idish va mevalar yasash”, “Usta kulol ustaxonasida” (kulolchilik), “Yuk mashinasi rasmini ishlash”, “Transport” (rassomchilik) mavzulari; 5-7 sinflarda “Men sevgan kasb”, “Men ham harbiy boʻlaman”, “Dizayn sanʼati”; yuqori sinflarda “Chizmachilik” fanida “Elektr sxemalar”, “Qurilish chizmalarini oʻqish va uni chizish”, “Mashinasozlik” kabi kasblarga oid maʼlumotlar berilib kelinmoqda.
“Texnologiya” fanida ham, albatta, 1 — 9 sinflarda kasblarga oid maʼlumotlar koʻp berilgan, baʼzilar bilan tanishamiz, masalan:
1-sinfda “Quruvchi kasbi. Uycha qurish”, quruvchi – konstruktor-muhandislar loyihasi asosida inshootlarni bunyod qiluvchi kasb egasi ekanligi haqida va quruvchi boʻlish uchun nimalarni bilish kerakligi;
2-sinfda “Daraxtlarning kuzgi koʻrinishi” mavzusida hajmdor applikatsiya tayyorlash”, oʻrmonchi va duradgorlik;
3-sinfda dizaynerlik, duradgorlik va chilangarlik, pazandachilik va tikuvchilik, quruvchi va uchuvchi hamda veterinar;
4-sinfda “Oshxona jihozlari bilan tanishtirish va yasash”, oshpazlik; “Uy-roʻzgʻor buyumlari bilan tanishtirish va yasash”, dizaynerlik kasbi va kulolchilik hunari; “Tikuvchilik”; “Toʻqish, toʻquvchilik;
5-sinf. “Oila iqtisodiyotining inson hayotidagi oʻrni”, oila byudjeti, oilaning daromadlari va xarajatlari, “Texnologiya va dizayn” yoʻnalishida chilangarlik, duradgorlik, pazandachilik, tikuvchilik, dehqonchilik, chorvachilik; “Servis xizmati” yoʻnalishida pazandachilik, tikuvchilik; “Qishloq xoʻjaligi asoslari” yoʻnalishida dehqonchilik, chorvachilik kasbi koʻnikmalarini shakllantirishga oid;
6-sinfda “Oilaviy xarajatlarni hisoblash. Oziq-ovqat xarajatlari va ularni iqtisod qilish yoʻllari”, oila daromadlari va xarajatlari;
7-sinfda “Qurilish va taʼmirlash bilan bogʻliq kasb-hunarlar”, qurilish sohasi; “Dizayner-modelyer kasbi toʻgʻrisida tushuncha berish. Amaliy mashgʻulot: Bolalar sport, bayram kiyimlari uchun yangi modellar eskizini yaratish, dizaynerlik yoʻnalishi;
8-sinfda “Inson hayotida kasbning oʻrni”, kasblar va kasb tanlash; “Kasblar tasnifi, kasblarda mehnat turlarining taʼrifi”, kasblar tasnifiga oid; “Kasbni toʻgʻri tanlashning mohiyati va istiqboli”, kasb tanlashda insonning qobiliyati va qiziqishlari; “Kasb tanlashdagi onglilik va mustaqillik”, ongli ravishda mustaqil kasb tanlash; “Kasbga yaroqlilikni belgilash va moyillikni tarbiyalash usullari”, kasb tanlashda kasbga mos kelish, kasb turlariga yaroqlilik va yaroqsizlik;
9-sinfda “Xalq hunarmandlari tomonidan eksport va ichki bozor uchun ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar. Hunarmandchilikda foydalaniladigan nodir materiallar va asbob-uskunalar”, hozirgi paytdagi xalq hunarmandlari ichki bozor va eksport uchun koʻplab turli xil koʻrinishdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish turlari; “Zamonaviy ishlab chiqarishning bozor munosabatlari bilan uzviyligi”, ishlab chiqarish turlari va ishlab chiqarish uchun zarur iqtisodiy resurslar; “Dizayn komponentlari asosida turli buyumlarning loyiha variantlarini tayyorlash usullari”, dizaynerlik kasbi; “Kasb tanlashga yoʻllash texnologiyasi”, kasb turlari, kasbiy sifatlar; “Agronom kasbi”, agronomlik kasbi va kasbiy sifatlari; “Kasb psixogrammasi”, kasbning psixofiziologik va psixologik sifatlari; “Men tanlagan kasbni egallashda kelgusi rejalarim” mavzusida ijodiy ish taqdimoti”, shaxsiy kasb rejasini tuzish; “Men tanlagan kasb” ijodiy loyihasini tayyorlash, oʻquvchining oʻzi tanlagan kasbi haqida ijodiy loyihasini tayyorlash va shu kabi yoʻnalishlar haqida maʼlumotlar berilgan.
Davlat va huquq asoslari fanidan “Huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari” yoʻnalishida oʻquvchilar prokuror, advokat, notarius, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Qurolli kuchlar organlari Davlat hokimiyati va organlari yoʻnalishida Oliy Majlis deputati, senator va sud organlari, ularning vazifalarini hamda majburiyatlarini bilib olishadi.
Iqtisodiy bilim asoslari fani boʻyicha “Firma va uning turlari”, “Firma tashkil qilish”, “Firma mablagʻlari va xarajatlari”, “Menejment va marketing”, “Ishlab chiqarish va ekologiya”, “Tadbirkorlikning mazmuni va ahamiyati”, “Yakka tartibdagi tadbirkorlik”, “Oilaviy tadbirkorlik”, “Biznes loyiha va startaplar” va boshqalar boʻyicha maʼlumotlar berilgan.
Biologiya fanidan ham kasblarga alohida eʼtibor qilingan, masalan bakteriya, protista, zamburugʻ, lishayniklarning xilma-xilligi, yashash muhiti, tashqi tuzilishi, ahamiyati kabi mavzular oʻrganilganda “novvoylik”, “chorva mollari uchun toʻyimli ozuqa yetishtirish”, “parfumeriya”;
Oʻsimliklarning xilma-xilligi: urugʻli oʻsimliklar, ochiq urugʻli va yopiq urugʻli oʻsimliklarning xilma-xilligi, yashash muhiti, tashqi tuzilishi, ahamiyati kabi mavzular oʻrganilganda “landshaft dizayneri”, “bogʻdorchilik”;
Hayvonlarning xilma-xilligi, xordalilar tipi, umurtqali hayvonlar, baliqlar, suvda hamda quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar, qushlar, sut emizuvchilarning xilma-xilligi, yashash muhiti, yashash tarzi, tashqi tuzilishi, ahamiyati mavzular oʻrganilganda “chorvachilik”, yilqichilik, “qoʻychilik”, “baliqchilik”, “parrandachilik” yoʻnalishlarda oʻquvchilarga batafsil maʼlumotlar beriladi.
“Tarbiya” faniga kelsak, har bir sinfda, har bir mavzu boʻyicha kasblar rangbarangligi, kasblar olami boʻyicha qiziqarli maʼlumotlar olish mumkin. Baʼzilarini keltirishimiz mumkin, masalan, 1 sinfda “Mening orzum”, shifokor, tikuvchi, kosmonavt kasblari koʻnikmalarini shakllantirishga oid maʼlumotlar aks ettirilgan.
2-sinfda “Imkoniyatlar va ehtiyojlar”, “Men qanday inson boʻlishim kerak”, “Tengdoshlarim yutuqlari”, “Men kim boʻlsam ekan”, Kasb egallashdagi imkoniyatlardan foydalanish. Maqsadga yetishishda qanday ishlarni amalga oshirish;
3-sinfda “Muvaffaqiyat – qatʼiyat va mehnat natijasi”, “Kim boʻlsam ekan?”, Muvaffaqiyatli boʻlish yoʻlidagi say-harakatlar, kasbni egallashda qilinadigan muhim ishlar;
4-sinf “Halollik — muvaffaqiyat kaliti”, “Muvaffaqiyat- bir jamoaga aylanishda” Egallagan kasbdagi halollik toʻgʻrisida, bir jamoa boʻlib ishlash qanday yutuqlarga yetaklashi mumkinligi xususida;
9-sinf “Kelajak kasblari”, “Tadbirkorlik mezonlari”, “Biznesni boshlash uchun zamonaviy gʻoyalar”, “Frilanserlik – qoʻshimcha daromad manbai”, kelajak uchun qanday muhim sarmoyalar qilish joizligi, inson hayotidagi innovatsiyalarning oʻrni, yetakchi inson va rahbar boʻlishdagi muhim jihatlar va xususiyatlar haqida maʼlumotlar berilgan.
©️ Respublika ta'lim markazi Standart va baholash bo'limi metodisti Tajimurad Tursunov
Kanalga obuna bo'lish:👇👇👇